O`zbekistonga tashriflar
16.07.2013

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 16-iyul kuni Oqsaroyda Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Van Ini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, Xitoy O‘zbekiston uchun do‘st mamlakat bo‘lib kelgani va bundan keyin ham shunday bo‘lib qolishini, ushbu davlat bilan munosabatlar uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlik asosida rivojlanishini ta’kidladi. Islom Karimov qayd etganidek, tomonlar Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning O‘zbekistonga bo‘lajak davlat tashrifiga muhim ahamiyat qaratmoqda.

02.07.2013

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2-iyul kuni Oqsaroyda Koreya Respublikasi xavfsizlik va davlat boshqaruvi vaziri Yu Chon Bokni qabul qildi.

Mamlakatimiz rahbari uchrashuv avvalida ushbu tashrif Janubiy Koreya rahbariyati O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish tarafdori ekanining yana bir yorqin belgisi ekanini ta’kidladi.

Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotiga sarmoya kiritish bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri bo‘lgan Koreya Respublikasi Osiyo-Tinch okeani mintaqasida O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigidir. 2012-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 31 foiz ortib, 2,1 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Janubiy Koreyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyasi miqdori esa 6 milliard dollardan oshdi.

15.06.2013

Mushtarak olijanob maqsadlar – mustahkam do‘stlik asosi
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev 13-iyun kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 14-iyun kuni Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tdi. Oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki davlat rahbarlari shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

Ikki davlat rahbarlari tor doiradagi muzokaralarda O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlarini rivojlantirishning muhim masalalarini, mintaqadagi va xalqaro maydondagi bugungi holatni atroflicha muhokama qildilar.

22.05.2013

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 22-may kuni Oqsaroyda rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Hindiston Respublikasi Vitse-prezidenti Hamid Ansoriyni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari muntazam ravishdagi O‘zbekiston-Hindiston siyosiy muloqoti tomonlarni qiziqtirgan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni izchil rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasida parlamentlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

16.05.2013

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 16-may kuni Oqsaroyda Latviya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevichsni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari muntazamlik kasb etgan keng ko‘lamli O‘zbekiston-Latviya davlatlararo muloqoti nafaqat ikki va ko‘p tomonlama ahamiyatga molik amaliy masalalarni ko‘rib chiqish, balki dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan ochiqcha fikr almashish va ularni baholash uchun ham imkon yaratayotganini ta’kidladi.

Mamlakatlarimiz turli sohalardagi o‘zaro hamkorlik, jumladan, “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” aloqalari, xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi munosabatlar bo‘yicha salmoqli tajriba to‘plagan.
24.04.2013

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 24-aprel kuni Oqsaroyda AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Robert Bleykni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari ikki tomonning sa’y-harakatlari natijasida O‘zbekiston-AQSh munosabatlari uzoq muddatli asosda barqaror rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

18.04.2013

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 18-aprel kuni Oqsaroyda “Zamonaviy uy-joy qurilishi – qishloq joylarini kompleks rivojlantirish va qiyofasini o‘zgartirish hamda aholi hayotining sifatini yaxshilash omili” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Shiao Jaoni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekistonda OTBga rivojlanish yo‘lidagi muhim strategik hamkor sifatida qaralishini ta’kidladi.

O‘zaro hamkorlik o‘rnatilganidan buyon, 2013-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, OTB O‘zbekistonga qiymati 13,5 milliard AQSh dollaridan ortiq loyihalar uchun 48 zayom paketi ajratishni ma’qullagan. Shuning qariyb 4,5 milliard dollarlik qismi OTB tomonidan moliyalashtiriladi. Amaldagi kredit portfeli hajmi bo‘yicha OTB xalqaro institutlar orasida yetakchi o‘rin egallaydi. Xususan, 2012-yilda qiymati 876 million AQSh dollariga teng loyihalarni moliyalashtirish ma’qullandi. Joriy yilda esa 837 million dollarlik loyihalarni moliyalashtirishni ma’qullash ko‘zda tutilmoqda.

17.04.2013

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 17-aprel kuni Oqsaroyda “Zamonaviy uy-joy qurilishi – qishloq joylarini kompleks rivojlantirish va qiyofasini o‘zgartirish hamda aholi hayotining sifatini yaxshilash omili” mavzuidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Islom taraqqiyot banki prezidenti Ahmad Muhammad Alini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, Islom taraqqiyot bankining a’zo mamlakatlarda muhim ijtimoiy va iqtisodiy dastur va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash orqali izchil rivojlanish va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha olib borayotgan bunyodkorlik ishlari O‘zbekistonda yuksak baholanishini ta’kidladi.

Islom Karimov Ahmad Muhammad Alining nufuzli xalqaro moliya tashkiloti rahbari sifatida mamlakatimiz bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratayotganini, O‘zbekistonning turli sohalardagi tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlayotganini hamda yurtimizda o‘tkazilayotgan bugungi davrning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalarda o‘zining anjuman mavzusi chuqur va har tomonlama tahlil etilgan ma’ruzalari bilan doimiy ravishda ishtirok etib kelayotganini arab dunyosining O‘zbekistonga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtiromi ifodasi sifatida qaralishini alohida ta’kidladi.
05.04.2013

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 5-aprel kuni Oqsaroyda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi a’zosi Tomash Ayanni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi va shaxsan Tomash Ayanning jahon miqyosida sportning og‘ir atletika kabi keng tarqalgan turini, shuningdek, Olimpiya harakatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi va xizmatlarini yuksak baholadi.

05.04.2013

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 5-aprel kuni Oqsaroyda MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisida qatnashish uchun mamlakatimizga kelgan Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston tomoni mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlarining bugungi darajasini yuksak qadrlashini ta’kidladi. Bu turli sohalarda o‘zaro manfaatli va teng huquqli hamkorlik uchun mavjud katta salohiyatni izchil amalga oshirish imkonini bermoqda.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 24.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati