O`zbekistonga tashriflar
05.04.2010

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 5 aprel kuni Oqsaroyda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Munni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston mintaqaviy rivojlanishning ko‘plab dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha BMT bilan samarali hamkorlik qilib kelayotganini ta’kidladi.

– Sizning mintaqamiz davlatlariga, jumladan, O‘zbekistonga tashrifingizni muhim ahamiyatga molik voqea va BMTning Markaziy Osiyoga katta e’tiboridan dalolat, deb bilamiz. Bu tashrif barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, izchil rivojlanish, suv-energetika, mineral-xomashyo resurslaridan foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda mintaqamiz xalqlarini tashvishga solayotgan boshqa ko‘plab masalalarni muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyatdir, – dedi Prezidentimiz.
31.03.2010

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 31 mart kuni Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasi hukumati Raisining o‘rinbosari Sergey Ivanovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, joriy yil 29 mart kuni Moskva metrosida sodir etilgan terrorchilik harakatlari oqibatida tinch aholi vakillari halok bo‘lgani munosabati bilan Rossiya Federatsiyasi rahbariyati va xalqiga yana bir bor hamdardlik bildirdi. Prezidentimiz O‘zbekiston-Rossiya munosabatlari haqida to‘xtalar ekan, bu munosabatlar ko‘plab sohalarda yuksak darajada barqaror rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

“Xalqlarimiz o‘rtasidagi uzoq tarixga ega an’anaviy do‘stlik va hamkorlik aloqalari O‘zbekistonda yuksak qadrlanadi. O‘zbekiston Rossiya bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarning hali to‘la va samarali foydalanilmayotgan ulkan salohiyatini ishga solishga doimo tayyor. Shu bois hukumatlararo komissiyaning bu galgi majlisini hamkorlikning ikki tomon ham manfaatdor bo‘lgan strategik muhim yo‘nalishlarini belgilash uchun yaxshi imkoniyat, deb bilamiz”, dedi davlatimiz rahbari.
22.03.2010

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 22 mart kuni Oqsaroyda Ummon Sultonligi savdo va sanoat vaziri Maqbul bin Ali bin Sultonni qabul qildi.

Mamlakatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston bilan Ummon o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

Prezident Islom Karimovning Ummon Sultonligiga 2009 yil oktabr oyidagi davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni yangi pog‘onaga olib chiqdi. Ushbu tashrif asnosida yigirmaga yaqin hujjat imzolanib, o‘zaro munosabatlarning huquqiy poydevori mustahkamlandi va hamkorlik ko‘lamini kengaytirish uchun katta imkoniyatlar yaratildi.

17.03.2010

Hamkorlik ko‘lami kengaymoqda
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev 16 mart kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

17 mart kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Qozog‘iston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Qozog‘istonning davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

Islom Karimov va Nursulton Nazarboyevning yakkama-yakka suhbati bo‘lib o‘tdi. Prezidentlar O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi ahvoli va istiqbollari, xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik, o‘zlarini qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashdilar.

19.02.2010

O‘zbekiston Prezidenti AQSHning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakilini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 19 fevral kuni Oqsaroyda AQSHning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Richard Xolbrukni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, mamlakatimiz Afg‘onistonda mustahkam tinchlik va barqarorlik o‘rnatish ishida O‘zbekiston-AQSH munosabatlari samarali asoslarda yanada rivojlanishining qat’iy tarafdori ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi va oziq-ovqat ta’minotida, transport kommunikatsiyalari barpo etish borasida amaliy yordam ko‘rsatib, uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishida ishtirok etmoqda. Jumladan, 2010 yildan Afg‘onistonga uzatilayotgan elektr energiyasi hajmi bir necha barobar oshirildi...

16.02.2010

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 16 fevral kuni Oqsaroyda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) prezidenti Xaruxiko Kurodani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston ko‘plab nufuzli xalqaro moliya muassasalari bilan faol hamkorlik qilayotganini, ayniqsa, OTB bilan aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratayotganini ta’kidladi.

OTB O‘zbekistonning ko‘p yillik va ishonchli sherigi sifatida mutaxassislarimiz ishtirokida iqtisodiyotning ko‘plab sohalarini qamrab olgan mamlakatimiz bilan hamkorlik strategiyasini izchil ishlab chiqmoqda va amalga oshirmoqda. OTBning joriy yil may oyi boshida Toshkent shahrida o‘tadigan 43-yillik majlisi mazkur nufuzli xalqaro moliya muassasasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi birinchi forumi bo‘ladi...

18.01.2010

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 18 yanvar kuni Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasi hukumati Raisining birinchi o‘rinbosari Igor Shuvalovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari ushbu tashrif o‘zaro munosabatlarimizni yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarish uchun muhim prinsipial ahamiyatga molik ikki tomonlama, ayni paytda ko‘p tomonlama hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanini ta’kidladi.

Ikki mamlakat siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa ko‘plab sohalarda hamkorlik qilmoqda.

28.12.2009

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 28 dekabr kuni Oqsaroy qarorgohida Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri Daniyar Usenovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni Qirg‘iziston Bosh vaziri lavozimiga tayinlangani munosabati bilan qutlab, O‘zbekiston-Qirg‘iziston hukumatlararo komissiyasi majlisida ishtirok etish uchun Qirg‘iziston delegatsiyasining bunday tarkibda Toshkentga tashrifi o‘zaro munosabatlarimiz rivojiga munosib hissa qo‘shishini ta’kidladi.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlarini konstruktiv asosda optimallashtirish zaruriyati ikki tomonlama hamkorlikda ustuvor ahamiyatga ega. Shu bilan birga, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy sohalardagi aloqalarni kengaytirish masalalari dolzarb hisoblanadi.

22.12.2009

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 22 dekabr kuni Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar izchil va barqaror rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

Bugun mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy, madaniy, gumanitar va boshqa ko‘plab sohalarda hamkorlik qilmoqda.

02.12.2009

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2 dekabr kuni Oqsaroyda Jons Xopkins universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti direktori Frederik Starr rahbarligidagi AQSH ekspertlari guruhini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari taniqli amerikalik siyosatshunoslarning O‘zbekistonga tashrifi yurtimiz hayoti, jumladan, iqtisodiyot, ilm-fan, ta’lim tizimi rivoji, umuman, mamlakatimiz salohiyati bilan bevosita tanishish uchun qulay imkoniyat ekanini ta’kidladi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 12.11.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati