ASOSIY VAZIFAMIZ – VATANIMIZ TARAQQIYOTI VA XALQIMIZ FAROVONLIGINI YANADA YUKSALTIRISHDIR
29.01.2010

Prezident Islom Karimovning 2009 yilning asosiy yakunlari va 2010 yilda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasi.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Bizning bugungi asosiy vazifamiz jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi chuqur tus olgan bir sharoitda o‘tgan 2009 yil yakunlarini tanqidiy baholash va shu asosda 2010 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olishdan iboratdir.

Shuni ta’kidlash kerakki, avvalo 2009–2012 yillarga mo‘ljallangan Inqirozga qarshi choralar dasturi samaradorligini xolisona baholash muhim prinsipial ahamiyat kasb etadi.

Nega deganda, 2010 yilda va undan keyingi yillarda ushbu dasturni amalga oshirish jarayonida, zarurat tug‘ilishiga qarab, unga tegishli o‘zgartirishlar kiritishda ana shu tahlil xulosalariga tayanishimiz mumkin bo‘ladi.

O‘tgan yil yakunlari haqida gapirganda, 2009 yil biz uchun haqiqatan ham g‘oyat qiyin bo‘lganini aytib o‘tirishga hojat yo‘q, deb o‘ylayman.

2009 yil, mohiyat e’tiboriga ko‘ra, avvalo, eski ma’muriy-buyruqbozlik, taqsimlash tizimidan bozor munosabatlariga asoslangan boshqaruv tizimiga o‘tish bo‘yicha biz tanlagan, mashhur besh tamoyilni o‘z ichiga olgan o‘zbek modeli, davlatimiz va iqtisodiyotimizni bosqichma-bosqich, izchil isloh etish va tadrijiy rivojlantirish strategiyasi uchun tom ma’noda sinov yili bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Shuni bugun katta mamnuniyat bilan ta’kidlashimiz kerakki, hukumatimiz tomonidan 2009–2012 yillarga mo‘ljallab qabul qilingan Inqirozga qarshi dasturning inqiroz ta’sirini yumshatish va bartaraf etishda roli va ahamiyati katta bo‘ldi.

Dastur o‘ziga qamrab olgan, o‘z vaqtida qabul qilingan hujjatlarda avvalo mamlakatimiz moliyaviy-iqtisodiy, budjet, bank-kredit tizimining barqaror hamda uzluksiz ishlashini ta’minlash, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari va korxonalarga yordam ko‘rsatish, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarning puxta ishlab chiqilgani o‘zining amaliy samarasini berdi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Amalga oshirgan tadbirlarimiz qatorida moliya-bank tizimini mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

So‘nggi ikki yilda tijorat banklarining umumiy kapitali 2 barobar ko‘paydi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida yetakchi banklarning nizom jamg‘armalarini oshirish uchun qo‘shimcha ravishda 500 milliard so‘mdan ortiq davlat mablag‘lari ajratildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston bank tizimi qat’iy xalqaro talablarga javob beradigan eng barqaror tizimlardan biri bo‘lib, ayni paytda u belgilangan qator normativlar bo‘yicha mustahkam pozitsiyalarga ega.

Banklarimiz kapitalining yetarlilik darajasi 23 foizdan oshadi. Bu esa banklar monitoringi bilan shug‘ullanadigan xalqaro Bazel qo‘mitasi tomonidan belgilangan xalqaro standartlardan qariyb 3 barobar ko‘pdir.

Umumiy aktivlari mamlakatimiz bank tizimining 90 foizdan ortig‘ini tashkil qiladigan 14 ta tijorat banki «Fitch Reytings», «Mudis» va «Standart end Purs» kabi yetakchi xalqaro reyting kompaniyalarining «barqaror» degan yuqori reyting bahosini olishga muvaffaq bo‘ldi.

Hozirgi kunda banklarning umumiy aktivlari aholi va yuridik shaxslar hisobraqamlaridagi mablag‘lar miqdoridan 2 barobardan ham ortiq bo‘lib, bu ularning to‘liq himoyasini va to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini kafolatlaydi.

Bank tizimining umumiy joriy likvidligi banklarning tashqi to‘lovlar bo‘yicha joriy majburiyatlaridan 10 barobar ko‘pdir. Boshqacha aytganda, respublikamiz bank tizimining mustahkam himoyasi yaratilgan.

Faqat o‘tgan yilning o‘zida aholi omonatlari miqdori 1,7 barobar oshdi. So‘nggi o‘n yilda iqtisodiyotning real sektorlarini kreditlashga yo‘naltirilgan ichki manbalar 25 barobardan ziyodroq ko‘paydi.

Natijada banklarning kredit portfeli tarkibi tubdan o‘zgardi. Agar 2000 yilda kredit portfelining qariyb 54 foizi tashqi qarzlar evaziga shakllangan bo‘lsa, 2009 yilda banklarimiz jami kredit portfelining 84 foizi ichki manbalar hisobidan shakllantirildi.

Bugungi sharoitda esa bunday ijobiy o‘zgarish iqtisodiyotimizning istiqboldagi taraqqiyoti uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega.

Aytish kerakki, tashqi qarzlar aksariyat hollarda uzoq muddatga, faqat iqtisodiyotning strategik tarmoqlarini modernizatsiya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha investitsiya loyihalarini moliyalash uchun jalb qilinmoqda.

Banklarning investitsiya maqsadlariga yo‘naltirilgan kreditlarining umumiy kredit portfelidagi ulushi qariyb 70 foizni tashkil etdi, iqtisodiyotimizning real sektoriga yo‘naltirilgan kreditlarining umumiy hajmi esa 2009 yilda 2000 yilga nisbatan 14 barobar oshdi.

Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha birinchi navbatda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga ichki talabni rag‘batlantirish masalalari alohida o‘rin tutdi.

Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 50 ta korxonaning budjet va budjetdan tashqari jamg‘armalarga to‘lovlar bo‘yicha muddati o‘tgan hamda joriy kreditor qarzdorligi qayta ko‘rib chiqildi. Bu mazkur korxonalar tasarrufida 350 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni qoldirish, ularning ishlab chiqarish faoliyatini rivojlantirish imkonini berdi.

Hisobot davrida sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxi 18 foizga, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, «O‘zmetkombinat» aksiyadorlik ishlab chiqarish birlashmasi, «O‘zeltexsanoat» uyushmasi, «O‘zqurilishmateriallari» kompaniyasi singari va boshqa korxona va tarmoqlarda 20–25 foizga kamaydi.

Ma’lumki, past rentabelli va iqtisodiy nochor korxonalarni tugatish va bu jarayonga tijorat banklarini jalb qilishga qaratilgan ishlar korxonalarning moliyaviy barqarorligini oshirishda muhim rol o‘ynaydi.

Mamlakatimiz bo‘yicha, yirik korxonalarni ham qo‘shganda, jami 240 ta korxona bankrot deb e’lon qilindi. Ayni paytda ularning 154 tasi yangi mulkdorlarga sotildi, 86 tasi esa tijorat banklari balansiga o‘tkazildi.

Bugungi kunda tijorat banklari balansiga o‘tkazilgan 70 ta iqtisodiy nochor korxonada ishlab chiqarish to‘liq qayta tiklanib, istiqbolli sarmoyadorlarga sotildi, qolganlarida moliyaviy sog‘lomlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Bu borada ko‘rilgan chora-tadbirlar mamlakatimiz iqtisodiyotini ortiqcha yukdan xalos qilish, budjet va ish haqi bo‘yicha umumiy miqdori 1 trillion so‘m kreditorlik qarzini uzish, bankrot korxonalar negizida 100 dan ortiq yangi turdagi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, qo‘shimcha ravishda 17 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish imkonini berdi.

Keng ko‘lamli ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi doirasida o‘tgan yili 840 dan ortiq loyiha amalga oshirildi va bu mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarish hajmini 2008 yilga nisbatan 2,3 barobar oshirishni ta’minladi.

Neft-gaz uskunalari, kimyo sanoati mahsulotlari, avtomobil sanoati uchun butlovchi qismlar va boshqa 120 dan ortiq yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 2 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.

Inqirozga qarshi choralar dasturi doirasida amalga oshirilgan yana bir yo‘nalish – mamlakatimizdagi mahsulot eksport qiladigan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, eksport salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha qabul qilingan amaliy choralar muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Bunday korxonalarning barqaror ishlashini ta’minlash, tashqi bozorlarda raqobatdoshligini oshirish uchun ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qat’iy choralar ko‘rildi.

Energiya manbalari va kommunal xizmatlar narxlarining asossiz oshishiga yo‘l qo‘ymaslik, korxonalarda texnologik jarayonlarni optimallashtirish hisobidan mahsulot tannarxini pasaytirish, eksport narxlarini shakllantirishga doir yangi mexanizmlarni joriy etish, bank kafolatlari muddatlarini uzaytirish, qo‘shimcha qiymat solig‘ini qaytarish muddatini qisqartirish va boshqa rag‘batlantirish choralari shular jumlasidandir.

Respublikamiz banklari tomonidan ko‘rsatilgan yordam mahsulot eksport qiladigan korxonalarning barqaror ishlashini ta’minlashda muhim rol o‘ynadi.

Birgina o‘tgan yilning o‘zida bu korxonalarga aylanma mablag‘larini ko‘paytirish uchun umumiy miqdori 233 milliard so‘mdan iborat imtiyozli kreditlar berilgani ularga, o‘z mahsulotini eksport qilish bo‘yicha yuzaga kelgan vaqtinchalik qiyinchiliklarga qaramasdan, ishlab chiqarishning pasayishini oldini olish imkonini berdi.

Mahsulot eksport qiladigan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ularning barqaror ishlashini ta’minlashga, 2009 yilda eksport hajmini 2,4 foiz oshirishga erishdik.

Bu o‘tgan yili tashqi savdo aylanmasini 2,3 milliard dollardan ko‘proq ijobiy saldo bilan yakunlash imkonini berdi. Bunday natija, o‘z navbatida, mamlakatimizning to‘lov balansining ishonchliligi va iqtisodiyotimiz barqarorligini yanada mustahkamlashga imkon berdi.

Dastur doirasida amalga oshirgan yana bir muhim tadbirimiz – soliq yukini yengillashtirish, soliqqa tortish tizimini soddalashtirish va unifikatsiya qilish bo‘yicha xo‘jalik tuzilmalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shimcha choralar ko‘rilganidir.

O‘tgan yili mamlakatimiz xo‘jalik subyektlariga keng ko‘lamli qo‘shimcha soliq va bojxona imtiyozlari berildi.

Yengil va oziq-ovqat sanoatining iste’mol tovarlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalari, shuningdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturida ishtirok etayotgan korxonalar uchun daromad solig‘i va yagona soliq to‘lovi bo‘yicha imtiyozlar yaratildi.

Uy-joy qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha yangi tashkil qilinayotgan ixtisoslashtirilgan pudrat tashkilotlari 5 yil muddatga barcha turdagi soliqlardan ozod etildi. Korxonalar muassislarining kapitallashuv va investitsiya kiritishga yo‘naltiriladigan dividendlari ham ana shu muddatga soliqqa tortilmaydigan bo‘ldi.

Muxtasar aytganda, Inqirozga qarshi choralar dasturini amalga oshirish doirasida soliq imtiyozlari va preferensiyalar berish hisobidan 500 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ xo‘jalik subyektlari tasarrufida qoldirildi. Bu mablag‘ ularning aylanma mablag‘larini to‘ldirish, ishlab chiqarishni texnik qayta jihozlash, yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish, ishchilarni moddiy rag‘batlantirish uchun yo‘naltirildi.

Iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish, bandlik muammosini hal etish, aholining daromadlari va farovonligini oshirishda tobora muhim o‘rin tutayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.

Hozirgi kunda kichik biznes subyektlari yalpi ichki mahsulotning qariyb 50 foizini ishlab chiqarmoqda. Holbuki, 2000 yilda bu ko‘rsatkich 30 foizni tashkil etgan edi. Bunday natija birinchi navbatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik davlat tomonidan doimiy qo‘llab-quvvatlanayotgani samarasidir.

2009 yilda kichik sanoat korxonalari uchun yagona soliq to‘lovi 8 foizdan 7 foizga pasaytirildi, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun esa qayd etilgan soliq miqdori o‘rtacha 1,3 barobar kamaytirildi.

Tadbirkorlarning o‘z ishini tashkil etish bilan bog‘liq sarf-xarajatlari sezilarli darajada kamaydi. Masalan, arxitektura-rejalashtirish topshiriq to‘plamlarini olish qiymati 4 barobar, loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish 2,5 barobar, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish qiymati esa 2 barobarga pasaytirildi.

Yil davomida inventarizatsiya natijasida aniqlangan qariyb 2 mingta bo‘sh bino kichik tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berildi. Bunda binolarni ijaraga berish tariflari tadbirkorlik subyektlarining qayerda joylashgani va ularning faoliyat turiga qarab 3 barobardan 10 barobarga qadar kamaytirildi. Ushbu sektorga ajratilgan kredit resurslarining umumiy hajmi 1,8 trillion so‘mdan oshdi.

Inqirozga qarshi choralar dasturini amalga oshirishda investitsiyalarni jalb etish, avvalo, ichki manbalarni safarbar etish hisobidan iqtisodiyotimizning muhim tarmoqlarini jadal modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, transport kommunikatsiyalarini yanada rivojlantirish va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini barpo etish hal qiluvchi ustuvor yo‘nalishga aylandi.

Investitsiya dasturi va texnik modernizatsiyalash bo‘yicha tarmoq dasturlari doirasida 2009 yil mobaynida 690 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Ularning 303 tasi muvaffaqiyatli yakunlandi.

Respublikamizda jami 22 ta yirik ishlab chiqarish obyekti, jumladan, neft-gaz, kimyo, metallurgiya sanoatida 8 ta, mashinasozlik sanoatida 9 ta va qurilish industriyasida 5 ta obyekt foydalanishga topshirildi.

O‘tgan yili “Farg‘onaazot” va “Maksam-Chirchiq” korxonalarida ammiak agregatlarini rekonstruksiya qilish, Namangan shahrida yengil avtomobillar uchun fara va chiroqlar ishlab chiqaradigan zavod, Buxoro shahrida “DEU tekstil” to‘qimachilik kompleksi qurilishi kabi strategik loyihalar nihoyasiga yetkazildi.

“Gazli” qo‘shimcha kompressor stansiyasi ishga tushirildi, shuningdek, “Qo‘ng‘irot” kompressor stansiyasida kuniga 35 million kub metr gazni quritadigan inshoot barpo etildi.

Turkmanistondan O‘zbekiston hududi orqali Xitoyga o‘tadigan gaz quvurini tortish ishlari yakunlandi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizning tranzit imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

Bundan tashqari, hududlarimizda, avvalo, qurilish materiallari sanoati, oziq-ovqat, yengil sanoat va boshqa tarmoqlarda kichik biznes sohasida faoliyat olib boradigan 480 dan ortiq yangi ishlab chiqarish korxonalari tashkil etildi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bir nechta kichik stansiyani o‘z ichiga olgan “Yangi Angren–O‘zbekiston” LEP-500 elektr uzatish liniyasi, Qamchiq dovoni orqali o‘tadigan 165 kilometrlik “Ohangaron–Pungon” magistral gaz quvuri, “G‘uzor–Surxon” yuqori voltli elektr uzatish liniyasini qurish bo‘yicha strategik investitsiya loyihalarini amalga oshirish natijasida mamlakatimizda yagona elektr va gaz tarmog‘i tizimlarini tashkil etish ishlari asosan yakunlandi.

Bu esa Farg‘ona vodiysi va O‘zbekiston janubida yashaydigan aholini tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ishonchli ta’minlash, shuningdek, elektr energiya eksport qilishni sezilarli ravishda oshirish imkonini beradi.

Yuqori darajadagi xalqaro standartlarga javob beradigan, mamlakatimizning barcha hududlarini o‘zaro ishonchli bog‘laydigan va mintaqaviy hamda jahon bozorlariga chiqishni ta’minlaydigan O‘zbekiston milliy avtomagistralini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni amalga oshirish ham doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ldi.

O‘tgan yilda 217 kilometrlik avtomobil yo‘li foydalanishga topshirildi, 538 kilometr yo‘l va 19 ta ko‘prik kapital ta’mirlandi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun Respublika yo‘l jamg‘armasi hisobidan 280 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.

Yo‘l-qurilish texnikasini sotib olish uchun Osiyo taraqqiyot bankining umumiy qiymati 56 million dollarga teng bo‘lgan imtiyozli kredit resurslari jalb etildi.

Mamlakatimiz temir yo‘l transport tizimini rivojlantirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha ishlar davom ettirildi. “Toshguzar–Boysun–Qumqo‘rg‘on” yangi temir yo‘l liniyasida Yaponiya kapitali ishtirokida 5 ta ko‘prik foydalanishga topshirildi.

“Navoiy–Uchquduq–Sulton Uvaystog‘–Nukus” temir yo‘l liniyasining 6 ta yangi razyezdi ishga tushirildi. Temir yo‘llarni elektrlashtirish, temiryo‘l lokomotivlari parki va harakatdagi tarkibni yangilash loyihalarini amalga oshirish ishlari boshlandi.

2009 yilda Navoiy viloyatida tashkil etilayotgan erkin industrial-iqtisodiy zonaning asosiy obyektlaridan biri sifatida Navoiy shahri aeroporti bazasida xalqaro tashishlar bo‘yicha intermodal markaz qurilishi yuzasidan katta ishlar amalga oshirildi.

O‘tgan yil mobaynida “Korean Eyr” kompaniyasidan milliy aviakompaniyamiz ijaraga olgan zamonaviy transport samolyotlari bilan ushbu aeroportdan xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha 330 dan ortiq reys amalga oshirildi va qariyb 8,5 ming tonna yuk tashildi. Bu Navoiy shahri aeroportini global logistika tarmog‘iga integratsiyalash imkonini berdi.

Angren shahrida mamlakatimiz hududlari va Farg‘ona vodiysi viloyatlari o‘rtasida yil davomida kafolatli transport aloqasini ta’minlaydigan Xalqaro logistika markazi qurilishi yakunlandi va foydalanishga topshirildi.

Kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish haqida gapirganda, yuqori texnologik telekommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish biz uchun muhim strategik ahamiyatga ega ekanini alohida qayd etish darkor.

Bugungi kunda hayotimizni kompyuter texnikasi, axborot texnologiyalari, Internet, mobil telefon aloqasisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Bu yo‘nalishda 2009 yilda 12 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlandi. Zamonaviy texnologiyalar bazasida “Toshkent–Buxoro” magistral aloqa liniyasi kengaytirildi. Bu liniya kanallarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini 60 barobarga oshirish va shu tariqa videotelefon, Internet va boshqa keng tarmoqli xizmatlar ko‘rsatish imkonini berdi.

Shu bilan birga, “Andijon–O‘sh”, “Qo‘ng‘irot–Beynov”, “Denov–Tursunzoda” va “Termiz–Hayraton” yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro aloqa liniyalari ishga tushirildi.

Yana bir ustuvor yo‘nalish – yerlarning meliorativ holatini yaxshilash dasturini amalga oshirish doirasida 2009 yilda 840 kilometrlik kollektor-drenaj tarmoqlari, 250 ta drenaj quduqlar, 15 ta melioratsiya nasos stansiyalari va inshootlari qurildi hamda rekonstruksiya qilindi. O‘tgan yili yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun 130 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Natijada 240 ming gektardan ortiq sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati yaxshilandi va bu qishloq xo‘jalik ekinlari hosildorligini, fermer xo‘jaliklarining daromadini oshirish imkonini beradi.

2009 yilda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarish va kommunikatsiya obyektlari, qishloq xo‘jaligi hamda meliorativ qurilishni rivojlantirish bilan bir qatorda ijtimoiy sohani yangi bosqichga ko‘tarish masalalari ham e’tiborimiz markazida bo‘ldi.

Ushbu maqsadlar uchun 2009 yilda jami 2,5 milliard dollar miqdorida kapital mablag‘lar yo‘naltirildi. Bu o‘zlashtirilgan kapital mablag‘lar umumiy hajmining 27,8 foizini tashkil etadi.

Aziz do‘stlar!

O‘tgan yili mamlakatimiz hayotida haqiqatan ham ulkan tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan eng muhim ijtimoiy dasturlar – Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturining ijrosi amalda nihoyasiga yetkazildi. 9 yillik umumta’lim maktab bosqichini va 3 yillik o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim bosqichini o‘z ichiga olgan uzluksiz yaxlit ta’lim tizimi yaratildi.

Bir so‘z bilan aytganda, farzandlarimizga umumiy ta’lim bilan birga zamonaviy kasb-hunarlarga ega bo‘lish imkonini beradigan 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tish yakunlanmoqda.

2009 yilda Inqirozga qarshi choralar dasturi doirasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar samaradorligi haqida gapirganda, ularning avvalo eng muhim masalalarga – yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholimizning turmush darajasini yanada oshirishga yo‘naltirilganini alohida qayd etish zarur.

O‘tgan yili ko‘rilgan amaliy choralar natijasida mamlakatimizda 940 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi, ularning 500 mingga yaqini qishloq joylarda tashkil etildi. Kichik biznes sohasida 390 mingdan ziyod, shu jumladan, xizmat ko‘rsatish sohasida 270 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari ochildi.

Sanoat korxonalari bilan kooperatsiya asosidagi kasanachilikni hamda pudrat shartnomasi asosidagi uy mehnatini rag‘batlantirish aholi bandligini ta’minlashning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Ana shunday mehnat faoliyatini rivojlantirish natijasida 130 mingga yaqin ish o‘rni yaratilganini alohida qayd etish lozim.

Bandlik darajasini oshirishga qaratilgan bunday chora-tadbirlar inqiroz sharoitida aholini ishonchli himoya qilish, uning daromadi va moddiy farovonligini oshirish imkonini ta’minladi.

Aholining real daromadlari yil davomida 26,5 foizga ko‘paygani, ish haqi, pensiya va nafaqalarning o‘sishi 2009 yilda o‘rta hisobda 40 foizni tashkil etgani buning tasdig‘idir.

Aziz yurtdoshlar!

Mamlakatimizni rivojlantirish, yangilash va modernizatsiya qilish bo‘yicha tanlagan strategiyamizni va Inqirozga qarshi qabul qilgan dasturimizni amalga oshirish natijasida yurtimiz dunyodagi sanoqli davlatlar qatorida iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning barqaror sur’atlarini ta’minlash, aholimizning moddiy farovonligini yuksaltirishga erishgani barchamizga katta mamnuniyat va iftixor bag‘ishlaydi, albatta.

2009 yilda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 8,1 foizni tashkil etdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 9,0 foizga ko‘paydi, qishloq xo‘jaligidagi o‘sish 5,7 foizni tashkil etdi, chakana savdo aylanmasi 16,6 foiz, aholiga pullik xizmat ko‘rsatish 12,9 foizga oshdi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, o‘tgan yili yuzaga kelgan murakkab iqlim sharoitiga qaramay, mamlakatimizda ilk bor 7,3 million tonnadan ortiq don, shu jumladan, 6 million 600 ming tonna bug‘doy yetishtirildi, 3,4 million tonna paxta xomashyosi tayyorlandi.

O‘tgan yili iqtisodiyotga investitsiyalar kiritish hajmi 8,2 milliard dollarni tashkil etdi, bu esa 2008 yilga nisbatan 24,8 foizdan ko‘p demakdir. Jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 68 foizga o‘sdi, eng muhimi, ularning asosiy qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritilgan investitsiyalar bo‘lib, ularning hajmi 1,8 barobar oshdi.

Mamlakatimizda inflatsiya darajasi 7,4 foizni tashkil etib, 2009 yil uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichlaridan oshmadi. Shuni aytish kerakki, davlatimiz budjeti o‘tgan yili yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz miqdorda profitsit bilan bajarildi.

O‘zbekistonning Inqirozga qarshi choralar dasturini amalga oshirish borasida erishgan yutuqlari nufuzli xalqaro moliya tashkilotlari va iqtisodiy institutlar, jumladan, Xalqaro valuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va dunyoning boshqa bir qator yetakchi moliyaviy institutlari tomonidan e’tirof etildi.

2009 yilning oktabrida yurtimizga tashrif buyurgan Xalqaro valuta jamg‘armasi ijrochi direktorlari missiyasining bayonotida, jumladan, shunday deyiladi: «O‘zbekiston hukumati jahon iqtisodiy inqirozi sharoitida iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan ko‘plab resurslarni jamlagan holda, jahon moliya bozorlarida oqilona siyosat olib bordi. Bunday puxta o‘ylangan siyosat mamlakatning global iqtisodiy inqiroz ta’siriga samarali qarshi tura olishida muhim omil bo‘ldi».

Qadrli do‘stlar!

Mamlakatimizni 2010 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga o‘tishdan oldin nufuzli xalqaro ekspertlar va iqtisodchilarning ayrim umumiy xulosalari, ularning 2010 yilda jahon iqtisodiyotining rivojlanish tendensiyalari bo‘yicha prognozlari xususida qisqacha to‘xtalish joiz, deb hisoblayman.

Avvalo, shuni aytish kerakki, ularning tahlil va xulosalariga ko‘ra, jahon moliyaviy inqirozining dunyo mamlakatlari iqtisodiyotiga og‘ir ta’siri tobora pasayib boradi va 2010 yilda jahon iqtisodiyotining asta-sekin o‘sishi kutiladi.

2009 yilda global iqtisodiyotning o‘sishi taxminan 1 foizga qisqargan bo‘lsa, joriy yilda dunyoda iqtisodiy rivojlanish 3 foiz atrofida oshishi mumkin, bu esa inqirozgacha bo‘lgan davrdagi ko‘rsatkichlardan ancha pastdir.

Tahlilchilarning qayd etishicha, ishsizlik darajasining o‘sishi kutilmoqda va bu aholining turmush darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiydir.

Ikkinchidan. Xalqaro bozorning rivojlanishidagi beqarorlik, ko‘plab mamlakatlarda tovarlarga ichki talabning pasayishi davom etayotgani iqtisodiyotning real sektori sur’atlarining izchil o‘sishi uchun mustahkam asos yaratish imkonini bermayotganini ta’kidlash lozim.

Inqiroz avjga chiqqan davrda davlatlarning iqtisodiyotga keng miqyosda aralashuvi birinchi navbatda bank-moliya tizimi likvidligini qo‘llab-quvvatlashga, ipoteka kreditlari sohasidagi o‘pirilishlarni bartaraf etishga qaratilib, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlariga, ishlab chiqarishga, kichik biznes va tadbirkorlik sohalariga kam e’tibor berilgani vaziyatga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.

Shu munosabat bilan korxonalar va kompaniyalarning moliyaviy ahvoli zaifligi, ularning qarzlar va bank kreditlarini qaytarishga layoqatsizligi bilan bog‘liq muammolar joriy yilda iqtisodiyotning real sektoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

2010 yilda va keyingi yillarda bank tizimida ipoteka va iste’mol kreditlari bo‘yicha qaytarilmagan kreditlar hajmining o‘sishi oqibatida bankrotlikning yangi to‘lqini xavfi vujudga kelishi mumkin.

Shu bilan birga, ishlab chiqarish hajmining pasayishi va qisqarishi, ishsizlik darajasining o‘sishi va aholi real daromadlarining cheklanishi soliq tushumlarining jiddiy kamayishiga, davlat budjeti taqchilligining oshishiga olib kelishi va bu jarayon ayrim mamlakatlarda surunkali tus olishi mumkin.

Uchinchidan. Bozorda iste’mol talabining pasayishi davom etayotgani narx-navo oshishini chegaralab turganligiga, qayerdadir deflyatsiya mavjudligiga qaramay, avvalo pul mablag‘larining ulkan emissiyasi hisobidan banklar likvidligini saqlab turish maqsadida banklar va moliyaviy sektorlarning juda katta miqdorda pul kreditlari bilan to‘ldirilishi bir qator mamlakatlarda inflatsiya jarayonlarining keskin kuchayib ketish xavfini yuzaga keltiradi.

Bunday sharoitda kuchayib borayotgan inflatsiya darajasini jilovlab turish nihoyatda mushkul vazifaga aylanishini tushunish qiyin emas.

To‘rtinchidan. Fond, xomashyo va moliya bozorlarida katta spekulyativ o‘yinlar davom etayotgani, real qiymatga ega bo‘lmagan pul hajmining ko‘payishi, boshqacha aytganda, yangi moliyaviy «ko‘piklar» xavfining avj olayotgani yana moliyaviy kasodlarga olib kelish xavfini tug‘dirishi mumkin.

Beshinchidan. Iqtisodiyotning shakllanishi va rivojlanishi yo‘lidagi eng katta muammolar, avvalo, rivojlanayotgan mamlakatlarda, jahon amaliyotida davom etayotgan proteksionizm siyosati oqibatida vujudga kelmoqda.

“Katta yigirmalik” deb nom olgan davlatlar guruhining yig‘ilishlarida bunday noma’qul ishlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida ko‘plab bayonotlar berilayotganiga qaramay, erkin iqtisodiyotga yaqqol to‘sqinlik qilib turgan proteksionizmdan yaqin orada qutulish qiyin, degan taassurot paydo bo‘ladi.

Oltinchidan. Xalqaro valuta jamg‘armasi ekspertlarining fikricha, davlatning iqtisodiyotga haddan tashqari aralashuvini kamaytirishga tayyorgarlik ko‘rish 2010 yilda va undan keyingi yillardagi ustuvor vazifa bo‘lib qolishi zarur.

Moliyaviy-iqtisodiy sohadagi qo‘llab-quvvatlash choralarining haddan ziyod uzoq davom etishi iqtisodiyotni mutanosib rivojlantirishda muvozanatning buzilishi va erkin tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi jiddiy cheklashlar kabi xavflarni keltirib chiqarishi mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, moliyaviy inqiroz sharoitida jahon iqtisodiyoti rivojlanishiga oid bunday baholar va prognozlardan kelib chiqadigan xulosa shundan dalolat beradiki, inqirozning eng og‘ir bosqichi ortda qolganiga qaramay, hali-beri davom etadigan moliyaviy-iqtisodiy inqirozning butun bir davrini boshdan kechirishga to‘g‘ri keladi.

Inqirozdan chiqish va inqirozdan keyin iqtisodiyotni sog‘lomlashtirish jarayoni uzoq davomli va o‘ta murakkab bo‘lishi mumkin.

Hurmatli majlis qatnashchilari!

2010 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning eng muhim maqsadi va asosiy ustuvor vazifasi – bu islohotlarni davom ettirish va chuqurlashtirish, mamlakatimizni yangilash va modernizatsiya qilish, 2009-2012 yillarga mo‘ljallangan Inqirozga qarshi choralar dasturini so‘zsiz bajarish va shu asosda iqtisodiy rivojlanishning yuqori va barqaror sur’atlarini, samaradorligini hamda makroiqtisodiy muvozanatni ta’minlashdan iboratdir.

Yurtimiz salohiyatining tobora yuksalib borayotgani, so‘nggi yillarda ishga tushirilgan yangi zamonaviy quvvatlar, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmaning rivoji, tizimli ravishda amalga oshirilayotgan islohotlar va iqtisodiyotning erkinlashtirilishi, mamlakatimizda yaratilgan nihoyatda qulay investitsiya muhiti bizga 2010 yilda quyidagi rejalarni belgilashga asos beradi.

Yalpi ichki mahsulot va sanoat mahsulotlarini 108,3 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini 105 foizga oshirish, iqtisodiyotga investitsiya kiritish hajmini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 30 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Mahsulot eksportini 8,5 foizga oshirishni ta’minlash, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan tayyor mahsulot ulushini oshirish hisobidan uning tarkibini sifat jihatidan o‘zgartirish vazifasi qo‘yilmoqda.

2009 yilga nisbatan budjet-moliya va pul-kredit siyosatini, birinchi navbatda, resurslar va energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hisobidan tejamkorlik rejimini yanada qat’iylashtirish mo‘ljallanmoqda. Inflatsiya darajasi 7-9 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Oldimizga qo‘yilgan bunday maqsadlarga erishish, avvalo, o‘z imkoniyat va resurslarimizni qay darajada safarbar etishimizga, hamon katta xavfi saqlanib qolayotgan inqiroz oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha 2009-2012 yillarga mo‘ljallangan Inqirozga qarshi choralar dasturida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni so‘zsiz bajarishni nechog‘lik ta’minlay olishimizga bog‘liq.

Bu esa Vazirlar Mahkamasidan har bir alohida yo‘nalish uchun mas’ul bo‘lgan ijrochilar tomonidan o‘ziga yuklatilgan vazifalarni tarmoq komplekslari va hududlar bo‘yicha amalga oshirilishini qat’iy va tizimli ravishda nazorat qilishni taqozo etadi.

Davom etayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozini va uning mamlakatimiz iqtisodiyotiga ta’sirini e’tiborga olgan holda, bank-moliya tizimining barqarorligini ta’minlash muhim ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.

Bu o‘rinda gap banklarning kapitallashuvi va investitsiyaviy faolligini yanada oshirish, iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlarning ustuvor yo‘nalishlarini qayta tiklash va kengaytirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga qaratilgan kreditlash hajmini oshirish haqida bormoqda.

Barchamiz oddiy bir haqiqatni yaxshi anglab olishimiz darkor – investitsiyalarsiz modernizatsiya ham, yangilanish ham bo‘lmaydi.

Bu o‘rinda biz nafaqat korxonalar tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirishni, balki bundan tijorat banklari qanchalar manfaatdor ekani va ular bu loyihalarda o‘z kredit resurslari bilan nechog‘lik faol ishtirok etayotganini ham ko‘zda tutamiz.

Buning uchun tijorat banklari yetarli kapitalga ega, moliyaviy barqaror bo‘lishi lozim, bir so‘z bilan aytganda, ular yirik investitsiya institutlariga aylanishi darkor.

Tijorat banklarining uzoq muddatli kreditlari ulushini oshirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar tufayli 3 yildan ortiq muddatga berilgan kreditlarning banklar kredit portfelining umumiy hajmidagi ulushi hozirgi paytda 69 foizga yetdi va so‘nggi o‘n yilda 28 barobar ko‘paydi.

Markaziy bank va Moliya vazirligi tijorat banklari bilan birgalikda banklarning jami kapitalini 2010 yilda kamida 20 foizga oshirishi, yaqin ikki yilda esa uning yalpi ichki mahsulotga nisbatan hajmini 10 foizga yetkazishi lozim.

Bu borada bank xizmatining yangi turlarini joriy etish, aholi va xo‘jalik subyektlarining bo‘sh mablag‘larini banklarning uzoq muddatli depozitlariga jalb etishni kamida 30 foizga ko‘paytirish, mamlakat iqtisodiyotiga kiritiladigan uzoq muddatli kredit qo‘yilmalari ulushini ichki manbalar hisobidan oshirish uchun mustahkam asos yaratish masalalarini qo‘shimcha ravishda ishlab chiqish talab etiladi.

Tijorat banklari faoliyatini baholash mezonlarini o‘zgartirish zarur – bugungi kunda ularning ishini uzoq muddatli kredit qo‘yilmalari ulushining o‘sishi va buning uchun ichki manbalarni jalb etish nuqtai nazaridan baholash kerak.

Shu o‘rinda o‘z kredit portfelida 85 foizdan ziyod uzoq muddatli kreditga ega bo‘lgan Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va 71 foiz ana shunday kreditga ega bo‘lgan «O‘zsanoatqurilishbank» faoliyatini alohida qayd etishni istardim. Bunday faoliyat boshqa banklar uchun o‘rnak bo‘lishi lozim.

Tijorat banklarini zarar ko‘rib ishlayotgan va iqtisodiy nochor korxonalarni sog‘lomlashtirish jarayoniga jalb qilish tajribasi amalda o‘zini to‘la oqladi.

Hali ham eski texnika va texnologiyalar asosida ishlayotgan, hech qanday iqtisodiy istiqboli bo‘lmagan korxonalarni tugatish va ularning negizida yangi zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish darkor.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, fermerlikni rivojlantirishni moliyalashda tijorat banklarining rolini kuchaytirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish zarur.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalariga 2010 yilda kredit resurslari ajratish miqdorini 1,4 barobar ko‘paytirish, mikrokreditlar hajmini 1,3 barobar oshirish vazifasi qo‘yilmoqda.

Mamlakatimizning raqobatdoshligini oshirishni ta’minlash uchun iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish jarayonlarini chuqurlashtirish siyosatini davom ettirish 2010 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturni amalga oshirishning muhim ustuvor yo‘nalishiga aylanishi lozim.

Shuni xolisona tan olish kerakki, bu yo‘nalishda ko‘p ishlar qilindi va salmoqli natijalar qo‘lga kiritildi.

Izchil dasturni amalga oshirish natijasida 2009 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotida sanoat ishlab chiqarishi ulushi 2000 yilga nisbatan 14 foizdan 24 foizga, transport va aloqa sohalari ulushi 7,7 foizdan 12 foizga oshdi, ayni paytda qishloq xo‘jaligining ulushi esa 30 foizdan 18 foizga kamaydi.

Shu bilan birga, iqtisodiyotimiz yaqin yillar ichida yanada barqaror, o‘ziga baquvvat, jahon va mintaqaviy bozorlarda raqobatdosh bo‘lmog‘i uchun iqtisodiyotimizni tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiya qilish bo‘yicha hali ko‘p ish qilish lozimligini ham biz o‘zimizga yaxshi tasavvur etamiz.

Bu o‘rinda, mamlakatimiz va mintaqamizdagi mavjud sharoitdan kelib chiqqan holda, gazni qayta ishlash, neft-kimyo, kimyo sanoati, energetika, avtomobilsozlik, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik, farmatsevtika kabi zamonaviy sohalar va ishlab chiqarish tarmoqlarini va albatta, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiya tizimlarini jadal rivojlantirishga alohida ahamiyat berish, yaqin kelajakda raqamli va keng formatli televideniyega o‘tish haqida so‘z bormoqda.

Shular qatorida birinchi navbatda yengil, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatida paxta tolasi, boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqarishni, qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish, sifatli va barqaror talabga ega bo‘lgan tayyor mahsulotlar tayyorlaydigan korxonalar tashkil etishga alohida e’tibor qaratish darkor.

Vazirlar Mahkamasi qabul qilingan tarmoq dasturlarini yana bir bor tanqidiy qayta ko‘rib chiqishi, ularga tuzatishlar kiritish va jadal amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rishi lozim.

Bu borada quyidagilarni e’tiborga olish darkor:

Birinchidan: korxonalar o‘rtasida barqaror kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish va ularni kengaytirish bo‘yicha boshlangan ishlarni davom ettirish, bu jarayonga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini faol jalb qilish zarur.

Respublika sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi ishini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish lozim.

Shuni nazarda tutish kerakki, kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish hozirgi sharoitda korxonalar va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyati barqarorligining kuchli omili, mahsulotlarning yangi turlarini o‘zlashtirish va eng asosiysi – yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligi va daromadlarini ko‘paytirishning eng muhim yo‘nalishi hisoblanadi.

O‘tgan yili ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha hukumat qarorlari qabul qilindi, yaxlit tizim yaratildi, mahalliylashtirish dasturlarini ishlab chiqishga mas’ul bo‘lgan idoralar – Iqtisodiyot vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining faoliyat yo‘nalishi va vakolatlari doirasi aniq belgilab qo‘yildi.

Bu ishni mantiqiy yakuniga yetkazish, shakllangan yondashuv va mezonlarni hisobga olgan holda amaldagi mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan loyihalarni tanqidiy ko‘rib chiqish va bir oy muddatda 2010 yilga mo‘ljallangan mahalliylashtirish dasturini tayyorlash zarur.

2010 yilda mahalliylashtirish asosida ishlab chiqariladigan mahsulotlar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 40 foizga o‘sishi, shu borada eksport qilinadigan mahsulotlarning ulushi esa kamida 12 foizni tashkil qilishi lozim.

Ikkinchidan: so‘nggi yillarda ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini oshirish, jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliq stavkalarini kamaytirish, inflatsiya darajasini pasaytirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida aholining yalpi va real daromadlari sezilarli ravishda oshdi, uning xarid qobiliyati barqaror sur’atda o‘sib bormoqda. Jumladan, o‘tgan yili 2000 yilga nisbatan o‘rtacha ish haqi 28,5 barobar, pensiyalarning o‘rtacha miqdori qariyb 18 barobar, aholi jon boshiga nisbatan pul daromadlari esa 12 barobar oshdi.

Joriy yilda ham ish haqini kamida 30 foizga, real daromadlarni esa 23 foizga oshirish mo‘ljallanmoqda. Aholining oziq-ovqat mahsulotlari tarkibiga kirmaydigan, uzoq foydalanishga mo‘ljallangan sanoat tovarlarini xarid qilish bo‘yicha xarajatlari sezilarli darajada o‘sdi.

Bunday sharoitda aholining o‘sib borayotgan to‘lov qobiliyati bilan mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilayotgan iste’mol tovarlari hajmi o‘rtasida ichki bozorda mutanosiblikni ta’minlash, bunday mahsulotlar turini kengaytirish, bozorlarimizni ular bilan ishonchli tarzda to‘ldirib borish alohida ahamiyat kasb etadi.

Vazirlar Mahkamasi shu masalaga bag‘ishlangan o‘z majlisida qabul qilingan dasturlar ijrosini tanqidiy baholashi, ularni jadal amalga oshirish va ichki bozorni mamlakatimizda ishlab chiqarilgan, import tovarlaridan sifati yuqori, narxi esa arzon bo‘lgan mahsulotlar bilan to‘ldirish, yurtdoshlarimizning o‘sib borayotgan talab va ehtiyojlarini yanada to‘laroq qondirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rishi lozim.

Uchinchidan: aholiga xizmat ko‘rsatish sohasini yanada kengaytirish g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Bunday tarmoqlar tashqi konyunkturaga ham, ob-havo sharoitiga ham bog‘liq emas, ya’ni, tashqi omillarning o‘zgarishi ularga ta’sir ko‘rsata olmaydi.

Ayni paytda bu xizmatlar o‘zimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning ko‘plab turlariga ichki talabni oshiradi, shuningdek, iste’mol bozorida mutanosiblikni saqlashda muhim rol o‘ynaydi.

Bularning barchasini nazarda tutgan holda, xizmat ko‘rsatish sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 2009 yildagi 47 foizdan 2010 yilda 49 foizga yetkazish zarur.

To‘rtinchidan: nisbatan barqaror va bozor konyunkturasi o‘zgarishlariga tez moslashuvchan, yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradigan kichik biznesni jadal rivojlantirish masalasini hal etish bizning sharoitimizda hamon muhim ahamiyatga molik masala bo‘lib qolmoqda.

Aynan shuning uchun ham biz 2010 yilda barcha kichik biznes korxonalari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasini 7 foizga tushirish to‘g‘risida qaror qabul qildik.

Hukumat, joylardagi davlat hokimiyati organlari kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini ularga kredit ajratishni sezilarli darajada kengaytirish, ularning faoliyatiga davlat organlari tomonidan noqonuniy aralashuv va turli to‘siqlar qo‘yish holatlariga yo‘l qo‘yilmaslik hisobidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirishi shart.

Kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini o‘tgan yildagi 50 foizdan 2010 yilda 52,5 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilmoqda.

Beshinchidan: eksport qilinadigan mahsulotlarimiz tarkibini va umuman, tashqi savdo aylanmasini yanada diversifikatsiya qilish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

Keyingi vaqtda jahon bozorida narxi keskin tushib ketgan xomashyo resurslarini eksport qilish amaliyotidan imkon qadar tezroq qutulib, tayyor raqobatdosh mahsulotlar eksportini faol oshirish va bu mahsulotlar yetkazib beriladigan mamlakatlar geografiyasini yanada kengaytirishimiz kerak.

Bu borada yangi bozorlar, yangi transport yo‘laklarini topish, bir so‘z bilan aytganda, faol marketingga asoslangan tashqi iqtisodiy siyosat yuritish zarur.

Biz 2010 yilda eksport qilinadigan yuklarni tashish tizimini takomillashtirish masalalari bilan jiddiy shug‘ullanishimiz kerak. Shu munosabat bilan Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligiga tayyor mahsulotlar ishlab chiqaradigan har bir tarmoq bo‘yicha 2010-2012 yillarga mo‘ljallangan tayyor mahsulotni yangi tashqi bozorlarga chiqarish bo‘yicha maxsus dasturlar ishlab chiqish vazifasi topshiriladi.

Bu dasturlarda barcha zarur choralarni, jumladan, marketing, moliya va tashkiliy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash masalalarini nazarda tutish darkor.

Aziz do‘stlar!

Uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan, mamlakatimizning salohiyati, qudrati va iqtisodiyotimizning raqobatdoshligini oshirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadigan navbatdagi muhim ustuvor yo‘nalish – bu asosiy yetakchi sohalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, transport va infratuzilma kommunikatsiyalarini rivojlantirishga qaratilgan strategik ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun faol investitsiya siyosatini olib borishdan iborat.

2010 yilda Investitsiya dasturiga muvofiq kapital qo‘yilmalar o‘tgan yilga nisbatan 22,1 foizga ortib, yalpi ichki mahsulotning 30 foizini tashkil qiladi. Bunda birgina ishlab chiqarish sohasiga mo‘ljallangan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun barcha kapital qo‘yilmalarning 75 foizdan ziyodi yo‘naltiriladi.

2010 yilda mamlakatimizda muhim strategik loyihalarni amalga oshirish uchun 3 milliard AQSH dollaridan ziyod yoki o‘tgan yilga nisbatan 30 foiz ko‘p xorijiy investitsiyalar jalb qilinishini e’tiborga oladigan bo‘lsak, o‘ylaymanki, amalga oshiriladigan loyihalarning ko‘lami va salmog‘i o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 46 foizga oshadi.

Bunday yirik loyihalarni, birinchi navbatda, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun ichki resurslarni jalb qilishda mamlakatimizda 2007 yili tashkil etilgan Tiklanish va taraqqiyot fondi juda katta hissa qo‘shdi. Bugungi kunda bu fondning jamg‘armasi 3,7 milliard dollarni tashkil etmoqda.

Dunyodagi mashhur va nufuzli kompaniyalar, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki, Janubiy Koreya, Yaponiya taraqqiyot banklari singari moliya institutlari, qator arab davlatlarining investitsiya fondlari va boshqa xorijiy tashkilotlar yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan, yuksak texnologiyalarga asoslangan mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishda bizning yirik hamkorlarimiz bo‘lmoqda.

Bu haqda gapirganda, iqtisodiyotimizning yetakchi o‘rinlarga chiqishi uchun Toshkent, Navoiy va Tollimarjon issiqlik elektr stansiyalarida bug‘-gaz moslamalarini qurish, Surgil koni bazasida polietilen va propilen ishlab chiqaradigan Ustyurt gaz-kimyo majmuasini barpo etish, polivinilxlorid va kaustik soda ishlab chiqaradigan yangi kompleks tashkil etishga qaratilgan yirik loyihalar amalga oshirilishini aytib o‘tish lozim, deb bilaman.

Shu bilan birga, Muborak gazni qayta ishlash zavodi va Sho‘rtanneftgaz majmuasida suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun propan-butan aralashmasi moslamalarini qurish, Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasi energiya bloklarini ko‘mir yoqilg‘isi bilan ishlash tizimiga o‘tkazish, avtomobil kuchlanish agregatlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va boshqa bir qator muhim strategik loyihalarni amalga oshirish alohida istiqbolli ahamiyatga ega ekanini ta’kidlash zarur.

Bu loyihalarning barchasi o‘tgan yili, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqiroziga qaramasdan, qabul qilingan 2009-2014 yillarda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash bo‘yicha muhim loyihalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar dasturiga kiritilgan.

Ushbu dasturga umumiy qiymati 42,5 milliard dollardan ziyod 327 ta loyiha kiritilgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi bo‘yicha moliyalash manbalari aniq belgilangan va investorlar konsorsiumlari shakllantirilgan.

Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Investitsiya dasturi ro‘yxatiga kiritilgan strategik ahamiyatga molik investitsiya loyihalarini, shuningdek, strategik tarmoqlar va yirik korxonalarning uzoq muddatli texnika siyosati nuqtai nazaridan ishlab chiqilayotgan yangi loyihalarni amalga oshirishning muddatlari va shartlarini muvofiqlashtirish borasidagi ishlarni faollashtirishi darkor.

2010 yilda avtomobil yo‘llarini rivojlantirish uchun Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 540 milliard so‘m, ya’ni, o‘tgan yilga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘p mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston milliy avtomagistrali uchastkalarini qurish bo‘yicha Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida yangi yirik loyiha ishlab chiqilmoqda.

Ushbu dasturlarni amalga oshirishdan ko‘zlangan pirovard maqsad – Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi savdo oqimining ma’lum qismini mamlakatimizdagi tranzit yo‘nalishlariga burish va shu asosda yurtimizda transport va tranzit xizmati hajmini oshirish, mavjud infratuzilma negizida logistika markazlarini tashkil etish, minglab odamlarni ish bilan ta’minlashdan iborat.

Vazirlar Mahkamasi 2010-2015 yillarda O‘zbekiston milliy avtomagistrali yo‘nalishi bo‘ylab infratuzilma va servis tarmoqlarini rivojlantirish yuzasidan qabul qilingan dasturning amalga oshirilishini qat’iy nazoratga olishi darkor.

Hozirgi vaqtda temir yo‘l kommunikatsiyalarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratish zarur. 2010 yilda ularni modernizatsiya qilish uchun 105 million dollardan ko‘proq mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

“Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on” temir yo‘l liniyasi va shu yo‘nalishdagi infratuzilma obyektlarida qurilish ishlarini yakuniga yetkazish, Yangiyer – Jizzax va Yangiyer – Farhod elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyalari qurilishini davom ettirish lozim.

Shu bilan birga, yo‘lovchi tashish lokomotivlari parkini yangilash, yuk tashish lokomotivlari va vagonlarini modernizatsiya qilish va qayta tiklash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish darkor.

Joriy yilda Ispaniyadan ikkita tezyurar poyezd sotib olish va Toshkent – Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha ularning qatnovini yo‘lga qo‘yish loyihasini, barcha rasmiylashtirish jarayonlari bilan birga, amalga oshirishni boshlash kerak.

“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasiga jalb qilinayotgan xorijiy investitsiyalar hajmini yanada oshirish investitsiya sohasidagi dolzarb yo‘nalish hisoblanadi.

Avvalo, bu yerda boshlangan 17 ta loyihani amalga oshirish, ayni paytda Koreya Respublikasi, Yaponiya, Germaniya, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va boshqa texnologik jihatdan yuksak rivojlangan mamlakatlardan investitsiyalar jalb qilishga alohida e’tibor qaratish lozim.

Qadrli do‘stlar!

Qishloqda uy-joy qurish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishni jadallashtirish dasturining 2010 yilning muhim ustuvor yo‘nalishlari qatoriga kiritilishiga to‘liq asos bor.

Yurtimizda 2009 yilning Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili deb e’lon qilinishi, shu munosabat bilan qabul qilingan Davlat dasturining amalga oshirilishi qishloqlarimiz qiyofasini zamonaviy arxitektura va sanoat asosida tubdan o‘zgartirish va yangilash, uy-joy, ijtimoiy va kommunal obyektlar, kommunikatsiyalarni barpo etish bo‘yicha uzoq muddatga mo‘ljallangan aniq maqsadli ishlarimizning boshlanishi bo‘ldi.

Bularning barchasi qishloq aholisi turmush darajasini tubdan oshirish va shahar sharoitiga yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

Ushbu maqsadlarga moliyalashning barcha manbalari hisobidan 2009 yilning o‘zida 2 trillion 600 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi.

Eng muhimi, o‘tgan yili qishloq joylarda qurilish olib borish uchun uzoq istiqbolga mo‘ljallangan, loyihalashtirish, sanoat-qurilish, muhandislik-texnik jihatdan kuchli zamonaviy salohiyatga ega bo‘lgan baza yaratishga erishdik.

Bu borada moliyalash manbalari va mablag‘ ajratish mexanizmi belgilab olindi. “Qishloq qurilish bank” va “Qishloq qurilish loyiha” loyihalash instituti kabi ixtisoslashtirilgan tuzilmalar tashkil etildi.

Uy-joy obyektlari qurilishi bo‘yicha 22 ta namunaviy loyiha, ijtimoiy obyektlar qurilishi bo‘yicha 16 ta loyiha, kompleks qurilishlar bo‘yicha namunaviy rejalar ishlab chiqildi va bu loyihalar respublika va mintaqaviy ko‘rgazmalarda keng muhokama etilganidan keyin tasdiqlandi.

Shu borada ixtisoslashtirilgan “Qishloq qurilish invest” buyurtmachi kompaniyasi tashkil etilib, mamlakatimiz bo‘yicha 42 ta massivda yangi uy-joylar qurilishi boshlab yuborildi.

Alohida e’tiborga molik tomoni shundaki, mazmun-mohiyatiga ko‘ra noyob bo‘lgan bu kompleks loyihalar yurtimizning barcha hududlarida qishloq ahli va butun jamoatchiligimiz tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.

2010 yilgi Investitsiya dasturi doirasida faqat uy-joy qurilishi uchun “Qishloq qurilish bank” orqali aholiga 250 milliard so‘mdan ortiq imtiyozli kreditlar ajratish ko‘zda tutilgan. Bu 2009 yilda ushbu maqsadlar uchun yo‘naltirilgan mablag‘ miqdoridan 4 marta ko‘p demakdir. Ayni vaqtda yakka tartibda uy quruvchilarning o‘zlari ham 70 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarf etishi kutilmoqda.

2010 yilda mamlakatimizdagi barcha 159 ta qishloq tumanida umumiy qiymati 470 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 7 ming 630 ta uy-joy qurilishi rejalashtirilgan.

Bunda nafaqat zamonaviy va qulay kottejlar qurish, ayni vaqtda bolalar bog‘chalari, umumta’lim maktablari, musiqa va san’at maktablari, sport inshootlari, tibbiyot muassasalari, xizmat ko‘rsatish obyektlari, keng va ravon yo‘llar, bir so‘z bilan aytganda, qishloq aholisining qulay va munosib hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlarni o‘z ichiga olgan zamonaviy va obod qishloqlarni barpo etish ko‘zda tutilmoqda.

Aytish joizki, mamlakatimizda barcha zarur ijtimoiy va kommunikatsiya infratuzilmasiga ega bo‘lgan, izchil rivojlanib borayotgan o‘ta yirik uy-joy bozori shakllanmoqda.

Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi qurilish rejalariga, sanitariya talablari va qurilish normalariga rioya qilinishi ustidan qat’iy tizimli nazorat o‘rnatishi zarur.

Hududlarda aholini joylashtirish, hududlarni rejalashtirish sxemalari va bosh rejalari bilan bog‘liq hujjatlarni ishlab chiqish tizimini tezlashtirish kerak.

Qishloq joylarning tabiiy-iqlim sharoiti va relyefini, yurtimiz hududlarining ijtimoiy-demografik xususiyatlarini hisobga olgan, zamonaviy qurilish materiallari va texnologiyalarini qo‘llagan holda, yakka tartibda quriladigan uylar, ijtimoiy-madaniy va sanitariya-maishiy obyektlar loyihalarini takomillashtirish ishlarini davom ettirish lozim.

Qishloqda uy-joy qurish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishni jadallashtirish dasturi zamirida juda ulkan hajmdagi ishlar mujassam ekanini, u o‘n minglab yangi ish o‘rinlarini yaratish, ana shu keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarida mamlakatimiz aholisining faol ishtirokini ta’minlash imkonini berishini unutmasligimiz kerak.

Biz mazkur dasturni amalga oshirish vazifasini o‘z oldimizga qo‘yar ekanmiz, bu bilan mamlakatimiz uchun dolzarb bo‘lgan aholi bandligini ta’minlash, shu tariqa odamlarning daromadini yanada oshirish va hayot sifatini yuksaltirish masalalarini hal etishni ko‘zda tutamiz.

2010 yilda mamlakatimizda jami 950 mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etish mo‘ljallanmoqda. Ularning qariyb yarmi kichik korxonalar, mikrofirmalar tashkil etish, yakka tartibdagi tadbirkorlikni, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini yanada rivojlantirish, pudrat asosidagi qurilish, shu jumladan, uy-joylarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish ishlari ko‘lamini kengaytirish hisobidan yaratiladi.

2010 yilda ham aholini turli shakldagi kasanachilik ishlariga jalb etish, xalq hunarmandchiligini rivojlantirish, oilaviy tadbirkorlikni rag‘batlantirish – bularning barchasi bandlikni ta’minlashning amalda o‘zini oqlagan muhim yo‘nalishlari bo‘lib qoladi.

Shu asosda 208 ming nafardan ortiq kishini, avvalo, ko‘p bolali ayollar, nogironlar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalarini ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.

Yuqorida zikr etilgan barcha chora-tadbirlarni o‘zida mujassamlashtirgan Dastur vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va korxonalar ishtirokida tayyorlangan va Oliy Majlis tomonidan tasdiqlangan.

Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi har bir tuman va shaharda yaratilgan ish o‘rinlarini aniq hisobga olish tizimini tashkil etish va dastur ijrosini monitoring qilish, unda ko‘zda tutilgan prognoz ko‘rsatkichlarini bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishi va mazkur masalalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga aniq takliflar kiritishi lozim.

Hurmatli majlis qatnashchilari!

Yurtimizda 2010 yilni “Barkamol avlod yili” deb e’lon qilganimizdan yaxshi xabardorsiz.

Biz farzandlarimizning nafaqat jismoniy va ma’naviy sog‘lom o‘sishi, balki ularning eng zamonaviy intellektual bilimlarga ega bo‘lgan, uyg‘un rivojlangan insonlar bo‘lib, XXI asr talablariga to‘liq javob beradigan barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishi uchun zarur barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.

Shu kunlarda hukumatimiz tomonidan ushbu masala yuzasidan qabul qilingan Davlat dasturi ana shu ezgu maqsadga erishish yo‘lida, jami davlat va nodavlat manbalarini hisobga olgan holda, mavjud barcha resurs va imkoniyatlarimizni safarbar etishni ko‘zda tutadi.

Dasturda belgilangan kompleks chora-tadbirlarni bajarish uchun 2010 yilda barcha moliyalash manbalari hisobidan 8 trillion so‘m atrofidagi mablag‘, jumladan, 1,8 trillion so‘m davlat mablag‘lari, tijorat banklarining 3,3 trillion so‘mlik kreditlari va mas’ul ijrochilarning 2,7 trillion so‘mdan ortiq mablag‘larini yo‘naltirish mo‘ljallangan.

Ana shunday buyuk vazifalar va ularni amalga oshirish uchun ajratilayotgan mablag‘lar haqida gapirar ekanmiz, ertangi kunimiz uchun, bolalarimiz, farzandlarimizning baxti uchun mehnat qilish, fidoiylik ko‘rsatish – bu barchamizning muqaddas burchimizdir, desam, o‘ylaymanki, shu zalda o‘tirgan insonlar, kerak bo‘lsa, butun xalqimizning fikrini ifoda qilgan bo‘laman.

Aziz yurtdoshlarim!

2010 yilda o‘z oldimizga qo‘yayotgan yuksak maqsad, vazifa va rejalar, qanday og‘ir bo‘lmasin, bularning barchasi avvalo mamlakatimizning taraqqiy topgan davlatlar qatoriga chiqishi yo‘lidagi yangi qadamdir.

Bu buyuk vazifalarni amalga oshirish uchun xalqimizning fidokorona mehnati bilan to‘plangan salohiyatimiz va imkoniyatimiz bor, kuch-qudratimiz yetarli. Eng muhimi, ertangi kunga bo‘lgan qat’iy ishonchimiz bizga mustahkam poydevor bo‘lajak.

Barchangizga, aziz do‘stlarim, shu yo‘lda kuch-quvvat, yangi-yangi muvaffaqiyat va omadlar tilayman.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 27.09.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati