O‘ZBEKISTON PAXTAKORLARI VA BARCHA MEHNATKASHLARIGA
19.10.2012

Muhtaram do‘stlar!

Mamlakatimiz oldida turgan ezgu maqsadlarni amalga oshirish, ko‘ptarmoqli iqtisodiyotimizning barqaror sur’atlar bilan o‘sishini ta’minlash, uning eksport salohiyatini yuksaltirish, el-yurtimiz farovonligini oshirish yo‘lida qo‘lga kiritayotgan yutuq va marralarimiz barchamizni albatta quvontiradi va ertangi kunga bo‘lgan ishonchimizni yanada kuchaytiradi.

Shular qatorida paxtachilik sohasida joriy yilda 3 million 350 ming tonnadan ziyod yuksak xirmon bunyod etib, katta mehnat g‘alabasiga erishganimiz, hech shubhasiz, hammamizga chuqur mamnuniyat yetkazadi.

Bu g‘alabaning osonlik bilan emas, o‘ta og‘ir sharoitda, mashaqqatli mehnat va fidoyilik hisobidan qo‘lga kiritilgani uning mohiyati va ahamiyatini, qadr-qimmatini yanada oshiradi va barchamizni ruhlantiradi.

Bu haqda gapirganda, aytish kerakki, o‘tgan yil kuzda – yangi mavsumga tayyorgarlik paytida boshlangan yog‘ingarchilik, qorli va ayozli kunlarning fevral oyiga qadar cho‘zilib ketgani, buning natijasida yerlarning sho‘rini yuvish, ekishga tayyorlash bilan bog‘liq qiyinchiliklar yuzaga kelgani, yoz oylarida esa havo haroratining keskin darajada yuqori bo‘lgani, turli qishloq xo‘jaligi zararkunandalari va kasalliklar ko‘paygani dehqonlarimiz uchun jiddiy tashvish va muammolar tug‘dirmasdan qolmadi.

Bularning barchasi dala mehnatkashlaridan haqiqatan ham katta mardlik, mustahkam iroda va qat’iyatni talab qildi va mo‘l hosil yaratish yo‘lida butun imkoniyat, bor kuch-g‘ayratni safarbar qilishga to‘g‘ri keldi.

Mana shunday murakkab bir sharoitda erishgan yutuqlarimiz, ya’ni mamlakatimiz bo‘yicha paxta hosildorligi o‘rtacha 26,5 sentnerni tashkil etib, 5-yillik o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 1,6 sentnerga oshgani, yetishtirilgan hosilning yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmasdan, g‘oyat qisqa muddatda – 35 ish kunida yig‘ib-terib olingani, uning 90 foizi yuksak sifat bilan yuqori sortlarga topshirilgani har qaysi dehqon, har qaysi fermer, har qaysi mutaxassisdan haqiqiy matonat va jasorat namunasini, uyushqoqlik va safarbarlik ko‘rsatishni talab qilganini hammamiz yaxshi tushunamiz.

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, siz, aziz paxtakorlarimizning har biringizni bag‘rimga bosib, o‘z zimmangizga olgan shartnoma majburiyatlarini sharaf bilan ado etganingiz bilan chin qalbimdan tabriklashni o‘zim uchun ham qarz, ham farz, deb bilaman.

Qadrli yurtdoshlar!

Bugun, mana shu quvonchli ayyomda paxta tayyorlash bo‘yicha boshqalarga o‘rnak va namuna bo‘lib, mamlakatimizning ulkan xirmoniga munosib hissa qo‘shgan viloyat va tumanlar, fermer xo‘jaliklarining nomlarini hurmat bilan tilga olishimiz o‘rinlidir.

Bu haqda so‘z yuritganda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Navoiy, Buxoro, Samarqand viloyatlarining paxtakorlari birinchilardan bo‘lib yuksak marraga yetib kelganlari, gektaridan o‘rtacha 30-35 sentnerdan hosil olishga erishganlarini alohida ta’kidlash lozim.

Amudaryo, Kegeyli, Chimboy, Paxtaobod, Shahrixon, Mingbuloq, Oltinko‘l, Pop, Do‘stlik, Oqoltin, Bo‘ka, Buvayda, O‘zbekiston, Navbahor, Vobkent, Narpay, Ishtixon, Sherobod, Koson, Gurlan tumanlarida hosildorlik o‘rtacha 35-40 sentnerga yetgani ayniqsa e’tiborlidir.

Beruniy tumanidagi “Akrom”, Amudaryo tumanidagi “G‘ayrat”, Shahrixon tumanidagi “Aziz”, Peshku tumanidagi “Fattoyev”, Navbahor tumanidagi “Diyorbek Sulaymonov”, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Hosil”, Oqoltin tumanidagi “Nurafshon orzu”, Dang‘ara tumanidagi “Yoqubjon Dadamirza”, Xonqa tumanidagi “Ismoil ota” fermer xo‘jaliklarining gektaridan 45-50 sentnerga yetkazib hosil olishga erishgani fermerlik harakatining imkoniyatlari naqadar katta ekanini yana bir bor namoyon etdi, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.

Ana shunday o‘ta og‘ir, shu bilan birga, sharafli mehnat evaziga yetishtirilgan mo‘l hosil mamlakatimizning qayta ishlash korxonalarini yuqori sifatli xomashyo bilan ta’minlashi va undan paxta tolasi, ip-kalava, tekstil mahsulotlari, yog‘, sovun, kunjara kabi 25 dan ziyod turdagi mahsulot olinishini, paxta tolasini eksport qilish hisobidan keladigan valyuta mablag‘larini o‘zimizga tasavvur qiladigan bo‘lsak, dehqonlarimizning qadoq qo‘llari bilan yaratilgan bu yuksak xirmonning naqadar bebaho boylik ekanini katta minnatdorlik bilan qayd etish albatta o‘rinli bo‘ladi.

Bu yilgi hosilning asosiy omil va mezonlari haqida gapirganda, avvalambor, ishni to‘g‘ri tashkil etish, qishloq xo‘jaligi sohasini chuqur isloh qilish va uni samarali boshqarishni zamonaviy darajaga ko‘tarish, dalada ishlayotgan insonlarning mehnatini munosib qadrlash va rag‘batlantirish bu borada eng muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlash lozim.

Qo‘lga kiritilgan bu yutuq zamirida yana bir asosiy mezon sifatida taraqqiy topgan davlatlar tajribasida o‘zini har tomonlama oqlagan fermerlik harakatiga o‘tish, bu sohaning rivoji uchun barcha huquqiy, tashkiliy va moliyaviy shart-sharoitlarni yaratib berish bo‘yicha amalga oshirgan katta-katta ishlarimiz mujassam ekanini, o‘ylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz.

Shular qatorida yana bir muhim omil borki, bu qishloq xo‘jaligi mehnatkashlarining o‘z mehnatidan manfaatdorligi, ularning yerga, mulkka, o‘zi ishlab chiqarayotgan mahsulotga egalik hissiyoti tobora kuchayib, ongu tafakkuri, dunyoqarashi yuksalib borayotgani bilan bog‘liq, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Hurmatli do‘stlar!

Barchamizga ayonki, xalqimizning “Sen yerni boqsang – yer seni boqadi”, degan hikmatli gapida chuqur ma’no bor va bu haqiqatni hech qachon unutmasligimizni istardim.

Biz bundan besh yil oldin boshlagan sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash dasturi doirasida o‘tgan davr mobaynida davlat byudjetidan 800 milliard so‘m, jumladan, shu yilning o‘zida 210 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, 1 million 200 ming gektardan ortiq ekin maydonining meliorativ holati yaxshilangani hosildorlik darajasini oshirishga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shilgani haqida har qancha gapirsak arziydi, albatta.

Miqyosi va ahamiyatini tasavvur qilishning o‘zi qiyin bo‘lgan bu ishlarimiz nafaqat tuproq unumdorligi va hosildorlikni ko‘tarish, umuman olganda, tabiatimizni, atrof-muhitni yaxshilash, aholi salomatligini mustahkamlashdek ustuvor vazifalarni amalga oshirishda samarali zamin bo‘lmoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Shu bilan birga, joriy mavsumda seleksiya masalasiga, har qaysi hududning iqlim va tuproq sharoitiga mos bo‘lgan yangi navlarni tanlab ekishga alohida e’tibor qaratilgani, g‘o‘za parvarishida zamonaviy ilm-fan yutuqlari, ilg‘or agrotexnologiyalar, turli kasalliklarga qarshi biologik kurash usullari keng joriy etilgani, eng muhimi, defoliatsiyaning o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilgani erishilgan yutuqni ta’minlashda alohida o‘rin tutganini qayd etish lozim.

Yuqorida zikr etilgan ana shunday tadbir va islohotlarni amalga oshirishda o‘z hissasini qo‘shgan barcha olim va agronomlar, iqtisodchilar, turli soha mutaxassislariga minnatdorlik bildirgan holda, bu borada hali qiladigan ishlarimiz ko‘p, desak, bu ham to‘g‘ri bo‘ladi.

Avvalo, qo‘lga kiritgan marralarimizni yanada mustahkamlash, kelgusi yil hosili haqida, jumladan, yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish, ekin maydonlarini sifatli shudgorlash, irrigatsiya tarmoqlarini tartibga keltirish kabi masalalar ustida o‘ylashimiz tabiiy, albatta.

Bu borada fermerlik harakatining samaradorligini yanada oshirish, uni zamon talab qilayotgan yangi, yuksak bosqichga ko‘tarish, bu soha oldida turgan muammolarni hal qilish eng muhim vazifalarimiz qatoriga kiradi.

Ayniqsa, fermer xo‘jaliklarining ilg‘or xorijiy agrotexnologiyalar, ilm-fan yutuqlarini har tomonlama puxta o‘zlashtirishi, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, yoshlarni fermerlik ishiga keng jalb etish maqsadida oliy o‘quv yurtlari, kasb-hunar kollejlari bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, fermerlarimizning kasb mahoratini, xo‘jalik yuritish, tashkilotchilik salohiyatini oshirish bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘lishi zarur.

Aziz va muhtaram yurtdoshlar!

Mana shunday shukuhli damlarda bizdan marhamatini ayamasdan, o‘z panohida asrab kelayotgani, doimo yo‘limizni ochib berayotgani uchun Yaratganimizga shukronalar aytamiz.

Barchangizni bugungi yuksak mehnat g‘alabasi bilan yana bir bor tabriklab, sizlarga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Hech qachon kam bo‘lmang, halol mehnatingizning rohatini ko‘ring, azizlarim, qadrdonlarim!

Islom Karimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


                o`zb   рус   eng
Bugun: 11.12.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati