Oqsaroyda qabul
17.08.2016

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 17-avgust kuni Oqsaroyda Koreya Respublikasi davlat boshqaruvi va ichki ishlar vaziri Xon Yun Sukni qabul qildi.

17082016.jpg

Davlatimiz rahbari mehmonni mamlakatimizga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston Koreya Respublikasi bilan strategik sheriklik munosabatlarini yuksak qadrlashini va bu munosabatlarni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratishini ta’kidladi. Islom Karimov ushbu tashrif o‘zaro manfaatli hamkorlikni, ayniqsa, davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish va “Elektron hukumat”ni joriy etish sohasidagi aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirdi.

Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening 2014-yil iyun oyida Toshkentga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2015-yil may oyida Seulga davlat tashriflari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikning har tomonlama, avvalo, iqtisodiy sohada izchil rivojlanishiga yangi sur’at bag‘ishladi. Ushbu tashriflar yakuniga ko‘ra yuzdan ortiq hujjat, jumladan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik va moliyaviy sohalarda hamkorlikka oid umumiy qiymati 9,5 milliard AQSh dollaridan ziyod bo‘lgan bitimlar imzolangan.

Janubiy Koreya O‘zbekistonning asosiy investitsiyaviy va texnologik hamkorlaridan. Mamlakatimizning ko‘p yillik ishonchli sheriklari – Janubiy Koreyaning «JiEm-Koreya», «Korean Eyr», «KOGAZ», «Lotte», «JiEs», «Posko-Deu», «Samsung», «Shingdong», «Kolon» kabi yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda neft-gaz, elektrotexnika, to‘qimachilik sohalari, qurilish materiallari va farmatsevtika preparatlari ishlab chiqarish borasida yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilgan va bu hamkorlik izchil davom etmoqda.

Koreya Respublikasining O‘zbekiston iqtisodiyotiga yo‘naltirgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari hajmi 7 milliard dollardan oshdi. Mamlakatimizda Janubiy Koreya investitsiyasi ishtirokida tashkil qilingan 440 korxona faoliyat yuritmoqda, 77 kompaniyasi vakolatxonalari ochilgan.

Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xvan Gyo Anning joriy yil may oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Surg‘il koni negizida Ustyurt gaz-kimyo majmuasi ochilgani va bu zavod mamlakatlarimiz o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikning amaldagi ifodasi bo‘lganini alohida ta’kidlash darkor.

170820162.jpg

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlik doirasida Janubiy Koreyaning texnik ko‘magida O‘zbekiston Respublikasida “Elektron hukumat” tizimini joriy etish, ushbu soha mutaxassislarini o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha loyiha hayotga tatbiq etildi. «LG CNS» kompaniyasi bilan 2014-yil iyun oyida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumga muvofiq tashkil etilgan «LG CNS O‘zbekiston» qo‘shma korxonasi “Elektron hukumat” tizimi hamda mamlakatimiz iqtisodiyotining real sektori uchun axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish borasida faoliyat yuritmoqda.

Xon Yun Suk samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, Koreya Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi bilan keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati