Yangiyer kichik sanoat zonasi – yangi imkoniyatlar maydoni
17.05.2017

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yangiyer shahridagi “Yangiyer” kichik sanoat zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 30-martdagi qaroriga muvofiq  “Yangiyer” kichik sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad shahar sanoati salohiyatini rivojlantirish, kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rag‘batlantirish, zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil qilishga investitsiyalarni keng jalb etish hamda ichki va tashqi bozor uchun raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish uchun qulay shart-sharoit yaratishdir.

Ushbu sanoat zonasida 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan qiymati salkam 106 million dollar bo‘lgan 125 loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Buning samarasida viloyatda to‘qimachilik, charm-poyabzal, kimyo, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari, meva-sabzavotni chuqur qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlarda yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. 3 ming 200 dan ziyod ish o‘rni yaratiladi.

Bugungi kunda sanoat zonasi uchun 537 gektardan ko‘proq yer maydoni ajratilib, uni yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari bilan ta’minlash, ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari ushbu kichik sanoat zonasining imkoniyatlari, loyihalarning iqtisodiy samaradorligi bilan qiziqdi.

Tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan suhbatda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhitidan samarali foydalanib, raqobatdosh mahsulotlar turlarini ko‘paytirish, xorijlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikni kengaytirish va eksportni rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Prezidentimiz sanoat zonasi hududidagi sobiq “Yangiyeryo‘lindustriya” unitar korxonasining bo‘sh turgan binosini ko‘zdan kechirdi. Hududi 9 gektar bo‘lgan mazkur korxona «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tarkibiga o‘tkazilib, uning negizida Yangiyer temir-beton va metall konstruksiyalari ishlab chiqarish zavodi tashkil etilmoqda. Mazkur zavodda yiliga 83 ming kub metr temir-beton mahsulotlari, 5,5 ming tonna metall konstruksiyalari ishlab chiqarish, 15 ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichni qurish va ta’mirlash mo‘ljallanmoqda. Ushbu loyiha uchun 80 milliard so‘m miqdorida investitsiya kiritiladi. Natijada 1 ming 250 yangi ish o‘rni yaratiladi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu korxona viloyatdagi muhim sanoat obyektlaridan biri ekani, bu yerda ishlab chiqariladigan mahsulotlarga talab yuqori bo‘lishini qayd etdi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 11.12.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati