O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI ISLOM KARIMOVNING OSIYO TARAQQIYOT BANKI BOSHQARUVCHILAR KENGASHI 43-YILLIK MAJLISINING OCHILISH MAROSIMIDAGI NUTQI
03.05.2010
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI ISLOM KARIMOVNING OSIYO TARAQQIYOT BANKI BOSHQARUVCHILAR KENGASHI 43-YILLIK MAJLISINING OCHILISH MAROSIMIDAGI NUTQI

Muhtaram prezident Kuroda!
Muhtaram boshqaruvchilar! 
Hurmatli xorijiy davlatlar vakillari va mehmonlar! 
Xonimlar va janoblar!

Avvalambor, Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 43-yillik majlisi ishtirokchilarini, nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillarini va Toshkentga tashrif buyurgan barcha mehmonlarni chin dildan qutlashga ijozat bergaysiz.

Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari orasida birinchi bo’lib ushbu muhim voqeani o’tkazishgaO’zbekiston poytaxti tanlangani biz uchun katta sharaf va mazkur qarorni qabul qilgan Osiyo taraqqiyot bankiga a’zo mamlakatlar hukumatlarigasamimiy minnatdorlik izhor etamiz.

Men o’z nutqimda bugungi anjumanda muhokama etilayotgan mavzuga bevosita taalluqli bo’lgan ayrim masalalar xususida qisqacha to’xtalmoqchiman.

O’tgan 2009 yil jahon iqtisodiyoti uchun haqiqatan ham og’ir sinov yili bo’ldi, global moliyaviy-iqtisodiy inqirozning salbiy oqibatlari deyarli hech bir mamlakatni chetlab o’tmadi.

Nufuzli xalqaro tahlilchi va ekspertlarning fikriga ko’ra, inqirozning eng og’ir va keskin bosqichi ortda qolganiga qaramay, hali iqtisodiyotni tiklash bo’yicha o’ta murakkab, mashaqqatli va uzoq muddatli jarayon oldindaturibdi.

Jahon iqtisodiyotining inqirozdan chiqishi yo’lida paydo bo’layotgan muammolarni tahlil qilganda, birinchi navbatda, o’sish sur’atlarining beqaror va past darajada ekani, ishsizlikning yuqori darajada saqlanib qolayotgani, iqtisodiyot real sektori moliyaviy ahvolining sezilarli ravishda yomonlashayotgani va aholi real daromadlarining pasayishi haqida gapirishga to’g’ri keladi.

Ba’zi mamlakatlarda davlat byudjeti taqchilligi, jumladan, davlat qarzi hajmi oshib borayotgani xavfli miqyos kasb etmoqda. Bu esa ushbu qarzlarni to’lashda jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi va hattoki, defolt holatlariga olib kelishi mumkin.

Ichki talabning past darajadaligi, ayrim hollarda esa uning kamayishi kuzatilmoqda. Bu, o’z navbatida, ishlab chiqarish sur’atlarining barqaror va izchil o’sishini ta’minlashga to’sqinlik qilmoqda.

Bizningcha, dunyodagi ko’plab yetakchi ekspertlarning bank-moliya sektoridagi ortiqcha likvidlik va bank-moliya sektorini bundan keyin hampul resurslari bilanto’ldirish spekulyativ kapitalning avj olishi, fond va xomashyo bozorlarida sun’iy “pufak”larning paydo bo’lishi uchun sharoit yaratishi, bu esa kelajakda moliya hamda valyuta bozorlarida yangi o’pirilishlar bilan bog’liq salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqidagi fikrlariga qo’shilish mumkin.

Pul emissiyasi va hajmining oshishi inflyatsiya jarayonlarining xavfli holatlarini keltirib chiqarishi haqida gapirib o’tirishga hojat yo’q, deb o’ylayman.

Takror va takror aytishga to’g’ri keladi: ko’plab mamlakatlarda, ayniqsa, rivojlangan mamlakatlarda proteksionistik chora-tadbirlarning keng tus olayotgani, birinchi navbatda, rivojlanayotgan davlatlar va umuman, jahon iqtisodiyotini tiklash hamda rivojlantirish borasida katta muammolar tug’dirmoqda.

Bank va moliya sohalarining davlat tomonidan tartibga solinishi, bank kapitalini tizimli nazorat qilishni ta’minlash mexanizmlari va vositalari, shuningdek, bu borada xalqaro moliya institutlarining roli haqidagi masala ekspertlar hamda rasmiy doiralarning mintaqaviy va global darajadagi asosiy muhokama mavzusiga aylanmoqda, desam, o’ylaymanki, aslo xato bo’lmaydi.

Bu mavzudagi bahs-munozaralarda bildirilayotgan ayrim takliflar, xususan, moliya va bank sektori faoliyatini global miqyosda nazorat qila oladigan xalqaro moliya institutini shakllantirish taklifi e’tiborga molikdir. Mazkur institut zimmasiga jahon bozorida spekulyativ bank faoliyatini, jumladan, xalqaro savdoni va xalqaro moliya bozorini umuman muvozanatdan chiqarishi mumkin bo’lgan derivativ va boshqa “quruq” qimmatli qog’ozlar sohasini nazorat qilish vazifasini yuklash taklif etilmoqda.

Bu haqda gap ketganda, bizning nazarimizda, AQSh Prezidenti B.Obama tomonidan ilgari surilayotgan AQSh moliya institutlarining operatsiyalarini nazorat qilish hamda soliq to’lovchilar mablag’lari hisobidan derivativlar bilan amalga oshiriladigan, faqat tavakkalchilikka asoslangan kelishuvlarni cheklash bo’yicha maxsus agentlik tashkil etish to’g’risidagi taklif e’tibor va qo’llab-quvvatlashga sazovordir.

O’ylaymanki, bu masalada uzoq vaqtdan buyon davom etayotgan bahs va munozaralar natijasida barcha tomonlar uchun maqbul bo’lgan oqilona yechim topilsa, shubhasiz, bu – inqiroz bilan bog’liq muammolarni hal etish borasidagi eng katta yutuqlardan biri bo’ladi.

Hurmatli majlis qatnashchilari!

Jahon inqirozining har bir mamlakatga qay darajada ta’sir ko’rsatgani, avvalo, o’sha mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar modeliga, moliyaviy-iqtisodiy va bank tizimlarining naqadar barqaror hamda mustahkamligiga, ularda himoya mexanizmlarining nechog’li kuchli ekaniga bog’liqligini isbotlashga hojat yo’q, deb o’ylayman.

Shu munosabat bilan biz istiqlolimizning dastlabki yillarida, ya’ni 1992 yilda qabul qilgan va besh tamoyilga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish hamda isloh qilishning “o’zbek modeli” haqida qisqacha to’xtalib o’tmoqchiman. Ushbu tamoyillarning mazmun-mohiyati quyidagilardan iborat:

Birinchisi – davlat tizimining mafkuradan xoli bo’lishi va iqtisodiyotning siyosatdan ustunligini ta’minlash.

Ikkinchisi – rejali-taqsimlash tizimidan bozor iqtisodiyotiga o’tish davrida davlatning bosh islohotchi vazifasini o’z zimmasiga olishi.

Uchinchisi – qonun ustuvorligini ta’minlash, ya’ni qonun barcha uchun barobar ekani.

To’rtinchisi – islohotlarni bosqichma-bosqich va izchil amalga oshirish. Xalqimiz ta’biri bilan aytganda yangi uyni qurmay turib, eskisini buzmang, degan hikmatga amal qilish.

Beshinchisi – bir tuzumdan boshqa tuzumga o’tish davrida kuchli ijtimoiy siyosat yuritish.

Bugungi kunda ushbu model o’tgan davr mobaynida, shu jumladan, inqiroz jarayonlarining ekstremal ta’siri davrida o’zini to’liq oqladi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

O’tgan davrda bank-moliya tizimida yetarli resurs bazasi va ishonchli zaxira yaratilgani, har tomonlama puxta o’ylangan, vazmin iqtisodiy siyosatning amalga oshirilishi, iqtisodiyotni spekulyativ kapital, jahon moliya va fond bozorlaridagi boshqarib bo’lmaydigan stixiyali jarayonlar va nazoratsizlik ta’siridan himoyalash bo’yicha zarur chora-tadbirlar ko’rilgani, shuningdek, iqtisodiyotning makroiqtisodiy muvozanatliligi qat’iy nazorat qilinishi inqirozning halokatli ta’sirini yumshatishda katta ahamiyat kasb etdi.

Mamlakatimizda 2009-2012 yillarga mo’ljallangan Inqirozga qarshi choralar dasturining o’z vaqtida qabul qilingani, uning mavjud shart-sharoitga muvofiqligi va aniq maqsadga yo’naltirilgani inqirozga qarshi turishda va uning salbiy oqibatlarini bartaraf etishda muhim rol o’ynadi.

Inqirozga qarshi choralar dasturini amalga oshirishda bank sektoriga zarur yordam ko’rsatish bilan bir qatorda, birinchi navbatda, real iqtisodiyotning moliyaviy barqarorligini qo’llab-quvvatlash, soliq yukini kamaytirish, iqtisodiyotning real sektoriga, ayniqsa, eksportga yo’naltirilgan korxonalarga tegishli imtiyoz va preferensiyalar berish, shuningdek, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash, diversifikatsiya qilish hisobidan xarajatlarni kamaytirish va daromadni ko’paytirish bo’yicha amalga oshirilgan ishlar muhim ustuvor yo’nalishlarni tashkil etdi.

Mamlakatimizda xizmat ko’rsatish sohasini, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor inqirozga qarshi turish va iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishni ta’minlashdahal qiluvchi omil bo’ldi.

Ijtimoiy sohada, infratuzilma va transport-kommunikatsiya tarmoqlarida keng ko’lamli loyihalarning amalga oshirilishi natijasida yangi ish o’rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirishga doir vazifalarning hal etilishi Inqirozga qarshi choralar dasturida belgilangan maqsadlarga erishishda muhim o’rin tutdi.

Inqirozga qarshi choralar dasturi doirasida qabul qilinayotgan chora-tadbirlar inqirozga qarshi kurashish va uning oqibatlarini bartaraf etish vazifalari bilangina cheklanib qolmasdan, uzoq istiqbolga mo’ljallangan dasturiy maqsadlarni ham qamrab olganini ta’kidlashni istardim.

Biz shuni yaxshi anglaymizki, inqirozdan keyingi davrda hozirdanoq tub tarkibiy o’zgarishlar va ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishga yo’naltirilgan uzoq muddatli innovatsion loyihalarni ishlab chiqayotgan va amalga oshirayotgan mamlakatlar birinchi navbatda muvaffaqiyat qozonadi.

O’tgan yili O’zbekistonda 2009-2014 yillarda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash bo’yicha eng muhim loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari Dasturi qabul qilindi. Ushbu dasturga yetakchi tarmoqlarni yangilash, yirik transport va kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish va tejamkor texnologiyalarni joriy qilishga qaratilgan umumiy qiymati 42,5 milliard dollardan ziyod 300 dan ortiq o’ta muhim investitsiya loyihalari kiritilgan.

Xorijiy investitsiyalarni jalb qilmasdan, buning uchun zarur sharoit vapreferensiyalarni ta’minlamasdan turib oldimizga qo’yilgan vazifalarni hal etish qiyin bo’lishini barchamiz yaxshi tushunamiz, albatta.

Shu bilan birga, investitsiya loyihalarini moliyalashda ichki resurslarni safarbar etishga alohida ahamiyat bermoqdamiz. 2009 yilda O’zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan kapital qo’yilmalarning umumiy hajmida ichki manbalar ulushi 68 foizni tashkil etdi, 2010 yilda esa bu ko’rsatkich 70 foizdan kam bo’lmaydi.

Biz uzoq muddatli va keng ko’lamli loyihalarni amalga oshirishda 2007 yilda tashkil qilingan, kapital mablag’i bugungi kunda qariyb 5 milliard dollardan iborat O’zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg’armasining salohiyati va imkoniyatlarini yanada mustahkamlashga katta ahamiyat bermoqdamiz. Jamg’armaning asosiy vazifasi, birinchi navbatda, infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, shuningdek, xorijiy sheriklar bilan birga iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari ob’ektlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish bo’yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishdan iborat.

Masalan, 2009 yilda ushbu jamg’arma mablag’lari hisobidan Navoiy shahridagi Issiqlik elektr stansiyasida qiymati 470 million dollarlik zamonaviy bug’-gaz qurilmasini barpo etish ishlari boshlandi. Bu yerda bugungi kunda Navoiy aeroporti bazasida erkin industrial-iqtisodiy zona va xalqaro multimodal logistika markazi tashkil etilmoqda.

O’zbekistonda ta’lim tizimini isloh qilish va malakali kadrlar tayyorlashga katta ahamiyat berilayotgani haqida ham qisqacha to’xtalib o’tmoqchiman.

Mamlakatimizda 1997 yildan buyon eski ta’lim tizimidan to’liq voz kechib, 9 yillik umumta’lim maktablari va uch yillik kasb-hunar kollejlari hamda litseylarni qamrab olgan 12 yillik bepul ta’limni ko’zda tutadigan Davlat dasturi izchil amalga oshirilmoqda.

So’nggi yillarda yangi barpo etilgan 1,5 mingdan ortiq kollej va litseylarda 1 million 500 ming nafardan ziyod yigit-qiz o’rta texnik va gumanitar ta’lim oldi, 2-3 mutaxassislikka ega bo’ldi, xorijiy tillarni, asosan ingliz tilini o’rgandi.

Bularning barchasi, keyingi yillarda ta’lim uchun sarflangan xarajatlar mamlakatimiz Davlat byudjetining 37 foizidan oshganini, sog’liqni saqlash tizimiga yo’naltirilgan xarajatlar bilan birga hisoblaganda, 50 foizdan ortiqni tashkil etganini inobatga oladigan bo’lsak, O’zbekiston naqadar yuksak malakali kadrlar va inson kapitali salohiyatiga ega ekani yaqqol namoyon bo’ladi.

Yuqorida aytilganlardan xulosa qiladigan bo’lsak, shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash joizki, qabul qilingan rivojlanish strategiyasi va Inqirozga qarshi choralar dasturining amalga oshirilishi O’zbekistonda, dunyoning sanoqli davlatlari qatori, 2009 yilda yalpi ichki mahsulot hajmining 8,1 foiz, sanoat ishlab chiqarishining 9 foiz o’sishini ta’minlash imkonini berdi. Iqtisodiyotga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 26 foiz, to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar 1,8 baravar oshdi.

Mamlakatimizda o’tgan yili 940 mingdan ortiq ish o’rni tashkil qilindi.

Mahsulotlar eksporti 2,4 foiz ko’paydi, bu tashqi savdoning ijobiy saldosi sezilarli darajada oshishi va mamlakatimiz oltin-valyuta zaxirasining barqaror o’sishini ta’minladi.

Davlat byudjetining barqaror profitsiti ta’minlandi, tashqi qarz 2010 yilning 1 yanvar holatiga ko’ra, 10 foizdan oshmadi.

Nufuzli reyting kompaniyalari va xalqaro institutlarning prognozi bo’yicha O’zbekiston Respublikasida iqtisodiy o’sish 2010 yilda 8,5 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Qadrli do’stlar!

Hurmatli mehmonlar!

O’zbekiston Osiyo taraqqiyot banki bilan kengayib borayotgan hamkorlikni yuksak qadrlaydi, so’nggi yillarda biz uchun ham kredit portfeli hajmi bo’yicha, ham Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik doirasida yetakchi xalqaro moliya institutiga aylangan mazkur bankni muhim strategik sherik deb biladi.

O’tgan davr mobaynida, ya’ni 1996 yildan buyon ajratilgan 1 milliard 200 million dollar kredit resurslari hisobidan qiymati 520 million dollardan ortiq 11 ta loyiha amalga oshirildi, umumiy miqdori 650 million dollardan ziyod 15 ta loyihani o’zlashtirish davom etmoqda.

Mazkur bank bilan bizning hamkorligimiz bugun sezilarli ravishda kengayib borayotgani va yangi bosqichga ko’tarilayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etamiz. Yillik majlis doirasida umumiy qiymati 1 milliard 150 million dollardan ortiq yana to’rtta kredit shartnomasi imzolandi, boshqacha aytganda, Osiyo taraqqiyot banki mamlakatimizda o’z kredit portfelini ikki baravar oshirdi.

Mamlakatimiz bilan Osiyo taraqqiyot banki o’rtasidagi hamkorlik munosabatlarining asosini tashkil etuvchi o’zaro ishonch va olingan majburiyatlarga qat’iy amal qilish tamoyillari hamda ajratilayotgan mablag’larning O’zbekiston tomonidan maqsadli o’zlashtirilishi bundan buyon ham ta’minlanadi, deyish uchun bugun barcha asoslarga egamiz.

Endi Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorligimizning bizning nazarimizdagiustuvor yo’nalishlari haqida qisqacha to’xtalib o’tishga ijozat bergaysiz.

Birinchidan, Osiyo taraqqiyot banki O’zbekiston uchun o’ta muhim bo’lgan iqtisodiyotni tarkibiy o’zgartirish va diversifikatsiya qilish dasturlarini amalga oshirishda bizning asosiy hamkorimiz bo’lishi mumkin, deb hisoblaymiz. Bu dasturlar eksport tarkibida yuqori texnologik, yuksak sifatli, raqobatbardosh mahsulotlar ulushini oshirishni hisobga olgan holda boy tabiiy resurslarni, mineral, uglevodorod va qishloq xo’jalik xomashyolarini chuqur qayta ishlashga yo’naltirilgan.

Bu o’rinda gap O’zbekiston iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari, jumladan, tog’-kon, neft-gaz, kimyo va to’qimachilik sanoatini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash loyihalarini amalga oshirish haqida bormoqda.

Zamonaviy transport-kommunikatsiya tizimini yaratish, shuningdek, O’zbekiston milliy avtomagistralini bunyod etish, Navoiy aeroporti bazasida intermodal logistika markazini rivojlantirish, temir yo’l tarmoqlarini kengaytirish va uning harakat tarkibini tubdan yangilash kabi loyihalarni amalga oshirish mamlakatimizni modernizatsiya qilish strategiyasining eng muhim ustuvor yo’nalishlarini tashkil etadi.

Osiyo taraqqiyot banki mazkur yillik majlis doirasida O’zbekiston milliy avtomagistralini qurish va modernizatsiya qilish uchun 600 million dollar miqdorida kredit ajratish to’g’risidagi bitimni imzolaganini yuksak qadrlaymiz.

Ikkinchidan, xususiy biznes va iqtisodiyotning nodavlat sektorini qo’llab-quvvatlash hamda yanada rivojlantirish.

Agar 1991 yilda iqtisodiyotimizda nodavlat sektor ulushi 3 foizga ham yetmaganbo’lsa, bugungi kunda yalpi ichki mahsulotda ushbu sektorning hissasi 80 foizdan ortiqni, iqtisodiyotning qator yetakchi tarmoqlari – qishloq xo’jaligi, qurilish, telekommunikatsiya, savdo va xizmat ko’rsatish sohalarida esa xususiy mulk shakli qariyb 100 foizni tashkil etmoqda.

Shu bilan birga, biz elektroenergetika, kimyo, yengil sanoat,oziq-ovqat, elektrotexnika va mashinasozlik sanoati, bank-moliya xizmatlari sohasi va iqtisodiyotning boshqa yetakchi tarmoqlarida xususiy sektor mavqeini yanada oshirish hamda mustahkamlash katta istiqbolga ega, deb hisoblaymiz.

Uchinchidan, qishloq xo’jaligi va unga xizmat ko’rsatuvchi sohalarning moddiy bazasini yanada isloh qilish va mustahkamlash borasidagi hamkorlikni rivojlantirish.

Shuni nazarda tutish kerakki, O’zbekiston Respublikasida qishloq xo’jalik mahsulotlarining 95 foizdan ortig’i sug’oriladigan maydonlarda yetishtiriladi. Shu sababli mintaqada suv resurslari taqchilligi ortib borayotgan hozirgi sharoitda sohaga suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Bunday sharoitda biz sho’rlangan yerlarning meliorativ holatini tubdan yaxshilash bilan bog’liq katta hajmdagi ishlarni bajarishimiz zarur va bu jarayonda Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlik istiqbolli yo’nalishlarga ega, deb bilamiz.

To’rtinchidan, ijtimoiy sohani rivojlantirishni qo’llab-quvvatlash, ta’lim va sog’liqni saqlash tizimlarining bazasini zamonaviy talablar asosida mustahkamlash.

Mamlakatimizda yaratilgan maktab, o’rta maxsus kasb-hunar va oliy ta’lim tizimi salohiyatini, aholi salomatligi, onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasini qo’llab-quvvatlash, ularni eng zamonaviy uskunalar, kompyuter va axborot-kommunikatsiya texnikasi, texnologiyalari bilan jihozlash, sog’liqni saqlashda tashxis qo’yish hamda davolashning mukammal va ilg’or usullarini joriy etish – bular, shubhasiz, hamkorlikning biz ehtiyojsezayotgan muhim yo’nalishlaridan hisoblanadi.

Beshinchidan, Osiyo taraqqiyot bankining mamlakatimiz bank-moliya tizimini rivojlantirishda, jumladan, davlat moliya institutlarini rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish, tijorat banklari va bankdan tashqari kredit institutlari uchun kredit liniyalarini taqdim etish hamda O’zbekistonning jadal rivojlanib borayotgan xususiy banklari kapitalini oshirishda faol ishtirok etayotganini qadrlaymiz.

Hamkorlikning ushbu sohasi ham yaxshi istiqbolga ega ekaniga ishonchimiz komil.

O’zbekiston Osiyo taraqqiyot bankining Afg’onistonni iqtisodiy tiklashga yo’naltirilgan loyihalarini har tomonlama qo’llab-quvvatlaydi. Misol uchun, Surxon-Noibobod-Kobul yo’nalishi bo’yicha elektr uzatish liniyasining barpo etilishi 2009 yilda O’zbekistondan elektr energiyasini yetkazib berish hajmini 6 baravar oshirish va Kobul shahriga sutka davomida uzluksiz elektr energiyasi uzatishni ta’minlash imkonini berdi. 2010 yilda Afg’onistonning boshqa hududlariga ham elektr energiyasi yetkazib berish hajmi yana ikki baravar ortadi.

Biz Hayraton-Mozori Sharif temir yo’lini qurish loyihasini amalga oshirishda Osiyo taraqqiyot bankini qo’llab-quvvatladik va Afg’onistonda temir yo’l qatnovini yanada rivojlantirish zarur, deb hisoblaymiz. Bu «transafg’on yo’lagi»ni qurish loyihasini amalga oshirish, Markaziy Osiyodan Hind okeanining yaqin portlariga yuklarni eng qisqa temir yo’l orqali tranzit qilishni ta’minlaydi va Afg’onistonni iqtisodiy rivojlantirishga ko’maklashadi.

Muhtaram yillik majlis ishtirokchilari va mehmonlari!

Osiyo taraqqiyot banki, uning Boshqaruvchilar kengashi va janob prezident Kuroda jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining murakkab davrida yuzaga kelgan tahdidlarga o’z vaqtida javob qaytarishni ta’minlagan samarali va izchil faoliyatni namoyon etdi, inqiroz oqibatlarini yumshatish uchun yangi vositalar hamda nostandart yondashuvlarni ishlab chiqdi va amalga oshirdi.

Inqirozning halokatli ta’siriga boshqa davlatlarga nisbatan yaxshiroq bardosh bergan, dunyoning eng jadal rivojlanayotgan mintaqasi bo’lgan Osiyo mamlakatlari bugun iqtisodiy rivojlanish, muvozanatlashgan iqtisodiy o’sishni ta’minlash borasida ham, mintaqaviy barqarorlik vaxavfsizlik sohasida ham yangi tahdidlar oldida turibdi. Ushbu masalalarni hal etish xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari va hukumatlardan o’zaro hamkorlikda ish olib borishni taqozo etadi.

Osiyo taraqqiyot banki va uning prezidenti Xaruxiko Kurodagamazkur bank zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda qo’llab-quvvatlashimizni yana bir bor izhor etishga hamda yillik majlis ishtirokchilariga muvaffaqiyat va omad tilashga ijozat bergaysiz.

Qadrli do’stlar!

Sizlarning O’zbekistonga tashrifingiz, siz, anjuman ishtirokchilarida o’chmas taassurotlar qoldiradi va sizlarda mehmondo’st va go’zal diyorimizni yana bir kelib ko’rish ishtiyoqini uyg’otadi, deb ishonamiz.

E’tiboringiz uchun tashakkur.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati