PREZIDENT ISLOM KARIMOVNING O‘ZBEKISTON BOLALAR SPORTINI RIVOJLANTIRISH JAMG‘ARMASI HOMIYLIK KENGASHINING MAJLISIDAGI MA’RUZASI
16.03.2013

Hurmatli Homiylik kengashi a’zolari va majlis qatnashchilari!

Bugungi yig‘ilishimiz kun tartibiga kiritilgan masalalarni ko‘rib chiqishdan oldin mamlakatimizda 2002-yil oktabr oyida O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan tashkil etilgan Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining ish boshlaganiga 10-yil to‘lganini eslatib o‘tishni istardim.

Shu munosabat bilan Jamg‘armaning ana shu o‘tgan davrdagi faoliyati natijalarini qisqacha sarhisob qilsak, ayni muddao bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Shu borada barchamiz uchun ezgu maqsadimizga aylanib qolgan vazifa – ya’ni “Sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash – kelajagi buyuk davlat poydevorini qurish, dunyoda o‘zimizga yuksak obro‘ egallash demakdir” degan shiorni eslashimiz o‘rinli bo‘ladi.

Boshqacha qilib aytganda, Jamg‘armani tashkil etishda biz sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirish, sog‘lom hayot tarzini keng qaror toptirish, yosh naslimizni turli salbiy ta’sirlardan asrash, bolalar sportini tom ma’noda ommaviy, umumxalq harakatiga aylantirishdek olijanob maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yganimizni yana bir bor ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Chunki, hech kimga sir emas, har qaysi ota-onaning orzusi bo‘lgan, ya’ni o‘z farzandlarining jismoniy, intellektual va ma’naviy jihatdan yetuk bo‘lib, hayotda munosib o‘rin egallashini eng ustuvor, eng oliy maqsad, deb bilgan mamlakat va xalqgina yuksak taraqqiyotga erisha oladi.

Muxtasar aytganda, biz bolalar sportini ta’lim-tarbiya jarayoni bilan mutanosib ravishda izchil rivojlantirishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik va bu yo‘lda keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirib kelmoqdamiz.

Jamg‘arma faoliyatida asosiy e’tibor bolalar sportini, birinchi navbatda, qishloq joylarda rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini shakllantirish,umumta’lim maktablarida zamonaviy bolalar sport komplekslari tarmog‘ini barpo etish, ularni zamonaviy sport uskuna va inventarlari bilan jihozlash, shuningdek, bu inshootlardan samarali foydalanishga ko‘maklashish masalalariga qaratilgani har jihatdan to‘g‘ri bo‘lganini bugun hayotning o‘zi tasdiqlab bermoqda.

O‘tgan oxirgi 10-yil davomida Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1113 ta bolalar sporti ob’ekti, jumladan, 252 ta yangi sport kompleksi, 861 ta sport zali barpo etilgani, bularning 84 foizi qishloq joylarda qurilganini ta’kidlash lozim.

Bundan tashqari, faoliyat ko‘rsatayotgan 262 ta sport inshooti rekonstruksiya qilindi va kapital ta’mirlandi. Bu maqsadlar uchun 570 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Birgina o‘tgan yilda 92 ta bolalar sporti ob’ekti va 16 ta suzish havzasi qurildi va rekonstruksiya qilindi.

Aytish joizki, yuqorida keltirilgan raqamlar faqatgina Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan ishlarni ifoda etadi.

Mamlakatimiz bo‘yicha umuman bugun mavjud bo‘lgan sport ob’ektlari haqida gapirganda quyidagi ko‘rsatkichlarni e’tiborga olish zarur.

Bugungi kunda umumta’lim maktablarining soni 9600 tani tashkil etadigan bo‘lsa, ularning 81 foizi yangitdan qurilgan va rekonstruksiya qilingan sport zallariga ega.

1549 ta kollej va litseylar zamonaviy jihozlangan sport zallari bilan 100 foiz ta’minlangan.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, foydalanishga topshirilgan yangi sport inshootlarining barchasi O‘zbekiston davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan maxsus ishlab chiqilgan zamonaviy namunali loyihalar asosida barpo etildi va jihozlandi.

Bolalar sporti ob’ektlari, avvalambor, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan anjomlar bilan jihozlandi va qayta jihozlanmoqda. Bugungi kunda 120 turdagi sport inventarlari va uskunalarining 114 tasi mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilayotgani o‘tgan davrda bu borada ham jiddiy qadamlar qo‘yilganidan dalolat beradi.

Ayni vaqtda sport ob’ektlaridan to‘la va samarali foydalanish unib-o‘sib kelayotgan farzandlarimiz, ayniqsa, qizlarimizning sportga bo‘lgan qiziqish va intilishini orttirish yo‘lida muhim o‘rin tutadi.

Hozirgi paytda yangitdan bunyod etilgan bolalar sporti ob’ektlarida faoliyat ko‘rsatayotgan 57,5 mingdan ortiq sport seksiyalarida 1 million 800 ming nafardan ziyod bola sport bilan shug‘ullanayotgani va buning natijasida har qaysi sport inshootining kundalik o‘rtacha bandlik darajasi 9,2 soatga yetgani, hech shubhasiz, faoliyatimizning eng muhim samarasi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Biz uchun yana bir muhim masala – bu qizlarimizni yoshligidan sportga jalb etish, qiziqtirish bilan bog‘liq bo‘lib kelmoqda. Ertaga ona bo‘ladigan, yangi insonni dunyoga keltiradigan, oila va jamiyat tayanchi bo‘ladigan qizlarimizni yoshlikdan sport bilan oshno etish masalasiga yanada jiddiy e’tibor berishimiz, bu borada eskidan qolgan qarashlarga butunlay chek qo‘yishimiz zarur.

Turli, biz uchun ko‘p jihatdan yangi sport turlarini o‘zlashtirish va hayotga tatbiq etish maqsadida amalga oshirgan ishlarimiz misolida suv sportini rivojlantirishga oid masalalarga to‘xtalib o‘tmoqchiman.

O‘tgan besh yilda mamlakatimizning barcha viloyatlarida namunaviy loyihalar asosida hajmi 25 metrga 12 metr bo‘lgan 14 ta yangi, zamonaviy yopiq suzish havzasi barpo etildi, 13 ta suzish havzasi qaytadan qurildi, 83 tasi kapital ta’mirlandi. Shu davrda 110 ta suzish havzasi foydalanishga topshirildi, ularning umumiy soni bugungi kunda yurtimiz bo‘yicha 203 taga yetdi.

Yaratilgan bunday keng imkoniyatlar bolalarning suv sporti turlari – suzish, sinxron suzish, suvga sakrash, vaterpol bilan ommaviy ravishda shug‘ullanishi uchun xizmat qilmoqda.

Hozirgi vaqtda 13 ming nafardan ortiq o‘g‘il-qizlarimiz mamlakatimizda ayni shu sport turlari bilan muntazam ravishda shug‘ullanayotgani alohida e’tiborga sazovor.

Ana shunday sa’y-harakatlarimiz natijasida so‘nggi yillarda O‘zbekiston sportchilari suv sporti turlari bo‘yicha ko‘plab xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishmoqda.

2012-yili Germaniyada bo‘lib o‘tgan suzish bo‘yicha xalqaro musobaqada mamlakatimiz terma jamoasi 9 ta oltin, 9 ta kumush va 6 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Ana shu bellashuvlarda juda faol ishtirok etgan 12 yashar Amirbek Usmonov dunyoning manaman degan davlatlaridan kelgan tengdoshlarini ortda qoldirib, 5 ta oltin va bitta kumush medalni qo‘lga kiritgani, hech shubhasiz, barchamizga chuqur mamnuniyat bag‘ishladi. Avstriya mamlakatida o‘smirlar o‘rtasida suzish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirda ham Amirbek besh marta oltin medal sohibi bo‘ldi.

O‘zimizga bir faraz qilaylik, ilgari yoshlarimiz suv sporti bo‘yicha bunday katta yutuqlarga erisha olarmidi? Xolisona tan olib aytadigan bo‘lsak, bunday yutuq va g‘alabalar ilgari tushimizga ham kirmas edi. Bunday hayotni faqat orzu qilishimiz mumkin edi, xolos.

Eng quvonarlisi, ko‘pchilikni hayratda qoldirayotgan bunday yosh chempionlar qizlarimiz orasidan ham ko‘plab yetishib chiqmoqda. Misol uchun, Malayziyada o‘tkazilgan sinxron suzish musobaqalarida sportchi qizlarimiz 4 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritishdi. Namangan viloyatining o‘smirlar va qizlar jamoalari esa vaterpol bo‘yicha Malayziyada bo‘lib o‘tgan xalqaro bellashuvda birinchi o‘rinlarni egallashdi.

Bugun nafaqat Namangan, balki butun O‘zbekistonimiz bu qizlarga har qancha olqishlar aytsa arziydi. Chunki bir paytlar, Namanganda qizlar, ayollar ijtimoiy faol emas, degan gaplar ham bo‘lgan edi. Shu ma’noda, sportchi qizlarimiz bugun erishgan bunday yuksak marralar albatta barchamizni xursand qiladi.

Ma’lumki, sport olamidagi har qanday yutuq o‘z-o‘zidan kelmaydi. Sport maydonlarida erishiladigan yutuqlar – avvalo shu yo‘lda tinimsiz intilib, kurashib yashaydigan insonning yutug‘i, ayni vaqtda shu insonni tarbiyalab voyaga yetkazgan jamiyatning yutug‘idir.

Men ishonaman – bugun butunlay yangicha sharoitlarda o‘sib, kamol topayotgan bizning bolalarimiz, qizlarimiz bundan ham katta yutuqlarni qo‘lga kiritishga albatta qodir. Shuning uchun ham bunday iste’dodli, navqiron farzandlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz, ularning salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishimiz kerak.

Mamlakatimizda katta tennis va stol tennisi, badiiy va sport gimnastikasi, suzish, yengil atletika, basketbol, gandbol, voleybol, futbol, dzyudo, kurash va dunyo bo‘ylab keng tarqalgan boshqa sport turlari jadal rivojlanib, tobora ommaviylashib bormoqda.

Ayni paytda, yuqorida aytilganidek, yurtimizda 1 million 800 ming nafardan ortiq bola 30 dan ziyod sport turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Bu raqam, 2003-yilga nisbatan olganda, 1,4 barobar ko‘pdir. Shu davrda maktab o‘quvchilarini jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlariga jalb etish 20,4 foizdan 40,5 foizga, jumladan, qizlar o‘rtasida 16,4 foizdan 32,5 foizga o‘sgani albatta hammamizni quvontiradi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, o‘tgan yillar davomida qishloq joylarda bolalar sportini rivojlantirish bilan bog‘liq ishlar tubdan yaxshilandi.

Holbuki, yaqin-yaqingacha ham qishloqlarda bolalar sporti qanday qoniqarsiz ahvolda bo‘lib kelgani haqida ortiqcha gapirib o‘tirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman.

Agarki raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, so‘nggi o‘n yilda qishloq joylarda bolalarning sport bilan shug‘ullanishi 14,5 foizdan 39 foizga o‘sganini ko‘rish mumkin. Bugungi kunda qishloqlarda sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanadigan bolalarimiz soni 2003-yilga nisbatan ikki barobar ko‘pdir.

Hech ikkilanmasdan aytish mumkinki, o‘tgan yillar mobaynida qizlarni sportga jalb qilish borasida ulkan natijalarga erishildi. 2012-yilda mamlakatimizda sport bilan shug‘ullanayotgan qizlar soni, 2003-yil bilan solishtirganda, 1,6 barobar, jumladan, qishloq joylarda 1,3 barobar o‘sdi.

Sportning badiiy gimnastika, suzish, sinxron suzish, tennis va boshqa turlari bilan shug‘ullanayotgan qizlar safi sezilarli darajada kengayganini mamnuniyat bilan qayd etish lozim.

Misollarga murojaat qiladigan bo‘lsak, badiiy gimnastika bo‘yicha joylarda hududiy federatsiyalar va markazlarning tashkil etilgani natijasida sportning salomatlik uchun har tomonlama foydali bo‘lgan ushbu nafis turi bilan muntazam shug‘ullanayotgan qizlar soni keskin oshganini ko‘ramiz.

E’tibor beringlar, agar 2003-yilda bor-yo‘g‘i 1700 nafar qiz bola badiiy gimnastika bilan shug‘ullangan bo‘lsa, 2012-yilda ularning soni 36 mingtaga yetdi.

Eng muhimi, qizlarimizning sport bilan shug‘ullanishi ularning nafaqat salomatligida, ayni paytda qaddi-qomati to‘g‘ri shakllanishida, yurish-turishida naqadar muhim ahamiyat kasb etayotganini bugun ota-onalarning o‘zlari quvonch bilan ta’kidlashmoqda.

Bolalarning sport bilan shug‘ullanishga qiziqishini yanada oshirish maqsadida mamlakatimiz hududlarida sportning ko‘plab turlari bo‘yicha musobaqalar, sport festivallari, o‘rtoqlik uchrashuvlari va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari muntazam ravishda o‘tkazilmoqda.

Misol uchun, 2003-2012-yillarda 23 mingta sport tadbiri o‘tkazilgan bo‘lsa, ularning qariyb 17 mingtasi qishloq joylarda tashkil etilganini aytish lozim. Ana shu tadbirlarda 10,5 milliondan ortiq bola, jumladan, qishloq joylarda yashaydigan 7,6 million nafar o‘g‘il-qizlarimiz ishtirok etdi.

Shuni alohida aytish kerakki, yurtimizda an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan, Olimpiya harakati tamoyillariga to‘liq mos keladigan uch bosqichli sport o‘yinlari – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari mamlakatimiz terma jamoalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Aziz do‘stlar, sportni, birinchi navbatda, bolalar sportini rivojlantirish borasidagi ishlarning muvaffaqiyati ushbu sohaga yuqori malakali o‘qituvchi va murabbiy kadrlarni keng jalb etish bilan bog‘liq ekani hech kimga sir emas.

Shu maqsadda o‘tgan yillar davomida bolalar sporti ob’ektlarini murabbiy kadrlar, ayniqsa, ayol sport ustozlari bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘pgina ishlar amalga oshirilgani sizlarga yaxshi ma’lum, albatta.

Avvalo, murabbiylar mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha yurtimizda yangi, samarali tizim joriy etilgani bugungi kunda o‘zining amaliy natijasini bermoqda. Bu borada 2012-yilda murabbiy-o‘qituvchilar soni 2003-yilga nisbatan 1,7 barobar ko‘paygani, jumladan, ayol sport ustozlarining soni 5 barobar oshganini qayd etish lozim.

Shu bilan birga, murabbiy-o‘qituvchi kadrlar tarkibi ham sifat jihatidan o‘zgarganini, ya’ni ularning qariyb yarmi bugungi kunda o‘z sohasi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega ekanini ta’kidlash joiz.

Yosh sportchilarimizning xalqaro, qit’a va mintaqa miqyosidagi musobaqalarda qo‘lga kiritgan g‘alabalari bolalar sportini rivojlantirish borasida erishgan yutuqlarimizning yaqqol tasdig‘i bo‘lmoqda.

Bu haqda so‘z yuritganda, 2005-2012-yillar mobaynida Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qariyb 4 ming nafar bola 333 ta xalqaro sport tadbirida, turli festival va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etganini aytib o‘tish o‘rinlidir. Ana shu musobaqalarda qatnashganlarning asosiy qismi – qariyb 2400 nafari qishloq joylarda yashayotgan o‘g‘il-qizlarimizdir.

Biz barpo etgan sport ob’ektlarida sportchi sifatida shakllanib, kamolga yetgan bu yoshlar dunyoning 34 tadan ortiq mamlakatida bo‘lib, sportning 30 turi bo‘yicha Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgani haqida har qancha g‘ururlanib gapirsak arziydi, albatta.

Ana shunday yosh sportchilarimiz o‘tgan davrda o‘z mahorati, azmu shijoatini namoyon etib, 922 ta medalni, jumladan, 363 ta oltin, 282 ta kumush va 277 ta bronza medalni qo‘lga kiritgani alohida tahsinga sazovordir. Birgina 2012-yilning o‘zida sportchi yigit-qizlarimiz 204 ta medal sohibi bo‘ldilar. Ularning 81 tasi oltin, 61 tasi kumush va 62 tasi bronza medalidir.

Ayniqsa, o‘smir yoshdagi shaxmatchilarimizning o‘tgan yili erishgan katta g‘alabalari milliy sportimiz tarixida tom ma’noda yorqin iz qoldiradigan voqea bo‘ldi.

Bunday misollarni davom ettiradigan bo‘lsak, 2012-yilda to‘qqiz yashar jajjigina shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov Sloveniyaning Maribore shahrida tezkor shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan, dunyoning – shunga e’tibor bering – 126 mamlakatidan qariyb 2600 nafar sportchi ishtirok etgan jahon chempionatida g‘olib chiqqani, yosh sportchimiz Nafisa Mo‘minova esa O‘zbekiston xotin-qiz shaxmatchilari orasida birinchi bo‘lib Xalqaro shaxmat federatsiyasi – FIDEning xalqaro grossmeyster, degan yuksak unvoniga sazovor bo‘lganini alohida ta’kidlash lozim.

Shu bilan birga, mohir suzuvchi qizlarimiz Shohida Zohidova, Sevara Boboqulova va Gulsanam Yo‘ldosheva sinxron suzish bo‘yicha Indoneziyada bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatining kumush medallarini qo‘lga kiritgani ham milliy sportimiz shuhratini oshirish yo‘lidagi jiddiy qadam bo‘ldi.

O‘zingiz o‘ylang, mana shu uch nafar qizimiz, o‘zbek qizlari sportning eng murakkab turi bo‘lgan sinxron suzish bo‘yicha Osiyo qit’asida kumush medalga sazovor bo‘lgani, haqiqatan ham, juda katta voqea. Ilgari yurtimiz qizlarining shu borada bunday muvaffaqiyatli qatnashganlarini eslay olmaymiz. Bu yutuq, avvalambor, o‘zbek oilalaridagi madaniy muhit, kerak bo‘lsa, ma’naviy saviya qanday o‘zgarib, dunyoqarashimiz, ongu tafakkurimiz qanday yuksalib borayotganining isboti emasmi?

Aytish kerakki, bu uch nafar qiz Indoneziyada medal olibdi, degan shunchaki oddiy gap emas. Bu yutuqning mohiyati va ahamiyatini anglab, chuqur mulohaza yuritadigan bo‘lsak, shu misolning o‘zi ham odamlarimiz, jamiyatimizning hayot tarzi, dunyoqarashi tubdan o‘zgarib borayotganini namoyon etmaydimi? Bu o‘z navbatida hayotimizda zamon bilan hamqadam bo‘lib yashashga intilishning kuchayib, demokratik qadriyatlar, avvalo, oilaviy demokratiyaning rivojlanib borayotganining tasdig‘i emasmi?

Shuning uchun ham chetdan turib bizga aql o‘rgatadigan, O‘zbekiston haqida quruq safsata sotadigan ba’zi kimsalarning gaplari tagi puch da’volardan boshqa narsa emas.

Ishonchim komilki, mana shunday yutuqlarimizning barcha soha va tarmoqlarda yanada ko‘payib borishi tirnoq tagidan kir qidiradigan bunday kimsalarga eng o‘tkir javob bo‘ladi.

Men sport sohasida shunday marralarni qo‘lga kiritayotgan bolalarimizni bugungi kunda mamlakatimizda katta kuch bo‘lib maydonga chiqayotgan millionlab O‘zbekiston yoshlarining munosib vakillari, deb bilaman. Aynan ana shunday azmu shijoatli o‘g‘il-qizlarimiz o‘z yutuqlari misolida boshqa ming-minglab tengdoshlariga ibrat bo‘ladi, kerak bo‘lsa, ularni ham katta maqsadlar yo‘lida ruhlantiradi. Bu esa o‘zbek xalqi bugungi kunda dunyoda tobora keskinlashib borayotgan raqobat sharoitida hech qachon hech kimdan kam bo‘lmaydi, degan haqiqatni yana va yana bir bor amalda tasdiqlab beradi. Agarki balandparvoz gaplarni bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib aytadigan bo‘lsak, bunday bolalar biz orzu qilgan sog‘lom va barkamol avlod timsoli, ertangi kunimiz uchun namuna bo‘ladigan yoshlardir.

Biz albatta Xorazmiy, Farg‘oniy, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi buyuk ajdodlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Ayni vaqtda mana shunday yoshlarimizning yutuqlarini ko‘rib, bugun bizning davrimiz keldi, O‘zbekistonning zamoni keldi, dunyo bizni tan olyapti, degan yuksak g‘urur-iftixor tuyg‘usi, katta ishonch bilan yashashimiz tabiiydir.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, har qaysi viloyat yoki tuman rahbari, har qaysi yetakchi va mutasaddi shaxs bolalar sportini rivojlantirish masalasiga g‘oyat jiddiy e’tibor qaratishi zarur. Qayerda, qaysi sohada bo‘lmasin – bu ilm-fan, madaniyat, adabiyot va san’at, sport sohasi bo‘ladimi, agarki yilt etgan iste’dod paydo bo‘lsa, bunday bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali ularni avvalo Vatanimiz, xalqimiz qo‘llab-quvvatlayotganini jamoatchiligimizga, yoshlarimizga yetkazishimiz, anglatishimiz kerak. Ayniqsa, ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlarimiz bunday muhim mavzularni yoritishda yanada faollik ko‘rsatishlarini istardim.

Shu o‘rinda alohida aytish joizki, sportda erishgan yuksak natijalari uchun sinxron suzish bo‘yicha Shohida Zohidova va aykido bo‘yicha Osiyo chempioni surxondaryolik Sarvinoz Shaydullayeva Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Yaqinda Toshkentda Xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zga chiqqan S.Shaydullayevaning fikrlariga e’tibor beradigan bo‘lsak, uning qanday ishonch bilan, o‘z yurti haqida faxr bilan gapirgani barchamizni mamnun etadi. Men bilmadim, bunday qizlarga har tomonlama munosib kuyov bo‘lish, ularning mehrini, muhabbatini qozonish uchun endi yigitlarimiz qanday marralarni zabt etishi kerak bo‘lar ekan?..

Eshkak eshish sporti bo‘yicha ham farzandlarimiz xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishmoqda. Fransiyada o‘tkazilgan baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha 17-xalqaro musobaqada terma jamoamiz 5 ta medalni qo‘lga kiritdi. Jumladan, toshkentlik Artur Nurgaliyev va Sergey Buxalsev 2 ta oltin medalga sazovor bo‘lishdi.

Shular qatorida Dilshod Choriyev va Ramziddin Saidov dzyudo bo‘yicha Osiyo chempionatida oltin medallarni qo‘lga kiritishdi.

O‘zbekistonning 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar terma jamoasi futbol bo‘yicha Osiyo chempionatining final uchrashuvida Yaponiya terma jamoasi ustidan g‘alaba qozonib, Osiyo chempioni degan unvonga sazovor bo‘ldi.

Albatta, bu yutuqlar yosh sportchilarimiz tomonidan xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritilgan g‘alabalarning faqatgina bir qismi ekanini barchamiz yaxshi tushunamiz.

Eng muhimi, farzandlarimiz jahon sport maydonlarida erishayotgan bunday yutuq va natijalar mamlakatimizda bolalar sportini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish borasida izchillik bilan olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarimiz yuksak samara berayotganining yaqqol isboti sifatida barchamizga katta kuch-g‘ayrat va ishonch bag‘ishlaydi.

Shu borada yana bir haqiqatni hammamiz yaxshi anglaymiz. Ya’ni, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishning eng muhim natijalari xalqaro, mintaqa va mamlakat miqyosidagi musobaqalarda yuqori natijalarga erishish bilan birga, eng avvalo, yurtimizda bolalar salomatligini mustahkamlash, ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom yosh avlodni voyaga yetkazishda namoyon bo‘lmoqda.

2003-2012-yillarda o‘tkazilgan tadqiqotlar va har yili o‘tkaziladigan maktab yoshidagi bolalarning profilaktik ko‘rik natijalari shundan dalolat bermoqdaki, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanish bolalarning jismoniy rivojlanishi va salomatligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Bu fikrning amaliy tasdig‘i sifatida o‘tgan davrda o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkir respirator virusli infeksiyalar, pnevmoniya, bronxit, skolioz bilan kasallanish holatlari sezilarli darajada kamayganini, mamlakatimizning barcha hududlarida bolalar salomatligi yaxshilanishi kuzatilayotganini ta’kidlash mumkin.

Yana bir muhim natija shundan iboratki, so‘nggi o‘n yilda 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘rtacha vazn ko‘rsatkichi 43 kilogrammdan 47 kilogrammga, qizlar o‘rtasida esa 44 kilogrammdan 48 kilogrammga ortgani kuzatilmoqda.

Bolalarning bo‘yi esa o‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘rtacha 3 santimetrga, qiz bolalar o‘rtasida esa 2,9 santimetrga o‘sgani aniqlangan. Ta’kidlash joizki, hozirgi vaqtda 92 foiz o‘g‘il-qizlarimizning vazni va bo‘yiga doir ko‘rsatkichlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga to‘la mos keladi va o‘ylaymanki, bu barchamizga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Shu o‘rinda yana bir faktga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Agar 2003-yilda harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan yigitlar yurtimizda 67,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2012-yilda bu ko‘rsatkich 82,5 foizga yetgan.

Aytish kerakki, bu ko‘rsatkichlar shunchaki oddiy raqamlar emas. Ularning zamirida bizning mustaqillik yillarida yurtimizda dunyoda hech kimdan kam bo‘lmaydigan sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish borasida qilayotgan qancha-qancha mehnatlarimiz, shu borada erishayotgan ulkan yutuqlarimiz mujassamdir.

Ayni vaqtda bu raqamlar sport bilan muntazam shug‘ullanish o‘sib kelayotgan yosh avlodning salomatligi va jismoniy rivojlanishiga naqadar katta ta’sir ko‘rsatayotganining yana bir yorqin dalilidir.

Takror va takror aytishga to‘g‘ri keladi: bolalar va yoshlarning sport bilan ommaviy ravishda shug‘ullanishi ularning xarakterini toblaydi, kuchli, mard va jasur bo‘lib kamol topishiga xizmat qiladi, qat’iyatli, hayot sinovlari va qiyinchiliklarini mardona yengib o‘tishga qodir insonlar etib tarbiyalaydi. Sport bilan muntazam shug‘ullanish farzandlarimizning fe’l-atvori va turmush tarzini ijobiy tomonga o‘zgartiradi.

Bu so‘zlarning ma’nosi shuki, bugungi kunda tobora hal qiluvchi kuchga aylanib borayotgan, ertaga bizning o‘rnimizni bosadigan yoshlarimizga sport mana shunday noyob fazilatlarni baxsh etar ekan, biz bolalarimizni sport bilan oshno etish uchun albatta bor kuch va imkoniyatlarimizni yanada ko‘proq ishga solishimiz, bu borada hech narsani ayamasligimiz kerak.

Muxtasar aytganda, sport mamlakatimizda barkamol avlodni tarbiyalashning eng muhim vositasi bo‘lib kelmoqda va kelajakda ham shunday bo‘lib qolishi muqarrar. Chunki sport – sog‘lom avlod, sog‘lom kelajak degani. Binobarin, faqat sog‘lom xalq, sog‘lom millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi.

Bugun o‘tgan 10-yil davomida amalga oshirgan ishlarimizni qisqacha sarhisob qilar ekanmiz, mana shu imkoniyatdan foydalanib, korxona va tashkilotlar, kompaniya va firmalar rahbarlari va jamoalariga, xususiy tadbirkorlarga, o‘zining moliyaviy hissasi va shaxsiy ishtiroki bilan O‘zbekistonda bolalar sportini rivojlantirishdek ezgu ishga salmoqli hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorlik bildirmoqchiman.

Mamlakatimizdagi chet el biznesi vakillariga Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatidagi ishtiroki, o‘sib kelayotgan yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash borasidagi xayrli ishlari uchun alohida tashakkurimizni izhor etamiz.

Bundan o‘n yil oldin boshlagan ishlarimiz ana shunday keng qo‘llab-quvvatlangani tufayli O‘zbekistonda bolalar sportini rivojlantirish qisqa muddatda tom ma’noda umummilliy harakatga aylandi, deb aytishga, o‘ylaymanki, bugun barcha asoslarimiz bor.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, mamlakatimizda o‘tgan yillar mobaynida bolalar sporti ob’ektlarini barpo etish, ularni yuksak malakali kadrlar bilan ta’minlash hamda ana shu imkoniyatlar asosida samarali ish olib borish bo‘yicha katta tajriba to‘plandi, boshqacha aytganda, yaxlit tizim yaratildi.

Shu ma’noda, bolalar sporti yurtimizda nafaqat katta ijtimoiy, umummilliy harakatga aylandi, balki O‘zbekistonimizning har tomonlama taraqqiyotga erishishi, rivojlangan zamonaviy demokratik mamlakatlar qatoridan munosib o‘rin olishi yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda, desak, o‘ylaymanki, ayni haqiqat bo‘ladi.

Endigi asosiy vazifamiz – bu boradagi ishlarni jahon andozalariga mos ravishda izchil davom ettirib, yangi, yuksak bosqichga ko‘tarishdan iboratdir.

Shu yo‘lda barchangizga sihat-salomatlik, yangi-yangi yutuqlar tilayman.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 16.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati