O‘ZBEKISTON XOTIN-QIZLARINING RESPUBLIKA KONFERENSIYASI ISHTIROKCHILARIGA
25.01.2013

Aziz opa-singillar, muhtarama ayollar!

Avvalambor, sizlarga – O‘zbekiston xotin-qizlari respublika konferensiyasining barcha ishtirokchilariga, sizlarning timsolingizda butun mamlakatimiz ayollariga o‘zimning chuqur hurmatimni bildirib, anjuman ishiga katta muvaffaqiyatlar tilayman.

Bundan yigirma bir yil oldin tashkil topgan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘zining joylardagi bo‘limlari va tuzilmalari bilan birga o‘tgan qisqa davr mobaynida, aytish mumkinki, o‘ta muhim va mas’uliyatli, ulkan vazifalarni amalga oshirishda ko‘pgina yutuq va marralarga erishdi. Bu tashkilotning mamlakatimiz ayollarining manfaatlari, huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish borasidagi ko‘p qirrali faoliyati, jahon xotin-qizlar harakatining e’tibor markazida turgan dolzarb masalalarni hal qilishga qo‘shgan hissasi ayniqsa oxirgi yillarda uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini kuchaytirishga olib keldi.

Mamlakatimiz oldida turgan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda – bu jamiyatni demokratik yangilash bo‘ladimi, iqtisodiyotimizni isloh qilish, xalqimizning hayot darajasi va sifatini oshirish bo‘ladimi, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat sohalarini rivojlantirish bo‘ladimi – bularning barchasini mujassam qilib aytganda, O‘zbekistonimiz erishgan va dunyo hamjamiyati tan olayotgan marralarni egallash yo‘lida butun xalqimiz qatori ayollarimizning hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydigan hissasi borligini bugun yana bir bor chuqur minnatdorlik bilan e’tirof etishni zarur deb bilaman. Haqiqatan ham, ular o‘zlarining mehnatsevarligi, oqilalik va shukronalik fazilatlari, sabr-bardoshi, ertangi kunga ishonch tuyg‘usi bilan barcha qiyinchilik va mashaqqatlarni yengib, boshqalarga o‘rnak bo‘lib kelayotganini ko‘plab hayotiy misollarda yaqqol ko‘rish mumkin.

Shu borada o‘zimizga mos qadriyat va qarashlarimizni ifoda etadigan muhim bir masalaga e’tiborimizni qaratishni o‘rinli, deb hisoblayman.

Har qaysi oilada go‘zallik va nafosat, mehr-muhabbat timsoli, xonadonlarimiz osoyishtaligining posboni bo‘lmish, bir so‘z bilan aytganda, oilani oilaga, jamiyatimizni jamiyatga aylantiradigan ayol zotiga qancha tasannolar aytsak, qancha ta’zim etsak – baribir barchamiz o‘zimizni ular oldida doimo qarzdor, deb his qilamiz.

Faqatgina ayol zotiga mansub bo‘lgan mana shunday noyob, betakror xususiyat va fazilatlarni ta’riflash va ulug‘lash, ularning kundalik turmushimizdagi ahamiyati va ta’sirini kuchaytirish, oilalarimizni yanada mustahkam qilish, shu asnoda hayotimizni har tomonlama obod, go‘zal va mazmunli etish – bunday dolzarb vazifalar bugungi kunda Xotin-qizlar qo‘mitasi ish faoliyatida e’tibordan chetda qolmasligini istardim.

Takror-takror aytishga to‘g‘ri keladi: hozirgi vaqtda oilani, xususan, yosh oilalarni mustahkamlash, og‘irini yengil qilish, ular duch keladigan turli muammolarni yechish, zarur ko‘mak va yordam berish ham ana shu masalalarning uzviy bir qismi ekanini yaxshi anglab olishimiz lozim.

Hech kimga sir emas, har bir ota-onaning ezgu orzusi bo‘lgan sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, onalik va bolalikni himoya qilish singari hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan vazifalarni amalga oshirishda xotin-qizlar tashkilotlari va uning joylardagi bo‘linmalari faoliyatining samarasini yanada kuchaytirishni bugun hayotning o‘zi talab etmoqda.

Muhtarama opa-singillarimizning o‘z bilim va professional malakasini, salohiyati va iste’dodini ro‘yobga chiqarishlari uchun, ayollarimiz, yosh qizlarimizni ayniqsa qishloq joylarda ish bilan ta’minlash, kasanachilik, oilaviy biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar tug‘dirib berish bugungi kunning eng dolzarb vazifalari qatoriga kiradi.

Hozirgi vaqtda dunyoda va mintaqamizda vaziyat tobora keskinlashib, o‘zaro qarama-qarshilik va ziddiyatlar kuchayib borayotgan bir sharoitda oilalarda, mahallalarda faol ish olib borish, yosh avlodimizni turli zararli oqim va ta’sirlardan saqlash, azal-azaldan xalqimizga mansub bo‘lgan insoniy fazilatlarni asrash qanday muhim ahamiyat kasb etayotganini, o‘ylaymanki, hammamiz yaxshi tushunamiz. Shu borada bolalarimizni, ayniqsa, qiz bolalarni sog‘lom ruhda tarbiyalash, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni, hayotda o‘z munosib o‘rnini egallashiga ko‘maklashish, urf-odat va marosimlarni davr talablari bilan uyg‘unlashtirish Xotin-qizlar qo‘mitasi, uning joylardagi vakillari va faollari, diniy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha maslahatchilar oldida turgan eng muhim vazifadir.

Bugungi anjumanda sizlar ayni shu yo‘nalishda olib borayotgan ishlaringizga tanqidiy baho berib, xotin-qizlar tashkilotlari faoliyatini yangi, yuqori bosqichga ko‘tarishga qaratilgan amaliy qarorlar qabul qilasiz, deb ishonaman.

Barchangizga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat, ishlaringizda yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

Islom Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


                o`zb   рус   eng
Bugun: 24.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati