RESPUBLIKA BAYNALMILAL MADANIYAT MARKAZI TASHKIL ETILGANINING 20 YILLIGIGA BAG‘ISHLANGAN TANTANALI YIG‘ILISH ISHTIROKCHILARIGA
20.01.2012

Hurmatli Vatandoshlar!

Qadrli do‘stlar!

Siz azizlarni va sizlarning siymongizda ko‘pmillatli butun mamlakatimiz xalqini Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etilganining 20 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Biz ushbu qutlug‘ sanani O‘zbekiston mustaqilligining 20 yillik bayrami shukuhi qalblarimizda davom etayotgan shu yorug‘ kunlarda nishonlayotganimizning teran ramziy ma’nosi bor, albatta. Bu tarixiy sana timsolida biz eng avvalo mustaqil taraqqiyotimizning dastlabki kunlaridan boshlab mamlakatimizda millatlararo ahillik va hamjihatlikni ta’minlashga qanday muhim ahamiyat berib kelinayotganining yaqqol dalolatini ko‘ramiz.

Yurtimizda bu ayyomni keng nishonlar ekanmiz, hammamiz, O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillari Vatanimizning necha ming yillik qadimiy tarixi davomida mana shu saxovatli va hamisha mehmondo‘st zaminda turli madaniyat va sivilizatsiyaga mansub bo‘lgan insonlar o‘zaro tinch-totuv yashab kelganini yuksak qadrlaymiz. Ayni shunday ma’naviy muhit o‘zining bag‘rikengligi, mehr-oqibatliligi, tinchliksevarligi va qalb saxovati bilan ajralib turadigan xalqimizning o‘ziga xos mentaliteti shakllanishida muhim omil bo‘ldi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz.

Ana shunday milliy rang-baranglik va shu bilan birga, yagona xalqqa xos birlik tuyg‘usi – bu nafaqat noyob xususiyat, balki har birimiz uchun hayotbaxsh ta’sirini va barchamizni o‘zaro boyitishdagi ahamiyatini hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydigan ulkan qadriyatdir.

Shu ma’noda, bizning eng katta boyligimiz, eng asosiy yutug‘imiz – bu avvalo Vatanimiz osmonining musaffoligi, jamiyatimizda hukm surayotgan millatlar va fuqarolararo ahillik va hamjihatlik, do‘stlik va birdamlik muhitidir, desam, ishonchim komilki, barchangiz bu fikrga qo‘shilasiz.

Bugungi kunda mamlakatimizda etnik o‘ziga xosligi, tili, urf-odat va an’analarini har tomonlama rivojlantirish va o‘zaro boyitish bo‘yicha teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lgan 130 dan ziyod millat va elat vakillari yagona oila bo‘lib, do‘stlik va inoqlikda hayot kechirmoqda. Yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, Vatanimizni yanada ravnaq toptirish, uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirish maqsadida barcha sohalarda keng ko‘lamli o‘zgarishlarni amalga oshirish yo‘lida ular o‘zlarining fidokorona mehnati bilan munosib hissa qo‘shayotganini biz yuksak qadrlaymiz.

Ta’kidlash joizki, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni rivojlantirish uchun barcha huquqiy asoslar va zarur shart-sharoitlar yaratildi. Bag‘rikenglik madaniyatini tarbiyalash va yanada mustahkamlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda milliy madaniy rang-baranglik hayotimizning ajralmas qismi sifatida qaralib, barqarorlikni ta’minlash omili bo‘lib xizmat qilayotgani va jamiyatimizning demokratik islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lidan ilgarilab borishida muhim rol o‘ynayotgani, biz O‘zbekiston deb ataydigan umumiy uyimizda turli milliy madaniyatlarning betakror va boy uyg‘unligini shakllantirayotgani alohida e’tiborga sazovordir.

Bugungi qutlug‘ ayyomda barcha milliy madaniy markazlarning rahbarlari va faollariga muqaddas zaminimizda tinchlik va farovonlikni saqlash, farzandlarimiz va nabiralarimizning kelajagi, jamiyatimizda o‘zaro hamjihatlik, insonparvarlik va mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash yo‘lidagi beg‘araz va olijanob mehnatlari uchun o‘zimning chuqur va samimiy hurmat-ehtiromimni bildiraman. O‘tgan 20 yil mobaynida chinakam do‘stlik maskaniga aylangan Respublika baynalmilal madaniyat markazining ko‘p qirrali faoliyati ana shunday yuksak maqsad va vazifalarning amaliy namoyoni bo‘lib kelayotgani hammamizni albatta xursand qiladi.

Qadrli do‘stlar, barchangizga chin qalbimdan mustahkam sog‘liq, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman, O‘zbekistonda yashayotgan millat va elat vakillarining bugungi hayoti va kelajagi yo‘lidagi olijanob va g‘oyat mas’uliyatli faoliyatingizda yangidan-yangi muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin.

Islom Karimov, 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


                o`zb   рус   eng
Bugun: 12.12.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati