Hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
18.10.2016
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakatimiz Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 18-oktabr kuni Kuvayt Davlati Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Saboh Xolid al-Hamad as-Saboh bilan uchrashdi.

Shavkat Mirziyoyev mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutladi va Kuvayt Davlati Amiri shayx Saboh al-Ahmad al-Jobir as-Sabohga chuqur hurmat-ehtiromini izhor etdi.

Saboh Xolid al-Hamad as-Saboh Kuvayt Amirining salom va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Suhbat chog‘ida ushbu uchrashuv ikki tomonlama do‘stlik robitasini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

O‘zbekiston va Kuvaytning qator mintaqaviy va xalqaro masalalarga yondashuv va qarashlari o‘xshash, ko‘p jihatdan bir-biriga yaqindir. Ikki davlatning dolzarb muammolarni yechish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, tahdidlarni bartaraf etish va xavf-xatarlarning oldini olish masalalariga qarashi bir xil.

O‘zbekiston Kuvayt bilan turli nufuzli xalqaro anjumanlar va tuzilmalar doirasida o‘zaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirib bormoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2004-yilda Kuvaytga, 2008-yilda Kuvayt Davlati Amiri shayx Saboh al-Ahmad al-Jobir as-Sabohning O‘zbekistonga tashriflari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar rivojiga yangi sur’at baxsh etib, o‘zaro hamkorlikni yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilgani alohida qayd etildi. Mazkur tashriflar doirasida imzolangan hujjatlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarning shartnomaviy-huquqiy poydevorini yaratdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston – Kuvayt munosabatlarini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, hamkorlikning yangi sahifasini ochish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklik ko‘lamini oshirish maqsadida kelasi yilning birinchi choragida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning majlisini o‘tkazishga kelishib olindi. Komissiyaga ikki tomondan ham Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari maqomida raislar tayinlangani O‘zbekiston va Kuvaytning katta intilish va alohida ishtiyoq bilan ishga kirishayotganidan dalolat beradi.

Bu o‘rinda Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarida faol ishtirok etayotganini ta’kidlash joiz. Hozirgi kungacha mazkur jamg‘armaning imtiyozli kreditlari hisobiga suv ta’minoti, transport infratuzilmasi va tibbiyot sohalarida umumiy qiymati 60,6 million AQSh dollariga teng 3 loyiha amalga oshirilgan. Shuningdek, kardioxirurgiya, irrigatsiya va avtomobil yo‘llarini ta’mirlash sohalarida 72,5 million dollarlik yana 4 loyiha ijrosi davom etmoqda.

Madaniy-gumanitar hamkorlik ham jadal rivojlanmoqda. Kuvayt vakillari yurtimizda tashkil qilinayotgan turli madaniy tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. 2007-yili «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalida Kuvayt oliy madaniyat va san’at institutining musiqiy guruhi bosh sovrinni qo‘lga kiritgan.

Munosabatlarni rivojlantirishga yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish maqsadida turli darajalarda, jumladan, oliy darajada o‘zaro tashriflarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. O‘zbekiston tashqi siyosat mahkamasi rahbarining Kuvaytga bo‘lajak tashrifi bu boradagi kelishuvlarni ro‘yobga chiqarishda muhim qadam bo‘lishi qayd etildi. Shavkat Mirziyoyev fursatdan foydalanib, Kuvayt Davlati Amirini O‘zbekistonga taklif qildi.

Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkentda «Ta’lim va ma’rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l» shiori ostida tashkil etilgan 43-sessiyasida ushbu tuzilmaga raislik Kuvayt Davlatidan O‘zbekiston Respublikasiga o‘tdi. Shu munosabat bilan Kuvayt tomoni O‘zbekiston rahbariyatining tashkilotga raislik davrida amalga oshirish borasida ilgari surgan taklif va tashabbuslariga yuksak baho berib, ularni to‘la qo‘llab-quvvatlashini, bu yo‘nalishda keng ko‘lamli hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

* * *

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakatimiz Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev Islom taraqqiyot banki (ITB) prezidenti Bandar Hajar bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Shavkat Mirziyoyev mehmonni musulmon dunyosining eng nufuzli moliya muassasalaridan biriga rahbar etib tayinlangani munosabati bilan tabriklab, ITB bundan buyon ham butun islom ummatining birdamligi va barcha a’zo mamlakatlar rivojiga munosib hissa qo‘shaverishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan ITB o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani, ayniqsa, tomonlar ijtimoiy va iqtisodiy yo‘naltirilgan loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish borasida keng ko‘lamli hamkorlik qilayotgani ta’kidlandi. Islom taraqqiyot banki tomonidan shu kungacha O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, ta’lim, irrigatsiya va melioratsiya, energetika, suv ta’minoti, kommunal xo‘jalik, yo‘l infratuzilmalarini rivojlantirish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash kabi sohalarga oid 26 loyiha ijrosi uchun 1,4 milliard AQSh dollaridan ortiq mablag‘ ajratilgani buning yorqin tasdig‘idir.

Shu bilan birga, aloqalarni yanada taraqqiy ettirish, yangi bosqichga ko‘tarish uchun ulkan salohiyat mavjudligi qayd etildi. Foydalanilmayotgan imkoniyatlarni o‘rganish va ishga solish, yangi loyihalar tuzish, sheriklik ko‘lamini kengaytirish maqsadida turli darajadagi delegatsiyalar almashuvi bo‘yicha aniq harakat dasturini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston ITB bilan strategik hamkorlikni rivojlantirish tarafdoridir. Shu munosabat bilan mamlakatimiz 2017-2019-yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik strategiyasini birgalikda ishlab chiqish va joriy yilning o‘zida qabul qilishga tayyor. Ayni paytda ushbu strategiyaga kiritish uchun umumiy qiymati 1,4 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan 21 loyiha bo‘yicha takliflar tayyorlab qo‘yilgan.

Mehmon Islom hamkorlik tashkilotining Toshkentda «Ta’lim va ma’rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l» shiori ostida o‘tayotgan anjumaniga taklif qilgani hamda o‘z nutqida ITB faoliyatiga yuksak baho bergani uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik izhor etib, O‘zbekistonning o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish borasidagi barcha takliflarini qo‘llab-quvvatlashini, erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etishga tayyorligini bildirdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston rahbariyatining tashabbusini ro‘yobga chiqarish – Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmui huzurida nafaqat islom madaniyati, balki umuminsoniy sivilizatsiya ravnaqiga benazir hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy diniy-ma’naviy merosini o‘rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazini tashkil etishda ITBning ishtiroki istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Bu tashabbus negizidagi “jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyili islom dinini unga putur yetkazadigan soxta g‘oyalar orqali emas, balki Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Bahouddin Naqshband, Burhonuddin Marg‘inoniy, Imom Moturidiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino kabi daholar merosidan o‘rganishga, mana shu umume’tirof etilgan diniy-madaniy va ilmiy boylikni butun dunyoda keng targ‘ib etishga qaratilgani bilan e’tiborlidir.

Bandar Hajar mazkur tashabbusni yuksak baholar ekan, bunday ezgu g‘oyalar musulmon olamining hamjihatligini yanada mustahkamlashga va umumiy maqsadlarini amalga oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi bilan Islom taraqqiyot banki o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga doir boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 19.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati