Yangiliklar
22.05.2013

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 22-may kuni Oqsaroyda rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Hindiston Respublikasi Vitse-prezidenti Hamid Ansoriyni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari muntazam ravishdagi O‘zbekiston-Hindiston siyosiy muloqoti tomonlarni qiziqtirgan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni izchil rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasida parlamentlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

16.05.2013

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 16-may kuni Oqsaroyda Latviya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevichsni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari muntazamlik kasb etgan keng ko‘lamli O‘zbekiston-Latviya davlatlararo muloqoti nafaqat ikki va ko‘p tomonlama ahamiyatga molik amaliy masalalarni ko‘rib chiqish, balki dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan ochiqcha fikr almashish va ularni baholash uchun ham imkon yaratayotganini ta’kidladi.

Mamlakatlarimiz turli sohalardagi o‘zaro hamkorlik, jumladan, “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” aloqalari, xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi munosabatlar bo‘yicha salmoqli tajriba to‘plagan.
09.05.2013

 Tinchlik va osoyishtalik – barcha yutuq va marralarimizning asosidir

9-may. Poytaxtimizdagi Xotira maydoni har qachongidan gavjum. Bu yerga urush va mehnat faxriylari, hukumat a’zolari, senatorlar va deputatlar, harbiylar, jamoatchilik vakillari tashrif buyurdi.

Maydon uzra mahzun musiqa taraladi.

Soat 09:30. Maydonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov kirib keldi.

Davlatimiz rahbari harbiy orkestr sadolari ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.

Prezidentimiz Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

– Bugun xalqimiz Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 68-yilligini, 9-may – Xotira va qadrlash kunini keng nishonlamoqda, – dedi Islom Karimov ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbatda. – Ayni shu kunlarda barcha-barcha yurtdoshlarimiz o‘z insoniy burchini bajo etib, Vatanimiz ozodligi, musaffo osmoni uchun jon berib, qurbon bo‘lganlarning muqaddas xotirasi oldida bosh egib, ta’zim qiladi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 19.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati