“UMID NIHOLLARI” SPORT O‘YINLARI QATNASHCHILARIGA
23.05.2012

Aziz bolalarim, farzandlarim!

Hurmatli ota-onalar, ustoz-murabbiylar va sport muxlislari!
Avvalo, sizlarning barchangizni mana shu fusunkor bahor ayyomida chehrasi va bag‘rini ochib, yanada go‘zal qiyofa kasb etgan Navoiy shahrida “Umid nihollari” sport o‘yinlarining tantanali ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Biz mustaqillikka erishgan birinchi kunlardan boshlab yurtimizda inson, uning hayoti va manfaatlarini oliy qadriyat darajasiga ko‘tarish, xalqimiz uchun munosib turmush sharoiti yaratishdek yuksak maqsadni o‘z oldimizga asosiy vazifa qilib qo‘ydik.

Ana shunday ezgu maqsadga erishish yo‘lida bugun Vatanimiz qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuq va marralar dunyoning uzoq va yaqin mamlakatlarida keng e’tirof etilayotgani xalqimizga, barchamizning ishonchimiz va tayanchimiz bo‘lgan yoshlarimizga katta g‘urur va iftixor yetkazmoqda.

Yosh avlodimizning aql-zakovati, qobiliyati va talantini ro‘yobga chiqarish, ularni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalashga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlarimizning yana bir yorqin namoyishi sifatida bugun Navoiy shahrida beshinchi bor o‘tkazilayotgan “Umid nihollari” musobaqalarida qat’iyat bilan bel bog‘lab maydonga tushayotgan siz, aziz farzandlarimizning yonib turgan ko‘zlaringiz, g‘ayrat va shijoatingiz barchamizga cheksiz quvonch bag‘ishlab, ertangi kunga bo‘lgan ishonchimizni yanada mustahkamlaydi.

Yurtimizda shakllangan, “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada o‘yinlarini o‘z ichiga olgan uch bosqichli tizim, ayni mana shunday tadbir va musobaqalar, muxtasar aytganda, mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirayotgan ulkan ishlarimiz bugungi kunda dunyo jamoatchiligida katta qiziqish va hayrat uyg‘otmoqda, eng muhimi, yoshlarimizning xalqaro maydonlarda yuksak shohsupalarga ko‘tarilishi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bu haqda gapirganda, keyingi yillarda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yurtimizda qariyb 1500 ta zamonaviy sport ob’ekti bunyod etilganini ta’kidlash o‘rinlidir. E’tiborlisi shundaki, bu ishlarning ko‘lami va miqyosi kengayib, barcha hudud va mintaqalarimizni, shahar va qishloqlarimizni tobora kengroq qamrab olmoqda.

O‘ylaymanki, sizlar bo‘lg‘usi musobaqalar davomida bu fikrga yana bir bor ishonch hosil qilasizlar. Ushbu bellashuvlarni yuksak saviyada o‘tkazish uchun Navoiy viloyatida qariyb 56 milliard so‘m mablag‘ sarflanib barpo etilgan, bugun sizlarga o‘z eshiklarini ochayotgan muhtasham sport saroylari va majmualari, stadionlar va suzish havzalari, infratuzilma ob’ektlari sizlarning iste’dod va mahoratingizni namoyon etishga, kelajakda esa minglab yosh sportchilarni tarbiyalab voyaga yetkazishga xizmat qilishi tabiiydir.

Mamlakatimizda yaratilayotgan ana shunday keng imkoniyatlar tufayli bolalar sporti tom ma’noda umummilliy harakatga aylanib, o‘zining dastlabki amaliy natijalarini bermoqda. Buni keyingi to‘rt yil mobaynida yurtimizda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar o‘rtasida sport bilan muntazam shug‘ullanadiganlar soni 29 foizdan qariyb 35 foizga, qizlarimiz o‘rtasida esa 24 foizdan 31,5 foizga o‘sgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Bularning barchasi o‘z navbatida bizning ezgu maqsadimiz bo‘lmish sog‘lom avlod tarbiyasiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Agarki, 2005-yilda yurtimizdagi mutlaq sog‘lom bolalar ko‘rsatkichi 52 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2011-yilda bu raqam qariyb 63 foizga yetgani va bu borada biz rivojlangan davlatlar darajasiga tobora yaqinlashib borayotganimiz albatta barchamizni xursand qiladi.

Qadrli o‘g‘il-qizlarim!

Bugun boshlanayotgan “Umid nihollari” o‘yinlari mamlakatimizdagi millionlab yoshlarni sport bilan tanishtirish, ularni sportga oshno etish, jamiyatimizda sog‘lom turmush tamoyillarini keng qaror toptirishdek olijanob maqsadga qaratilgani bilan ayniqsa e’tiborlidir. Bu musobaqalarning tuman va viloyat bosqichlarida 1 million 600 ming nafarga yaqin maktab o‘quvchisi ishtirok etgani yoshlarimiz o‘rtasida sportni yanada ommalashtirishda bu o‘yinlarning o‘rni va ta’siri ortib borayotganidan dalolat beradi.

Yaqin kunlarda XXX yozgi Olimpiada bellashuvlarida ishtirok etish uchun Buyuk Britaniyaning London shahriga yo‘l oladigan aka va opalaringiz katta sport olamiga ilk qadamlarni sizlar qatnashayotgan aynan mana shunday musobaqalardan boshlagani, o‘ylaymanki, barchangizning kuchingizga kuch, ishonchingizga ishonch qo‘shadi.

Bugun Vatanimiz sharafini himoya qilishga otlanayotgan mohir sportchilarimizga barchamiz omad tilar ekanmiz, sizlar ham ularning izidan borib, jahon maydonlarida O‘zbekistonimiz bayrog‘ini baland ko‘tarasiz, deb ishonamiz.
Aziz farzandlarim!

Sizlarning ishtirokingizdagi keskin bellashuvlarni ming-minglab tengdoshlaringiz, yoru do‘stlaringiz, barcha sport muxlislari qizg‘in olqishlar, ezgu tilaklar bilan kutib oladi.

Bilib qo‘yingki, davlatimiz, jamiyatimiz siz, yoshlarning kamolotingiz, baxtu saodatingiz uchun hech narsani – mablag‘ va imkoniyatni ham, kuch va harakatni ham, eng muhimi, o‘zining qalb saxovati va mehrini aslo ayamaydi.

Barchamizning istagimiz bitta: ana shunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikka doimo munosib bo‘lib, mamlakatimiz qo‘lga kiritayotgan yutuqlarga o‘z hissangizni qo‘shish, Vatanimizning jahon miqyosida obro‘-e’tiborini yuksaltirish uchun intilib yashang.

Fursatdan foydalanib, sizlar uchun yangi-yangi sport ob’ektlari barpo etgan, katta hajmdagi bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini amalga oshirgan mohir quruvchilar, me’mor va muhandislarga, pudratchi tashkilotlar va mutasaddilarga, butun Navoiy viloyati ahliga, bu olijanob ishga hissa qo‘shgan barcha-barcha insonlarga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.

Ishonaman, bu musobaqalar do‘stlik, o‘zaro hurmat va adolat ruhida o‘tadi va barchangizning hayotingizda unutilmas sahifa bo‘lib qoladi.

Sizlarni bugungi yoshlik va sport bayrami bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga baxt va omad, kelgusi hayotingizda yangi-yangi yutuqlar tilayman.

Islom Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati