BARCHA REJA VA DASTURLARIMIZ VATANIMIZ TARAQQIYOTINI YUKSALTIRISH, XALQIMIZ FAROVONLIGINI OSHIRISHGA XIZMAT QILADI
21.01.2011

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

2011 yili mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari 108,3 foiz, sanoatdagi o‘sish – 109,3 foiz, qishloq xo‘jaligida – 105,8 foiz hajmida bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Inflatsiya darajasi 7-9 foiz atrofida bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

Tasdiqlangan davlat budjetida yalpi soliq yukini 1,2 foizga, kichik biznes subyektlari va mikrofirmalar uchun yagona soliq to‘lovini esa 2010 yildagi 7 foizdan 2011 yilda 6 foizga tushirish mo‘ljallangan.

Mamlakatimizni iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan uzoq muddatli strategik maqsadni amalga oshirishning mantig‘i mustaqilligimizning dastlabki kunlaridan boshlangan va O‘zbekistonning jahon bozoridagi raqobatdoshligini oshirish va mavqeini mustahkamlashga yo‘naltirilgan tarkibiy o‘zgarishlar va yuksak texnologiyalarga asoslangan zamonaviy tarmoqlar va ishlab chiqarish sohalarini jadal rivojlantirish siyosatini 2011 yildagi asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida davom ettirishni taqozo etmoqda.

Bu o‘rinda ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va mamlakatimizdagi xomashyo va resurslarga boy mavjud manbalardan oqilona foydalanish asosida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan yuksak texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarishni ta’minlaydigan istiqbolli iqtisodiyot tarmoqlari haqida so‘z bormoqda.

Ana shu maqsadlarga erishish uchun “2011-2015 yillarda O‘zbekiston sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi dastur tasdiqlandi. Ushbu dastur sanoat sohasida umumiy qiymati qariyb 50 milliard dollarni tashkil etadigan 500 dan ortiq yirik investitsiya loyihasini amalga oshirishni ko‘zda tutadi.

Yaqin besh yil ichida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini kamida 60 foizga oshirish, yalpi ichki mahsulotda uning ulushini 2010 yildagi 24 foizdan 2015 yilda 28 foizga ko‘paytirishni ta’minlash vazifasi qo‘yilmoqda. Bu borada mashinasozlik, avtomobilsozlik, kimyo, oziq-ovqat, farmatsevtika, qurilish materiallari sanoati va boshqa sohalarni jadal rivojlantirish hisobidan ushbu tarmoqlarda ikki barobardan ziyod o‘sishga erishiladi.

To‘qimachilik sanoatida eksportbop raqobatdosh mahsulotlar tayyorlashga yo‘naltirilgan, yakuniy ishlab chiqarish shakliga ega bo‘lgan yangi, zamonaviy to‘qimachilik komplekslarini rivojlantirish ustuvor ahamiyat kasb etishi zarur.

Bu, o‘z navbatida, paxta tolasini o‘zimizda qayta ishlash hajmini 2 barobardan ko‘proq, kalava ishlab chiqarishni 2,6 barobar, tayyor trikotaj va tikuvchilik buyumlarini 3 barobar, to‘qimachilik sanoati mahsulotlari eksportini 2 barobar oshirishni ta’minlaydi. Yuksak texnologiyalar sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Bu loyihalar sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarishni tashkil qilish, polietilen va polipropilen mahsulotlar, suyultirilgan va siqilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish bo‘yicha yangi, zamonaviy gaz-kimyo komplekslarini barpo etish, energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalar asosida mineral o‘g‘itlar hamda yangi turdagi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish, eskirgan uskunalarni zamonaviy bug‘-gaz qurilmalari bilan almashtirish hisobidan energetika tarmog‘ini jadal rivojlantirish kabi sohalarni qamrab oladi.

Vazirlar Mahkamasi mazkur dasturga kiritilgan har bir loyiha bo‘yicha idoralararo ishchi guruhlarini tasdiqlashi lozim. Bu ishchi guruhlar loyihalarning barcha bosqichlarda amalga oshirilishi va foydalanishga topshirilishini tizimli asosda kuzatib va qat’iy nazorat qilib borishi zarur.

Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini jadal yangilash biz uchun eng muhim ustuvor vazifa sifatida izchil davom ettiriladi.

Bu xususda gapirganda, 2011 yilda iqtisodiyotga jalb etiladigan barcha investitsiyalarning 36,4 foizdan ortig‘ini sanoatni modernizatsiya qilish va texnologik yangilash dasturlarini amalga oshirishga yo‘naltirish ko‘zda tutilayotgani, zamonaviy asbob-uskunalar xarid qilish xarajatlari umumiy kapital qo‘yilmalar hajmining kamida 46 foizini tashkil etayotganini qayd etish darkor.

2011 yilda 35 tadan ortiq yirik ishlab chiqarish korxonasini qurishni yakunlash va foydalanishga topshirish vazifasi qo‘yilmoqda. “Jeneral motors” kompaniyasi bilan hamkorlikda yiliga 225 ming dona avtomobil kuchlanish agregatlarini ishlab chiqaradigan korxona, Qo‘qon shahrida “Indorama” kompaniyasi bilan hamkorlikda yakuniy ishlab chiqarish shakliga ega bo‘lgan to‘qimachilik kompleksi, shuningdek, umumiy quvvati 30 ming tonna kalava ishlab chiqarishdan iborat bo‘lgan yana bir qator to‘qimachilik komplekslari kabi muhim obyektlar shular jumlasidandir.

Shular qatorida Toshkent shahrida ko‘p o‘rinli “Mersedes-Bens” yo‘lovchi avtobuslarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, Muborak gazni qayta ishlash zavodi va “Sho‘rtan neft-gaz” unitar korxonasida 400 ming tonna suyultirilgan gaz va gaz kondensati ishlab chiqaradigan qurilmalarni o‘rnatish, Olmaliq va Navoiy kombinatlarining korxona va ishlab chiqarish quvvatlarini texnik qayta jihozlash, Bekobod metallurgiya kombinatini modernizatsiya qilish va boshqa o‘ta muhim loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Joriy yilning oxiriga qadar, idoraviy mansubligidan qat’i nazar, barcha yirik korxona va ishlab chiqarish quvvatlarida jahon tajribasida sinovdan o‘tgan zamonaviy texnologiyalar bilan almashtirilishi lozim bo‘lgan uskuna va texnologiyalarning ro‘yxatini aniqlash uchun texnik audit o‘tkazish zarur. Vazirlar Mahkamasiga ushbu dasturlar bajarilishini nazoratga olish vazifasi topshiriladi. Bunda yangi loyihalarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishini nazarda tutish darkor.

Ming afsuski, biz modernizatsiya deganda, ko‘pincha sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilishni tushunishga o‘rganib qolganmiz. Holbuki, sanoat bilan bir qatorda iqtisodiyotimizning qishloq xo‘jaligi kabi yetakchi sohasini ham modernizatsiya qilish, uning tarkibiga kiradigan deyarli barcha tarmoq va ishlab chiqarish sohalarining butun kompleksida texnik va texnologik yangilash ishlarini amalga oshirishga katta ehtiyoj sezilmoqda.

Bu borada, avvalo, yerlarning unumdorligini oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim. Aytish kerakki, bu yo‘nalishdagi ishlarning ko‘lami yil sayin kengayib borayotganiga qaramasdan, sug‘oriladigan yerlarning mavjud meliorativ holati katta tashvish uyg‘otmoqda.

Hozirgi vaqtda yurtimizda jami sug‘oriladigan yerlarning qariyb 49 foizi turli darajada sho‘rlangan bo‘lib, buning qariyb 18 foizi kuchli va o‘rta darajada sho‘rlangan yerlardir, 23 foizdan ortig‘i esa boniteti past yerlar toifasiga kiradi. Meliorativ holati qoniqarsiz yerlarning katta qismi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Jizzax va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Biz yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va unumdorligini oshirishga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar hajmini bundan buyon ham ko‘paytirib boramiz. Ayni paytda ushbu maqsadlar uchun yo‘naltirilayotgan katta miqdordagi mablag‘lardan foydalanish samaradorligini oshirish va ularni maqsadli ishlatish, zamonaviy texnologiyalar va texnikani joriy etish borasidagi ishlarni ham tartibga solishimiz lozim.

Shuni tan olish kerakki, chorvachilik, g‘allachilik, kartoshkachilik kabi sohalarda ilg‘or mamlakatlar tajribasini o‘rganish va uni amalda qo‘llashga, bizning iqlim sharoitimizda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadigan zamonaviy sug‘orish tizimlari va energiyani tejaydigan texnologiyalardan foydalanishga yetarlicha e’tibor berilmayapti.

Masalan, chorvachilik sohasini oladigan bo‘lsak, bu borada ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlash o‘rinlidir. Taqqoslash uchun quyidagi bir misolni keltiraman: Daniya va Janubiy Koreyada sut sog‘ib olish bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 8-9,5 ming kilogrammni, Vengriya, Germaniya, Gollandiyada esa 6-7 ming kilogrammni tashkil qilayotgan bir paytda, bizda keyingi besh yilda bu raqam 1,7 ming kilogramm darajasida saqlanib qolmoqda.

Bu o‘rinda gap faqat o‘ziga xos iqlim sharoitlari bilan emas, balki eng asosiy masala bo‘lmish zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bilan bog‘liq ekanini, o‘ylaymanki, tushunish qiyin emas.

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi zamonaviy agrotexnologiyalarni o‘rganish va amalda joriy etish bilan o‘ta jiddiy shug‘ullanishi, seleksiya ishlarini yanada takomillashtirish va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining mahsuldorligini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqishi zarur.

Chopiq traktorlarining 55 foizdan ortig‘i va yer haydaydigan traktorlarning 46 foizi 15 yildan ortiq vaqt mobaynida ishlatilayotgani, boshqacha aytganda, ular belgilangan foydalanish muddatini allaqachon o‘tab bo‘lgani, quvvati, ish unumi va yoqilg‘i iste’mol qilish bo‘yicha zamonaviy standartlarga javob bermaydigan eski texnikalar ekani tashvish uyg‘otmasdan qolmaydi.

Vazirlar Mahkamasiga Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Moliya va Iqtisodiyot vazirliklari, boshqa manfaatdor vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari hamda korxonalar bilan birgalikda uch oy muddatda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, mahsulotni ishlab chiqarish, uni qayta ishlash sohalarini texnik va texnologik jihatdan yangilash va yer unumdorligini oshirish bo‘yicha maxsus dastur tayyorlash topshiriladi.

Qishloq xo‘jalik texnikalarini yangilash bo‘yicha avvalo chet elning ilg‘or kompaniyalari bilan hamkorlikni mustahkamlash talab qilinadi.

Bu borada biz Germaniyaning «Klaas» kompaniyasi bilan zamonaviy, ish unumi yuqori bo‘lgan traktorlar, g‘alla o‘rish kombaynlari va boshqa qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirishga bundan keyin ham jiddiy e’tibor qaratamiz.

Xorijdagi boshqa mashhur firmalar bilan ham aloqalarni yo‘lga qo‘yish, birinchi navbatda, zamonaviy melioratsiya texnikasini ishlab chiqarish va ta’mirlashni tashkil qilish masalalarida hamkorlik qilish bo‘yicha bugungi kunda oldimizda katta istiqbollar ochilmoqda.

Hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir muhim ustuvor yo‘nalish – chet el investitsiyalarini keng jalb qilish, xorijiy investorlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga ulkan e’tibor qaratayotganimizni alohida qayd etmoqchiman.

O‘zbekistonda investorlar uchun, aytish mumkinki, ko‘p jihatdan beqiyos, o‘ta qulay investitsion muhit, imtiyoz va preferensiyalar tizimi yaratilgan, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Iqtisodiyotimizga jalb qilinayotgan xorijiy investitsiyalar hajmi yildan yilga ortib borayotgani ham buning yorqin dalilidir.

Xalqaro moliya institutlari va xorijiy kompaniyalar bilan tuzilgan shartnoma va bitimlar asosida 2011 yilda iqtisodiyotimizning real sektoriga 3 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritish ko‘zda tutilmoqda. Shuni ta’kidlash kerakki, bu mablag‘ning 2 milliard 200 million dollardan ortig‘i yoki 73 foizdan ziyodini to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari tashkil etadi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari hisobidan iqtisodiyotimizning ko‘plab tarmoqlarida 70 tadan ortiq investitsiya loyihasini amalga oshirish mo‘ljallanmoqda.

Bu, avvalambor, gazni qayta ishlaydigan zamonaviy zavod qurishni o‘z tarkibiga olgan Qandim guruhi konlarini, shuningdek, Xauzak va Shodi konlarini o‘zlashtirish, istiqbolli uglevodorod xomashyo konlarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish bo‘yicha yirik loyihalardir.

Ayni vaqtda Navoiy viloyatida ammiak va karbamid ishlab chiqarish kompleksi barpo etish, Qoraqalpog‘iston Respublikasida sement zavodi qurish, Toshkent viloyatida turli mato va tikuvchilik mahsulotlari, tayyor dori preparatlari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha loyihalar ham shular qatoriga kiradi. Bular – to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan barpo etiladigan istiqbolli obyektlarning bir qismi, xolos.

Shu bilan birga, ishonchim komilki, xorijiy sheriklarimiz bilan o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish, mamlakatimizda yanada qulay investitsiya muhitini shakllantirish uchun hali ishga solinmagan imkoniyatlarimiz yetarli. Sodda qilib aytganda, bu borada ishonchli kafolatlarni yaratish, xorijiy investorlarning ishonchini qozonish va mustahkamlash darkor.

Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor tuzilmalarga ikki oy muddatda xorijiy investorlar faoliyati uchun yaratilgan amaldagi sharoitlarni chuqur va tanqidiy o‘rganib chiqish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirilsin.

Ushbu takliflarni tayyorlashda mavjud normativ bazani, investorlarni jalb etish va xorijiy investitsiyalar ishtirokida tashkil qilingan korxonalarni ro‘yxatga olishning tartib-qoidalarini, eng muhimi, ularni himoya qilish bo‘yicha ishonchli kafolatlarni yanada takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozim.

Ayni paytda biz mamlakatimizdagi o‘z ichki resurslarimizning ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha ham doimiy ish olib borishimiz darkor. Bu borada Tiklanish va taraqqiyot fondining rolini kuchaytirish g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Hozirgi vaqtda 6 milliard dollardan ortiq mablag‘ jamlangan ushbu Fond, avvalo, strategik muhim investitsiya loyihalarini xorijiy investorlar bilan birgalikda moliyalashtirishda yetakchi sheriklardan biri sifatida faoliyat olib borishi kerak.

2011 yilda mazkur Fondning mablag‘lari hisobidan qiymati 780 million dollardan ortiq bo‘lgan 24 tadan ziyod loyihani moliyalashtirish ko‘zda tutilayotgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 2,1 barobar ko‘pdir.

Bu loyihalar sirasiga, eng avvalo, Surgil koni bazasida Ustyurt gaz-kimyo majmuasini barpo etish, Qalmoqqir konini kengaytirish va rekonstruksiya qilish, Navoiy issiqlik elektr stansiyasida bug‘-gaz moslamasini qurish, Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasining beshta energiya blokini yil davomida ko‘mir asosida ishlash tizimiga o‘tkazish, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining misni boyitish fabrikasini rekonstruksiya qilish va boshqa loyihalar kiradi.

Fondning xorijiy sheriklarimiz bilan birgalikda investitsiya loyihalarini moliyalashtirish borasidagi samarali hamkorligiga misol sifatida Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasida umumiy qiymati 1 milliard 280 million dollarlik ikkita bug‘-gaz moslamasini qurish loyihasini keltirish mumkin.

Ushbu loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot fondidan tashqari Osiyo taraqqiyot banki va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi kabi xorijiy sheriklar investor sifatida ishtirok etmoqda.

Bizning 2011 yilgi va istiqbolga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturimizni amalga oshirishda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini kompleks va jadal ravishda rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanishi darkor.

Bu muhim ustuvor vazifani izchil amalga oshirish uchun 2015 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan maxsus dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, u iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakatimiz hududlarini istiqbolli rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan dastur bilan uzviy bog‘liqdir.

Ta’kidlash joizki, bu dasturni amalga oshirish maqsadida 85 ta investitsiya loyihasini joriy etish va bu ishlarga barcha manbalar hisobidan qariyb 7 milliard dollar yo‘naltirish mo‘ljallanmoqda. 2011 yilda bu mablag‘ning 1 milliard 200 million dollardan ortig‘ini o‘zlashtirish lozim.

Bu borada O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish, mamlakatimizning barcha hududlarini o‘zaro ishonchli bog‘laydigan yagona milliy avtomobil transport tizimini tashkil etish loyihalarini jadal amalga oshirishni ta’minlashga birinchi darajali ahamiyat qaratilishi lozim.

2011 yilda ushbu maqsadlar uchun 2010 yilga qaraganda 1,4 barobar ko‘p, ya’ni 547 million dollardan ortiq kapital qo‘yilmalarni yo‘naltirish, xalqaro talab va standartlarga javob beradigan 302 kilometrlik avtomobil yo‘llarini foydalanishga topshirish ko‘zda tutilmoqda.

Sizlarning e’tiboringizni yana bir dolzarb masalaga, ya’ni Toshkent – Andijon avtomobil yo‘lining «Qamchiq» dovoni orqali o‘tadigan tog‘li uchastkasini rekonstruksiya qilish, bu yerda 4 polosali, sement-beton qoplamali yo‘l qurilishi bo‘yicha ishlarni jadallashtirish zarurligiga qaratmoqchiman.

Biz Farg‘ona vodiysi mintaqalarini mamlakatimizning boshqa mintaqalari bilan yil davomida ishonchli va kafolatli bog‘lab turadigan transport aloqasini ta’minlashimiz zarur.

2011 yilda transport va kommunikatsiya qurilishiga Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Kuvayt arab iqtisodiy hamkorlik jamg‘armasi va OPEK jamg‘armasi tomonidan 152 million dollardan ortiq mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Joriy yilda temiryo‘lchilarimiz oldida ham ulkan vazifalar turibdi. Xususan, Jizzax – Yangiyer yo‘nalishi bo‘yicha elektrlashtirilgan ikki yo‘lli temiryo‘l tarmog‘i va Yangiyer – Farhod yo‘nalishi bo‘yicha elektrlashtirilgan bir yo‘lli temiryo‘l tarmog‘i qurilishini nihoyasiga yetkazish, Maroqand – Qarshi va Qarshi – Termiz yo‘nalishi bo‘yicha strategik ahamiyatga ega bo‘lgan temiryo‘l tarmoqlarini elektrlashtirish loyihalarini amalga oshirishga kirishish zarur.

Bu, o‘z navbatida, sarf- xarajatlarni 20 foizga kamaytirish va yo‘lovchi hamda yuklarni manzilga yetkazish tezligini 1,3 barobar oshirish imkonini beradi.

Shu bilan birga, yo‘lovchi tashish lokomotivlari parkini yangilash, yuk tashish lokomotivlari hamda vagonlarini modernizatsiya qilish va qayta tiklash, temir yo‘llarni modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish lozim. Shular qatorida Ispaniyaning «Talgo» kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent – Samarqand temiryo‘l uchastkasida O‘rta Osiyoda birinchi bor bunyod etiladigan tezyurar temiryo‘l magistralini qurish va foydalanishga topshirish ishlarining belgilangan muddatlarda yakunlanishini ta’minlash darkor.

O‘zbekiston hududida yuklarning ichki va xalqaro tranzitini ishonchli ravishda ta’minlaydigan transport va logistika tizimlarini takomillashtirishga qaratilgan izchil ishlarni 2011 yilda davom ettirishimiz lozim.

2010 yilda tashkil etilgan “Angren” logistika markazini yanada rivojlantirishni ko‘zda tutish, joriy yilda “Qamchiq” dovoni orqali kamida 5 million tonna yuk tashishni ta’minlash zarur. Buning uchun Hukumat ushbu markazning konteyner bilan keladigan yuklarni qabul qilib olish, saqlash va jo‘natish quvvatini oshirish, uni Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilayotgan “MAN” avtotyagachlari bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishi kerak.

Shuningdek, hozirgi vaqtda xalqaro transport logistikasining global tarmog‘ida barqaror o‘rin egallagan “Navoiy” aeroporti bazasidagi Xalqaro logistika markazini yanada rivojlantirishni ta’minlash darkor. Joriy yilda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi mazkur aeroport operatori bo‘lmish “Korean Eyr” kompaniyasi bilan hamkorlikda havo qatnovlari geografiyasini yanada kengaytirish, aeroport infratuzilmasini takomillashtirish va hajmi tobora ortib borayotgan yuklarni tashish uchun samolyotlar sonini ko‘paytirish ishlarini davom ettirishi zarur.

Ma’lumki, biz zamonaviy kompyuter va telekommunikatsiya tizimlari hamda texnologiyalarini yanada rivojlantirishga g‘oyat muhim e’tibor qaratmoqdamiz.

2011 yilda zamonaviy keng formatli va optik texnologiyalarni joriy etish asosida telekommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish va modernizatsiya qilish, 950 kilometrdan ortiq optik tolali aloqa tarmog‘ini foydalanishga topshirish, viloyatlar markazlariga ma’lumotlar uzatishning transport tarmog‘ini kengaytirishni ta’minlash vazifasi qo‘yilmoqda.

Ko‘zda tutilgan ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobidan internetning xalqaro tarmoqlariga chiqish imkoniyatlari tezligini 4 barobar oshirish, turg‘un statsionar aloqa orqali internetdan foydalanuvchilar sonini 3 milliondan 3,5 million nafarga ko‘paytirish, keng formatli telekommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanuvchilar sonini esa ikki barobar oshirib, 100 mingtaga yetkazish lozim.

O‘quv jarayoniga keng formatli kommunikatsiya tarmoqlari va internet texnologiyalarini joriy qilish maqsadida O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligiga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda “Elektron ta’lim” milliy tarmog‘ini barpo etishni nihoyasiga yetkazish hamda 2011 yilda mamlakatimizning barcha oliy o‘quv yurtlarini, keyinchalik esa akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini yagona kompyuter axborot tarmog‘iga ulashni ta’minlash vazifasi yuklatiladi.

2015 yilgacha mamlakatimizning barcha hududlarida raqamli televideniyega o‘tishni ta’minlash bo‘yicha kompleks dasturning amalga oshirilishi biz uchun alohida ahamiyatga egadir.

Ushbu loyiha doirasida O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligiga 2011 yilda Nukus, Urganch, Andijon va Qarshi shaharlari telemarkazlarida zamonaviy raqamli uzatish uskunalarini o‘rnatish, aholini raqamli formatdagi teledasturlar translatsiyasi bilan qamrab olishni 23 foizdan 37 foizga oshirish, shuningdek, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida raqamli televideniye uchun maxsus moslamalar ishlab chiqarish quvvatini 50 ming donaga yetkazish vazifasi topshiriladi.

2011 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining mediamarkazini Yaponiya va Germaniyaning yetakchi kompaniyalarida ishlab chiqarilgan eng zamonaviy multimedia texnikasi bilan jihozlab, foydalanishga topshirishni ta’minlash zarur.

Ijtimoiy rivojlanish, birinchi navbatda, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularni jihozlash masalalari, hech shubhasiz, joriy yilda ham diqqatimiz markazida bo‘ladi.

2011 yilda Davlat budjeti barcha xarajatlarining 60 foizi ijtimoiy maqsadlar uchun yo‘naltiriladi. Bu o‘tgan yilga qaraganda sezilarli darajada ko‘pdir. Jumladan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasi uchun ana shu xarajatlarning 48 foizi yoki 2010 yilga nisbatan 1 trillion 800 milliard so‘m ko‘p mablag‘ sarflanadi.

Umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilari, shifokorlar va tibbiyot xodimlarining mehnatini rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish borasidagi ishlar davom ettiriladi. 2011 yilda ushbu toifalardagi xodimlarning ish haqi o‘rtacha kamida 25 foizga oshiriladi. Ta’lim va sog‘liqni saqlash xodimlarining ish haqini oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalash uchun budjetdan 420 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi.

Moliya vazirligi huzurida tashkil etilgan Ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasining 367 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘i hisobidan joriy yilda 336 ta ta’lim muassasasini, 65 ta bolalar musiqa va san’at maktabini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, qariyb 1500 ta kompyuter sinfini tashkil qilishni ta’minlash, shuningdek, 118 ta sport zalini qurish va jihozlash ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, Koreya Eksimbankining 30 million dollar miqdoridagi krediti hisobidan umumta’lim maktablarida yana qo‘shimcha ravishda 1,5 mingta kompyuter sinfi jihozlanadi.

Hozirgi kunda 2011-2015 yillarda Oliy o‘quv yurtlarini rivojlantirish dasturi tayyorlanmoqda va ushbu hujjat yaqin vaqt ichida qabul qilinadi. Dasturdan ko‘zlangan asosiy maqsad – oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, ularni zamonaviy o‘quv, laboratoriya va ilmiy uskunalar bilan jihozlash, pirovardida o‘quv dasturlarini takomillashtirish, tobora kuchayib borayotgan zamon talablariga javob beradigan kadrlarni tayyorlashda sifat jihatidan yangicha yondashuvlarni hayotga tatbiq etishdan iboratdir.

2011 yilda Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi, Respublika jarrohlik markazi huzuridagi kardioxirurgiya bo‘limi, Gematologiya va qon quyish institutining yangi bo‘limi kabi yirik sog‘liqni saqlash obyektlarini foydalanishga topshirish va eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash ishlari davom ettiriladi. Nukus, Andijon, Guliston va Termiz shaharlarida ko‘p tarmoqli viloyat bolalar markazlari, Qarshi, Namangan va Termiz shaharlarida ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarini, jami 6 ming 400 o‘ringa mo‘ljallangan 51 ta statsionar muassasa, bir kunda 6 ming kishini qabul qila oladigan 23 ta poliklinikani qurish va rekonstruksiya qilishni yakuniga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda budjet mablag‘laridan samarali foydalanish, ularni o‘z vaqtida o‘zlashtirish, qurilish va ta’mirlash ishlarining sifati ustidan qat’iy nazoratni ta’minlashi zarur.

Hukumat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi 2011 yilda uy-joy qurish ko‘lamini kengaytirish va qishloqlarni obodonlashtirish dasturini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratishi lozim. Bu borada 357 ta massivda kamida 7 ming 400 ta uy-joy, shuningdek, ijtimoiy va kommunal xo‘jalik obyektlarini qurish mo‘ljallanmoqda. Ushbu maqsadlar uchun 500 milliard so‘mdan ortiq mablag‘, jumladan, Davlat budjetidan 140 milliard so‘m ajratish va Osiyo taraqqiyot bankining 100 million dollardan kam bo‘lmagan imtiyozli kredit liniyalarini jalb qilish darkor.

Qadrli yurtdoshlar!

Mamlakatimizda 2011 yilning Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili, deb e’lon qilinishi barchamizning zimmamizga qanday ulkan mas’uliyat yuklashi, bu borada tayyorlanayotgan umumdavlat Dasturini hayotga tatbiq etish bizdan qancha kuch va mablag‘larni safarbar etishni talab qilishi haqida bugun gapirib o‘tirishning, o‘ylaymanki, zarurati bo‘lmasa kerak.

Biz hammamiz, mana shu zalda o‘tirganlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotning tez o‘zgarib turadigan bozor talablariga javob berishini ta’minlaydigan zamonaviy tuzilmalarini shakllantirishda, yangi ish o‘rinlarini tashkil qilishda va aholi daromadlarini oshirishda qanchalik o‘ta muhim rol o‘ynashini albatta chuqur anglaymiz.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasining mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilashning ishonchli tayanchi bo‘lgan mulkdorlar sinfini, ya’ni o‘rta sinfni shakllantirishdagi ulkan ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi.

Iqtisodiyotning ushbu sohasi yurtimizda qanday katta sur’atlar bilan rivojlanib borayotganini yuqorida qayd etib o‘tdik. Bu o‘rinda 2011 yilda mazkur sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 54 foizga yetkazish ko‘zda tutilayotganini aytishning o‘zi kifoya, deb o‘ylayman.

Shu bilan birga, erishgan muvaffaqiyatlarimizni dunyodagi taraqqiy topgan mamlakatlar tajribasi bilan taqqoslagan holda tanqidiy baholar ekanmiz, shuni tan olishimiz kerakki, O‘zbekistonda hali bu yo‘nalishda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Bu haqda gapirganda, quyidagilarni alohida ta’kidlashni istardim:

Birinchidan, mamlakatimizning barcha mintaqalarida biznesni rivojlantirish uchun yanada qulay ishchan muhit yaratish, tadbirkorlik, kichik va xususiy biznesga yanada keng erkinlik berish, byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim.

Shu munosabat bilan tadbirkorlik faoliyati muhitining qanday holatda ekani, buning uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish va bu faoliyatning amaldagi rivojlanish sur’atlari barcha darajadagi hokimlar faoliyatini baholashning asosiy mezoniga aylanishi darkor.

Bosh prokuraturaga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga har qanday noqonuniy aralashuvni iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha davlat siyosatiga qarshi qaratilgan harakat sifatida ko‘rib chiqish va huquqbuzarlarga nisbatan qonunchilikka muvofiq javobgarlik normalarini qo‘llash vazifasi topshiriladi.

Ikkinchidan, Vazirlar Mahkamasiga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tartibga soladigan qonun hujjatlarini tanqidiy tahlil qilish vazifasi topshiriladi.

Eskirgan, sun’iy ravishda o‘ylab chiqarilgan va ko‘pincha hech kimga keragi bo‘lmagan cheklov va taqiqlarni bartaraf etish, davlat va nazorat organlarining kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashuvini yanada keskin kamaytirish darkor.

Uchinchidan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning kreditlar, xomashyo resurslari, shuningdek, davlat xaridlari tizimidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish zarur.

2011 yilda Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligiga maxsus kvotalar ajratish orqali kichik biznesning davlat xaridlari tizimidan foydalanishini kengaytirish borasida alohida mexanizmni ishlab chiqish va amalda qo‘llash, kichik biznes korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni xarid qilish, ko‘rsatilayotgan ish va xizmatlarga doir davlat buyurtmalarini joylashtirish bo‘yicha ochiq elektron tizimni bosqichma-bosqich joriy etish vazifasi topshiriladi.

Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga kreditlar ajratish, birinchi navbatda, investitsiya maqsadlari uchun uzoq muddatli kreditlar ajratish mexanizmlarini yanada takomillashtirish va ularning hajmini oshirish, boshlang‘ich kapitalni shakllantirish, mikrokreditlar berish ko‘lamini kengaytirish borasidagi ishlarni davom ettirishi lozim. 2011 yilda tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotning ushbu sektoriga ajratiladigan kreditlar hajmini kamida 1,3 barobar ko‘paytirish darkor.

O‘zbekiston banklar assotsiatsiyasi tijorat banklari bilan hamkorlikda Investitsiya loyihalari bo‘yicha loyiha hujjatlari tayyorlashni moliyalashtirish jamg‘armasini tashkil qilishi zarur. Bu esa kichik biznes subyektlarining biznes rejalarini tayyorlash sarf-xarajatlarini kamaytirish, ularning sifatini oshirish va kreditlar berish muddatlarini qisqartirish imkonini yaratadi.

To‘rtinchidan, biz kichik biznesning eksport salohiyatini rivojlantirish uchun zarur tashkiliy, huquqiy, moliyaviy mexanizm va sharoitlarni tug‘dirib berishimiz kerak.

Kichik korxonalar uchun tashqi savdo operatsiyalarini rasmiylashtirishdagi ortiqcha ichki protseduralarni bartaraf etish, kichik biznes sohasi mahsulotlarini eksport qilish borasida qo‘shimcha preferensiyalar berish zarur.

Shuni tan olish kerakki, har qanday kichik korxona ham o‘z mahsulotlari bilan tashqi bozorga mustaqil ravishda chiqa olmaydi. Chunki buning uchun katta sarf-xarajatlar kerak bo‘ladi, xorijiy mamlakatlar bozorining holati va qonunchiligining o‘ziga xos xususiyatlari haqida yetarlicha axborot va bilimlarga ega bo‘lish talab etiladi.

Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi “O‘zstandart” agentligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda uch oy muddatda kichik biznes korxonalariga tashqi bozorlarda o‘z mahsulotlarini sotishga ko‘maklashadigan, marketing o‘tkazish, sertifikat va ruxsatnomalar olishni ta’minlaydigan mexanizmni yaratish uchun barcha zarur ishlarni amalga oshirishi darkor.

Aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish muammosini hal etish 2011 yil va yaqin istiqbolda mamlakatimizni muvaffaqiyatli va barqaror rivojlantirishning alohida ustuvor yo‘nalishi va hech mubolag‘asiz eng muhim shartidir.

2011 yilga mo‘ljallab qabul qilingan va mamlakatimiz Parlamenti tomonidan ma’qullangan Respublika dasturida 950 mingdan ortiq yangi ish o‘rnini asosan qishloq joylarda yaratish ko‘zda tutilgan.

Bu ish joylarining 600 mingdan ziyodini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida ochish mo‘ljallanmoqda. 73 mingdan ortiq ish o‘rni transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish natijasida tashkil etiladi. Kasanachilikni, avvalo, mehnat shartnomalari bo‘yicha korxonalar bilan kooperatsiya asosidagi kasanachilikni, shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bandlikni ta’minlashning muhim yo‘nalishi bo‘lib qoladi va bu qariyb 220 ming kishini ish bilan ta’minlash imkonini beradi.

Hukumatimizdan, joylardagi davlat hokimiyati organlari va korxonalar rahbarlaridan belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarni so‘zsiz bajarish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashtirilgan ishlarni doimiy ravishda amalga oshirishni ta’minlash talab etiladi.

2011 yilda kasb-hunar kollejlarini tamomlaydigan 450 mingdan ortiq o‘quvchini ishga joylashtirish masalasi e’tiborimiz markazida bo‘lishi darkor. Shu fursatdan foydalanib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbariyati, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimlari e’tiborini ushbu mas’uliyatli vazifa bo‘yicha ularning shaxsan javobgar ekaniga yana bir bor qaratishni istardim.

Bu borada ko‘rilayotgan barcha chora-tadbirlarga qaramasdan, quyidagi masalalar kasb-hunar kollejlari faoliyatida eng zaif bo‘g‘in bo‘lib qolmoqda:

1) 9-sinf bitiruvchilari kasb-hunar ta’limi bilan to‘laqonli qamrab olinishini nazarda tutgan holda, ularni o‘qishga qabul qilishni tegishli ravishda tartibga solish.

2) O‘qituvchilar tarkibini tayyorlash sifati va ularning malakasini oshirish masalasiga alohida ahamiyat qaratish.

3) Kasb-hunar kollejlarini tamomlab chiqayotgan bitiruvchilarni ishga joylashtirish. Bu masala ko‘p jihatdan ularni tayyorlash sifati va mehnat bozorini qanchalik chuqur o‘rganishimizga bog‘liq ekanini unutmaslik zarur.

Yuqorida zikr etilgan masalalardan tegishli xulosalar chiqarish kerak.

Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi viloyatlar, tuman va shaharlar hokimliklari bilan birgalikda har bir tuman va shahar bo‘yicha kollejlarning bitiruvchilarini o‘z mutaxassisligiga muvofiq ish bilan ta’minlash yuzasidan aniq maqsadli rejalarni tayyorlashi va ularni amalga oshirish masalasiga yanada mas’uliyat bilan yondashishi darkor.

Shu munosabat bilan muayyan korxona va ish beruvchilarni turdosh kollejlarga biriktirish tajribasini, doimiy amal qiladigan “korxona – kollej” hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash lozim.

Shu bugundan e’tiboran bo‘lajak har bir bitiruvchining ish joyini oldindan belgilashga kirishish, kollej o‘quvchilarining amaliyotni bo‘lg‘usi ish joyida o‘tashini tashkil etish, boshqacha aytganda, ularning aniq bir ish joyiga biriktirib qo‘yilishini ta’minlash zarur.

Aziz vatandoshlar!

Biz bugun o‘tgan davrda amalga oshirgan ishlarimizni sarhisob qildik va 2011 yilda mamlakatimizni iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldik.

Shu asosda iqtisodiyotimizni rivojlantirish va isloh qilishni chuqurlashtirishda yaqin kelgusida butun e’tiborimiz, resurs va imkoniyatlarimizni qaratishimiz lozim bo‘lgan hal qiluvchi strategik muhim yo‘nalishlarni aniqlab oldik.

2011 yilga mo‘ljallangan dasturiy vazifalarni amalga oshirish, birinchi navbatda, har birimiz o‘z ishimizni qanday tashkil etishimiz, oldimizga qo‘ygan ulkan maqsadlarga erishish uchun kuch va imkoniyatlarimizni, bilim va tajribamizni qanchalik samarali safarbar eta olishimizga bog‘liq ekani haqida bugun ortiqcha gapirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman.

2011 yilda barchangizga chin dildan yangi yutuq va muvaffaqiyatlar, baxt va omadlar tilashga ruxsat bergaysiz.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati