O‘ZBEKISTON PAXTAKORLARI VA BARCHA MEHNATKASHLARIGA
21.10.2011

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining tabrigi.

Aziz do‘stlar!

Eng avvalo, siz qadrdonlarimni – zahmatkash bobodehqon va fermerlarni, suvchi va mexanizatorlarni, agronom va seleksionerlarni, barcha mutaxassis va mutasaddilarni o‘z zimmangizga olgan shartnoma majburiyatlarini sharaf bilan ado etib, yurtimiz xirmoniga 3 million 500 ming tonnadan ortiq yuqori sifatli paxta hosili yetkazib berganingiz bilan samimiy tabriklayman.

Bugun siz azizlarni chin qalbimdan qutlar ekanman, men ko‘pchilik qatorida paxta yetishtirish kabi dehqonchilik bobida dunyodagi eng murakkab va nozik soha bo‘lmish, nafaqat chuqur bilim va katta tajribani, avvalambor og‘ir va mashaqqatli mehnatni talab qiladigan ishga o‘zini bag‘ishlagan, o‘z kasbining ustasi va fidoyisi bo‘lgan million-million yurtdoshlarimizni o‘zimga tasavvur qilaman va erishilgan g‘alabaga qo‘shgan munosib hissangizni yuksak qadrlayman.

Sizlarning peshona teringiz, azmu shijoatingiz bilan qo‘lga kiritilgan bu ulkan marra Vatanimiz mustaqilligining 20 yillik qutlug‘ to‘yiga yana bir beqiyos sovg‘a bo‘ldi, desam, o‘ylaymanki, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.

Darhaqiqat, hammamiz yaxshi tushunamiz – dehqon uchun oson yilning o‘zi bo‘lmaydi. Bu yilgi qishloq xo‘jalik mavsumi biz uchun ko‘p jihatdan og‘ir bo‘ldi. Joriy yilda bahor faslida yuz bergan tabiiy qiyinchiliklar, yoz oylaridagi qattiq qurg‘oqchilik va kuchli suv taqchilligi, jazirama issiq va garmsellar hosil taqdirini xavf ostida qoldirdi.

Xususan, g‘o‘za ayni rivojlanib, hosilga kiradigan iyul-avgust oylarida harorat yillik o‘rtacha me’yordan ancha yuqori bo‘lgani, turli zararkunanda va kasalliklar ko‘paygani ham qancha-qancha muammo va tashvishlar tug‘dirganidan hammamiz xabardormiz.

Ana shunday qiyinchiliklarga qaramasdan, siz – ko‘pni ko‘rgan, hayot sinovlarida toblangan, omilkor dehqonlarimizning har tup g‘o‘za atrofida parvona bo‘lib qilgan mehnatingiz, matonat va mardligingiz evaziga bugungi yuksak paxta xirmonining bunyod etilganini xalqimiz chuqur tushunadi va anglaydi.

Mamlakatimizda agrar sohaning istiqbolini ko‘zlab, o‘z vaqtida fermerlik harakatiga keng yo‘l ochib berilgani har tomonlama to‘g‘ri va samarali yo‘l bo‘lganini hayotning o‘zi ko‘p-ko‘p misollarda tasdiqlab bermoqda.

Hozirgi paytda fermerlik harakati nafaqat yuqori daromad olish, nafaqat o‘zini va oilasini boqish, ayni paytda o‘z oldiga uzoq va davomli maqsadlar qo‘yib, qishloqlarimiz, butun mamlakatimizning bugungi kuni va kelajagi uchun mas’uliyatni zimmasiga olishga qodir bo‘lgan hal qiluvchi siyosiy-ijtimoiy kuchga aylanib bormoqda, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda bir fikrni takror aytishni joiz, deb bilaman.

Fermerlik harakatining tub mohiyatini chuqur tushunib, dehqonchilik mahoratini puxta egallagan, o‘z faoliyatida bir nechta zamonaviy kasblarni mujassam etgan, doimo oldinga intilib, yangi-yangi reja va maqsadlar bilan yashaydigan, boy tajribasini yosh avlodga – o‘zining munosib davomchilariga berayotgan fermerlarni men o‘zimning eng yaqin maslakdoshim va tayanchim, deb bilaman.

Bu yil paxtachilikda erishgan katta yutuqlarimizning eng muhim omillari qatorida birinchi navbatda yerning unumdorligini oshirishga qaratilgan amaliy ishlarimiz haqida, faqatgina oxirgi to‘rt yil mobaynida mamlakatimiz bo‘yicha 539,5 milliard so‘m mablag‘ sarflash hisobidan 1 million 164 ming gektar sug‘oriladigan maydonning meliorativ holati yaxshilangani xususida alohida ta’kidlashni o‘rinli, deb bilaman. Shu borada yerni shudgor qilish va tekislashdan tortib, sifatli urug‘ tayyorlash, har tomchi suvdan oqilona foydalanish, g‘o‘zaga ishlov berish bilan bog‘liq barcha agrotexnik tadbirlarni yuqori darajada o‘tkazganimiz, hech shubhasiz, mo‘l hosil to‘plash va sifatli tola olishda hal qiluvchi omil bo‘lganini e’tirof etishimiz zarur. Shu bilan birga, joriy mavsumda dehqon va fermerlarimiz defoliatsiyaning ahamiyatini chuqur anglagan holda, uni barcha maydonlarda o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirgani ham o‘tgan yilga nisbatan paxta yetishtirish, yig‘im-terim ishlarini tezlashtirish va uyushqoqlik bilan tashkil qilish, eng muhimi, hosilning aksariyat qismini yuqori sortlarga topshirish imkonini berganini qayd etish lozim.

Bu yilgi paxta hosilining 90 foizdan ko‘prog‘i yuqori sortlar bilan yetkazib berilgani aynan ana shunday muhim tadbirlarning samarasi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Shartnoma majburiyatlarini birinchilardan bo‘lib bajargan Andijon viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy viloyati, shular qatorida mamlakatimizning yuksak paxta xirmonini bunyod etishga munosib hissa qo‘shgan barcha viloyatlarimizning paxtakorlari va mehnatkashlari yurtimiz dehqonlariga xos olijanob fazilatlarni namoyish etdilar. Ayniqsa, Denov, Sariosiyo, Vobkent, Paxtaobod, Jalaquduq, Do‘stlik, Uychi, Namangan, Shahrisabz, Toshloq, Uchko‘prik, Qiziltepa, Karmana, Narpay, Ishtixon, Amudaryo, Qorao‘zak, Chinoz, Yuqorichirchiq, Boyovut, Gurlan, Xonqa tumanlari belgilangan majburiyatlarni 20-25 ish kunida bajarib, ko‘pchilikka o‘rnak va namuna bo‘lganini alohida ta’kidlashni istardim.

Kunni – kun, tunni – tun demasdan qilgan fidoyi mehnati evaziga bir qarashda tasavvur qilish ham qiyin bo‘lgan katta yutuqlarga erishgan yuzlab fermer xo‘jaliklarining nomlarini bugun hurmat bilan tilga olish mumkin va shu fursatdan foydalanib, ularning barchasiga chuqur minnatdorlik izhor etishni o‘zimning yuksak burchim deb bilaman.

Bugungi quvonchli ayyomda joriy mavsumning asosiy yakunlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, albatta, paxtachilikdan olinadigan daromad, moddiy manfaatdorlik ortib borayotgani haqida to‘xtalishimiz tabiiydir. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yil paxtachilik bo‘yicha yalpi daromad, o‘rtacha hisoblaganda, 2 trillion 400 milliard so‘mdan ziyod yoki o‘tgan yilga nisbatan 25 foiz ko‘p bo‘lishi kutilmoqda. Bu o‘z navbatida qishloqlarimizni, butun yurtimizni yanada obod qilish, yangi maktablar, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, zamonaviy tibbiyot maskanlari, bolalar sporti obyektlari, namunaviy loyihalar asosidagi uy-joylar, ijtimoiy infratuzilma inshootlari barpo etish, bir so‘z bilan aytganda, xalqimizning hayotini yanada farovon qilish uchun ulkan imkoniyatlar tug‘dirishi shubhasizdir.

Aziz do‘stlar!

Sizlarga yaxshi ma’lumki, hozirgi kunda o‘zbek paxtasiga jahon bozorida talab va qiziqish tobora kuchayib bormoqda. Buni yaqinda azim poytaxtimiz – Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi xalqaro paxta va to‘qimachilik yarmarkasi doirasida yirik xorijiy firma va kompaniyalar bilan 650 ming tonna paxta tolasini sotish bo‘yicha shartnomalar tuzilgani ham ko‘rsatib turibdi.

Shu munosabat bilan yana bir muhim masala – paxta tolasini yurtimizda qayta ishlash hajmini keskin oshirish bo‘yicha qabul qilingan dasturga muvofiq tarixan qisqa muddatda mamlakatimizda 200 dan ortiq to‘qimachilik korxonasi modernizatsiya qilingani, xorijiy sheriklar bilan hamkorlikda eng zamonaviy texnologiyalar asosidagi yangi-yangi qo‘shma korxonalar barpo etilayotgani tufayli yetishtirilgan qimmatbaho xomashyoni tayyor mahsulot holida, qo‘shimcha qiymat bilan xalqaro bozorga chiqarish imkoniga ega bo‘lganimizni ta’kidlash darkor.

O‘zingiz tasavvur qiling, agarki 90-yillarda yetishtirilgan paxta tolasining 7 foizi o‘zimizda qayta ishlangan bo‘lsa, hozirgi vaqtda ushbu raqam 33 foizdan ziyodni tashkil etayotgani O‘zbekiston bu yo‘lda qanday dadil qadamlar bilan borayotganining va bu borada biz erishayotgan katta-katta natijalarning yaqqol ifodasi desak, aslo xato bo‘lmaydi.

Bu ko‘rsatkichni yaqin kelgusida izchil ravishda oshirish bo‘yicha olib borayotgan amaliy harakatlarimiz iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, ming-minglab yangi ish o‘rinlari tashkil etish, oladigan daromadlarimizni yanada ko‘paytirishga xizmat qilishi muqarrar.

Aziz va muhtaram yurtdoshlarim!

Bugungi xursandchilik kunda O‘zbekistonning yuksak paxta xirmoniga munosib hissa qo‘shgan siz, fidoyi dehqon va fermerlarimiz, barcha qishloq mehnatkashlarini bag‘rimga bosib, yana bir bor tabriklar ekanman, sizlarga qalbimning to‘rida bo‘lgan samimiy hurmat va ehtiromimni, ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Mana shunday shukuhli damlarda bizdan marhamatini darig‘ tutmasdan, o‘z panohida asrab kelayotgani, doimo yo‘limizni ochib berayotgani uchun Yaratganimizga shukronalar aytishimiz ham qarz, ham farz deb bilaman.

El-yurtimizdan, xonadonlarimizdan fayzu baraka, tinchlik-osoyishtalik arimasin!

Halol mehnatingizning rohatini ko‘ring, hech qachon kam bo‘lmang, azizlarim, qadrdonlarim!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov

Toshkent shahri, 2011 yil 21-oktabr


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati