O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI ISLOM KARIMOVNING SHHT DAVLAT RAHBARLARI KENGASHINING KENGAYTIRILGAN TARKIBDAGI MAJLISIDA SO‘ZLAGAN NUTQI
11.06.2010

Muhtaram davlat rahbarlari!

Hurmatli Sammit qatnashchilari!

2001 yilda tuzilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti tarixan qisqa vaqtda zamonaviy geosiyosatning nufuzli xalqaro tuzilmasiga aylandi, deyish uchun bugun barcha asoslarimiz bor.

SHHTni rivojlantirishda Tashkilot doirasida kuzatuvchilar hamda muloqot bo‘yicha sheriklar instituti joriy qilingani prinsipial muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. ASEAN, MDH bilan o‘zaro anglashuv memorandumlari qabul qilingani, shuningdek, 2010 yil aprel oyida BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning Toshkentga tashrifi asnosida SHHT va BMT kotibiyatlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiya imzolangani SHHTni rivojlantirishning muhim bosqichi bo‘ldi.

Ishonchim komilki, ushbu hujjatning qabul qilinishi SHHT oldida turgan vazifalarni bajarish va BMT doirasida SHHTga a’zo davlatlar manfaatlarini birgalikda ilgari surish uchun BMT minbaridan yanada faol foydalanish imkonini beradi.

Bugungi Sammit chog‘ida Yangi a’zolarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlashimiz kerak. Shu tariqa SHHT o‘z taraqqiyoti yo‘lida navbatdagi muhim qadamni tashlaydi – teng huquqli yangi a’zolar hisobiga Tashkilotni kengaytirishga, jahon miqyosidagi globalllashuv sharoitida SHHTning manfaatlarini yanada samarali himoya qilishga yo‘l ochiladi.

Nizomning tasdiqlanishi SHHTga a’zo davlatlar tarkibi o‘z-o‘zidan unda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan davlatlar hisobidan kengayadi, degani emas, albatta.

Nizomning qabul qilinishi bilan SHHTga a’zo davlatlar qatoriga kirish uchun faqat huquqiy asos yaratiladi.

Ishonchim komilki, SHHTni yanada izchil rivojlantirishni, uning faoliyati huquqiy asoslarini takomillashtirishni ta’minlashda bugungi Sammit chog‘ida Tashkilotimizning protsedura qoidalarini tasdiqlash muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu hujjat SHHT va uning organlari tizimli faoliyat yuritishini, SHHTda qabul qilinadigan hujjatlar va qarorlar sifat jihatdan yuksak darajada tayyorlanishi va ijro etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Umuman aytganda, SHHTni rivojlantirish borasidagi ishlarning izchilligi tanqidiy baholanadigan bo‘lsa, to‘la asos bilan aytish mumkinki, SHHTni rivojlantirish va xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish bo‘yicha, Tashkilotning bosh maqsadlari – tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga, SHHT davlatlarining barqaror iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashga, gumanitar va ijtimoiy sohalardagi hamkorligini kengaytirishga erishish yo‘lida Tashkilotning roli va imkoniyatlarini oshirish borasida chuqur o‘ylangan, qat’iy va aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan jarayon davom etmoqda.

Hurmatli Sammit ishtirokchilari!

E’tiboringizni yana bir masala – Afg‘oniston muammosiga qaratmoqchiman. Afg‘oniston muammosi SHHTning deyarli barcha majlislarida muhokama etib kelinayotgan muhim masalalardan biri bo‘lib, bugun ham bu mavzu diqqat-e’tiborimizda turibdi.

30 yildan buyon urush davom etayotgan Afg‘onistondagi muammolarni hal qilmay turib, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlik haqida gapirish mumkin emas, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

O‘ylaymanki, bu zalda hozir bo‘lganlarga O‘zbekistonning Afg‘oniston muammosini hal qilish bo‘yicha – “6+3” tinchlikparvar guruhini shakllantirish tashabbusi deb nom olgan – takliflarining mazmuni yaxshi ma’lum. Ushbu takliflarning mohiyati quyidagilardan iborat.

Birinchidan. Afg‘oniston muammosini harbiy yo‘l bilan hal etib bo‘lmaydi. Biz bu masalani NATO/SEAPning 2008 yil aprel oyida Buxarest shahrida bo‘lgan sammitida va boshqa xalqaro forumlarda ko‘targan bo‘lsak, bugun afg‘on muammosini yechishga daxldor deyarli barcha mamlakatlar rahbarlari bu haqda gapirmoqda.

Ikkinchidan. Afg‘oniston muammolarini hal etishda va u yerda barqarorlikni ta’minlashda birinchi navbatda jafokash afg‘on xalqiga maqsadli iqtisodiy yordam ko‘rsatishga, mamlakatning transport-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmasini barpo etish va shakllantirishga, aholi bandligini ta’minlashga, qashshoqlikka qarshi kurashish bilan bog‘liq o‘tkir muammolarni yechishga ustuvor ahamiyat berilishi kerak.

Uchinchidan. Afg‘onistonning tarixiy, etnik va demografik xususiyatlarini, ushbu mamlakatning ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali xalqi amal qiladigan qadimiy urf-odatlarni, islom dinining an’anaviy qadriyatlarini inobatga olish va hurmat qilish zarur.

To‘rtinchidan. Murosa jarayoniga Afg‘oniston aholisi va istisnosiz barcha qarama-qarshi kuchlar, etnik va diniy guruhlar jalb qilinmasa, ular o‘rtasida konsensusga erishilmasa, Afg‘onistonda urush hali uzoq davom etishi mumkin.

Beshinchidan. Bu jarayonda uch yetakchi subyekt – AQSH, Rossiya va NATOning faol ishtirok etishi muhim ahamiyatga ega. Qo‘shni mamlakatlarga, ta’kidlab aytaman, Afg‘onistonga bevosita chegaradosh bo‘lgan mamlakatlarga tayanish bu borada hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Afg‘onistondagi etnik guruhlarga ta’sir ko‘rsata oladigan ana shu mamlakatlarni jalb etish bilangina ijobiy natijaga umid qilish mumkin.

Eng muhimi, bu vazifalarning barchasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining yetakchiligi va shafe’ligida amalga oshirilishi zarur.

Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash muammolari haqida gapirganda, Qirg‘izistondagi hozirgi vaziyat xususida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman. O‘zbekistonning ushbu respublikadagi voqealarga munosabati O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining 2010 yil 9 apreldagi maxsus Bayonotida aniq aks ettirilgan. Biz bu voqealar Qirg‘izistonning ichki ishi, deb hisoblaymiz va bunga ortiqcha izohning hojati yo‘q.

Qirg‘iziston jamoatchiligi va xalqining bugungi kunda ushbu mamlakatda yuzaga kelgan murakkab vaziyatda to‘g‘ri yo‘l topish uchun hayotiy tajribasi va aql-idroki yetarli ekaniga ishonchim komil.

Biz bugun imzolaydigan SHHT Toshkent Sammitining Deklaratsiyasida a’zo davlatlarning bu masala bo‘yicha umumiy pozitsiyasi ifoda etilgan. Uning asosiy mohiyati quyidagilardan iborat – biz Qirg‘iziston xalqi bilan hamjihatmiz, ushbu mamlakatdagi murakkab vaziyatdan barchamiz tashvishdamiz, vaziyatni tezda o‘nglash va hokimiyatni qonuniylashtirish, mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni yaxshilash maqsadida Qirg‘iziston Respublikasiga zarur yordam ko‘rsatishga tayyormiz.

Men qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchi bo‘lgan navbatdagi masala – bu dunyodagi deyarli barcha mamlakatlarni tashvishga solayotgan inqirozdan keyingi davrda iqtisodiyotni tiklash muammolaridir.

Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining eng avj olgan davri asosan ortda qolganiga qaramay, inqirozdan chiqish va iqtisodiyotni rivojlantirishning murakkab, og‘ir va ancha uzoq kechadigan bosqichi hali oldinda ekani haqidagi ko‘plab nufuzli ekspert va tahlilchilarning fikrlari to‘g‘ri ekanligi tobora ayon bo‘lib bormoqda. Ayni paytda ayrim mamlakatlarda ishlab chiqarishning pasayishi, yuqori darajadagi ishsizlikning saqlanishi, aholining real daromadlari kamayishi, moliya va bank bozorlarida jiddiy keskinliklar yuzaga kelishi kabi holatlar takrorlanishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Muammoli va qaytarilmaydigan kreditlar hajmi keskin oshayotgan sharoitda bozorni katta miqdordagi pul bilan shishirish davom etayotgani, shuningdek, bank-moliya sektori faoliyati yetarli darajada nazorat qilinmayotgani spekulyativ kapitalning ko‘payishi, fond va xomashyo bozorlarida “pufaklar” paydo bo‘lishi uchun sharoit yaratmoqdaki, bu moliya va valuta bozorlarida salbiy oqibatlarga olib keladigan yangi o‘pirilishlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Pul va to‘lov vositalari emissiyasining o‘sib borayotgani, birinchidan, ularning qadrsizlanishiga va avvalo, konvertatsiya qilinadigan valutalarga bo‘lgan ishonchning pasayishiga olib kelishi, ikkinchidan, inflatsiyaning o‘sib ketishi bilan bog‘liq xavfli vaziyatni keltirib chiqarishi haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Davlat budjeti taqchilligi va davlat qarzining miqdori jiddiy muammoga aylanib, ayrim mamlakatlarda esa xavfli tus olib, moliya sektorida katta keskinlikni keltirib chiqarmoqda, xarajatlarning cheklanishi hamda ichki va tashqi bozorlarda talab qisqarishiga olib kelmoqda.

Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi Osiyo mintaqasining aksariyat davlatlariga nisbatan kuchli ta’sir ko‘rsatmagani va ushbu mamlakatlarning ko‘pchiligi uning oqibatlarini muvaffaqiyatli, ishonchli bartaraf etayotgani barchamizga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Biroq jahon iqtisodiyoti rivojlanish jarayonlarining o‘zaro uzviy bog‘liqligini hisobga oladigan bo‘lsak, inqirozdan chiqish, iqtisodiy va moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha yuzaga kelayotgan va keskin tus olayotgan muammolar, qayerda paydo bo‘lishidan qat’i nazar, barcha mamlakatlar hamda mintaqalarga g‘oyat katta ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini unutmasligimiz darkor.

Markaziy Osiyo mintaqasida inqirozga qarshi va inqirozdan keyingi rivojlanish dasturlarini amalga oshirishga doir vaziyat haqida gap borar ekan, bu borada hamon saqlanib qolayotgan muammolarni hal etish uchun bizningcha, ko‘p jihatdan nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masala – kommunikatsiyalarni rivojlantirish haqida alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Bu yerda gap ham transchegaraviy, ham ichki davlat ahamiyatiga molik avtomobil, temir yo‘l, havo transporti kommunikatsiyalarini barpo etish va rekonstruksiya qilishga, axborot-kommunikatsiya aloqasiga oid loyihalar haqida bormoqda.

Uzoq o‘tmishda Sharq bilan G‘arbni bog‘lagan va Markaziy Osiyo mintaqasining jo‘g‘rofiy va geosiyosiy joylashuvi nechog‘li muhim ekanini isbotlagan Buyuk ipak yo‘li insoniyat tarixida qanday chuqur iz qoldirganini barchamiz yaxshi bilamiz.

Biz yashayotgan XXI globallashuv va buyuk o‘zgarishlar asri kun tartibiga birinchi navbatda zamonaviy kommunikatsiyalarni, logistika markazlari va turli xablarni rivojlantirish masalasini qat’iy qo‘ymoqda. Binobarin, bular mintaqaviy va jahon miqyosidagi integratsiya va kooperatsiya jarayonlarining muhim tarkibiy bo‘g‘inlaridir.

Ayniqsa, bizning ulkan mintaqamiz hududida bunday kommunikatsiya markazlarini qurish va shakllantirish tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bunday markazlardan ham Sharq, ham G‘arbdagi yetkazib beruvchi va xaridor mamlakatlar kompaniyalari birday manfaatdordir.

Avtomobil va temir yo‘llarni, ular bilan bog‘liq yuklarni ortish-tushirish stansiyalari va markazlarini qurish, bularning barchasi ko‘p mehnat talab qilishini hisobga olganda, mahalliy aholi bandligi va daromadlarining katta manbaiga aylanishi, shu tariqa mintaqada eng muhim va hal qiluvchi masalalardan biri bo‘lgan barqarorlikni ta’minlashda ulkan ahamiyat kasb etishi mumkin. Ushbu masalalarning kompleks tarzda hal etilishi mintaqa taraqqiyoti va ijtimoiy-iqtisodiy barqaror rivojlanishining asosiy vositalaridan biriga aylanishi mumkinligi haqida gapirib o‘tirishga hojat yo‘q, deb o‘ylayman.

Biroq bu vazifalarni faqat xalqaro moliya institutlari va homiy davlatlarning jiddiy moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi bilan amalga oshirish mumkin, ayni paytda ushbu masalalar jahon hamjamiyatining diqqat markazida bo‘lishi lozim.

E’tiboringiz uchun tashakkur.

Toshkent shahri, 
2010 yil 11 iyun


                o`zb   рус   eng
Bugun: 19.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati