I.Savitskiy nomidagi muzey eksponatlari Moskvada namoyish etilmoqda
05.04.2017

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin kunning ikkinchi yarmida A.Pushkin nomidagi tasviriy san’at muzeyiga tashrif buyurdi.

Bu yerda mamlakatimizning I.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi eksponatlari ko‘rgazmasi ochilish marosimi bo‘ldi.

«Sahrodagi Luvr» nomini olgan I.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi o‘zining bebaho durdona eksponatlari bilan dunyo san’at ixlosmandlari e’tiborini qozongan. Muzeyda grafika, haykaltaroshlik, tasviriy va amaliy san’at namunalari, turli arxeologik topilmalar, etnografiya buyumlari, qadimiy suratlar, tarixiy hujjatlar singari yuz mingga yaqin nodir eksponat joy olgan.

Shunday buyuk merosni yig‘ib qoldirgan olim 2002-yilda «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan.

O‘lkaning boy tarixiy va madaniy yodgorliklari haqidagi ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan mazkur san’at muzeyida qoraqalpoq elining milliy bezaklari, xalq amaliy san’ati namunalari, kashtachilik buyumlari, milliy liboslari sayyohlarning e’tiborini tortmoqda.

A.Pushkin nomidagi tasviriy san’at muzeyida namoyish etilayotgan  noyob eksponatlar tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati