Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li – strategik hamkorlikning yuksak samarasi
22.06.2016

Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz”da 22-iyun kuni O‘zbekiston va Xitoy hamkorligining yirik va istiqbolli loyihasi ijrosi – Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li hamda Qamchiq tunnelining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ishtirok etdi.

220620167.jpg

Davlatimiz rahbari mazkur g‘oyat ulkan loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekiston uchun katta yutuq, muhim va unutilmas tarixiy voqea ekanini alohida ta’kidladi.

Qurilish davomida O‘zbekiston va Xitoy quruvchilari, muhandislari, mutaxassislari ahil hamkorlikda mehnat qilib, yuksak kasb mahoratini namoyon etdi. Ushbu inshoot eng yuksak xalqaro normalarga javob beradi va jahon amaliyotida noyob loyihadir. Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘lining ishga tushirilishi yuk tashish bo‘yicha vaqt va mablag‘ tejash imkonini beradi, shuningdek, tranzit, ishlab chiqarish va infratuzilma salohiyatini keskin oshiradi, O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi, dedi Prezidentimiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l tizimida harakatlanadigan “O‘zbekiston” yo‘lovchi poyezdining Qamchiq tunnelidan o‘tishiga ruxsat beruvchi semaforni yoqish uchun maxsus tugmani bosdilar...

Vatanimiz mustaqilligining dastlabki yillaridan dunyo bozoriga yangi yo‘llar ochish, mamlakatimizni boshqa mintaqalar bilan bog‘laydigan zamonaviy transport kommunikatsiyalari barpo etish dolzarb masala sifatida kun tartibiga qo‘yildi. Asosiy e’tibor yangi temir yo‘llar qurish, mamlakatimizning yagona va yaxlit temir yo‘l tizimini barpo etishga qaratildi.

Amudaryo uzra avtomobil va temir yo‘l qatnovi uchun mo‘ljallangan zamonaviy ko‘prikni o‘z ichiga olgan Navoiy-Uchquduq-Sulton Uvaystog‘-Nukus temir yo‘lining barpo etilishi bu boradagi dastlabki qadam bo‘ldi.

Keyinroq “asr mo‘jizasi” deya nom olgan noyob inshoot – Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘l liniyasi ishga tushirildi. Ushbu bunyodkorlik inshooti mamlakatimizda yagona milliy temir yo‘l tizimini yaratishning navbatdagi muhim bosqichi bo‘ldi.

Temir yo‘l transporti barcha davlatlar iqtisodiyotining asosiy qon tomiri hisoblanadi. E’tiborlisi, temiryo‘lchilarimizning kuch-g‘ayrati bilan keyingi yillarda 1 ming 200 kilometrdan ziyod yangi temir yo‘l tarmog‘i barpo etildi, 3 ming 800 kilometrlik yo‘l modernizatsiya qilindi va qaytadan ishga tushirildi, qariyb 1100 kilometrlik temir yo‘l magistrallari elektrlashtirildi. Natijada temir yo‘llarning umumiy uzunligi 6 ming 500 kilometrga yetdi va ular mamlakatimizning barcha mintaqalarini qamrab olish imkoniga ega bo‘ldi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan davrdan buyon yuk tashishlar 1,5 barobar, yo‘lovchi tashish 1,3 barobar o‘sdi. Umuman, 2015-yilda temir yo‘llar orqali qariyb 82 million tonna yuk tashilgani va 20,1 million yo‘lovchi o‘z manziliga yetkazilgani yurtimizda mazkur tarmoqning salohiyati va imkoniyatlari tobora kengayib borayotganidan dalolatdir. Bugungi kunda mamlakatimizda yuklarning 60 foizdan ziyodi, yo‘lovchilarning 75 foizdan ortig‘i temir yo‘l transporti orqali tashilmoqda.

O‘zbekiston temir yo‘llari transmintaqaviy transport koridorlarining eng muhim bo‘g‘ini sifatida xalqaro temir yo‘llar tashuvi tizimida munosib o‘rin egallamoqda. Zero, mamlakatimiz magistral temir yo‘l tarmoqlari orqali Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni birlashtiradigan katta transport-kommunikatsiya va tranzit salohiyatiga ega.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida barcha sohalar qatori transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlik ham yuksak sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Xitoyda ishlab chiqarilgan eng yuqori texnik xususiyatlar va qator afzalliklarga ega, zamonaviy va yuksak samarali elektrovoz va teplovozlarning mamlakatimizga yetkazib berilgani o‘zaro manfaatli hamkorlikka yorqin misol bo‘la oladi.

O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida eng qisqa temir yo‘l tarmog‘ini barpo etish o‘zaro iqtisodiy va transport sohasidagi hamkorlikning dolzarb strategik yo‘nalishlaridandir. Bu Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlariga, undan keyin Janubiy Osiyoga chiqishini ta’minlaydi. Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘lining barpo etilishi bu borada “ko‘prik” vazifasini o‘taydi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va Xitoyning “China Railway Tunnel Group” kompaniyasi hamkorligida bunyod etilgan tunnel qurilishiga umumiy qiymati 455 million dollarlik mablag‘ yo‘naltirildi.

Dengiz sathidan 2 ming 200 metr balandlikda joylashgan Qamchiq dovoni orqali o‘tgan Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasining ishga tushirilishi Farg‘ona vodiysi viloyatlari va mamlakatimizning boshqa hududlari o‘rtasida temir yo‘l orqali yuk va yo‘lovchi tashish imkoniyatini yaratadi. Shu bilan birga, Xitoy – Markaziy Osiyo – Yevropa yangi xalqaro tranzit temir yo‘l koridorining eng muhim bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qiladi.

Bunyodkorlik ishlarida “China Railway Tunnel Group” kompaniyasining mingdan ziyod ishchi-mutaxassislari, uch mingdan ziyod temiryo‘lchilarimiz, uch yuzdan ortiq elektrmontajchi ishtirok etdi. Mohir quruvchilar 32 oy mobaynida murakkab tabiiy sharoitlarda – yoz jaziramasida ham, qishning qahratonida ham ishni bir me’yorda olib bordi. Bu o‘z samarasini berdi.

Uzunligi 123,1 kilometr bo‘lgan Angren-Pop temir yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tgan qismida 19,2 kilometrlik tunnel ochildi. Tunneldan tashqari bu yerda 43 million kub metr tuproq, 16,3 million kub metr burg‘ulash, portlatish ishlari bajarildi. Shuningdek, 285 sun’iy inshoot va suv o‘tkazish quvurlari, umumiy uzunligi 2,1 kilometr, o‘rtacha balandligi 25 metrlik 15 temir yo‘l ko‘prigi va 6 yo‘l o‘tkazgich barpo etildi. 4 stansiya, 4 razyezd va 2 vokzal qurib bitkazildi, 2 nim tortish stansiyasi qurildi. Umumiy qiymati qariyb 1 milliard 635 million dollarlik mablag‘ga teng bo‘lgan mazkur ulkan loyiha doirasida temiryo‘lchilar uchun o‘nga yaqin turar joy binolari barpo etildi.

– Temir yo‘l qurilishi sohasida uzoq yillardan beri ishlab kelayotganim bois O‘zbekistonning bu boradagi salohiyati haqida ko‘p eshitganman, – deydi “China Railway Tunnel Group” qurilish kompaniyasi mas’ul xodimi Xu Zeng Ping. – Qurilishi nihoyasiga yetgan mazkur temir yo‘l O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun nechog‘li ahamiyatli ekanini ta’riflash qiyin. Temir yo‘l borgan joyda o‘sish, rivojlanish bo‘ladi. O‘zbekiston tanlagan taraqqiyot yo‘li naqadar to‘g‘ri ekani hayotda o‘z isbotini topmoqda.

Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li mamlakatimiz taraqqiyoti va farovonligining yanada yuksalishida alohida ahamiyat kasb etadi. Buni mutaxassislarning quyidagi tahlillari ham tasdiqlaydi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur temir yo‘l orqali shu yilning o‘zida 600 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish mumkin. Qurilish davrida 4 ming kishi ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, temir yo‘ldan doimiy foydalanila boshlagach, yana 1,5 ming yangi ish o‘rni yaratiladi.

– Bundan 25-30-yil ilgari bu yerlardan temir yo‘l o‘tadi, desa birov ishonmasdi. Boisi, Qamchiq dovonining ulkan qoyalari, chuqur jarliklari, pastu baland adirlari uzra poyezd qatnovini yo‘lga qo‘yish aqlga sig‘mas ish edi-da, – deydi Toshkent viloyati Parkent tumanida istiqomat qiluvchi 79 yoshli mehnat faxriysi Soliddin Salohiddinov. – Bunyodkor xalqimizning azmu shijoati, Prezidentimizning uzoqni ko‘zlab amalga oshirayotgan oqil siyosati va tashabbusi bilan bunday xayollar haqiqatga aylandi. Mustaqillik davri kishilarining o‘tkir zehni, sobit qadami, qat’iy xohish-irodasi va mehnatsevarligi evaziga xalqimizning yana bir orzusi ushaldi.

– Mazkur yo‘l iqtisodiy taraqqiyotning belgisi bo‘lmish qurilish va sanoat, transport va aloqa, xizmat sohalarini rivojlantirishga, sog‘liqni saqlash, ta’lim-tarbiya, umuman, yangi-yangi madaniy o‘choqlar ochilishiga, hayotni jonlantirishga, uning sur’atlarini tezlashtirishga mustahkam zamin yaratadi, – deydi Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li qurilishini topshirish guruhi rahbari Navro‘z Erkinov. – O‘zbekistonning chet davlatlarga chiqish va eksport imkoniyatini, shu bilan birga, yurtimizning tranzit rolini kengaytirish borasidagi salohiyatini keskin oshiradi.

Ayni paytda qurilish ishlarining murakkabligi bo‘yicha dunyoda sakkizinchi, uzunligi jihatidan o‘n uchinchi, MDH mamlakatlari orasida yagona bo‘lgan Qamchiq tunneli Toshkent viloyati bilan Namangan viloyati o‘rtasida robita vazifasini o‘taydi.

...Dastlabki poyezd Qamchiq tunnelini – Sardaladan boshlanib Chodak qishlog‘igacha bo‘lgan masofani 16 daqiqada bosib o‘tdi.

“O‘zekspomarkaz” bilan Qamchiq tunneli o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri videoaloqa o‘rnatildi.

“China Railway Tunnel Group” kompaniyasi raisi Yuy Baoulin va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ochilboy Ramatov Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li va Qamchiq tunnelining ishga tushirilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

– Bilasiz, 2013-yilning aprel oyida Prezidentimiz xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etib, nutq so‘zlagan, – deydi Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani “Birlashgan” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, “El-yurt hurmati”, “Do‘stlik” ordenlari sohibi Tojibarxon Yo‘ldosheva. – Sessiyada men ham qatnashganman. O‘shanda davlatimiz rahbari bir yangilikka e’tiborimizni qaratdi: Angren-Pop yo‘nalishida elektrlashtirilgan temir yo‘l qurishni mo‘ljallamoqdamiz. Farg‘ona vodiysini O‘zbekistonning boshqa hududlari bilan temir yo‘l orqali bog‘lash masalasini e’tibordan chetda qoldirishga haqqimiz yo‘q. Nasib etsa, 2016-yilda ana shu temir yo‘l qurib bitkazilishi bilan vodiyga, jumladan, Andijonga poyezd bilan bemalol qatnash imkoniga ega bo‘lamiz, dedi Prezidentimiz qat’iy ishonch bilan. O‘shanda davlatimiz rahbarining bu gapi nainki Andijon, butun vodiy ahlining yuksak olqishiga sazovor bo‘lgandi. Bugun ana shu gaplarning amaldagi isboti, tarixiy voqeaning guvohi bo‘layotganimizdan behad baxtiyormiz.

Marosimda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin mazkur loyihaning amalga oshirilishi Xitoy va O‘zbekiston hamkorligining ulkan samarasi, xalqlarimiz o‘rtasidagi yaqin do‘stlikning yana bir yorqin namunasi ekanini ta’kidladi.

Xitoy va O‘zbekiston ahil qo‘shni, yaqin do‘st va ishonchli hamkor, mamlakatlarimiz o‘zaro munosabatlardagi samimiyat ruhini yuksak qadrlaydi. Kelgusida birgalikda xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qiluvchi yanada katta yutuqlarga erishamiz. Xitoy va O‘zbekistonning hamkorlik yo‘llari yanada keng va porloq bo‘lishiga ishonamiz, dedi Si Szinpin.

Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li qurilishidek ulkan va g‘oyat muhim loyihaning amalga oshirilishi mamlakatimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlash, tranzit va sayyohlik salohiyatini yuksaltirish va temir yo‘l tarmog‘ini yanada rivojlantirishga hamda O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi serqirra, strategik munosabatlarni tobora yuqori bosqichga ko‘tarishga va muttasil rivojlantirishga xizmat qiladi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati