O`zbekistonga tashriflar
13.06.2015

O‘zbekiston – BMT: tinchlik va barqaror taraqqiyot yo‘lida hamkorlik

Avval xabar qilinganidek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun 11-iyun kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Ko‘ksaroy qarorgohida 12-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Munning uchrashuvi bo‘ldi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 193 mamlakat a’zo bo‘lgan eng yirik xalqaro tuzilmadir. Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan olti oy o‘tib – 1992-yil 2-mart kuni ushbu nufuzli xalqaro tashkilotga a’zo bo‘lgan. Tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, sog‘liqni saqlash, ekologiya, ta’lim, madaniyat, turizm kabi ko‘plab sohalardagi o‘zaro hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.

08.06.2015

Oqsaroyda qabul

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 8-iyun kuni Oqsaroyda Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Iyad Amin Madaniyni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston ellikdan ortiq mamlakat a’zo bo‘lgan ushbu nufuzli xalqaro tuzilma bilan samarali hamkorlik qilib kelayotganini ta’kidladi.

Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda ulkan taraqqiyotga erishayotganini yuqori baholadi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, Islom hamkorlik tashkilotiga 1996-yilda a’zo bo‘lgan O‘zbekiston uning serqirra faoliyati va tadbirlarida faol ishtirok etib kelmoqda, jahonda tashkilotning o‘rni va ahamiyatini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

02.06.2015

Oqsaroyda qabul

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2-iyun kuni Oqsaroyda mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligi ko‘plab sohalarda izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning samimiy salomi va hurmat-ehtiromini izhor etdi hamda Turkmaniston rahbariyati o‘zaro aloqalarni mamlakatlarimiz va xalqlarimizning uzoq muddatli manfaatlariga mos ravishda yanada yuksak bosqichga ko‘tarishga tayyor ekanini bildirdi.

30.05.2015

O‘zaro ishonch – mustahkam hamkorlikning asosiy omilidir

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening taklifiga binoan 27-29-may kunlari davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasida bo‘ldi.

Tashrifning asosiy rasmiy tadbirlari 28-may kuni bo‘lib o‘tdi.

Prezidentlar avval tor doirada, so‘ngra kengaytirilgan tarkibda ochiqlik, o‘zaro ishonch va amaliy ruhda o‘tgan muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama etdilar.

Koreya Respublikasi tomoni Islom Karimov O‘zbekiston Prezidenti etib qayta saylanganidan keyin davlat tashrifi bilan birinchi bo‘lib Janubiy Koreyaga kelgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi serqirra hamkorlik ko‘lami va uni yanada kengaytirish istiqbollaridan, shuningdek, O‘zbekiston ko‘p tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotganidan dalolatdir.

10.12.2014

O‘zbekiston – Rossiya: strategik sheriklikni yanada mustahkamlash yo‘lida

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 10-dekabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

Ko‘ksaroy qarorgohida oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng ikki davlat rahbarlari tor doirada muzokara o‘tkazdi.

– Rossiya Prezidentining ushbu tashrifini O‘zbekiston – Rossiya siyosiy muloqotlari va turli darajadagi uchrashuvlarning uzviy davomi, tomonlarning o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ishlarni izchil va samarali davom ettirish tarafdori ekanining yorqin namunasi deb bilamiz, – dedi Islom Karimov.

Vladimir Putin O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi yirik davlat bo‘lib, Rossiya Federatsiyasining mintaqadagi asosiy hamkorlaridan biri ekanini ta’kidladi.

02.12.2014

Prezident AQSh davlat kotibi yordamchisini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2-dekabr kuni Oqsaroyda ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlarning beshinchi raundida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Nisha Desai Bisvalni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hurmatga asoslangan amaliy hamkorlik sur’atini ijobiy baholadi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, turli darajadagi doimiy muloqotlar tomonlarga bir-birini anglash, hamkorlikni yanada rivojlantirishning aniq yo‘nalishlarini belgilab olish imkonini berayotir. Bu davlatlararo miqyosda, shuningdek, ilm-fan va ta’lim, madaniyat va san’at namoyandalari, fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasidagi hamkorlikda ham o‘z ifodasini topmoqda.

01.12.2014

Islom Karimov XXR Davlat kengashi a’zosini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 1-dekabr kuni Oqsaroyda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, jamoat xavfsizligi vaziri Go Shenkunni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ochiqlik va ishonchga asoslangan teng huquqli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yuksak qadrlashini ta’kidladi.

Muntazamlik kasb etgan, o‘zaro anglashuv, hurmat va manfaatdorlik ruhida o‘tadigan oliy darajadagi uchrashuvlar ikki tomonlama hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlari bo‘yicha fikrlar yaqin va o‘xshash ekanidan dalolat beradi.

Xitoy Davlat kengashi a’zosi davlatimiz rahbari O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarining izchil rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shayotganini alohida ta’kidladi. Go Shenkun O‘zbekistonda hukm surayotgan tinchlik, osoyishtalik va hamjihatlik yuksak samaralar berayotganini qayd etdi.

26.11.2014

Islom Karimov Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining o‘rinbosari Kozakni qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 26-noyabr kuni Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining o‘rinbosari Dmitriy Kozakni qabul qildi

Davlatimiz rahbari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning bugungi holatidan mamnunligini bildirdi, O‘zbekiston Rossiya bilan savdo va investitsiyaviy hamkorlikni faol rivojlantirish va diversifikatsiya qilish tarafdori ekanini ta’kidladi.

Prezident Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning o‘n oltinchi majlisi natijalarini yuqori baholadi.

O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Rossiya O‘zbekistonning bu sohalarda muhim sherigidir. 2013-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 7 milliard AQSh dollaridan oshgan. Joriy yilning 9 oyida o‘zaro savdo hajmi 4,55 milliard dollarni tashkil etgan.

21.11.2014

Oqsaroyda uchrashuv

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 21-noyabr kuni Oqsaroyda Shveytsariya Konfederatsiyasi Prezidenti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (EXHT) amaldagi raisi Dide Burkxalter bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston Shveytsariyaga ishonchli hamkor, jahon siyosatida muhim o‘rin tutuvchi, umume’tirof etilgan xalqaro iqtisodiy va moliyaviy markaz sifatida qarashini ta’kidladi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston – Shveytsariya munosabatlarining muhim masalalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

11.11.2014

Prezident Islom Karimov 11-noyabr kuni Oqsaroyda AO‘SP Raisi Kerolin Lemmni qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 11-noyabr kuni Oqsaroyda Amerika-O‘zbekiston savdo palatasining (AO‘SP) navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan AO‘SP Raisi Kerolin Lemmni qabul qildi.

AQShning yetakchi kompaniya va firmalari vakillari delegatsiyasining mamlakatimizga bu galgi tashrifi Amerika biznesining O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotganidan, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishga intilishidan dalolat beradi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi 20-yildan ziyod vaqt davomida O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishga ko‘maklashib kelayotganini ta’kidladi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati