O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi yakunlari bo‘yicha brifingda so‘zlagan nutqi
30.06.2016
Avval xabar qilinganidek, shu yilning 24-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari uchun uyushtirilgan brifingda nutq so‘zladi. Quyida ana shu nutq matni chop etilmoqda.

Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari, xonimlar va janoblar, sizlarni samimiy qutlash va Shanxay hamkorlik tashkilotining Toshkent sammitiga katta qiziqish bildirganingiz uchun yana bir bor minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.

ShHT Davlat rahbarlari kengashining tashkilot tashkil topganining 15-yilligiga bag‘ishlangan yubiley majlisi ochiq va amaliy ruhda o‘tganini mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman. Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar, shuningdek, Afg‘oniston, Belarus, Hindiston, Eron, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Turkmaniston kabi mamlakatlar rahbarlari, BMT va yetakchi mintaqaviy tashkilotlar vakillari tomonidan majlis kun tartibidagi masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Shuni katta mamnuniyat bilan aytishim kerakki, kun tartibidagi barcha masalalar muhokama etilib, ular yuzasidan majlis ishtirokchilarining fikri eshitildi. Odatdagidek kun tartibiga kiritilgan bu masalalar dastlab ShHTga a’zo oltita davlat rahbarlari ishtirokida ko‘rib chiqilgani sizlarga yaxshi ma’lum. Bundan tashqari, ayrim qo‘shimcha masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Biz reglament va dasturda belgilangan muddatda barcha masalalarni ko‘rib chiqdik, biron-bir e’tiroz, taklif yoki qo‘shimchalar bo‘lmadi.

Bu nimadan dalolat beradi? O‘ttizdan ortiq davlat, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari, ko‘plab jurnalistlar ishtirok etgan bunday katta sammitni tashkil etish oson emas. Chunki bu tadbirda ShHTga a’zo va kuzatuvchi, shuningdek, taklif etilgan davlatlardan tashqari, hamkorlikning uchinchi yo‘nalishi – muloqot bo‘yicha sherik mamlakatlar vakillari ham ishtirok etdi. Har bir kategoriyaga mansub davlatning o‘z majburiyati, vakolati va imkoniyatlari bor. Shu nuqtai nazardan qaraganda, sammit ishidan hamma qanoatlandimi, degan savolga to‘la ijobiy javob berish mumkin. Barcha tayyorgarlik ishlari o‘z vaqtida, sifatli tashkil etilgani natijasida sammit yuksak saviyada o‘tdi. Bu borada, avvalo, ShHT Kotibiyatining hissasi katta bo‘ldi.

Biz ushbu sammitni kuzda o‘tkazishni rejalashtirgan edik. Shanxay hamkorlik tashkilotining 2015-yil iyul oyida Ufa shahrida bo‘lib o‘tgan majlisida bizga, ya’ni raislik qiluvchi mamlakat oldiga navbatdagi sammitni 2016-yilning iyun oyida tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Yana bir qiyin jihati – bu kun tartibiga kiritilgan masalalar bilan bog‘liq edi. Tashkilot tarkibini kengaytirish to‘g‘risidagi masala ShHT doirasida ilk bor muhokama etilgan mutlaqo prinsipial masalalardan biri bo‘ldi.

Shuni takror aytmoqchimanki, bugungi majlisda ertaga dunyoning barcha ommaviy axborot vositalari diqqat markazida bo‘ladigan masalalar muhokama etilib, tegishli hujjatlar qabul qilindi. A’zo davlatlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan izchil ishlar tufayli bu hujjatlarni o‘z vaqtida tayyorlashga muvaffaq bo‘ldik.

Kecha barcha mehmonlarni Toshkentda kutib oldik va ularning aksariyati poytaxtimiz markazidagi Amir Temur xiyoboni yonidagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida bo‘lib o‘tgan konsertda ishtirok etdi. Bu konsert sammit ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. San’atkorlarimiz buning uchun astoydil harakat qildi.

O‘zbekistonda keyingi yillarda ko‘plab iste’dod sohiblari yetishib chiqmoqda. Xushovoz va mahoratli artistlarimizning chiqishlari nafaqat mamlakatimiz aholisi, balki dunyo san’at ixlosmandlariga ham manzur bo‘lmoqda. Konsertda ijro etilgan milliy va mumtoz qo‘shiqlar, betakror raqslar, opera namunalari ShHT majlisi qatnashchilari va mehmonlariga a’lo kayfiyat bag‘ishladi, desam, adashmayman. Bizdan so‘ng, ya’ni 2016-2017-yillarda ShHTga raislik qiladigan Qozog‘iston ham shunday konsert tashkil etadi, deb ishonaman.

Albatta, sizlarni bugungi majlisda qanday hujjatlar imzolangani ko‘proq qiziqtirishi tabiiy. Ushbu hujjatlarning hammasi bilan ertaga matbuot nashrlari orqali tanishishingiz mumkin.

Eng muhim hujjat – bu ShHTning Toshkent deklaratsiyasidir. Bu hujjatda tashkilotning shu paytgacha bo‘lgan faoliyati yakunlari sarhisob qilingan va istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlari belgilangan. Muhim masalalardan yana biri – bu Hindiston va Pokistonning tashkilotga teng huquqli a’zo bo‘lib qo‘shilishi to‘g‘risidagi masaladir. Shuni aytish joizki, Hindiston va Pokiston ShHTda qabul qilingan barcha asosiy hujjatlarga rioya etish bo‘yicha majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgani haqidagi hujjat imzolandi. Xo‘sh, bu qanday hujjatlar?

Avvalo, bu 15-yil oldin imzolangan Xartiya, boshqacha aytganda, ShHT Nizomidir. Shuni katta mamnuniyat bilan aytishim kerakki, o‘tgan yillar davomida ShHT Nizomiga biror marta ham o‘zgartish kiritilmadi. Bu bizning, tashkilotga a’zo davlatlarning Xartiyada mustahkamlangan prinsip va qoidalardan hech qachon og‘ishmaganimizdan dalolat beradi. To‘g‘ri, tashkilot takomillashmoqda, Kotibiyat mas’ullari o‘zgarmoqda. Ammo Xartiya va unda bayon qilingan prinsiplar o‘zgargani yo‘q va bu juda muhimdir.

ShHTga yangi a’zolarni qabul qilish to‘g‘risidagi masalani muhokama etishda qizg‘in bahs-munozaralar bo‘ldi. Bugun ShHT tarkibida oltita a’zo va oltita kuzatuvchi bor. Ikkita yangi a’zoni qabul qilish katta ahamiyatga ega. E’tibor bering, Hindistonda 1 milliarddan ziyod, Pokistonda esa qariyb 200 million aholi yashaydi. Har ikki mamlakat ham katta salohiyat va imkoniyatga ega. Ayniqsa, Hindiston bugun jadal rivojlanib, tobora qudratli davlatga aylanib bormoqda.

Agar sizlarning orangizda Hindiston ommaviy axborot vositalari vakillari bo‘lsa, ularni bugun ushbu mamlakat erishayotgan bunday yutuqlar bilan tabriklamoqchiman. Pokistonliklarni ham shunday yutuqlar bilan tabriklayman.

Sizlarga shuni yana bir bor eslatmoqchimanki, Hindiston va Pokiston yadroviy davlatlardir. Bu nimadan dalolat beradi? Yadroviy davlatlar hisoblangan Xitoy va Rossiya qatoriga yana ikkita yadroviy mamlakat ShHTning a’zosi bo‘lib qo‘shiladi. Tasavvur qiling: bugun ShHTga daxldor mamlakatlarda dunyoning qirq sakkiz foiz aholisi istiqomat qiladi. To‘rtta yadroviy davlat. Ularning ikkitasi BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosidir. Ya’ni, gap bugungi kunda ShHT ega bo‘layotgan yuksak salohiyat va obro‘-e’tibor haqida bormoqda.

Barchangiz yaxshi bilasiz, hozirgi vaqtda ko‘pchilik BMTni sustkashlikda, ko‘plab masalalar uning e’tiboridan chetda qolayotganida ayblamoqda. Shunga qaramasdan, BMT universal tashkilot hisoblanadi va undan boshqa dunyo miqyosidagi barcha eng muhim masalalarni hal etadigan tuzilma yo‘q.

Bugungi kunda dunyoda vaziyat shiddat bilan o‘zgarib, har qadamda ziddiyat va qarama-qarshiliklar ko‘zga tashlanmoqda, bunday mojarolar kamayish o‘rniga, afsuski, kuchayib bormoqda. Jurnalistlarning shunga e’tibor berishlarini so‘rardim, bugun jahonda qanday tendensiyalar paydo bo‘lmoqda? Katta davlatlarning dunyoda ro‘y berayotgan g‘oyat muhim masalalarga doir fikrlari aksariyat hollarda bir-biriga mos kelmaydi. Ba’zilar yadroviy to‘qnashuvlar haqida xotirjamlik bilan gapirmoqda. Siz, hurmatli jurnalistlar bunday mas’uliyatsiz yondashuvlar qanday achinarli oqibatlarga olib kelishini yaxshi tushunasiz, deb o‘ylayman.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng insoniyat tarixida yana shunday urushga yo‘l qo‘yish mumkinligi haqida odamlar hatto o‘ylashga ham qo‘rqar edi. Bu dahshatli urushda hammasi bo‘lib 50 million, sobiq Ittifoq hududidan 27 million kishi qurbon bo‘ldi. Tasavvur qilyapsizmi, 50 million kishi! Takror aytaman, ilgari bunday urushning qaytarilishi haqida hech kim o‘ylamas, gapirmas edi. Bugun esa ko‘pgina siyosatchilar, yuqori lavozimda o‘tirgan rahbarlar va jurnalistlar yadroviy urush bo‘lishi yoki bo‘lmasligi haqida bemalol gapirmoqda. Uchinchi jahon urushi bo‘ladimi, degan savolni bamaylixotir muhokama qilmoqda.

Mening fikrimcha, butun dunyo, insoniyat taqdiri uchun mas’uliyatni his etmasdan aytilgan bunday gaplarning o‘zi uchun ham qandaydir jazo choralarini qo‘llash ortiqcha bo‘lmas edi. Men ilgari, agar yana urush bo‘ladigan bo‘lsa, bu jahon urushi va albatta yadroviy urush bo‘ladi, deb aytgan edim. Bir faraz qiling, bunday urushdan so‘ng Yer yuzida nima qoladi? Nima uchun bu achchiq haqiqatni unutib qo‘ymoqdamiz va urush haqida xotirjam gapirmoqdamiz? Nima uchun urush boshlanishi kerak, qanday kuchlar uni qo‘zg‘amoqda? Nahotki insoniyat xotirasi shu qadar zaiflashib, tarix saboqlarini unutib qo‘ygan bo‘lsa?

Bu fikrni aytishdan maqsad shuki, ShHTning asosiy vazifasi – tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashdan iborat. Bizning vazifamiz bitta – ro‘y berayotgan qarama-qarshiliklar yangi urushga aylanib ketishining oldini olish, tinchlik va barqarorlikni saqlashdir. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, ko‘pchilik bemalol aytayotgan urush Yer yuzidagi oxirgi urush bo‘ladi. Bunga yo‘l qo‘yishga mutlaqo haqqimiz yo‘q. Bu – Shanxay hamkorlik tashkilotining shioridir.

ShHTning salohiyati yuksalib borgani sayin bunday qarama-qarshiliklarning oldini olish uchun imkoniyatlarimiz kengayib boradi. Mana, biz o‘z oldimizga qanday vazifa va maqsadlarni qo‘ymoqdamiz.

Hindiston va Pokistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga qo‘shilishi haqida gap borganda, xoh ishoning, xoh ishonmang, sammitga bir oy vaqt qolganida ham bu masalaga oid asosiy hujjat bo‘yicha kelisha olmagan edik. Boshqacha aytganda, bu jarayon oson kechgani yo‘q. Barcha hujjatlarning o‘z vaqtida tayyor bo‘lishiga mas’ul kishi sifatida shuni ochiq aytishim kerakki, agar bu hujjatlar tayyor bo‘lmaganida ushbu masala kun tartibidan tushirib qoldirilgan, sammit bugungidek yuksak ahamiyat kasb etmagan bo‘lar edi.

Hindiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasining ShHTga a’zo davlat maqomini olish yo‘lidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandumlar kecha koordinatorlar darajasida kelishilayotganida ham ular ma’qullanishi va bugun imzolanishiga to‘la ishonmagan edik. Hindiston rahbari janob Narendra Modi va Pokiston Prezidenti janob Mamnun Husayn bir-biriga qo‘l berganini ko‘rib, meni ichki bir qoniqish tuyg‘usi qamrab oldi. Pokiston va Hindiston o‘rtasida qanday munosabatlar borligini siz, jurnalistlarga aytib o‘tirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman. Bu ikki davlat tashkilotga bir paytning o‘zida qo‘shilayotganida chuqur ma’no bor. Agar ularning bittasi uchun qabul jarayonini boshlab, ikkinchisini keyinga qoldiradigan bo‘lsak, bugungidek samara bo‘lmasdi. Chunki bu Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi ixtilofni yanada keskinlashtirib yuborishi mumkin edi. Bunday vaziyatdan mohirlik bilan foydalanib qoladigan kuchlar borligini ham unutmasligimiz kerak. Xullas, kecha kechqurun hujjatlar yuzasidan kelishuvga erishib, bugun imzoladik. Bu juda katta, tarixiy ahamiyatga ega voqeadir.

ShHTga a’zo, kuzatuvchi sifatida qo‘shilish istagini bildirayotgan mamlakatlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Sizlarga ma’lumki, Erondan, Afg‘onistondan va boshqa ko‘plab davlatlardan shunday murojaatlar tushmoqda.

Bularning barchasi, takror aytishga to‘g‘ri keladi, Shanxay hamkorlik tashkilotining salohiyati va xalqaro miqyosdagi nufuzi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

E’tiboringiz uchun tashakkur.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 22.08.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati