VATANGA QASAMYOD, MARDLIK VA JASORAT MADHIYASI
12.01.2010

Prezident Islom Karimovning Toshkent shahrida barpo etilgan “Vatanga qasamyod” haykalining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi so‘zi.

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!

Hurmatli Vatan himoyachilari!

Muhtaram faxriylar!

Shu kunlarda xalqimiz, jamoatchiligimiz mamlakatimiz hayotidagi eng qadrli, eng qutlug‘ bayramlar qatoridan o‘rin olgan Vatan himoyachilari kunini keng nishonlamoqda.

Shu munosabat bilan xalqimiz o‘z hayotini Vatan himoyasiga, uning chegaralari daxlsizligini ta’minlashga bag‘ishlagan, el-yurt tinchligi va osoyishtaligining posboni bo‘lmish jasur o‘g‘lonlariga o‘zining chuqur hurmati va samimiy mehr-muhabbatini yana va yana izhor etmoqda.

Aziz do‘stlar!

Bugun Vatanimizning mustaqilligini, yurtimiz barqarorligi va xavfsizligini himoyalash, aholimizning tinch va osuda hayotiga qarshi qaratilgan har qanday tajovuz va g‘arazli urinishlarning oldini olish va bartaraf etishda – bunday o‘ta muhim va mas’uliyatli vazifalarni ado etishda milliy Qurolli Kuchlarimizning o‘rni va ahamiyati, hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydigan hissasi haqida ko‘p gapirish mumkin.

Haqiqatan ham, o‘tgan qisqa davr mobaynida O‘zbekistonda bugungi kun talablariga javob beradigan tezkor va ixcham, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlangan, jangovar qobiliyat va tayyorgarlikka ega bo‘lgan, bir so‘z bilan aytganda, har qanday yovuz kuchga munosib zarba berishga qodir bo‘lgan armiyani barpo etganimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.

Shu borada amalga oshirgan ulkan ishlarimizni tan olgan holda, bugun zamonning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan talablarni inobatga olib, Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyati va harakatchanligini kuchaytirish, uni zamonaviy qurol-aslaha bilan ta’minlash, harbiylarimizning professional malakasi va tayyorgarligini oshirish, ularni va ularning oila a’zolarining sotsial ehtiyojlarini munosib qondirish, harbiy xizmatni amalda shon-sharaf ishiga aylantirish, muxtasar aytganda, armiyamizning qiyofasini tubdan o‘zgartirish albatta bizdan hali katta e’tibor va kuch-imkoniyatlarni safarbar etishni talab qiladi.

Mana shunday hech kechiktirib bo‘lmaydigan va doimiy e’tiborimizda turishi shart bo‘lgan vazifalarimiz qatorida men bir masalaga alohida urg‘u berib, uning ahamiyati va ma’nosi haqida to‘xtalib o‘tishni o‘rinli deb bilaman.

O‘ylaymanki, bugun hammamizga ayon bo‘lishi kerak – armiyamizning kuchiga kuch qo‘shadigan, vaqti kelganda, hal qiluvchi omilga aylanadigan qudratli bir vosita borki, uning nomi – harbiylarimizning ma’naviy-ruhiy tayyorgarligi, ularning baquvvat iroda, faol hayotiy pozitsiyaga ega bo‘lishi, eng muhimi, kim uchun va nima uchun harbiy burchini ado etayotganini chuqur anglashi va tushunishi demakdir.

Darhaqiqat, Sohibqiron Amir Temur bobomiz aytganidek, “Bilagi zo‘r – birni yiqar, bilimi zo‘r, ongi baland – mingni”.

Shu buyuk hikmatga tayangan holda, ona yurtga, ona zaminga sadoqat bilan, kimning avlodi ekanini xayolidan chiqarmasdan, hayotda aniq maqsad va e’tiqod bilan yashaydigan harbiy inson Qurolli Kuchlarimizning eng ishonchli tayanchi va suyanchi, eng katta boyligi desak, hech qanday xato bo‘lmaydi.

Chindan ham, o‘zining mustahkam irodasi, Vatanga sadoqati bilan haqiqiy qahramonlikka tayyor bo‘lgan xarbiy o‘g‘lonlarni men o‘z farzandlarim, o‘z bolalarim, deb bilaman va ular uchun butun borlig‘imni berishga tayyorman.

Bugun biz Vatan himoyachilari bayrami arafasida ham tarixiy, ham ma’naviy, ham siyosiy nuqtai nazardan katta ahamiyatga ega bo‘lgan muhim bir voqea – ya’ni, Qurolli Kuchlarimiz sharafiga bunyod etilgan muhtasham haykalning ochilish marosimiga to‘planib turibmiz.

Aytish kerakki, yosh avlodimizni milliy g‘oya ruhida, mardlik va matonat ruhida tarbiyalashda ular uchun ma’naviy ibrat bo‘lib xizmat qiladigan bunday ta’sirchan badiiy timsollarning o‘rni va ahamiyati beqiyos, albatta.

Lekin, shuni ochiq tan olishimiz darkor, Qurolli Kuchlarimizda xizmat qilayotgan harbiylarimiz, avvalo, armiya safida mashaqqatli sinov va tarbiya maktabini o‘tayotgan yoshlarimizning ma’naviy olamini yuksaltiradigan va ruhan toblantiradigan bunday timsollarni yaratish masalasiga yetarlicha e’tibor bermayapmiz.

Agarki bugun ko‘z o‘ngimizda qad rostlagan mana shu muazzam monumentni uzoq yillar uning o‘rnida turgan, eski tizim mafkurasini ifoda etadigan, qiyofasi sovuq haykal bilan qiyoslaydigan bo‘lsak, o‘ylaymanki, ortiqcha gapirishga hojat qolmaydi.

Bugun ochilayotgan, chuqur ichki ma’noga ega, ko‘zimizga qadrdon bo‘lib ko‘rinadigan bu salobatli haykalning siymosiga nazar tashlar ekanmiz, avvalo, el-yurtimizning sodiq farzandi, yoshlarimizning ham ma’nan, ham jismonan yetuk va mard timsolini yaqqol ko‘rishimiz, yurak-yurakdan his qilishimiz tabiiydir.

Ma’lumki, oriyatni, g‘urur va sadoqatni hamma narsadan ustun qo‘yadigan bizning xalqimiz uchun harbiy qasamyod – bu shunchaki rasmiy tadbir emas, balki yigitlik sha’ni, oru nomusini o‘rtaga qo‘yib, o‘z zimmasidagi mas’uliyatli va sharafli burchni ado etishga bel bog‘lab, ahdu paymon qilish marosimidir.

E’tibor bersangiz, bu muhtasham badiiy majmuada tasvirlangan xalqimizning munosib o‘g‘loni davlatimizning betakror timsoli bo‘lmish bayrog‘imizni ko‘ziga to‘tiyo qilib, Vatan himoyasi uchun, ota-bobolarimiz xoki yotgan qutlug‘ zaminning har qarich tuprog‘ini asrash uchun tayyorman, deb tiz cho‘kib qasamyod qilmoqda.

Ana shu mard va jasur farzandga oq sut bergan, bag‘rida ko‘tarib voyaga yetkazgan, Vatan timsoli bo‘lgan munis va mo‘tabar ona bamisoli o‘z qo‘rg‘oni oldida turib, harbiy xizmatga otlangan jondan aziz bolasiga oq fotiha berib, unga oq yo‘l tilamoqda.

Ushbu haykal siymosida Qurolli Kuchlarimiz safiga kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan ming-minglab azmu shijoatli yoshlarimizning ham yuksak orzu-intilishlari o‘z aksini topgani ayniqsa e’tiborlidir.

Bu bahodir er yigitning qaddi-qomati, mardona qiyofasiga qarab, farzandlarimizning yuragida, qalbida “Men ham shu jasur akam singari harbiy bo‘laman, o‘z uyimni, o‘z yurtimni, ota-onam, o‘z qadrdonlarimni himoya qilaman” degan qat’iy qaror paydo bo‘lishi shubhasizdir.

Ishonchim komilki, mana shunday har tomonlama hayotiy asosga, katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan bu muhtasham haykal shu yurtda unib-o‘sgan, uning bugungi va ertangi kunini o‘ylab yashayotgan har qaysi insonni albatta befarq qoldirmaydi.

Bu betakror majmuani bir ko‘rgan odam, o‘ylaymanki, yuragi jizillab, uning ma’nosini tushunib, anglab, bu haykalni avvalambor Vatanga sadoqat, mardlik va jasorat madhiyasi, el-yurt himoyachisi bo‘lgan fidoyi insonlarga qo‘yilgan go‘zal badiiy obida sifatida qabul qiladi.

O‘zida chuqur hayotiy falsafani, teran ma’no-mazmunni mujassam va ifoda etgan bu muazzam haykalga “Vatanga qasamyod” deb nom bersak, o‘ylaymanki, har tomonlama adolatli va to‘g‘ri bo‘ladi.

Bu majmuaning g‘oyasi haqida, aynan mana shu timsolni tanlab olganimizning sababi haqida ko‘p gapirish mumkin. Shaxsan men ushbu badiiy majmuani xayolimdan o‘tkazar ekanman, o‘zimni bamisoli Vatanimga, el-yurtimga qasamyod qilayotgandek his qildim. O‘ylaymanki, bugun mana shu maydonda turgan va ertaga bu yerga ziyoratga keladigan barcha insonlar ham shunday fikr, shunday xayol bilan bu haykal poyida tiz cho‘kib ta’zim qiladi.

Bu haykal azim poytaxtimiz Toshkent shahrida betakror badiiy timsol sifatida abadiy saqlanib qoladi, deb ishonaman.

Aziz do‘stlar!

Fursatdan foydalanib, bu ulug‘vor majmuani bunyod etgan haykaltarosh va ijod ahliga, mana shu maydonni har tomonlama obod qilishga munosib hissa qo‘shgan quruvchi va mutaxassislarga, barcha insonlarga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan minnatdorchilik bildirishga ijozat bergaysiz.

Barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, yangi yilda yangi omadlar tilayman.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 19.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati