O`zbekistonga tashriflar
24.05.2016

Oqsaroyda qabul

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 24-may kuni Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqboli, xalqaro siyosatga doir dolzarb masalalar muhokama etildi.

23.05.2016

Oqsaroyda qabul

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 23-may kuni Oqsaroyda mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Van Ini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha yo‘nalishlardagi barqaror va ishonchli hamkorlikni yuksak qadrlashini ta’kidladi.

20.05.2016

Oqsaroyda qabul

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 20-may kuni Oqsaroyda Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xvan Gyo Anni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari ushbu tashrif muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi samarali muloqotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, o‘zaro savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik, moliyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

18.05.2016

Oqsaroyda qabul

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 18-may kuni Oqsaroyda Bolgariya Respublikasi Bosh vaziri Boyko Borisovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Bolgariya Bosh vazirining O‘zbekistonga ilk tashrifi o‘zaro munosabatlarda muhim voqea bo‘lib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda yaxshi imkoniyat ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston Bolgariyani an’anaviy va ishonchli iqtisodiy hamkor deb biladi, o‘zbek va bolgar xalqlari uzoq yillik do‘stlik aloqalariga ega.

30.03.2016

Oqsaroyda qabul

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 30-mart kuni Oqsaroyda Germaniya Federativ Respublikasi federal tashqi ishlar vaziri, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi Frank-Valter Shtaynmayyerni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlab, ushbu uchrashuv o‘zaro hamkorlik bo‘yicha fikr almashish uchun yaxshi imkoniyat bo‘lib, O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali va doimiy aloqalarning uzviy qismi ekanini ta’kidladi.

18.11.2015

Mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Muhammad Navoz Sharif 18-noyabr kuni poytaxtimizdagi Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi.

Oliy martabali mehmon hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

17.11.2015

O‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Muhammad Navoz Sharif 17-noyabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Ko‘ksaroy qarorgohida Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Islom Karimov va Navoz Sharif shohsupaga ko‘tarildilar. Ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi. O‘zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

Islom Karimov va Navoz Sharif uchrashuvida asosiy e’tibor mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash masalalariga qaratildi.

10.11.2015

Prezident Islom Karimov «LUKOYL» neft kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 10-noyabr kuni Oqsaroyda «LUKOYL» neft kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston neft-gaz tarmog‘ida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda ushbu kompaniya faol ish yuritayotganini ta’kidladi.

Bugungi kunda «LUKOYL» Havzak, Shodi, Qo‘ng‘irot konlari va Qandim konlar guruhi kabi istiqbolli gaz konlarini o‘rganish va o‘zlashtirish, Janubi-g‘arbiy Hisor va Ustyurt mintaqasidagi neft-gaz uchastkalarini o‘rganish bo‘yicha investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirmoqda. Hamkorlikdagi geologiya-qidiruv ishlari doirasida Orol dengizi akvatoriyasining O‘zbekiston qismida istiqbolli uglevodorod konlari topildi. Kompaniyaning mamlakatimizdagi loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirgan jami investitsiyalari hajmi 5 milliard dollardan oshdi.

06.11.2015

Oqsaroyda qabul

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 6-noyabr kuni Oqsaroyda Xalqaro investitsiyaviy forumda ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myuller hamda Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasining vitse-prezidenti Dimitris Sitsiragosni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston Jahon banki guruhi bilan hamkorlikni yuksak qadrlashini ta’kidladi.

O‘zbekiston bilan Jahon banki o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Buning natijasida umumiy qiymati 6 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 28 qo‘shma loyiha amalga oshirildi. Bu loyihalar elektr energetikasi, irrigatsiya va kommunal tarmoqlarni modernizatsiyalash, suv ta’minoti, ishlab chiqarish, transport va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan. Ushbu loyihalarni moliyalashtirishda Jahon bankining ulushi 2,6 milliard dollarni tashkil etdi.

05.11.2015

Prezident Islom Karimov Koreya Respublikasi sanoat, savdo va tabiiy resurslar vazirining birinchi o‘rinbosari Li Xvan Sopni qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 5-noyabr kuni Oqsaroyda Koreya Respublikasi sanoat, savdo va tabiiy resurslar vazirining birinchi o‘rinbosari Li Xvan Sopni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari Janubiy Koreya O‘zbekistonning asosiy investitsion va texnologik hamkorlaridan ekanini ta’kidladi. Janubiy Koreya biznesining faol ishtirokida iqtisodiyotimizning turli sohalarida ko‘plab strategik loyihalar amalga oshirilmoqda. Surg‘il koni negizida yaqinda bunyod etilgan qiymati qariyb 4 milliard dollarga teng Ustyurt gaz-kimyo majmuasi ushbu hamkorlikning yorqin namunasidir.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 23.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati