O‘zaro madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida
04.08.2016

Avval xabar qilinganidek, Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abening rafiqasi Akie Abe 3-avgust kuni mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Akie Abe 4-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova hamrohligida O‘zbekiston Amaliy san’at muzeyiga tashrif buyurdi.

050820161.jpg

O‘zbek va yapon xalqlarining o‘xshash jihatlari ko‘p. Milliy g‘urur, mehnatsevarlik, sadoqat, mehr-oqibat kabi fazilatlar ikki xalq uchun birdek xosdir. Bu jihatlar ikki mamlakatning do‘stligi va hamkorligida muhim omil bo‘lmoqda.

O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar Do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot hamda Strategik sheriklikni chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot ruhida izchil rivojlanmoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning 2011-yil fevral oyida Yaponiyaga rasmiy tashrifi, Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abening 2015-yil oktabr oyida mamlakatimizga rasmiy tashrifi o‘zaro hamkorlik rivojiga yangi sur’at baxsh etdi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha sohalar qatori madaniy-gumanitar hamkorlik ham kengayib bormoqda. “Taraqqiyotga rasmiy yordam” dasturi doirasida hamda Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) orqali ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarda qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Yaponiyada O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari tashkil etilmoqda. Kunchiqar yurt ijodkorlari mamlakatimizda o‘tkazilayotgan xalqaro anjumanlar, xususan, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida faol qatnashib kelmoqda. 2015-yilgi “Sharq taronalari” festivalida Yaponiyaning “Shamisen” guruhi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.

Tokioda 2004-yili buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy haykali ochilgani Yaponiyada O‘zbekiston xalqiga, o‘zbek adabiyoti va san’atiga cheksiz hurmat-ehtiromning yorqin ifodasi bo‘ldi. Yaponiya olimlari Alisher Navoiy asarlari bugungi kunda ham yoshlarni bunyodkorlik, tinchlikparvarlik, boshqa xalqlar bilan do‘stlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlaydi.

Buyuk ipak yo‘lining qadimiy tarixi va an’analarini tadqiq etgan yapon olimi va musavviri Ikuo Xirayama yurtimizga bir necha marta sayohat qilgan, Samarqand, Buxoro kabi qadimiy shaharlarimizdagi betakror yodgorliklar, to‘kin bozorlarimiz, mehnatsevar xalqimiz obrazini o‘z suratlarida aks ettirgan. Poytaxtimizda ushbu olim xotirasiga hurmat belgisi sifatida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzurida Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyi ochilgan.

Yaponiyalik professor Kyudzo Kato mamlakatimiz olimlari bilan birgalikda Buyuk ipak yo‘lini, qadim Baqtriya davlatini o‘rganish bo‘yicha arxeologik tadqiqotlar olib borgan, Mirzo Ulug‘bek, Bobur va boshqa ulug‘ mutafakkirlar asarlarini yapon tiliga tarjima qilgan. Prezidentimizning farmoniga muvofiq Kyudzo Kato davlatimizning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.

O‘zbekiston – Yaponiya markazi kadrlar malakasini oshirish, “O‘zbekiston – Yaponiya” hamda “Yaponiya – O‘zbekiston” do‘stlik jamiyatlari xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda. O‘zbekistonda yapon tili, madaniyati va san’atini, Yaponiyada o‘zbek tili, xalqimiz tarixi va madaniyatini o‘rganishga qiziqish ortib bormoqda. 2015-yildan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida yapon tili birinchi xorijiy til sifatida o‘qitilmoqda.

Toshkentda 2001-yili ochilgan Yapon bog‘i shahar aholisi va poytaxtimiz mehmonlari uchun birdek sevimli va qadrli maskanga aylangan. Ushbu bog‘ yapon xalqining milliy qadriyatlari va madaniyatini o‘zida mujassam etgan.

Akie Abening ushbu tashrifi Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abening mamlakatimizga rasmiy tashrifining mantiqiy davomi bo‘ldi. Tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Amaliy san’at muzeyida xalqimizning boy madaniyati va san’atiga oid 7 mingdan ortiq eksponat bor.

Akie Abega milliy liboslar va cholg‘u asboblari, kashtachilik, zardo‘zlik, zargarlik, o‘ymakorlik, kandakorlik va kulolchilik asarlari, ulardagi bezak va naqshlarning ma’nolari haqida ma’lumot berildi. Kashta va gilam to‘qish, metallga naqsh solish jarayoni jonli tarzda ko‘rsatilib, mumtoz kuylarimizdan namunalar ijro etildi.

Milliy hunarmandlik va xalq amaliy san’ati namunalari mehmonda katta taassurot qoldirdi. Akie Abe mamlakatimizda Prezident Islom Karimov rahnamoligida tarixni o‘rganish, milliy qadriyatlarni tiklash, yoshlarni tarixiy xotira va milliy iftixor asosida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuksak baholadi. O‘zbekiston xalq hunarmandligi buyumlari go‘zalligi va bejirimligi bilan yaqqol ajralib turishini ta’kidladi.

Akie Abe yapon harbiylari mangu qo‘nim topgan maskanni ziyorat qildi. Mehmon vatandoshlari xotirasiga bunyod etilgan yodgorlik poyiga gulchambar qo‘ydi. Bu joy obod maskanga aylantirilgani, yurtdoshlarining xotirasi abadiylashtirilgani uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

Kunning ikkinchi yarmida Tatyana Karimova va Akie Abe Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatriga tashrif buyurdilar.

Mazkur teatr qurilishida Ikkinchi jahon urushi yillarida taqdir taqozosi bilan yurtimizga kelib qolgan yaponiyaliklar ham qatnashgan. Yaqinda teatr binosi rekonstruksiya qilinib, zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlandi.

2015-yil oktabr oyida Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abening mamlakatimizga rasmiy tashrifi chog‘ida ko‘plab sohalar qatori madaniy aloqalarni rivojlantirish borasida ham hujjatlar imzolangan edi. Shunga muvofiq, ayni kunlarda Yaponiyaning “Dram Tao” jamoasi mamlakatimizda ijodiy safarda bo‘lib turibdi.

Tatyana Karimova va Akie Abe mazkur ijodiy jamoa konsertini tomosha qildilar.

1993-yilda tashkil etilgan “Dram Tao” ijodiy jamoasi yorqin shoular orqali qadimiy yapon madaniyatini targ‘ib etadi. Musiqa, raqs va jang san’ati an’analarini mujassamlashtirgan chiqishlar tomoshabinlarda ulkan taassurot qoldiradi. Jamoa yigirmadan ziyod mamlakatda ijodiy safarda bo‘lgan. Joriy yilning birinchi choragida Shimoliy Amerikaning 38 shahrida o‘z dasturlarini namoyish etgan.

050820162.jpg

Akie Abe Yaponiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalar qatori madaniy-gumanitar yo‘nalishda ham izchil taraqqiy etayotganidan mamnun ekanini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston davlat akademik Katta teatri mahobati va ko‘rkamligi bilan unutilmas taassurot qoldirganini, yaponiyalik san’atkorlar ijrosidagi konsert xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishini qayd etdi.

Konsert dasturidan o‘rin olgan “Nindzya ayol”, “Xayol kuyi”, “Sakuraning ming daraxti”, “Kuzgi oy”, “Qaqnus”, “Moviy osmon” kabi kuy-qo‘shiq va raqslar tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.

Shuning bilan Yaponiya Bosh vazirining rafiqasi Akie Abening mamlakatimizga tashrifi nihoyasiga yetdi.

Toshkent xalqaro aeroportida Akie Abeni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rafiqasi Tatyana Karimova kuzatib qo‘ydi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati