O‘ZBEKISTON O‘QITUVCHI VA MURABBIYLARIGA
30.09.2011

Muhtaram muallim va murabbiylar!

Qadrli ustozlar!

Avvalambor, siz, azizlarni O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, barchangizga o‘zimning ezgu tilaklarimni bildirishdan baxtiyorman.

Biz uchun g‘oyat qadrli bo‘lgan ushbu ayyomning Vatanimiz mustaqilligining yigirma yillik bayrami shukuhi davom etayotgan shu qutlug‘ kunlarda nishonlanayotgani unga alohida ko‘tarinki ruh va tarovat bag‘ishlamoqda, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.

Mana, 15 yildirki, mamlakatimizda 1 oktabr sanasi – O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda.

Yurtimizda dunyoda kamdan-kam uchraydigan ana shunday bayramning ta’sis etilishi, hech shubhasiz, birinchi navbatda ma’naviy yuksalishning asosiy garovi va mezoni bo‘lgan ziyolilarimizga, ularning eng katta va faol qismini tashkil etadigan ming-minglab jonkuyar o‘qituvchi va muallimlar, ustoz va domlalarning O‘zbekistonimizning bugungi taraqqiyotiga qo‘shayotgan ulkan hissasini e’tirof etib, ularga nisbatan chuqur hurmat va ehtiromimizning amaliy ifodasi, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.

Men joylarda jamoatchilik vakillari, faollarimiz bilan suhbat va muloqotlarda bo‘lganimda, “Dunyo imoratlarining eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblarning eng ulug‘i o‘qituvchilikdir” degan teran ma’noli ibora xalqimiz o‘rtasida keng tarqalib borayotganiga guvoh bo‘laman. Eng muhimi, hayotimiz haqiqatiga aylangan bu so‘zlar yurtimizda ma’rifat ahlining sharafli mehnati tobora qadr va e’tibor topayotganini aks ettirishi bilan ko‘pchilik qatori menga ham mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Shu ma’noda, mamlakatimizning salohiyati va qudratini oshirish yo‘lidagi samarali faoliyati uchun Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan barcha soha va tarmoqlar vakillari orasida bugungi kunimiz va kelajagimizni hal qiladigan ta’lim-tarbiya sohasini zamon talablari darajasiga ko‘taradigan, o‘z mustaqil fikri, o‘z dunyoqarashiga ega, har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazadigan fidoyi zotlar – o‘qituvchi va murabbiylar aksariyat ko‘pchilikni tashkil etishini shaxsan men tabiiy bir hol, deb bilaman.

Ma’lumki, O‘zbekistonimizda amalga oshirilayotgan, dunyo tajribasida o‘xshashi kam bo‘lgan milliy ta’lim modeli hozirgi kunda qanday yuksak natijalar berayotganini, ijobiy ma’nodagi “portlash effekti”ga olib kelayotganini nafaqat yurtimiz ahli, balki jahon jamoatchiligi ham haqli ravishda e’tirof etmoqda.

Mamlakatimizda Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga binoan 12 yillik uzluksiz ta’limga asos solingani, uning poydevori bo‘lmish umumta’lim maktablari, o‘g‘il-qizlarimizga zamonaviy bilim va kasb-hunar o‘rgatib, hayotga yo‘llanma beradigan kollejlar, akademik litseylarni o‘zida mujassam etgan yangi tizimni to‘liq joriy etganimiz o‘zining amaliy samarasi bilan yurtimiz ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shmoqda. Bu, o‘z navbatida, biz tanlagan ta’lim va tarbiya modelining naqadar to‘g‘ri va hayotiy ekanini yaqqol tasdiqlab bermoqda.

Shu borada Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi doirasida 8832 ta maktabda qurilish-ta’mirlash, rekonstruksiya va jihozlash ishlari amalga oshirilgani, 1537 ta akademik litsey va kasb-hunar kolleji barpo etilgani, istiqlol yillarida ilm-fan sirlari va zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan, yuksak malakali kadrlarni tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlari soni salkam ikki barobar ko‘payib, 65 taga yetgani bizning bu sohada o‘zgalar havas qiladigan ulkan marralarga erishganimizdan dalolat beradi.

Ta’lim sohasidagi islohotlarimizning ajralmas qismi bo‘lib hayotimizdan chuqur joy olgan dastur va rejalarimiz qatorida yurtimizda musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, bolalar sportini rivojlantirishga qaratilgan ishlarimiz bugungi kunda o‘zining dastlabki hosili va samarasini berayotgani barchamizni albatta xursand qiladi.

Buning tasdig‘ini keyingi o‘n yil mobaynida o‘quvchilarimiz mustaqil O‘zbekiston vakillari sifatida xalqaro fan olimpiadalarida munosib ishtirok etib, 150 dan ziyod oltin, kumush va bronza medallarni qo‘lga kiritgani, nufuzli san’at festivallari va tanlovlarida 670 dan ortiq sovrinli o‘rinlarni egallagani, xalqaro sport musobaqalarida esa 1280 ta oltin, 1170 ta kumush va 1590 ta bronza medal sohibi bo‘lgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Barchamizga yaxshi ayonki, hozirgi kunda ta’lim jarayonlarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, internet tizimisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu maqsadda Multimediali umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazi tashkil etilib, multimedia vositalari, o‘quv adabiyotlari va qo‘llanmalarining elektron variantlarini yaratish ishlari yo‘lga qo‘yilgani, barcha maktablarimiz “ZiyoNET” tarmog‘iga ulangani o‘quv-tarbiya jarayonlarini bugungi taraqqiyot, milliy va umumbashariy tafakkur yutuqlari bilan uzviy bog‘liq holda tashkil etish, ularning sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Mana shunday yangi, zamonaviy ta’lim tizimini yaratish uchun davlatimiz tomonidan juda katta mablag‘ va kuch-imkoniyatlar sarflanayotgani, ularning hajmi va miqdori yildan-yilga oshib borayotgani barchamizga baland ruh bag‘ishlab, ertangi kunga bo‘lgan ishonchimizni yanada mustahkamlaydi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari, umumta’lim, musiqa va san’at maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash hamda bolalar sporti inshootlarini yangi jihoz va anjomlar bilan ta’minlash dasturining 2012 yilga mo‘ljallangan asosiy ko‘rsatkichlarini tasdiqlash to‘g‘risida yaqinda qabul qilingan qarorga binoan kelgusi yilda ayni shu maqsadlar uchun 527 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflash ko‘zda tutilayotgani amalga oshiradigan ishlarimizning ko‘lami va miqyosini aniq ko‘rsatib turibdi.

Shu bilan birga, mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish, ularni zamonaviy asosda jihozlash, kadrlar tayyorlash jarayonini takomillashtirish, o‘qituvchi va domlalar mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturga muvofiq yaqin kelgusida bu borada 300 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ni yo‘naltirish rejalashtirilgan. Hech shubhasiz, bularning barchasi O‘zbekiston ta’lim tizimini yangi, yuksak bosqichga ko‘tarish yo‘lidagi yana bir ulkan qadam bo‘lishi muqarrar, albatta.

Aziz yurtdoshlar!

Mamlakatimiz oldida turgan, butun xalqimiz qalbi, ongu shuuri bilan anglab yetayotgan maqsad-vazifalar – dunyodagi taraqqiy topgan demokratik davlatlar qatoriga kirish, xalqimiz uchun erkin va farovon hayot qurish yo‘lida hammamiz bir haqiqatni chuqur tushunib olishimizni istardim: zamonaviy qiyofaga ega bo‘lgan obod qishloq va shaharlarni barpo etish mumkin, iqtisodiyot lokomotivlari bo‘lgan yirik korxonalarni qurish, xorijdan yuksak va noyob texnologiyalarni olib kelish mumkin. Lekin avvalo bularning barchasini bunyod etadigan, ularga bamisoli jon kiritadigan hayotbaxsh kuch – bu o‘z bilimi va iste’dodiga, kuch-qudratiga suyangan, hech kimdan kam bo‘lmagan, bugun hayotga dadil kirib borayotgan yangi, navqiron avlodimiz, bizning farzandlarimiz, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Ana shunday avlodni tarbiyalashdek hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydigan buyuk vazifani o‘z zimmasiga olgan, bu yo‘lda o‘zini ayamasdan mehnat qilayotgan siz, fidoyi o‘qituvchi va murabbiylarga har qancha tasanno aytsak, ta’zim qilsak, arziydi, albatta.

Hech kimga sir emaski, insonning qalbi va ongini egallash, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy dunyosini izdan chiqarishga qaratilgan turli xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgan bugungi o‘ta notinch zamonda o‘zining kimligini, qanday buyuk zotlarning avlodi, qanday bebaho meros vorislari ekanini teran anglab, ona yurtga muhabbat va sadoqat hissi bilan yashaydigan, iymon-e’tiqodi mustahkam yosh avlodgina muqaddas zaminimizni yot va begona ta’sirlardan, balo-qazolardan saqlashga, Vatanimizni har tomonlama ravnaq toptirishga qodir bo‘ladi.

Siz, hurmatli o‘qituvchi va murabbiylarimiz farzandlarimizga zamonaviy ilm-fan va kasb-hunar asoslari bilan birga, aynan ana shunday yuksak tuyg‘u va fazilatlarni singdirish, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarimizni asrab-avaylashda bundan buyon ham bor kuch-g‘ayratingiz, bilim va mahoratingizni ayamaysiz, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, takror bo‘lsa-da, bir fikrni alohida ta’kidlab aytishni o‘rinli deb hisoblayman: yosh qalblarni ma’rifat va ezgulik yog‘dusi bilan munavvar etadigan, ularni hayotga yo‘llaydigan siz, muhtaram o‘qituvchi va murabbiylar oldida barchamiz bir umr qarzdorlik tuyg‘usi bilan yashaymiz. Men davlat rahbari sifatida, bugungi kunda erishayotgan barcha-barcha yutuq va marralarimizda sizlarning munosib hissangiz borligini, mustaqilligimizni mustahkamlash, Vatanimiz shuhratini dunyoga tarannum etishda fidokorona mehnatingiz poydevor bo‘lib xizmat qilayotganini chuqur his etadigan inson sifatida sizlarni o‘zimning eng yaqin ko‘makchim, maslakdoshim deb bilaman va yuksak qadrlayman.

Sizlarni qutlug‘ bayramingiz bilan yana bir bor tabriklar ekanman, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Hech qachon kam bo‘lmang, doimo omon bo‘ling, aziz ustozlar!

Islom Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati