O‘ZBEKISTON G‘ALLAKORLARIGA
13.07.2012

Qadrli do‘stlar!

Avvalo, siz, aziz dehqon va fermerlarimizni, barcha dala mehnatkashlarini mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tarixida yangi sahifa bo‘lmish 7 million 170 ming tonnalik ulkan g‘alla xirmoni bunyod etib, yuksak mehnat g‘alabasini qo‘lga kiritganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Dunyoda non degan shunday tengsiz va buyuk bir boylik, ulug‘ va tabarruk bir ne’mat borki, uning bahosi, qadr-qimmatini hech narsa bilan o‘lchab, qiyoslab bo‘lmaydi.

Azal-azaldan to‘qchilik, avvalo ko‘zning, ko‘ngilning to‘qligi, dasturxon to‘kinligi, ro‘zg‘orning qut-barakasi bug‘doyning, nonning serobligi bilan belgilab kelinadi, desak, hayotiy haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Er yuzidagi barcha xalqlar va mamlakatlar o‘zining farovonligi, osoyishta va bexatar hayotini, ezgu orzu-niyatlarini birinchi navbatda shu aziz ne’mat timsolida tasavvur qilishi bejiz emas, albatta.

Muhtaram yurtdoshlar!

Olijanob, zahmatkash dehqonlarimiz tom ma’noda ulkan zafarni qo‘lga kiritgan mana shunday xursandchilik kunda, tabiiyki, o‘z donimiz, o‘z beminnat nonimizga ega bo‘lish maqsadida bosib o‘tgan mashaqqatli va sharafli yo‘limizni yana bir bor beixtiyor xayolimizdan o‘tkazamiz.

Hech kimga sir emas, yaqin o‘tmishda o‘lkamiz o‘z ehtiyojini qondirish uchun kimlargadir yalinib, katta-katta mablag‘lar evaziga donni chetdan keltirishga majbur edi.

Biz mustaqillikka erishganimizdan keyin bunday nomaqbul holatga butunlay barham berish, yurtimizda paxta yakkahokimligiga chek qo‘yib, g‘allachilik tarmog‘ini zamonaviy asosda rivojlantirishni o‘z oldimizga ustuvor, hal qiluvchi vazifa qilib qo‘ydik.

O‘tgan qisqa davr mobaynida Vatanimiz g‘alla mustaqilligini qo‘lga kiritib, nafaqat o‘ttiz millionli xalqimiz ehtiyojini to‘la ta’minlash, ayni paytda chetga don eksport qiladigan davlatlar qatoridan joy olishga erishgani uchun, shunday yorug‘ kunlarga yetkazgani uchun barchamiz Yaratganimizga shukronalar aytishimiz tabiiydir.

Mustaqillik yillarida aynan g‘allachilik sohasida erishgan yutuqlarimizni ba’zi bir raqamlar misolida o‘zimizga tasavvur qiladigan bo‘lsak, haqiqatan ham, biz erishgan natijalar dunyodagi manaman degan davlatlarning ham havasini tortishi shubhasiz, deb o‘ylayman. Agarki 1991-yilda respublikamizda jami 940 ming tonna g‘alla yetishtirilib, o‘rtacha hosildorlik 17 sentnerni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda jamg‘arilgan g‘alla xirmoni 7 barobardan ziyod, hosildorlik esa 3 karra oshganining o‘zi bizning qiyoslash ham qiyin bo‘lgan qanday yuksak marralarga erishganimizni yaqqol tasdiqlaydi.

Bugun ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘layotgan ana shunday yuksak marralarga qanday omil va mezonlar hisobidan erishayotganimizni tahlil qilar ekanmiz, yurtimizda yashaydigan, non degan bebaho ne’matdan har kuni bahramand bo‘ladigan har qaysi inson bu haqda xabardor bo‘lishini istardim.

Afsuski, biz ko‘pincha kundalik yumushlar bilan band bo‘lib, qo‘lga kiritgan natijalarimizni xuddiki o‘z-o‘zidan bo‘lgan tabiiy bir hol, deb qarashga o‘rganib qolganmiz.

Aslida esa bunday yutuqlarimiz zamirida avvalo dehqon va fermerlarimiz, mexanizatorlarimizning mashaqqatli mehnati va fidoiyligi, seleksioner va olimlarimizning bilim va tajribasi, barcha qishloq xo‘jaligi mutaxassislarining necha yillar davomida yagona bir maqsad yo‘lida qat’iyat va safarbarlik namunasini ko‘rsatib qilgan xizmatlari, tashabbuskorlik va izlanuvchanlik fazilatlari mujassam bo‘lib, buning uchun ularga har qancha tasannolar aytsak, arziydi albatta.

Birgina seleksiya sohasini oladigan bo‘lsak, yangi g‘alla navlarini yetishtirish, ularni yurtimizning tuproq, iqlim va suv sharoitiga moslashtirish, turli kasalliklarga chidamlilik xususiyatlarini oshirish uchun qancha sabr-toqat, qancha bilim va mahorat, o‘z ishining natijasiga qanday katta ishonch bo‘lishi kerak.

Ayni vaqtda g‘allachilikda uchraydigan turli kasalliklar – bu zang, qorakuya yoki xasva bo‘ladimi, chigirtka balosi yoki boshqa zararkunanda hasharotlar bo‘ladimi – barchasidan kechayu kunduz ogoh bo‘lib, ularga qarshi o‘z vaqtida chora ko‘rish, har tup ko‘chat atrofida parvona bo‘lib, mehr bilan parvarish qilish hisobidan mo‘l hosil yetishtirish qancha-qancha mehnat, kuch-g‘ayrat talab qilishini, o‘ylaymanki, tushunish, anglash qiyin emas.

Shu borada g‘allachilik sohasida mamlakatimizda zamonaviy ilm-fan yutuqlari va xalqimizning qadimiy dehqonchilik madaniyati asosida o‘ziga xos agrotexnika maktabi shakllanib, bugungi kunda o‘zining yuksak samarasini berayotganini alohida ta’kidlash lozim.

Barchamizga ma’lumki, bu yilgi bahorning seryog‘in kelishi oqibatida namlik darajasining me’yoridan ortiq bo‘lishi g‘alla ko‘chatlarining chirib ketish xavfini tug‘dirdi. Bu xavfning oldini olish maqsadida, ota-bobolarimizning tajribasidan kelib chiqqan holda, g‘alla ko‘chatlarini mahalliy o‘g‘it bilan oziqlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Buning uchun jami 10 million 200 ming tonna mahalliy o‘g‘it to‘planib, har gektar maydonga o‘rtacha 9 tonnadan o‘g‘it berildi. Natijada nisbatan qisqa muddat – uch oy mobaynida g‘allaning rivojini besh oylik darajaga yetkazib olish imkoni tug‘ildi.

Ana shunday va boshqa agrotexnik tadbirlarni sifatli amalga oshirish tufayli barcha viloyatlarimiz, jumladan, namlik darajasi ayniqsa yuqori bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati g‘allakorlari ham shartnoma majburiyatlarini sharaf bilan ado etishga erishdilar.

Bu borada keyingi yillarda qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, fermer xo‘jaliklariga berilayotgan imtiyozli kreditlar, ularga mineral o‘g‘it, sifatli urug‘lik, yoqilg‘i-moylash materiallarini o‘z vaqtida yetkazib berish bo‘yicha yaratilgan kompleks tizimning samarali ishlayotgani bugungi g‘alabaga puxta zamin bo‘lganini ta’kidlash lozim.

Bu haqda gapirganda, hayot sinovlarida toblangan, tuproq bilan tillashib yashaydigan dehqonlarimizning azmu shijoati, ishni to‘g‘ri tashkil etishi hisobidan o‘rtacha hosildorlik Andijon viloyatida 62,2 sentnerga, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida 58 sentnerga, Samarqand viloyatida 55,4 sentnerga, Qashqadaryo viloyatida 55 sentnerga, Toshkent viloyatida 54 sentnerga yetganini mamnuniyat bilan qayd etamiz.

Bu ko‘rsatkich Oltinko‘l, Paxtaobod, Izboskan, Vobkent, Peshku, G‘ijduvon, Koson, Nishon, Kasbi, Uchqo‘rg‘on, Ishtixon, Pastdarg‘om, Oltiariq, Quva, Denov, Piskent, Oqqo‘rg‘on, Do‘stlik, Xatirchi, Boyovut tumanlarida 60-68 sentnerdan yuqori bo‘lgani ayniqsa tahsinga munosibdir.

Paxtachi tumanidagi “Xushanov dalasi” va Oltiariq tumanidagi “Sojida Jo‘rayeva” fermer xo‘jaliklarida o‘rtacha hosildorlik 97 sentnerga, Vobkent tumanidagi “Yangikent jilosi” va Ishtixon tumanidagi “Jaf” fermer xo‘jaliklarida 87 sentnerga, Oltinko‘l tumanidagi “Latifjon yeri” va Denov tumanidagi “Mavluda Ismoilova” fermer xo‘jaliklarida 85 sentnerga, Buxoro tumanidagi “Abror G‘aybulla” fermer xo‘jaligida 81 sentnerga, Quyi Chirchiq tumanidagi “Akbarxon Bahodirxon” fermer xo‘jaligida 80 sentnerga yetgani dehqonchiligimiz tarixida ilgari mutlaqo uchramagan yuksak ko‘rsatkich sifatida odamni hayratga solishi tabiiydir.

Eng asosiysi, yurtimizda yetishtirilgan jami hosilning 60 foizdan ko‘prog‘i, ya’ni 4 million 347 ming tonnasi fermer xo‘jaliklari va aholining ixtiyorida qoldirilgani dehqonlarning omborlari donga, ro‘zg‘orlari qut-barakaga to‘lib borayotgani, ular o‘z mehnatidan katta manfaat ko‘rayotganining yorqin dalilidir.

Tabiiyki, bularning barchasi dalada ishlaydigan odamlarning, qishloq ahlining hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan, uzoqni ko‘zlab amalga oshirayotgan ishlarimizning izchil davomi sifatida barchamizga mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Bugungi kunda fermer nafaqat dehqon, ayni paytda ham agronom, ham iqtisodchi, ham mexanizator, ham tashkilotchi sifatida o‘zligini namoyon etayotgani, fermerlik harakati qishloq hayotining og‘ir yukini o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan hal qiluvchi ijtimoiy kuch bo‘lib maydonga chiqayotgani bizning bu sohada o‘z oldimizga qo‘ygan pirovard maqsad yo‘lida qat’iyat bilan borayotganimizdan dalolat beradi.

Fursatdan foydalanib, biz uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan fermerlik harakati rivojini bugun zamon talab qilayotgan yangi bosqichga ko‘tarish, uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi bundan buyon ham davlatimiz, jamiyatimizning doimiy e’tibor markazida bo‘lishini yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman.

Aziz do‘stlar!

Bugungi shodiyona kunda siz, zahmatkash g‘allakorlarni, bu ulkan yutuqqa munosib hissa qo‘shgan mexanizator va kombaynchilarni, mutaxassislarni, barcha qishloq mehnatkashlarini bag‘rimga bosib, chin qalbimdan tabriklayman. Dala ishlarini mana shunday g‘ayrat-shijoat bilan davom ettirib, paxtachilik, sabzavotchilik, chorvachilik, bog‘dorchilik va boshqa sohalar bo‘yicha ham yuksak natijalarga erishib, yilni yorug‘ yuz bilan yakunlaysiz, deb ishonaman.

Fidokorona va olijanob mehnatingiz uchun, mardlik va matonatingiz uchun o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan ta’zim qilaman.

Halol mehnatingizning rohatini ko‘ring, hech qachon kam bo‘lmang, qadrdonlarim!

Xonadonlarimizdan fayzu baraka, el-yurtimizdan tinchlik-osoyishtalik arimasin!

Aziz va muqaddas Vatanimizni, zahmatkash va fidoyi xalqimizni Yaratganimiz doimo o‘z panohida asrasin!

Islom Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati