Oqsaroyda qabul
15.07.2016

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 15-iyul kuni Oqsaroyda Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi (AIBA) prezidenti Ching-Kuo Vuni qabul qildi.

150720171.jpg

Ching-Kuo Vu AIBA Ijroiya qo‘mitasining Toshkentda o‘tayotgan majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurdi. Mazkur sport forumi Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi uchun Braziliyada bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikning yakuniy bosqichi hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, AIBA va uning rahbari Ching-Kuo Vu o‘zining munosib xizmati bilan dunyoda keng tarqalgan boksni va, umuman, Olimpiya harakatini rivojlantirishga katta hissa qo‘shayotganini alohida ta’kidladi.

Ushbu nufuzli xalqaro tashkilot Ijroiya qo‘mitasi majlisining Toshkentda o‘tkazilayotgani muhim voqea bo‘lib, bu jahon sportida O‘zbekiston alohida o‘rin egallashini yana bir bor tasdiqlaydi.

150720172.jpg

Ching-Kuo Vu mamlakatimizning jahon sport maydonida obro‘si ortib borayotganini yuksak baholadi. O‘zbekistonda jismoniy tarbiyani ommalashtirish va bolalar sportini rivojlantirish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani xalqaro jamoatchilikka yaxshi ma’lum. Davlatimiz rahbarining sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va har tomonlama yetuk yoshlarni voyaga yetkazishga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgani, bu borada maqsadli ishlar amalga oshirilayotgani natijasida ayni paytda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning qariyb 60 foizi sport seksiyalariga qatnamoqda.

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida professional sportchi, murabbiy va hakamlarni tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratildi. Bugun barcha zarur texnik va uslubiy vositalar bilan ta’minlangan saksondan ziyod sport federatsiyalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizning barcha hududlarida 51 mingdan ortiq sport inshootlari bunyod etilgan. Sport turlari bo‘yicha ko‘plab markaz va seksiyalar, eng yaxshi xorijiy sport arenalaridan qolishmaydigan sport majmualari va zallari faoliyat ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston sportchilarining Olimpiya o‘yinlarida erishayotgan yutuqlari ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotganidan dalolatdir. Tarixan qisqa fursatda 6 oltin, 5 kumush va 10 bronza medali qo‘lga kiritildi.

O‘zbekiston sportida boks alohida o‘rin egallaydi. 2014-2015-yillarda mamlakatimizning barcha yosh va vazn toifasidagi charm qo‘lqop ustalari turli darajadagi 269 medalga sazovor bo‘ldi. O‘zbekistonda xalqaro miqyosdagi nufuzli musobaqalar va boks turnirlari muntazam o‘tkazilmoqda. 2015-yilning 7-14-iyun kunlari AIBA shafeligida poytaxtimizda o‘tkazilgan boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionatida mamlakatimiz sportchilari 7 oltin va 6 bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.

Oqsaroydagi uchrashuvda O‘zbekistonda havaskorlik boksini rivojlantirish, mamlakatimizning AIBA bilan samarali hamkorligini yanada mustahkamlash va kengaytirish istiqbollari haqida fikr almashildi.

150720163.jpg

Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi rahbari Prezident Islom Karimovga samimiy qabul hamda O‘zbekistonda sportni, jumladan, boksni rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga sport va olimpiya harakatini rivojlantirish hamda ommallashtirish yo‘lidagi ulkan xizmatlari uchun, shuningdek, boksni xalqaro va milliy darajada rivojlantirish borasidagi fidokorona mehnati e’tirofi sifatida AIBAning yuksak mukofoti – “Xizmatlari uchun” ordeni topshirildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 19.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati