Ulug‘ shoir dahosiga ehtirom
24.06.2016

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 24-iyun kuni atoqli rus shoiri Aleksandr Sergeyevich Pushkin haykali qad rostlagan maydonga tashrif buyurdilar.

Bir yuz o‘ttizdan ortiq millat va elat vakillari yagona oila farzandlaridek ahil-inoq istiqomat qilayotgan mamlakatimizda barcha millat vakillarining an’analarini, urf-odatlarini asrab-avaylashga oid huquqiy kafolatlar yaratilgan. Davlatimiz rahbari rahnamoligida adabiyot va san’atni ravnaq toptirish, shuningdek, jahon adabiyotining eng yaxshi asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston va Rossiya xalqlari bir-birining adabiyoti va san’atini yaxshi biladi. Pushkin haykali o‘rnatilgan maydon poytaxtimiz aholisi va mehmonlarining sevimli maskanlaridan biridir. O‘zbekistonda Rus milliy madaniyat markazi ishlab turibdi. M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti, I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Moskva shahri markazida buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyning ulug‘vor haykali qad rostlab turibdi.

O‘zbekistonda jahon mumtoz adabiyoti namoyandalarining o‘lmas merosini o‘rganish, targ‘ib etish, ulardan yosh avlodni umumbashariy ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalashda keng foydalanishga oid ezgu ishlar A.S.Pushkin ijodini o‘rganishda ham yaqqol aks etmoqda. Joriy yilda Aleksandr Pushkin tavalludining 217-yilligi keng nishonlandi. Asarlarida tinchlik, do‘stlik, muhabbat, erkinlik g‘oyalarini tarannum etgan shoir ijodiga bag‘ishlangan turli kechalar, ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Pushkin haykali poyiga gul qo‘ydilar.

Maydonda amalga oshirilgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari oliy martabali mehmonda katta taassurot qoldirdi. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti O‘zbekistonda jahon adabiyotining buyuk namoyandalari qatori Aleksandr Sergeyevich Pushkin ijodi, adabiy merosi yuksak qadrlanishi, shoirxotirasiga bunyod etilgan yodgorlik xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik munosabatlarining yorqin ifodasi ekanini ta’kidladi.

Vladimir Putin O‘zbekistonga tashrifi g‘oyat samarali bo‘lganini alohida ta’kidlab, samarali muzokaralar uchun Prezidentimiz Islom Karimovga samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi davrida tashkilot faoliyatini yanada faollashtirish bo‘yicha mamlakatimiz amalga oshirgan ishlarga yuksak baho berdi. Ishchanlik ruhida o‘tgan Toshkent sammiti ShHT davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, uni yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qilishini alohida qayd etdi.

Toshkent xalqaro aeroportida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov kuzatib qo‘ydi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati