O‘zbekiston Prezidentining Turkmanistonga tashrifi to‘g‘risida
17.05.2017

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 2017-yilning 19-20-may kunlari amaliy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘ladi.

Prezidentimizning joriy yil 6-7-mart kunlari Turkmanistonga davlat tashrifi doirasida o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston – Turkmaniston muloqoti va Turkmanboshi shahridagi uchrashuv va muzokaralarning davomi bo‘ladigan ushbu tashrifda mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikka doir dolzarb masalalar muhokama qilinadi, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashiladi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Orol fojiasidan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlaridan kelgan bir guruh bolalar dam olayotgan "Avaza" milliy sayyohlik zonasiga ham tashrif buyuradi.

Davlat rahbarlarining muzokaralari yakunida turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan hukumatlararo, idoralararo va boshqa qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan. Tashrif doirasida mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o‘rtasida o‘zaro manfaatli tijorat shartnoma va bitimlar imzolanishi kutilmoqda.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 24.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati