“O‘ZBEKISTON HAVO YO‘LLARI” MILLIY AVIAKOMPANIYASI JAMOASIGA
27.01.2012

Hurmatli do‘stlar!

Barchangizni mamlakatimiz hayotidagi qutlug‘ sana – “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi tashkil etilganining 20 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi o‘zining yigirma yillik faoliyati davomida zamonaviy aviakompaniya sifatida tiklanish va shakllanishning ulkan, murakkab yo‘lini bosib o‘tdi va bugungi kunda yurtimizning ko‘plab xorijiy davlatlar bilan samarali hamkorligini yanada kengaytirish va aloqalarini mustahkamlashda muhim rol o‘ynamoqda.

Mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha chuqur o‘ylangan, uzoq muddatga mo‘ljallangan strategiyaning amalga oshirilishi, jamoaning yuksak kasb mahorati Milliy aviakompaniyamizning xalqaro aviatashuvlar va texnik xizmat ko‘rsatish tizimidan munosib o‘rin egallashida muhim omil bo‘ldi. Aviatsiya xavfsizligi va parvozlarni sifatli amalga oshirishni ta’minlash, aviatsiya texnikasiga xizmat ko‘rsatishda eng ilg‘or texnologiyalarni keng qo‘llash, shuningdek, malakali kadrlar tayyorlash sohasida erishilgan yuksak natijalar nufuzli xalqaro aviatsiya tashkilotlari tomonidan bir necha bor taqdirlangani ayniqsa quvonchlidir.

Hozirgi kunda zamonaviy havo kemalari bilan ta’minlangan “O‘zbekiston havo yo‘llari” dunyoning 25 dan ortiq mamlakatiga parvozlarni amalga oshirmoqda, yiliga qariyb 75 ming tranzit yo‘nalishning havo harakatini boshqarmoqda, shuningdek, aviakompaniyamiz tarkibida faoliyat ko‘rsatayotgan, so‘nggi avlod aviatsiya texnikasiga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlash bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqasida yagona bo‘lgan markazning xizmatlaridan keng foydalanayotgan 320 ta xorijiy aviakompaniya samolyotlariga aeronavigatsiya xizmati ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizning barcha aeroportlari jahon andozalari darajasida modernizatsiya qilindi. Faqat 2011 yilning o‘zida 2 million 300 ming nafar yo‘lovchi va salkam 50 ming tonna yuk belgilangan manzillarga yetkazilgani Milliy aviakompaniyamiz qo‘lga kiritayotgan yutuqlardan yaqqol dalolat beradi.

“Navoiy” xalqaro aeroporti negizida tashkil etilgan va zamonaviy aeronavigatsiya uskunalari bilan jihozlangan Xalqaro intermodal logistika markazi, ob-havo sharoiti qanday bo‘lishidan qat’i nazar, barcha turdagi avialaynerlarni qabul qilish imkoniga egadir.

Shuni alohida qayd etish kerakki, o‘tgan yillar davomida “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasining ko‘pmillatli jamoasi shakllandi va kamolga yetdi. Bu jamoaning fidokorona mehnati, bilim va tajribasi yurtimizda haqli ravishda yuksak e’tirof va hurmatga sazovor bo‘lmoqda, mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasining yanada ravnaq topishida ishonchli poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Aziz do‘stlar!

Barchangizni Milliy aviakompaniyamiz tashkil etilganining 20 yilligi bilan yana bir bor tabriklab, o‘zimning samimiy hurmat-ehtiromimni izhor etishga, sizlarga va oilalaringizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, olijanob va fidokorona mehnatingizda yangi-yangi muvaffaqiyatlar tilashga ijozat bergaysiz.

Musaffo osmon va baxtli parvozlar hamisha sizlarga yor bo‘lsin.

Islom Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati