O`zbekistonga tashriflar
17.08.2012

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 17 avgust kuni Oqsaroyda Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm rahbarligidagi AQSh ishbilarmon doiralari delegatsiyasini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, mamlakatlarimizning yetakchi kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik aloqalari izchil kengayib borayotganini ta’kidladi. Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi tomonidan tashkil etilgan, AQShning yetakchi va aksariyati global transmilliy maqomga ega bo‘lgan 25 kompaniyasi rahbarlaridan iborat qariyb 80 biznesmen ishtirok etgan biznes-forumning muvaffaqiyatli o‘tkazilganini ijobiy baholadi.

15.08.2012

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 15 avgust kuni Oqsaroyda O‘zbekiston Respublikasi bilan AQSh o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning uchinchi davrasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Amerika davlat tashkilotlari va xususiy kompaniyalari vakillaridan iborat nufuzli delegatsiya rahbari AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Robert Bleykni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston-AQSh muloqoti izchil rivojlanib, mazmunan boyib borayotganini, o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga tomonlarning intilishlari mushtarak ekanini alohida ta’kidladi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning muhim sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, tashqi siyosat mahkamalarining muntazam muloqotlari, parlamentlararo munosabatlar, davlatlararo darajadagi har tomonlama hamkorlik hamda ikki mamlakat fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasidagi aloqalar haqida so‘z bordi. Tomonlar Afg‘oniston va Markaziy Osiyodagi vaziyatning rivojlanishi, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari, shuningdek, mamlakatlarimiz manfaatlariga daxldor boshqa muammolar yuzasidan fikr almashdilar.
26.07.2012

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 26 iyul kuni Oqsaroyda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlangan Patritsiya Flor xonimni qabul qildi.

1996-yilning iyun oyida Florensiyada O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida davlat va hukumat rahbarlari darajasida mamlakatimizning yagona Yevropa bilan munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga asos bo‘lgan Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan.

O‘zbekiston Prezidentining 2011-yilning yanvar oyida Bryusselga tashrifi va uning doirasida imzolangan hujjatlar O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikning prinsipial jihatdan yangi bosqichini boshlab berdi. O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida hamkorlikning ikki va ko‘p tomonlama qo‘shma organlari shaklidagi mustahkam institutsional asosi yaratilgan va u muloqotlarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Toshkentda YeI Delegatsiyasining ochilishi tomonlarning o‘zaro hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga intilishining yorqin misolidir.
23.07.2012

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 23 iyul kuni Oqsaroyda Janubiy Afrika Respublikasining energetika va kimyo bo‘yicha “Sasol” kompaniyalar guruhi prezidenti Devid Konsteblni qabul qildi.

Uchrashuvda Qashqadaryo viloyatida tabiiy gazdan rejalashtirilgan nominal ishlab chiqarish quvvati kuniga 38 ming barrel (yiliga 1,5 million tonna)ni tashkil etuvchi “GTL” – sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amalga oshirilishining borishi muhokama qilindi. Loyiha “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, “Sasol” kompaniyasi va Malayziyaning “Petronas” korporatsiyasi ishtirokida amalga oishrilmoqda.

16.07.2012

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 16 iyul kuni Oqsaroyda Fransiya Respublikasi mudofaa vaziri Jan-Iv Le Drianni qabul qildi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Fransiya hamkorligining bugungi holati va muhim yo‘nalishlari muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari mamlakatlarimizning konstruktiv hamkorlik borasidagi tajribasini alohida ta’kidladi va Fransiya rahbariyati bilan qaror topgan samarali muloqotdan mamnunlik izhor etdi.

O‘zbekistonda Fransiya bilan turli sohalarda o‘rnatilgan o‘zaro aloqalar yuksak qadrlanadi, mazkur mamlakatga Yevropa qit’asidagi uzoq muddatli va muhim hamkor sifatida qaraladi.

06.07.2012

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 6 iyul kuni Oqsaroyda AQSh Kongressi Vakillar palatasi quyi qo‘mitasi raisi Den Berton va kongressmen Gregori Miksni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston AQSh Kongressi nufuzli delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifiga O‘zbekiston-Amerika muloqoti izchil rivojlanib, mustahkamlanib borayotganidan yana bir dalolat, ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va istiqboli, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyat sifatida qarashini ta’kidladi.

12.06.2012

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 12 iyun kuni Oqsaroyda Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Uilyam Bernsni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston va AQShning ko‘p qirrali hamkorligi jadal rivojlanib, izchil mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.

Uilyam Berns, o‘z navbatida, Prezidentimizga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, AQSh rahbariyati O‘zbekiston bilan siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

05.06.2012

O‘zbekiston – Rossiya: vaqt sinovidan o‘tgan hamkorlik
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 4 iyun kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Toshkent aeroportida Islom Karimov va Vladimir Putin o‘rtasida qisqacha suhbat bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Rossiya rahbarlarining ushbu uchrashuvi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi oliy darajadagi muntazam muloqotlarning mantiqiy davomidir.

O‘zaro hamjihatlik va konstruktivlikka asoslangan siyosiy muloqot an’anaviy tarzda ikki tomonlama munosabatlarning uzoq muddatli istiqbollari va muhim yo‘nalishlariga asos yaratadi.

O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari o‘rtasidagi muloqotlarning asosiy qismi Ko‘ksaroy qarorgohida, ikki davlat rahbarlarining rasmiy suratga tushish marosimi bilan boshlandi.
16.05.2012

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 16-may kuni Oqsaroyda Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Yozef Blatterni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekistonda Yozef Blatterni o‘z hayotini jahon va milliy futbolni rivojlantirishga bag‘ishlagan taniqli jamoat arbobi sifatida bilishlarini ta’kidladi. Bu – FIFA rahbarining O‘zbekistonga uchinchi tashrifi. Mazkur tashrif o‘zbek futbolining 100-yilligi nishonlanayotgan kunlarga to‘g‘ri keldi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish istiqbollari, mamlakatimizning ushbu nufuzli xalqaro tuzilma bilan samarali hamkorligini yanada mustahkamlash va kengaytirish yuzasidan fikr almashildi. “Gol”, “Gol-2” va “Gol-3” loyihalarining amalga oshirilgani shunday hamkorlikning natijalaridandir. Ushbu loyihalarga muvofiq Toshkent shahrida sun’iy qoplamali futbol maydoni va mamlakatimiz o‘smirlar terma jamoalarining o‘quv-mashq bazasi qurildi, Samarqand shahrida esa mini-futbol uchun yopiq manej barpo etilmoqda. O‘zbekiston bolalar-o‘smirlar futbolini, referi va murabbiylarning milliy maktabini rivojlantirish borasida ham FIFA bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor.
01.05.2012

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 1-may kuni Oqsaroyda Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi Vakolatxonasi (Delegatsiyasi) rahbari – elchisi etib tayinlangan Norber Justendan ishonch yorlig‘ini qabul qildi.

O‘zbekiston jahon va mintaqaviy siyosatda muhim o‘rin tutadigan, ulkan savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy salohiyatga ega bo‘lgan Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli va konstruktiv hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratadi.

Islom Karimov elchini yuksak lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, sharafli va mas’uliyatli missiyasini bajarishda muvaffaqiyatlar tiladi.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.12.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati