O`zbekistonga tashriflar
19.04.2012

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 19-aprel kuni Oqsaroyda “Lukoyl neft kompaniyasi” ochiq aksiyadorlik jamiyati prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi.

Uchrashuvda “Lukoyl NK” OAJning O‘zbekistondagi qator sarmoyaviy bloklarda geologiya-razvedka ishlarini bajarish va uglevodorod konlarini o‘zlashtirish sohasidagi faoliyati, shuningdek, Buxoro viloyatida gazni qayta ishlaydigan yangi zavod qurilishining borishi muhokama qilindi.

Prezident Islom Karimov “Lukoyl” OAJ geologiya-razvedka ishlarini samarali amalga oshirgani tufayli Qandim guruhi va Xavzak-Shodi konlarida, Hisor mintaqasi hududi va Qo‘ng‘irot uchastkasida, shuningdek, Sarmoyadorlar konsorsiumi tarkibida Orol dengizining O‘zbekistonga qarashli qismida uglevodorod zaxiralari hajmini oshirishni ta’minlash imkoniga ega bo‘lganini ta’kidladi.

29.03.2012

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 29 mart kuni Oqsaroyda AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni Jeyms Mettisni qabul qildi.

Suhbat chog‘ida davlatimiz rahbari keyingi vaqtda O‘zbekiston va AQSH samarali siyosiy muloqot, iqtisodiyot va sarmoya, yangi tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash singari g‘oyat muhim yo‘nalishlar bo‘yicha har tomonlama hamkorlikni sezilarli darajada faollashtirishga erishganini ta’kidladi.

Uchrashuvda mintaqadagi mavjud vaziyat, Afg‘oniston muammosini hal qilish, shuningdek, o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish va kengaytirish borasida tomonlarni qiziqtirgan masalalar, jumladan, harbiy va harbiy-texnikaviy sohalardagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

28.02.2012

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 28 fevral kuni Oqsaroyda Buyuk Britaniya parlamenti deputati, mudofaa vaziri Filipp Hammondni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari ushbu uchrashuv O‘zbekiston-Buyuk Britaniya munosabatlarining bugungi holati, hamkorlikning istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashish va mintaqamizdagi vaziyat bilan yaqindan tanishish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston Buyuk Britaniyaga jahonning ulkan siyosiy, iqtisodiy va gumanitar salohiyatga, qadimiy boy tarix va madaniyatga ega yetakchi mamlakatlaridan biri sifatida qaraydi.

17.02.2012

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 17 fevral kuni Oqsaroyda Fransiya Respublikasi transport vaziri, ushbu mamlakat Prezidentining maxsus vakili Tyerri Marianini qabul qildi.

Suhbat avvalida vazir T.Mariani davlatimiz rahbariga Fransiya Prezidenti Nikolya Sarkozining O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 20 yilligi munosabati bilan qutlov maktubini taqdim etdi.

O‘zbekiston Prezidenti tabrik uchun samimiy minnatdorlik izhor etdi va Fransiya rahbariga ezgu tilaklar bildirdi. Mamlakatimizda Fransiyaga o‘zaro hamkorligimiz chuqur tarixiy ildizlarga ega bo‘lgan va bugungi kunda ham turli darajada muvaffaqiyatli rivojlanayotgan uzoq muddatli va ishonchli hamkor sifatida qaralishi ta’kidlandi.

16.02.2012

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 16 fevral kuni Oqsaroyda “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning muhim sharti” mavzuidagi xalqaro konferensiyada qatnashish uchun mamlakatimizga kelgan Osiyo taraqqiyot banki (OTB) prezidenti Xaruxiko Kurodani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, mamlakatimiz bilan ko‘p yillardan buyon yaqin hamkorlik qilib kelayotgan OTB haqli ravishda eng nufuzli va yetakchi xalqaro moliya muassasalaridan biri ekanini ta’kidladi. Samarali ikki tomonlama hamkorlik hamda buning natijasida Osiyo taraqqiyot banki tomonidan umumiy qiymati 8,6 milliard AQSH dollariga teng 35 qo‘shma loyihaning ma’qullangani buning tasdig‘idir. Ushbu loyihalarni moliyalashtirishda OTBning ulushi 3,8 milliard dollarni tashkil qiladi.

06.02.2012

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 6-fevral kuni Oqsaroyda Ukraina tashqi ishlar vaziri Konstantin Grishchenkoni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, ushbu uchrashuv O‘zbekiston-Ukraina hamkorligiga oid keng ko‘lamli masalalar yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston va Ukraina siyosiy, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda samarali hamkorlik borasida ulkan tajriba to‘plagan. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro manfaatli barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratadigan salmoqli shartnomaviy-huquqiy asosga ega.

10.01.2012

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 10 yanvar kuni Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Pak Xi Teni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari uchrashuvda Koreya Respublikasi O‘zbekiston uchun vaqt sinovidan o‘tgan va har tomonlama ishonchli strategik hamkor bo‘lib kelgani va shunday hamkor bo‘lib qolayotganini, mamlakatimiz iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasini tubdan isloh qilish hamda chuqur modernizatsiyalash bo‘yicha yirik milliy dasturlarni hayotga tatbiq etishda izchil qo‘llab-quvvatlab kelayotganini ta’kidladi.

06.01.2012

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 6 yanvar kuni Oqsaroyda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Xu Szintaoning maxsus vakili sifatida mamlakatimizga kelgan Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi Raisining o‘rinbosari Chen Chjili xonimni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan buyon rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidan borar ekan, o‘zining yaqin qo‘shnisi va ishonchli hamkori bo‘lgan Xitoyning amaliy qo‘llab-quvvatlashiga doimo tayanib kelganini ta’kidladi.
26.11.2011

Prezident JSST Bosh direktorini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 26 noyabr kuni Oqsaroyda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Margaret Chenni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, ushbu uchrashuv xalqaro hamjamiyatning, birinchi galda, JSSTning mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasidagi tub o‘zgarishlarga ulkan qiziqishidan dalolat ekanini ta’kidladi.

O‘zbekistonda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan munosabatlarga muhim ahamiyat beriladi. O‘zbekiston bilan JSST o‘rtasidagi hamkorlikning birgalikda belgilanadigan strategik yo‘nalishlari ikki yillik bitimlarda o‘z ifodasini topadi. 2012-2013 yillarga mo‘ljallangan navbatdagi hujjat joriy yil sentabr oyida imzolandi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi shu yil may oyida 2011-2014 yillar uchun JSST Ijroiya qo‘mitasi tarkibiga saylandi.

26.11.2011

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 26 noyabr kuni Oqsaroyda A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy markazi direktori, Rossiya Tibbiyot fanlari akademiyasi akademigi Leo Bokeriyani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, Leo Bokeriya O‘zbekistonda, ayniqsa, uning noyob iqtidori va tajribasi tufayli qaytadan hayot nashidasini surayotganlar orasida hamisha ardoqlanib kelayotgan insonlardan biri ekanini ta’kidladi.

Ta’kidlash joizki, Leo Bokeriya nafaqat zamonaviy tibbiyotning yetuk namoyandasi ekanligi, balki O‘zbekiston va Rossiya tibbiyot muassasalarining hamkorligiga ulkan hissa qo‘shib kelayotgani bilan ham mashhurdir. U rahbarlik qilayotgan ilmiy markazda 1994 yildan buyon O‘zbekistonning yuzga yaqin mutaxassisi ta’lim oldi va malaka oshirdi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 09.12.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati