Xitoydagi uchrashuvlar samarali bo‘lmoqda
13.05.2017

13052017456321789654123.jpg

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi tadbirlarga, o‘zaro foydali uchrashuvlarga boy bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbari Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi direktorlar kengashi raisi Van Ilinni qabul qildi.

Mazkur kompaniya mamlakatimizdagi uglevodorod konlarini qidirish va qazish, Muborak gaz-kimyo majmuasida tabiiy gazni chuqur qayta ishlash jarayonida faol ishtirok etmoqda.

Uchrashuvda yuqori texnologiyalar sohasidagi loyihalar ijrosining istiqbollari va O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlariga Xitoy sarmoyalarini jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Uglevodorod xomashyosini chuqur qayta ishlash bo‘yicha eng zamonaviy, ekologik toza va samarador texnologiyalar joriy qilish bo‘yicha hamkorlikni yanada keng ko‘lamda davom ettirish tarafdorimiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekistonda yangi ishlab chiqarish tarmoqlarini barpo etish va mavjudlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdormiz, deb ta’kidladi Van Ilin.

13052017159753.jpg

Prezidentimiz Xitoy Xalq Respublikasi Eksport-import banki boshqaruvi raisi Xu Syaolyan bilan ham uchrashdi.

Mazkur bank kreditlari evaziga mamlakatimizda sog‘liqni saqlash, ta’lim, energetika, transport va boshqa sohalarda qator loyihalar amalga oshirilgan.

Davlatimiz rahbari  o‘zaro ishonchga asoslangan  ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

Xu Syaolyan O‘zbekiston bilan investitsiyaviy aloqalarni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati