O‘zbekiston – Turkmaniston: qardoshlik rishtalari mustahkamlanib, hamkorlik yuksak natijalar bermoqda
22.05.2017

22032017turkmh.jpg

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 19-20-may kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Turkmanboshi shahri xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga O‘zbekiston va Turkmaniston davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.

O‘zbek va turkman xalqlarining tarixi, madaniyati va qadriyatlari mushtarak. Ajdodlarimizning ilmiy va adabiy merosi xalqlarimizning umumiy mulki sanaladi. Turkmanistonda Alisher Navoiy, O‘zbekistonda Maxtumquli asarlari kirib bormagan xonadon yo‘q, desa bo‘ladi.

Mustaqillik yillarida an’anaviy do‘stlik va hamkorlik aloqalari yangi zamon ruhida rivojlanmoqda.

O‘tgan yillar davomida erishilgan natijalar bir qancha huquqiy hujjatlar bilan mustahkamlab qo‘yilgan. O‘zaro aloqalar 2007-yilda imzolangan Do‘stona munosabatlar va har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash to‘g‘risidagi shartnoma ruhida taraqqiy etmoqda.

Turkmanboshi shahridagi uchrashuv va muzokaralar Prezidentimizning joriy yil 6-7-mart kunlari Turkmanistonga davlat tashrifi doirasida o‘tgan oliy darajadagi muloqotning mantiqiy davomi bo‘lib, ularda mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikka doir dolzarb masalalar muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi.

Tashrifning birinchi kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev "Avaza" milliy sayyohlik zonasining "Kamalak" bolalar ko‘ngilochar bog‘ida dam olayotgan o‘zbekistonlik bolalar bilan uchrashdi.

Bolalar bilan dam olish taassurotlari, turkmanistonlik tengdoshlari bilan do‘stlik munosabatlari to‘g‘risida suhbatlashdi, sog‘lomlashtirish markazida yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi. Bolalarga sovg‘alar berdi.

Tashrifning ikkinchi kuni Prezidentlarning yakkama-yakka suhbati bilan boshlandi. “Avaza” kongresslar markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muzokarada mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, O‘zbekiston rahbarining mazkur tashrifi o‘zaro ishonch, hurmat va manfaatdorlik asosidagi sheriklikka yangi sur’at baxsh etishi va uni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Prezidentlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqboliga oid masalalar, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashdilar.

Davlat rahbarlari joriy yilning mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijalari ko‘lamini yanada kengaytirish, o‘zaro aloqalarni yangi mazmun bilan boyitish uchun barcha imkoniyatlar yetarli ekanini qayd etdilar.

“Avaza” hududida uchrashayotganimiz bejiz emas, dedi davlatimiz rahbari. O‘zbekiston Turkmaniston portlari orqali Kaspiy dengiziga, xalqaro transport yo‘laklariga chiqishni maqsad qilgan.

Ikki davlatning tinchlikparvar tashqi siyosati, xalqaro muammolar borasida bir-birini qo‘llab-quvvatlashi, turli tahdidlarning oldini olish masalalariga yondashuvlari o‘xshashligi alohida ta’kidlandi. O‘zbekiston ham, Turkmaniston ham terrorizm, diniy ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, qurol-yarog‘ va narkotik moddalar kontrabandasiga qarshi hamkorlikda kurashish tarafdori.

Mamlakatlarimiz mintaqaviy integratsiyani rivojlantirish Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash, izchil taraqqiyotni ta’minlashning muhim omili, deb hisoblaydi.

Davlatlarimiz xalqaro maydonda ham bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi kabi xalqaro tuzilmalar doirasida izchil hamkorlik qilinmoqda.

Mamlakatlarimizning qo‘shni Afg‘onistonda faqat siyosiy yo‘l bilan barqarorlik o‘rnatilishi borasidagi fikri ham mushtarak ekanligi yana bir bor tasdiqlandi. Terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov muzokarani O‘zbekiston va Turkmaniston rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar.

Muzokarada mamlakatlarimiz o‘rtasida iqtisodiyotning turli sohalari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Yoqilg‘i-energetika, qishloq xo‘jaligi, kimyo va metallurgiya sanoati, suv xo‘jaligi inshootlaridan foydalanish, sayyohlik kabi yo‘nalishlardagi hamkorlik ustuvor ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlariga joriy yil mart oyida Prezidentlarning muzokaralarida erishilgan kelishuvlarni hayotga izchil tatbiq etish, ishbilarmonlarning o‘zaro aloqalarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish vazifalari topshirildi.

Iqtisodiy hamkorlik haqida so‘z ketganda, O‘zbekistonda ham, Turkmanistonda ham energiya manbalarining yirik konlari mavjud ekanini, neft-gaz sanoati jadal rivojlanib, xorijiy sarmoyadorlar bilan sheriklik aloqalari ko‘lami kengayib borayotganini ta’kidlash joiz. Mamlakatlarimiz bu sohada ikki tomonlama hamkorlik barobarida ko‘p tomonlama loyihalarda ham faol ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston ham, Turkmaniston ham uglevodorod resurslariga boy. Ularni eksport qilish o‘zaro muvofiq harakat qilishni talab etadi. Ana shunday yaqin hamkorlik mamlakatlarimiz uchun energetika yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va jahon bozorlariga chiqish borasida keng imkoniyatlar yaratmoqda. 2009-yilda ishga tushgan Turkmaniston – O‘zbekiston – Qozog‘iston – Xitoy gaz quvuri buning yorqin misolidir.

Joriy yilning mart oyida foydalanishga topshirilgan Turkmanobod – Farab avtomobil va temir yo‘l ko‘priklarining tovar o‘tkazish ko‘rsatkichi 2,5 barobar ortganini alohida ta’kidlash joiz.

Dunyoda eng serdaromad sohalardan biri bo‘lgan sayyohlik bo‘yicha ham tomonlar o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Bu boradagi hamkorlik ikki tomonlama sayyoh almashuvini rivojlantirish, boshqa davlatlardan sayyoh jalb etishni oshirishga xizmat qiladi. Mamlakatimizning Buxoro, Xiva, Samarqand, Toshkent, Shahrisabz kabi shaharlaridan sayyohlarning qadami uzilmaydi. Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik zonasi va qadimiy joylariga uyushtiriladigan sayohatlar bu boradagi aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga amaliy tashrifi davomida qator muhim kelishuvlarga erishildi. Muzokaralar yakunida ikki mamlakat vazirlik va idoralari o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish sohasida hamkorlik to‘g‘risida, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan Seyitnazar Seydi nomidagi Turkmaniston davlat pedagogika instituti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida, Toshkent va Ashxobod shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlari o‘rnatish to‘g‘risidagi bitimlar, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi va Turkmaniston davlat sport qo‘mitasi o‘rtasida yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilarining ishtirok etishini tashkil qilish va hamkorlik to‘g‘risidagi bayonnoma, “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi bilan “Turkmannebit” davlat konserni o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi, “O‘zbekenergo” AJ bilan Turkmaniston Energetika vazirligi o‘rtasida elektroenergiya tranziti sohasida hamkorlik to‘g‘risida, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bilan “Turkmen-hova-yollari” xizmati o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlar imzolandi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov muzokaralar o‘zaro hurmat, ishonch va ishchanlik ruhida o‘tganini, erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston – Turkmaniston hamkorligini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladilar.

Turkmaniston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun va buyuk shoir Maxtumquli tavalludi kuni munosabati bilan turkman xalqini tabriklayman. Shoir tavalludi O‘zbekistonda ham keng nishonlandi, uning nomidagi ko‘cha va yodgorlik ochildi. Biz shu ko‘chada Ashxobod bog‘ini tashkil qilamiz, bu ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning ramzi bo‘lib qoladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Gurbanguli Berdimuhamedov davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini barcha sohalarda izchil rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi, Ashxobodning markaziy ko‘chalaridan biriga Alisher Navoiy nomi berilishini ma’lum qildi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turmanistonga amaliy tashrifi nihoyasiga yetdi. Tashrif yakunlari mamlakatlarimizning vaqt sinovidan o‘tgan va izchil rivojlanib borayotgan hamkorligiga yangi sur’at baxsh etadi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 18.08.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati