Tabriklar
30.09.2014

Muhtaram ustoz va murabbiylar!

Avvalo, sizlarni umumxalq bayrami – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy tabriklab, barcha-barchangizga o‘zimning yuksak hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni izhor etishdan baxtiyorman.

Bugun biz mana shu qutlug‘ ayyomni keng nishonlar ekanmiz, siz, azizlarning bolalarimiz, yosh avlodimizga bilim va tarbiya berishdek o‘ta murakkab, o‘z kasbiga mehr va sadoqatni, butun borlig‘ini bag‘ishlashni, fidoyilikni talab etadigan sharafli mehnatingiz uchun siz, muhtaram muallimlar zoti oldida barchamiz chin qalbimizdan, yuragimizdan sizlarga minnatdorlik bildirishni o‘z burchimiz deb bilamiz.

16.07.2014

Qadrli do‘stlar!

Ona O‘zbekistonimizning ravnaqiga ulkan hissa qo‘shadigan, har qaysi oilaning, el-yurtimizning rizq-ro‘zini, dasturxonini to‘kin qiladigan, odamlarimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydigan, mirishkor dehqonlarimiz fidokorona mehnatining natijasi bo‘lmish g‘alla xirmonining yildan-yilga oshib borayotgani barchamizni quvontiradi va g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi, desam, siz, azizlarning, butun xalqimizning fikrini ifoda etgan bo‘laman.

Bugun dehqon va fermerlarimiz, barcha dala mehnatkashlarining peshona teri, og‘ir va mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli mehnati evaziga qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan – mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tarixida ilk bor 8 million 50 ming tonnalik yuksak g‘alla xirmoni bunyod etganingiz bilan sizlarni chin qalbimdan samimiy muborakbod etish – men uchun katta baxt.

27.06.2014

Qadrli do‘stlar!

Avvalo, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini yuksaltirish, mustaqilligimizni mustahkamlash yo‘lida jonkuyarlik va jonbozlik ko‘rsatib mehnat qilayotgan siz, aziz jurnalistlar, radio va televideniye, nashriyot va matbaa sohasi xodimlariga o‘zimning chuqur hurmatimni bildirib, sizlarni bugungi kasb bayramingiz bilan millionlab muxlislaringiz, butun el-yurtimiz qatori chin qalbimdan tabriklashga ijozat bergaysiz.

Shu xursandchilik kunda barcha-barchangizni samimiy qutlar ekanman, Sohibqiron Amir Temur bobomizning: “Adolat va ozodlik dasturingiz va rahbaringiz bo‘lsin. Millatning dardlariga darmon bo‘lmoq vazifangizdir”, deb aytgan chuqur ma’noli da’vati xalqimizning fidoyi farzandlariga, avvalambor, hamisha el-yurt tashvishi va manfaati bilan yonib yashaydigan siz, matbuot ahliga qaratilgan, desam, o‘ylaymanki, ko‘pchilik jamoatchiligimizning fikrini ifoda etgan bo‘laman.

29.05.2014

Qadrli farzandlarim!

Avvalambor, siz, aziz bolalarimni, sizlarni qutlab turgan muhtaram ustoz-murabbiylar, ota-onalar, yoru do‘stlaringizni O‘zbekiston hayotidagi ulkan voqea – yoshlik, kamolot va sport bayrami – “Barkamol avlod” o‘yinlarining tantanali ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman, barcha-barchangizga sog‘lik-salomatlik, baxt-saodat, yangi-yangi omadlar tilashdan baxtiyorman.

07.03.2014

Muhtarama onaxonlar!

Qadrli opa-singillar, dilbar qizlarim!

Barchamiz orziqib kutgan so‘lim bahor kirib kelishi bilan tabiat ochilib, ko‘ngillarimiz yorug‘ tuyg‘ularga to‘lib borayotgan mana shu shukuhli ayyomda siz, azizlarimni, sizlar orqali butun O‘zbekiston xotin-qizlarini 8-mart bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etishdan baxtiyorman.

13.01.2014

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari, qadrli yurtdoshlar!

Sizlarni mamlakatimiz hayotidagi g‘oyat muhim va qutlug‘ voqea – Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 22-yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

O‘zbekistonda keyingi yillarda zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan har tomonlama yaxshi ta’minlangan, harakatchan, yuksak talab va standartlarga javob beradigan, mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini samarali va ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan milliy armiyani shakllantirish bo‘yicha ko‘lami va miqyosiga ko‘ra ulkan ishlar tizimli va bosqichma-bosqich ravishda amalga oshirildi.
01.01.2014

Aziz vatandoshlarim, qadrdonlarim!

Mana shu unutilmas, shukuhli damlarda siz, mo‘tabar otaxon va onaxonlarni, munis opa-singillarimizni, navqiron o‘g‘il-qizlarimiz, jajji bolalarimizni – barcha-barchangizni qutlug‘ qadamlar bilan yurtimizga kirib kelayotgan yangi yil bilan chin qalbimdan tabriklab, samimiy tilaklarimni izhor etishni o‘zim uchun katta baxt deb hisoblayman.

Bayramona dasturxon atrofida jamuljam bo‘lib o‘tirgan siz, azizlarni bag‘rimga bosib, xonadonlaringizga tinchlik, sog‘lik-omonlik va xursandchilik, to‘kin-sochinlik yor bo‘lishini, yurtimiz yanada obod bo‘lib, yanada chiroy ochib ravnaq topishini, barcha-barcha ezgu niyatlarimiz ushalishini tilayman.
25.10.2013

Aziz do‘stlar!
Bugun qishloq xo‘jaligi sohasida, qolaversa, butun yurtimiz hayotida quvonchli bir voqea, ya’ni, mamlakatimiz paxtakorlari 3 million 350 ming tonnadan ziyod xirmon bunyod etib, katta mehnat g‘alabasiga erishdilar. Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida, iqtisodiyotimizni barqaror sur’atlar bilan rivojlantirishda, xalqimizning hayotini yanada farovon va obod qilishda, haqiqatan ham, katta hissa bo‘lgan bu ulkan yutuq bilan avvalambor paxtakorlarimizni, barcha qishloq xo‘jaligi mehnatkashlarini chin qalbimdan samimiy muborakbod etishdan xursandman.
27.08.2013

Prezident islom karimovning “sharq taronalari” to‘qqizinchi xalqaro musiqa festivalining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik so‘zi
Muhtaram festival qatnashchilari!

Qadrli mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Avvalo, dunyoning qadimiy shaharlaridan biri bo‘lmish Samarqand shahrida, mana shu muhtasham Registon maydonida to‘planib turgan siz, aziz “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ishtirokchilarini qutlashga, barcha-barchangizga o‘zimning samimiy hurmat-ehtiromimni bildirishga ruxsat bergaysiz.
16.07.2013

Qadrli do‘stlar!

Siz, aziz dehqon va fermerlarimizni, barcha dala mehnatkashlarini rizq-ro‘zimiz va boyligimiz manbai, dasturxonlarimizning to‘kinligi, to‘qchilik belgisi bo‘lmish g‘alladan 7 million 610 ming tonnadan ziyod yuksak xirmon bunyod etib, ulkan mehnat g‘alabasini qo‘lga kiritganingiz bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Bugun O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tarixida birinchi bor mana shunday misli ko‘rilmagan natijaga erishib, ko‘pchilik viloyat va tumanlarda, fermer xo‘jaliklarida hosildorlikni yuksak darajaga yetkazganimiz fidoyi dehqon va fermerlarimiz qanday buyuk ishlarga qodir ekanini namoyon etib, butun xalqimizning kayfiyati va ruhini ko‘tardi, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 10.12.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati