O`zbekistonga tashriflar
16.09.2010

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 16 sentabr kuni Oqsaroyda Malayziyaning “Petronas” kompaniyasi prezidenti Dato Shamsul Azhar Abbosni qabul qildi.

Mamlakatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston bilan “Petronas” kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik barqaror va izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

– Sizni Toshkentda qutlashdan mamnunmiz. Siz orqali Malayziya rahbariyati va xalqiga hurmat-ehtiromimizni izhor etamiz. O‘zbekiston bilan Malayziya o‘rtasida yaxshi, do‘stona munosabatlar qaror topgan. Bizning fikrimizcha, Malayziyaning eng katta yutuqlaridan biri davlat faoliyati va hayotining ko‘plab sohalarida olib borilayotgan izchil va puxta o‘ylangan siyosatdir. Bu diqqatga sazovordir, – dedi Islom Karimov.

08.08.2010

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 8 avgust kuni Oqsaroyda Yaponiya tashqi ishlar vaziri Katsuya Okadani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlarining bugungi holati va turli sohalardagi rivojlanish darajasidan mamnun ekanini bildirdi.

– Bizning hozirgi munosabatlarimiz darajasi va xarakteri 2002 yilda imzolangan “Do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida“gi qo‘shma hujjatga, shuningdek, Yaponiyaning zamonaviy dunyo iqtisodiyoti va siyosatida kasb etayotgan alohida roliga ham mos keladi, – deya ta’kidladi Islom Karimov.

17.07.2010

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 17 iyul kuni Oqsaroyda AQSH Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Jeyms Staynbergni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, sheriklik va o‘zaro anglashuv ruhiga mos ikki tomonlama munosabatlarning bugungi ahvoli va ijobiy dinamikasiga e’tibor qaratdi.

Bugungi kunda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa ko‘plab sohalar O‘zbekiston-Amerika munosabatlarining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan. Yaqinda Vashington shahrida respublikamiz sarmoyaviy imkoniyatlaridan, uzoq muddatli biznes-loyihalarni birgalikda ishlab chiqishdan, shuningdek, mamlakatimizda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy hududini rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan AQSHning yetakchi ishbilarmon doiralari ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbati natijalari ham buni yana bir bor tasdiqladi.
15.07.2010

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 15 iyul kuni Oqsaroyda Germaniya Federativ Respublikasi vitse-kansleri, tashqi ishlar vaziri Gido Vestervelleni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston-Germaniya hamkorligi halqaro siyosatning ko‘plab sohalarida bosqichma-bosqich rivojlanib borayotgani mamlakatlarimiz o‘rtasida yuksak darajadagi o‘zaro ishonchga erishilganidan dalolat berishini ta’kidladi.

Germaniya mamlakatimizning G‘arbiy Yevropadagi muhim siyosiy hamda savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston va Germaniya Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash borasida yaqin hamkorlik qilmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish mamlakatimizning Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini kengaytirishga yo‘naltirilgan.

11.06.2010

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 11 iyun kuni Ko’ksaroyda Shanxay hamkorlik tashkilotining Toshkent Sammitida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti, Tojikiston Respublikasi Prezidenti, va Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi.
10.06.2010

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 10 iyun kuni Ko‘ksaroyda Shanxay hamkorlik tashkilotining Toshkentda bo‘ladigan sammitida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Dmitriy Medvedev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Saxiagiyn Elbegdorj bilan uchrashdi.
09.06.2010

O‘zbekiston-Xitoy: hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Xu Szintao 9 iyun kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.

9 iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida XXR Raisini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Islom Karimov va Xu Szintao shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Xitoyning davlat madhiyalari yangradi. Ikki mamlakat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

Islom Karimov va Xu Szintaoning tor doiradagi suhbatida tomonlar O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga doir keng ko‘lamli masalalar, o‘zlarini qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashdilar.

07.06.2010

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 7 iyun kuni Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Qirg‘iziston Respublikasi bilan munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha maxsus vakili Vladimir Rushayloni qabul qildi.

Uchrashuvda mintaqadagi vaziyat rivojiga, SHHT hamda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlikka doir, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.

22.05.2010

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 22 may kuni Oqsaroyda Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisining ishtirokchilarini qabul qildi.
– Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining bugun bo‘lib o‘tgan majlisida bo‘lajak Sammitga tayyorgarlik ishlari sarhisob qilindi hamda sammitda ko‘rib chiqiladigan hujjatlar belgilab olindi. Mazkur hujjatlarning imzolanishi SHHTni yanada rivojlantirish va nufuzini oshirishga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi, – dedi Prezident Islom Karimov.
21.05.2010

Oqsaroyda qabul
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 21 may kuni Oqsaroyda Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Yan Szechini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O’zbekiston Xitoy Xalq Respublikasi rahbariyatining Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatiga qaratayotgan e’tibor va ahamiyatini yuksak qadrlashini ta’kidladi.

– Xitoy Xalq Respublikasining xalqaro nufuzi va ShHTning Toshkentda bo’ladigan tadbirlarida keng ishtirok etishi hozirgi zamon jahon siyosatida mazkur tashkilotning roli va o’rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, – dedi Islom Karimov.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati