O`zbekistonga tashriflar
24.03.2011

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 24 mart kuni Oqsaroyda rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Yusuf Rizo Giloniyni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari an’anaviy do‘stlik, o‘zaro hurmat va manfaatdorlik tamoyillari asosida rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi hamkorlikni ravnaq toptirishda oliy darajadagi uchrashuvlarning muntazamlik kasb etgani muhim omil bo‘lmoqda. Erishilgan kelishuvlar, imzolangan hujjatlar siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohada ikki tomonlama munosabatlar ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Ta’kidlash joizki, Pokiston O‘zbekistonga ishonchli hamkor, mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutuvchi mamlakat sifatida qaraydi. Ikki mamlakat mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarda bir-birini qo‘llab-quvvatlab keladi.

23.03.2011

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 23 mart kuni Oqsaroyda AQSHning “Honeywell” korporatsiyasi raisi va ijrochi direktori Devid Kout rahbarligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari “Honeywell” korporatsiyasi nufuzli delegatsiyasining tashrifi 2010 yilning sentabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etishning borishini muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta’kidladi.

O‘tgan oy Toshkentda O‘zbekiston-AQSH biznes-forumi o‘tkazilgani, unda “Honeywell” korporatsiyasi vakillari ham ishtirok etgani O‘zbekistonning jadal rivojlanib borayotgan bozori va yurtimizda yaratilayotgan keng imkoniyatlarga amerikalik sarmoyadorlarning qiziqishi ortib borayotganidan dalolat bo‘ldi.

Bugungi kunda AQSHning “General Motors”, “Texaco”, “Chartis” kabi qator kompaniyalari O‘zbekistonga yirik miqdorda sarmoya kiritmoqda, shuningdek, yuqori texnologiyalar sohasining yetakchilari sifatida umume’tirof etilgan “Sikorsky Aircraft”, “Exxon Mobil”, “General Electric” singari kompaniyalar mamlakatimiz bilan hamkorlikni rivojlantirishga katta qiziqish bildirmoqda.
18.03.2011

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 18 mart kuni Oqsaroyda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi va Markaziy harbiy kengashi a’zosi, mudofaa vaziri Lyan Guanleni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, keyingi yillarda O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari ikki tomonlama hamkorlikning barcha sohalarida izchil rivojlanib borayotganini, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Xu Szintaoning 2010 yil iyun oyida O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifidan keyin yangi, yanada yuqori sur’at kasb etganini ta’kidladi.

– Biz Xitoyni ishonchli hamkor deb bilamiz. Bugungi kunda Xitoy o‘z iqtisodiy salohiyati bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi. Sizning tashrifingiz mamlakatlarimiz mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanib borayotganining yorqin namoyonidir, – dedi Islom Karimov.

18.02.2011

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 18 fevral kuni Oqsaroyda Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm rahbarligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda Palata raisi K.Lemm xonim Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi Prezident Islom Karimovga O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotini samarali boshqariladigan bozor iqtisodiyotiga izchillik bilan o‘tkazishni ta’minlagani uchun faxriy mukofotni taqdim etganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, tarkibiga “Boing”, “Xonevell”, “Jeneral elektrik”, “Ekson mobil”, “Jeneral motorz”, “Sikorski eyrkraft”, “Zeppelin interneshnl”, “Nobel” kabi jahonning yetakchi yirik kompaniyalari kiradigan Amerika-O‘zbekiston savdo palatasining ushbu mukofotni taqdim etish borasidagi qarori Prezident Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan, dunyoda rivojlanishning “o‘zbek modeli” deb nom qozongan bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tish konsepsiyasining xalqaro e’tirofidir.

Uchrashuvda ishtirok etgan AQSHning yetakchi “Boing” va “Xonevell” korporatsiyalari rahbarlari Prezident Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan islohotlarning besh tamoyilga asoslangan iqtisodiy yangilanishlarning “o‘zbek modeli” sarosima va bo‘hronlarsiz makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, tub tuzilmaviy islohotlarni amalga oshirish va O‘zbekistonda bozor munosabatlariga o‘tish uchun shart-sharoit yaratish imkonini berganini ta’kidladilar.
02.12.2010

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2 dekabr kuni Oqsaroyda Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibi Hillari Klintonni qabul qildi.

Bugun O‘zbekiston va AQSH siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikning sifat jihatdan yangi bosqichini rivojlantirishga xizmat qiladigan keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha samarali muloqot borasida salmoqli tajribaga ega.

Mamlakatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston-AQSH munosabatlari ko‘plab sohalarda hamkorlik va o‘zaro anglashuv ruhida izchil rivojlanib borayotganiga yuksak baho berdi.

– Biz O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasida qaror topgan munosabatlarni yuksak qadrlaymiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib, mazmunan boyib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlash joiz. Bugungi uchrashuv o‘zaro munosabatlar, ikki tomonni ham qiziqtiradigan mintaqaviy muammolar va masalalar bo‘yicha fikr almashish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ladi, deb o‘ylayman, – dedi Islom Karimov.
15.11.2010

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 15 noyabr kuni Oqsaroyda Yevropa Ittifoqining taraqqiyot bo‘yicha komissari Andris Piyebalgs rahbarligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Mamlakatimiz rahbari mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanib borayotganidan mamnuniyat izhor etdi.

– Bugun biz O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Hayotning o‘zi ikki tomonlama manfaatli konstruktiv hamkorlik uchun zarur sharoit yaratish masalasini kun tartibiga qo‘yishni taqozo etmoqda, – dedi Islom Karimov.

02.11.2010

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2 noyabr kuni Oqsaroyda Estoniya Respublikasi Bosh vaziri Andrus Ansipni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston-Estoniya munosabatlari rivojlanib borayotganidan mamnuniyat bildirdi.

– Biz Estoniyaga izchil ravnaq topayotgan, xususan, bugungi kunda infratuzilmasi, tranzit, transport sohasidagi imkoniyatlari rivojlangan davlat sifatida qaraymiz, – dedi Islom Karimov. – Mamlakatlarimizda ikki tomonlama munosabatlarni o‘zaro manfaatli asosda rivojlantirish yo‘lida mavjud imkoniyatlardan foydalanish uchun barcha asoslar bor.

26.10.2010

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 26 oktabr kuni Oqsaroyda Qatar Davlati Bosh vazirining o‘rinbosari, energetika va sanoat vaziri Abdulla bin Hamad al-Atiyani qabul qildi.

Mamlakatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston va Qatar Davlati ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish borasida ulkan salohiyatga ega ekanini ta’kidladi.

– Avvalambor siz, hurmatli mehmonimizni O‘zbekiston zaminida qutlashdan, siz orqali Qatar Amiri Zoti Oliylariga o‘zimning chuqur ehtiromimni hamda Qatar Davlatiga tashrif buyurishni taklif etgani uchun samimiy minnatdorligimni izhor etishdan mamnunman. Mamlakatning tabiiy boyliklari va resurslaridan oqilona foydalanish shubhasiz davlat va hukumat rahbarlarining asosiy vazifalaridandir. Tabiiy resurslardan unumli foydalanish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish yuksak samaralar berishini Qatar Davlati misolida ko‘rish mumkin. Bu har jihatdan e’tiborga sazovordir, – dedi Islom Karimov.
07.10.2010

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 7 oktabr kuni Oqsaroyda BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti (YUNVTO) Bosh kotibi Taleb Rifaini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston bilan ushbu nufuzli xalqaro tuzilma o‘rtasidagi hamkorlik ufqlari izchil kengayib borayotganini ta’kidladi.

– Janob Bosh kotib, Sizni O‘zbekiston zaminida qutlashdan g‘oyat mamnunman. Biz o‘zaro hamkorligimizni, mamlakatimizning sayyohlik va madaniy-tarixiy salohiyatini yuzaga chiqarish va birgalikda namoyon etish borasidagi munosabatlarimizni rivojlantirish yo‘lidagi mushtarak sa’y-harakatlarimizni yuksak qadrlaymiz, – dedi Islom Karimov.

27.09.2010

Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev 27 sentabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi asrlar davomida mustahkamlanib kelayotgan yaqin do‘stlik va birodarlik aloqalari, madaniyat, til, din va an’analarning mushtarakligi mamlakatlarimizning keng va o‘zaro manfaatli hamkorligi uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbekiston bilan Ozarboyjon o‘rtasidagi munosabatlar istiqlol yillarida yangi, sifat jihatidan yanada yuqori bosqichga ko‘tarildi.

Toshkent va Bokuda o‘zaro ishonch, do‘stlik va bir-birining manfaatlarini hurmat qilish tamoyillariga asoslangan munosabatlar yuksak qadrlanadi. Davlat rahbarlari o‘rtasida muntazam uchrashuvlar o‘tkazib turiladi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati