Prezident Islom Karimov Prezident Mamnun Husayn bilan uchrashdi
24.06.2016

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 24-iyun kuni Ko‘ksaroyda Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Husayn bilan uchrashuv o‘tkazdi.

2406201666.jpg

Prezidentimiz Islom Karimov uchrashuvda Mamnun Husaynning yurtimizga ilk tashrifini mamlakatlarimiz hamkorligi rivojida muhim voqea, deb bilishini ta’kidladi.

Pokiston O‘zbekistonga yaqin qo‘shni, ulkan iqtisodiy salohiyatga ega davlat. Mamlakatlarimiz hamkorligi mintaqada tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.

Davlatlarimiz mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. O‘zbekiston Pokistonning ShHTga a’zo davlat sifatida qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlab, tashkilotga raisligi davrida bu masalaga alohida e’tibor qaratdi. Bu borada Harakat dasturini ishlab chiqdi va amalga oshirdi. Sammit doirasida ShHTda a’zo davlat maqomini olish majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi uning amaliy natijasi bo‘ldi.

Uchrashuvda o‘zaro aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashildi.

Mamnun Husayn o‘zbekona mehmondo‘stlik va mazmunli suhbat uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, Pokiston O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 24.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati