MAMLAKATIMIZNING TARAQQIYOTI, EL-YURTIMIZ FAROVONLIGI, VATANIMIZNING OBRO‘-E’TIBORINI YANADA OSHIRISH YO‘LIDA MEHNAT QILISH – MUQADDAS BURCHIMIZ
02.04.2013

Prezident Islom Karimovning Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasidagi nutqi.

Aziz do‘stlar!

Siz, hurmatli deputatlar va sessiya qatnashchilari bilan, Toshkent viloyatining faollari bilan ko‘rishib turganimdan xursand bo‘lganimni va shu fursatdan foydalanib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatimni bildirishdan mamnunman.

Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, siz azizlar bilan ko‘pdan beri uchrashmaganimizni anglab, o‘zim ham sizlar bilan yaqindan uchrashib, suhbat qurishga ehtiyoj sezib yurganimni aytmoqchiman.

Sizlar bilan diydor ko‘rishib, hol-ahvol so‘rashib, bugungi hayot haqida – hayot muammosiz bo‘lmaydi, albatta – oldimizda turgan vazifalar, mavjud muammolarning yechimini topish haqida fikr almashib, tegishli xulosalar chiqarib olish kerakligini bugun hayotning o‘zi taqozo etmoqda.

Mana shunday ochiq uchrashuv va muloqotlarda yon-atrofimizdagi bugungi notinch, tobora murakkablashib borayotgan bir vaziyatda turli xavf-xatarlarning oldini olish, yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikni asrab, hayotimizning darajasi va sifatini yuksaltirish, uni yanada mazmunli qilish bo‘yicha ochiqchasiga gaplashib olish, sizlarning fikr-mulohaza va takliflaringizni eshitish, hech shubhasiz, ayni muddao bo‘lur edi.

Shu ma’noda, bugun faqat sessiya kun tartibiga kiritilgan masala bilan chegaralanmasdan, Toshkent viloyatining rivojlanish sur’atlari, erishilgan yutuqlar bilan birga, hali-beri yechilmasdan kelayotgan, odamlarni o‘ylantirayotgan, bezovta qilayotgan muammolar haqida atroflicha gaplashib olsak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.

Toshkent viloyatining yurtimiz hayotidagi mavqei va ahamiyati haqida so‘z borganda, qaysi nuqtai nazardan qaramaylik – bu uning tarixiy yoki jug‘rofiy o‘rni bo‘ladimi, iqtisodiy-ijtimoiy imkoniyatlari, insoniy salohiyati bo‘ladimi – mamlakatimiz taraqqiyotida katta rol o‘ynaydigan ana shunday omillar haqida, albatta, ko‘p gapirish mumkin.

Toshkent viloyati, boshqa mintaqalar bilan solishtirganda, hosildor tuprog‘i, boy mineral-xomashyo manbalari, yetarli suv zaxiralari bilan alohida ajralib turadi. O‘zining betakror iqlimi, go‘zal tabiati va xushmanzara maskanlari bilan har qanday kishining hayratini o‘ziga tortadi.

Viloyatning unumdor zaminida mirishkor dehqonlarning peshona teri bilan yetishtiriladigan noz-ne’matlar faqat voha aholisini emas, shu bilan birga, azim poytaxtimizda, bu ulkan shaharda yashayotgan 2 million 600 mingga yaqin odamni meva-cheva, sabzavot, go‘sht, sut, tuxum va boshqa hayotiy zarur mahsulotlar bilan uzluksiz ta’minlashga qanday katta hissa qo‘shayotganini barchamiz yaxshi bilamiz.

Toshkent viloyatida iqtisodiyotimizning yetakchi tarmog‘i bo‘lmish sanoat sohasi yuqori darajada rivojlangani hammamizga yaxshi ma’lum. Bugungi kunda viloyatning mamlakatimiz sanoatidagi ulushi, Toshkent shahri bilan qo‘shib hisoblaganda, 33,5 foizni tashkil etishi ham shuni tasdiqlab beradi. Umuman olganda, mamlakatimiz bo‘yicha yaratilayotgan yalpi ichki mahsulotning 9,6 foizi, sanoat mahsulotlarining 12,4 foizi, xizmatlarning 9,4 foizi aynan Toshkent viloyati hissasiga to‘g‘ri kelishi uning katta ishlab chiqarish salohiyatiga ega ekanini ko‘rsatadi.

Vohada yoqilg‘i-energetika majmuasi, kimyo va neft-kimyo, qurilish industriyasi, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha iqtisodiyotimizning lokomotivi bo‘lgan yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyat yuritmoqda. Bunga misol qilib AQShning mashhur “Jeneral Motors” kompaniyasi bilan hamkorlikda barpo etilgan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hududida noyob hisoblangan avtomobil dvigatellari ishlab chiqaradigan zamonaviy zavodni, Chirchiq, Olmaliq, Bekobod shaharlaridagi yirik sanoat majmualarini keltirish mumkin. Bu korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni nafaqat mintaqamiz, balki chet ellarda ham xaridorlar yaxshi biladi va tan oladi.

Toshkent viloyati haqida gapirganda, yana bir muhim xususiyat haqida to‘xtalib o‘tishni joiz, deb bilaman. Bu avvalo viloyat aholisining intellektual darajasi, bilim va tajribasi, ma’naviy saviyasi bilan ajralib turishida namoyon bo‘ladi, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman. Shu bois mana shu diyorga mehr qo‘yib, uni obod qilib kelayotgan mehnatsevar va olijanob insonlar haqida har qancha faxrlanib gapirsak, ularga minnatdorlik bildirsak, arziydi, albatta.

Hurmatli deputatlar!

Mustaqil taraqqiyot yillarida Toshkent viloyatida yaratilgan iqtisodiy salohiyatni yanada oshirish, uni poytaxt viloyati degan nomga munosib darajaga ko‘tarish uchun sizlar bilan birga amalga oshirgan ishlardan hammamiz albatta xabardormiz.

Viloyatning keyingi yillardagi iqtisodiy o‘sishi haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, avvalo butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi, bu yerda ham barqaror rivojlanish sur’atlari saqlanib qolayotganini ta’kidlash lozim. Buni o‘tgan 2012-yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot 5 foizga, sanoat qariyb 8 foizga, qishloq xo‘jaligi 6,7 foizga, pullik xizmatlar 15 foizga o‘sgani yaqqol tasdiqlab turibdi.

Agarki 2000-yilga nisbatan qiyoslaydigan bo‘lsak, yalpi hududiy mahsulot va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ikki barobar, pullik xizmatlar olti barobar, qurilish-pudrat ishlari esa uch barobardan ziyod oshganini ko‘rish mumkin.

Viloyat sanoatini el-yurtimiz, avvalo mana shu zaminda yashayotgan insonlar manfaatini ko‘zlab rivojlantirish bo‘yicha keyingi yillarda qilgan ishlarimiz haqida ko‘p gapirish mumkin. Xususan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Bekobod metallurgiya zavodi, Chirchiq va Olmaliq shaharlaridagi kimyo korxonalariga keng ko‘lamli investitsiyalar jalb etilib, texnik va texnologik modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Shular qatorida Quyi Bo‘zsuv GESlar kaskadi, Farhod GES, Chorvoq GES, Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasi singari energetika ob’ektlarida, Angren ko‘mir konida modernizatsiya ishlari davom ettirilmoqda.

Ayniqsa, “Angren” maxsus industrial zonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi bilan viloyat iqtisodiyoti uchun yangi-yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Men bu haqda ko‘p gapirmasdan, faqat ba’zi raqamlarni keltirish bilan kifoyalanmoqchiman. Hozirgi vaqtda mazkur industrial zona hududida 186 million dollardan ortiq qiymatdagi 8 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Jumladan, ishlatilgan neft mahsulotlaridan bazaviy moy tayyorlash, turli hajmdagi mis quvurlar, sanitariya-texnik va butlovchi buyumlar, sopol plitalar, ko‘mir briketi, charm buyumlar ishlab chiqarish kompleksi shunday loyihalar sirasiga kiradi. Shuningdek, bu yerda shakar ishlab chiqarish zavodi qurish mo‘ljallanmoqda. Bularga qo‘shimcha ravishda umumiy qiymati 245 million dollarni tashkil etadigan yana 22 ta loyihani amalga oshirish bo‘yicha zarur hujjatlar tayyorlanmoqda. Sobiq “Rezinatexnika” korxonasi negizida avtomobillar va qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun zarur mahsulotlar ishlab chiqaradigan loyiha bo‘yicha esa ishlar boshlab yuborildi.

Bir so‘z bilan aytganda, oxirgi besh yil davomida Toshkent viloyati bo‘yicha 1 milliard 500 million dollar miqdoridagi mablag‘ sarflanib, 58 ta yirik investitsiya loyihasi to‘la amalga oshirildi. Bu ishlarning davomi sifatida 2013-yilgi investitsiya dasturi doirasida viloyatda qariyb 545 million dollar mablag‘ hisobidan 69 ta loyihani hayotga joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Aziz do‘stlar, albatta, bu raqamlar haqida shunchaki gapirish oson, lekin ular qanday katta mablag‘, qanday katta mehnat hisobidan amalga oshirilayotganiga e’tibor bering. Bunday loyihalarni amalga oshirish, xorijiy investorlarni otang yaxshi, onang yaxshi, deb yurtimizga olib kelish o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Buning uchun tinimsiz harakat qilish, xorijiy hamkorlarni topib, ularga barcha zarur sharoitlarni yaratib berish kerak. Masalan, mana shu “Rezinatexnika” zavodi bo‘yicha xitoylik hamkorlarimiz bilan aniq bir bitimga kelish uchun keyingi uch yil davomida qancha-qancha ish olib borishga to‘g‘ri keldi.

Yoki Toshkent viloyatining salohiyatiga salohiyat qo‘shishga xizmat qiladigan “Angren” maxsus zonasini oladigan bo‘lsak, bu loyihaga xuddiki o‘zining shaxsiy ishidek qarab, uni amalga oshirishga sidqidildan hissa qo‘shgan barcha mutaxassis va mutasaddilarga rahmat aytsak, arziydi.

Albatta, xalqimizning mashaqqatli va fidokorona mehnati bilan qo‘lga kiritilgan bunday yutuq va marralar, reja va dasturlar barchamizga g‘urur-iftixor, eng muhimi, ertangi kunga ishonch bag‘ishlaydi. Lekin, biz bugun qo‘lga kiritilgan yutuq va marralar bilan bir qatorda, Toshkent viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mavjud boy imkoniyat va resurslardan yetarlicha foydalanish borasida bir qator kamchilik va oqsoqliklarga yo‘l qo‘yilayotganiga ko‘proq e’tibor berishimiz zarur.

Ko‘zga tashlanadigan muammolar haqida gapirganda, avvalo, shuni ta’kidlashimiz zarurki, viloyat sanoatining 88 foizi Olmaliq, Angren, Bekobod, Chirchiq shaharlari hamda Ohangaron, Qibray, Yangiyo‘l va Zangiota tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Qolgan 10 ta tumanning bu boradagi ulushi 12 foizni tashkil etadi, xolos.

Ayniqsa, Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka, Bekobod, Quyichirchiq tumanlarining viloyat sanoatidagi ulushi bir foizga ham yetmasligini qanday baholash mumkin?

Hududiy sanoat tarkibida mahalliy tasarrufdagi korxonalar hissasi yildan-yilga pasayib bormoqda. Oxirgi 3-yilda bu ko‘rsatkich 25,3 foizdan 22,8 foizga tushib qolgani ham shundan dalolat beradi.

O‘zingiz o‘ylang, aziz do‘stlar, bu hududlarning barchasida o‘zimizning odamlarimiz yashaydi. Lekin nima uchun bir tumanda sanoat jadal rivojlanmoqda, ikkinchisida esa oqsoqlikka yo‘l qo‘yilmoqda? Holbuki, Toshkent viloyatida sanoat, ishlab chiqarishni izchil rivojlantirish uchun barcha shart-sharoit mavjud. Bu viloyat shunday ixcham joylashganki, uning bir tumanidan ikkinchi tumaniga borish juda qulay, ya’ni yo‘l-kommunikatsiya masalasida bu yerda hech qanday to‘siq yo‘q. Shunday ekan, talab ham shunga yarasha katta bo‘lishi tabiiy.

Mana, o‘zingiz ko‘ryapsiz, hozirgi kunda yoshlarimiz zamonaviy kasb-hunarlarni egallashga, hayotdan o‘z o‘rnini topishga intilmoqda. Lekin, nima uchun Yuqorichirchiq, O‘rtachirchiq, Quyichirchiq tumanlarida yangi, zamonaviy sanoat korxonalarining salmog‘i va samarasi haligacha sezilmayapti?

Takror aytaman – bizga bo‘laveradi, degan eskicha qarash bilan faqat tomorqadan olinadigan daromad yoki oldi-sotdi ishlariga ko‘z tikib yashash bizga endi yarashmaydi. Buning uchun odamda avvalo g‘urur tuyg‘usi bo‘lishi lozim.

Bu muqaddas zaminda g‘urursiz, iftixorsiz yashab bo‘lmaydi. Shaxsan men, o‘zbek bolasi qayerda bo‘lmasin, doimo o‘z yurtiga sajda qilib, uning tuprog‘ini ko‘ziga to‘tiyo etib yashashini istardim. Har qanday sharoitda ham or-nomus degan tushunchani baland tutib, shunday buyuk yurtga munosib farzand bo‘lib yashash kerak. “Or-nomus” degan so‘zning boshqa tillarda o‘xshashi, tarjimasi yo‘qligining o‘zi ham Yaratganimiz bizning xalqimizga qanday ulug‘, qanday beqiyos fazilatlar ato etganini anglatmaydimi?

Men Prezident – davlat rahbari sifatida mamlakatimizni rivojlantirish, turmushimizni obod qilish, xalqimiz, avvalambor yoshlarimizning erkin va farovon hayot kechirishi uchun nimaiki kerak bo‘lsa, barcha-barchasini tashkil qilib berishga, ana shu ezgu maqsad yo‘lida hayotimni bag‘ishlashga hamisha tayyorman.

Bu Vatan – o‘zimizniki, barchamizniki. Uning kamchiligi ham, yutug‘i ham o‘zimizniki. Shunday ekan, go‘zal va betakror yurtimizning bugungi va ertangi kuni, yorug‘ kelajagi uchun avvalambor o‘zimiz mas’ul ekanimizni unutmaslik kerak.

Shu nuqtai nazardan fikrimizni davom ettiradigan bo‘lsak, Toshkent viloyatida ba’zi korxonalarning to‘la quvvat bilan ishlamayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. O‘tgan yili viloyat korxonalarida ip-gazlama ishlab chiqarish bo‘yicha quvvatlardan atigi 34 foiz, trikotaj mato ishlab chiqarish bo‘yicha 52 foiz, trikotaj buyumlar ishlab chiqarish bo‘yicha esa 66 foiz foydalanilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Ana shunday oqsoqlik tufayli so‘nggi besh yilda Toshkent viloyatida sanoat mahsulotlari hajmining o‘sish sur’atlari mamlakatimiz bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha kam, ya’ni 2,5 foizga past bo‘lgani tashvish uyg‘otmasdan qolmaydi.

Bugungi kunda butun mamlakatimizda keng ko‘lamdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Xususan, zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish masalasiga qanday katta ahamiyat berilayotgani barchamizga yaxshi ma’lum.

Toshkent viloyatida “Ohangaronsement”, “Ohangaronshifer”, “Bekobodsement” aksiyadorlik jamiyatlari, “G‘azalkentoyna” qo‘shma korxonasi va boshqa yirik quvvatlar bo‘lishiga qaramasdan, qurilish materiallari ishlab chiqaradigan tarmoqning yalpi sanoat mahsulotidagi ulushi kamayib, 2000-yildagi 9,5 foizdan 2012-yilda 8,5 foizga tushib qolgan.

Eksport masalasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2012-yilda bu boradagi dasturga kiritilgan korxonalardan 30 tasi belgilangan ko‘rsatkichlarni bajarmagani tufayli 36 million dollardan ortiq mahsulotni eksport qilish rejasi boy berilganini afsuslanib aytish lozim.

Viloyatda xorijiy sarmoyalar ishtirokida tashkil etilgan 451 ta korxonadan 21 tasi faoliyat ko‘rsatmayapti. Bunday korxonalarning asosiy qismi Ohangaron, O‘rtachirchiq, Qibray tumanlarida, Olmaliq va Yangiyo‘l shaharlarida joylashgan.

Hech kimga sir emas, viloyat hududida ko‘mir, koalin, mis, asbest hamda qurilish xomashyolarining boy zaxiralari mavjud. Shuningdek, katta miqdorda meva-sabzavot, go‘sht, sut, pilla mahsulotlari yetishtiriladi. Lekin, ming afsuski, ana shu qimmatbaho xomashyo va mahsulotlardan samarali foydalanish, ularni chuqur qayta ishlaydigan zamonaviy korxonalar tashkil etib, qo‘shimcha mablag‘, qo‘shimcha daromad topish, eng muhimi, odamlarimiz uchun yangi-yangi ish o‘rinlari yaratish masalalari e’tibordan chetda qolib kelmoqda.

Bunday ahvolni tubdan o‘zgartirish uchun Vazirlar Mahkamasi tegishli vazirlik va idoralar, viloyat hokimligi bilan birgalikda aniq chora-tadbirlar dasturini amalga oshirishi zarur. Bunda, avvalambor, “Angren” maxsus industrial zonasida tashkil etilayotgan korxonalarga berilgan keng ko‘lamli soliq va bojxona imtiyozlaridan samarali foydalanish, salohiyatli mahalliy ishlab chiqaruvchilarga xorijiy sheriklarni jalb etish uchun ko‘maklashish, shuning hisobidan yuqori texnologiyalar va innovatsion g‘oyalar, tayyor mahsulot, ichki va tashqi bozorda raqobatdosh bo‘lgan tovarlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni ko‘zda tutish darkor.

Aziz do‘stlar!

Toshkent viloyati azaldan o‘zining dehqonchilik an’analari bilan shuhrat qozonib kelgani barchamizga yaxshi ma’lum.

Viloyatda hozirgi vaqtda 6 ming 100 dan ko‘proq fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili ular tomonidan qariyb 588 ming tonna g‘alla, 241 ming 400 tonna paxta xirmoni bunyod etildi.

Bugun men, mana shu yuksak minbardan turib, viloyatning barcha dehqon va fermerlariga ana shunday fidokorona mehnatlari uchun chuqur minnatdorlik bildirishni o‘zimning burchim, deb bilaman.

Men yaxshi tushunaman, to‘g‘ri anglayman – qishloq xo‘jaligi shunday murakkab sohaki, unda har yili kutilmagan bir muammo paydo bo‘ladi. Dehqonning mehnati, chekkan mashaqqatini faqat dehqon biladi. Sanoat korxonasida ishlash ham albatta oson emas, lekin ishchi yoki muhandisning ish vaqti aniq. Ammo, aytinglar, dehqonning aniq ish vaqti bormi? Agarki shunday mehnatni qadrlamasak, nimani qadrlashimiz kerak o‘zi?

Bugungi kunda dehqonning kosasini oqartiradigan – bu fermerlik harakati ekanini hammamiz yaxshi tushunib oldik, deb o‘ylayman. Biz shu yo‘lga o‘tdikmi, endi fermerlarimiz uchun yanada keng yo‘l ochib berishimiz kerak.

Ta’kidlash joizki, keyingi yillarda viloyatda nafaqat paxta va g‘allachilik, balki sabzavotchilik, uzumchilik, chorvachilik va boshqa sohalarda ham samarali faoliyat yuritayotgan, qurilish, xizmat ko‘rsatish, savdo, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash asosida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etayotgan o‘nlab ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bugungi davr talabini, ertangi kunni o‘ylab ish olib borayotgan Piskent tumanidagi “Ziyoda”, Qibray tumanidagi “Shuhrat Mirahmedov”, Yangiyo‘l tumanidagi “Mufassal agro”, Yuqorichirchiq tumanidagi “Kavsar zamin”, Parkent tumanidagi “Boyqozon baynalmilal”, Zangiota tumanidagi “Sayfuddinova Xonzoda”, O‘rtachirchiq tumanidagi “Mirzakarim Teshaboy”, Bo‘stonliq tumanidagi “Soyliq Azimjon”, Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Sarbon Samandar” kabi fermer xo‘jaliklarini bunga misol qilib keltirish mumkin.

Albatta, hammamizga ayonki, mo‘l hosil yetishtirish uchun avvalo yerning unumdorligini oshirish lozim. Shu maqsadda, butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi, Toshkent viloyatida ham Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash davlat dasturi doirasida oxirgi besh yilda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu borada 46 milliard 100 million so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, 173 ta zamonaviy meliorativ texnika, jumladan, 95 ta ekskavator va buldozer xarid qilindi.

Hozirgi kunda 88 kilometrdan ziyod kollektor-drenaj tarmoqlari qurilgani va rekonstruksiya qilingani, qariyb 6 ming kilometrlik tarmoqda esa ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirilgani, hech shubhasiz, o‘z amaliy natijasini bermoqda. Jumladan, oxirgi 4-yilda viloyatda kartoshka yetishtirish 67 ming tonnaga, sabzavot 378 ming tonnaga, poliz mahsulotlari 28 ming tonnaga, meva va uzum esa 60 ming tonnaga oshgani ana shunday ishlarimiz samarasi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz.

Shu bilan birga, davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan ulkan amaliy yordamga qaramasdan, Toshkent viloyatining bir qator tumanlarida so‘nggi yillarda paxta va g‘alla hosildorligining pasayish holatlari kuzatilayotgani barchamizni afsuslantiradi.

Agarki 2012-yilda paxta hosildorligi mamlakatimiz bo‘yicha o‘rtacha 26,8 sentnerni tashkil etgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich O‘rtachirchiq tumanida 20,6 sentnerni, Bekobod va Bo‘ka tumanlarida 25 sentnerni tashkil etgani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Yoki boshoqli don ekinlari hosildorligi mamlakatimiz bo‘yicha 52,3 sentnerni tashkil etgan bo‘lsa, bu raqam Bekobod tumanida 37,7 sentnerni, Yangiyo‘l tumanida esa 32,2 sentnerni tashkil etgan.

Viloyatdagi ayrim fermer xo‘jaliklari surunkali ravishda shartnoma majburiyatlarini bajarmasdan kelmoqda. O‘tgan yili viloyatda davlatga paxta va g‘alla sotish bo‘yicha shartnoma majburiyatlari to‘liq bajarilgan bo‘lsa-da, 110 ta fermer xo‘jaligi paxta, 151 ta fermer xo‘jaligi esa g‘alla yetishtirish bo‘yicha zimmasiga olgan shartnoma majburiyatini uddalay olmagan.

Toshkent viloyati meva-sabzavot mahsulotlari va uzum yetishtirish, hosildorlikni oshirish va yangi agrotexnologiyalarni joriy etish, yuqori samara beradigan bog‘ va uzumzorlar yaratish bo‘yicha katta imkoniyatlarga ega ekani haqida ko‘p gapirish mumkin.

Viloyatda yangi mevali bog‘lar va tokzorlarni barpo etishga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti. Misol uchun, 2012-yilda viloyat bo‘yicha atigi 623 gektar yangi bog‘ va 146 gektar tokzor tashkil etilgan. Yangiyo‘l, Quyichirchiq, Bo‘stonliq tumanlaridagi ayrim fermer xo‘jaliklarida mevali bog‘ maydonlaridan gektariga 50-55 sentner hosil yetishtirilgan, xolos.

O‘tgan 2012-yil mavsumida viloyatda meva ishlab chiqarishning o‘sish sur’atlari 4 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich Samarqand va Namangan viloyatlariga qaraganda 4-5 foiz pastdir. Shuningdek, 2012-yilda viloyat bo‘yicha meva-sabzavot va uzumni qayta ishlash quvvatlaridan foydalanish darajasi o‘rtacha 40 foizni tashkil etganini qoniqarli baholab bo‘lmaydi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qish mavsumi uchun sifatli saqlash maqsadida Toshkent viloyatida meva-sabzavotlarni saqlaydigan xolodilniklarning quvvati oxirgi besh yilda ikki barobar oshirilib, 80 ming tonnadan ortgani e’tiborga loyiq, albatta. Lekin, o‘tgan yili tashkil etish rejalashtirilgan 6 ta xolodilnikdan faqat 4 tasi ishga tushirilgani bu masalada ham oqsoqlik borligini ko‘rsatadi.

Bugungi kunda viloyat qishloq xo‘jaligi sohasini zamon talablari asosida rivojlantirish, jumladan, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil qilish, ularning samarali ishlashi uchun barcha sharoitlarni yaratib berish hukumat va mutasaddi tashkilotlarning ustuvor vazifasi bo‘lishi lozim. Bu borada biz yangi tashkil etilgan O‘zbekiston Fermerlar kengashi va uning joylardagi bo‘limlari tomonidan tashabbus va amaliy harakatlarni kutishga haqlimiz. Joriy yilda Toshkent viloyatida hokimliklar va fermerlar kengashlari boshchiligida 2 ming 260 dan ziyod ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini barpo etish bo‘yicha 97 milliard so‘m mablag‘ sarflash ko‘zda tutilayotgani bu masalaning ijobiy hal etilishiga ishonch tug‘diradi.

Muhtaram deputatlar!

Keyingi yillarda Toshkent viloyatida yo‘l-transport, kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish masalasiga qanday katta e’tibor berilayotgani sizlarga yaxshi ma’lum, albatta.

Ayniqsa, Angren shahrida tashkil etilgan Xalqaro transport logistika markazi orqali 2010-yildan boshlab Farg‘ona vodiysi viloyatlariga va ulardan mamlakatimizning boshqa mintaqalariga 16 million tonnadan ortiq yuk yetkazib berilganini alohida ta’kidlash lozim.

Bizga suvdek, havodek zarur bo‘lgan bunday markazlarni, transport va kommunikatsiya tarmoqlarini jadal rivojlantirishni bugungi hayotning o‘zi talab qilayotganini hammamiz yaxshi tushunamiz. Shu maqsadda yaqinda 116 kilometr uzunlikdagi Guliston – Ohangaron yangi avtomobil yo‘li qurib bitkazilganidan xabardorsiz. Bu yo‘lning ahamiyati shundaki, u faqat masofani qisqartirib qolmasdan, Toshkent mintaqasi orqali o‘tadigan transport vositalari sonini optimallashtirishga ham xizmat qiladi.

Bu sohada hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Jumladan, joriy yilning o‘zida 8 milliard so‘m mablag‘ hisobidan mahalliy ahamiyatga molik avtomobil yo‘llarida qurilish-ta’mirlash, shuningdek, 10 milliard 600 million so‘m mablag‘ yo‘naltirib, 160 dan ortiq aholi punktidagi ichki yo‘llarda joriy va kapital ta’mirlash ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Hurmatli majlis qatnashchilari!

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilganini Toshkent viloyati misolida ham yaqqol kuzatish mumkin.

Hozirgi paytda viloyatda 20 mingga yaqin kichik biznes sub’ekti faoliyat ko‘rsatmoqda. Agarki mamlakatimizda kichik biznes sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 54,6 foizni, sanoatdagi ulushi esa 22,2 foizni tashkil etayotgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkichlar Toshkent viloyatida tegishli ravishda 56,7 foiz hamda 21,9 foizni tashkil etmoqda. Ayni vaqtda mazkur sohada bir qator muammolar borligini ham aytmasdan o‘tolmaymiz. Xususan, 2012-yil yakunlariga ko‘ra, Bo‘ka, Zangiota, O‘rtachirchiq tumanlarida yangitdan tashkil etilgan kichik tadbirkorlik sub’ektlari soni kamayishiga yo‘l qo‘yilgan.

Adliya organlari tomonidan 2011-2012-yillarda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish borasida 224 ta qonun buzilish holati aniqlangan.

Tadbirkorlar ba’zan o‘z biznesini tashkil etish uchun yer olish, kadastr organlarida hujjatlarni rasmiylashtirish, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun tabiiy gaz, suv va elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlanishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Masalan, muhandislik tarmoqlariga ulanish bo‘yicha 253 ta murojaatdan 214 tasi hal etilmagani ham shuni ko‘rsatadi.

Eng yomoni, nazorat organlarining tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuvlari davom etmoqda. 2012-yilda adliya organlari tomonidan 46 ta ana shunday holat aniqlangan.

Shu munosabat bilan ilgari ham aytgan bir fikrni yana bir marta ta’kidlamoqchiman. Tadbirkorlik faoliyati yo‘liga to‘siq qo‘yish, unga qarshi chiqish – bu davlat siyosatiga, Prezident siyosatiga qarshi chiqish, deb baholanishi kerak. Buni qaysi lavozimda o‘tirganidan qat’i nazar, barcha mansabdor va mas’ul rahbarlar qulog‘iga quyib olishi shart.

Viloyatda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishda ham muammolar ko‘zga tashlanmoqda. Masalan, ayrim mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari tomonidan yetarlicha e’tibor berilmasligi oqibatida aloqa, transport, savdo va umumiy ovqatlanish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlari bajarilmayapti.

Viloyatda ko‘plab dam olish maskanlari faoliyat ko‘rsatayotganiga qaramasdan, jami xizmatlar hajmida turizm xizmatlarining salmog‘i atigi 0,5 foizdan oshmayotgani albatta hech kimni qoniqtirmaydi. Aynan xususiy tadbirkorlik va kichik biznes sohasi odamlarimizni ish bilan ta’minlash va shuning hisobidan aholimiz daromadlarini oshirish, uning hayot darajasini yaxshilashda hal qiluvchi omil bo‘lib kelayotganini unutmasligimiz zarur.

Oxirgi yillarda Toshkent viloyatida aholi daromadlari oshib borayotganini quyidagi raqamlar tasdiqlab bermoqda. Ayniqsa, 2000-yilga nisbatan aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan real daromadlar 9,6 barobar o‘sgani, o‘rtacha ish haqi 14 barobar, pensiya va nafaqalar 12,5 barobar oshgani misolida buning amaliy ifodasini ko‘rish qiyin emas, deb o‘ylayman.

Buning yana bir yaqqol tasdig‘ini keyingi o‘n yilda viloyatda yengil avtomobilga ega bo‘lgan oilalar 15 foizdan 37 foizga, televizorga ega xonadonlar 80 foizdan 143 foizga, xolodilnikka ega oilalar 50 foizdan 93 foizga, kir yuvish mashinasi bo‘lgan oilalar 32 foizdan 72 foizga ko‘payganida kuzatish mumkin.

Biz uchun ustuvor maqsad bo‘lgan sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash masalasini oladigan bo‘lsak, viloyatda keyingi to‘rt yilda 204 ta umumta’lim maktabi, 19 ta musiqa va san’at maktabi, 38 ta kasb-hunar kolleji va 6 ta akademik litsey zamonaviy asosda qurilgani va tubdan rekonstruksiya qilinganini ta’kidlash lozim.

Ana shu davrda sog‘liqni saqlash sohasida 1 ming 190 o‘ringa ega bo‘lgan tibbiyot muassasalari hamda bir smenada 1 ming 335 nafar bemorga xizmat ko‘rsatadigan poliklinikalar qurilgani va rekonstruksiya qilinganini qayd etish zarur. Faqat o‘tgan yilning o‘zida viloyatdagi tibbiy muassasalarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun markazlashtirilgan manbalar hisobidan 16 milliard 600 million so‘m yo‘naltirilganining o‘zi bu boradagi ishlarimizning miqyosi va ko‘lamini ko‘rsatadi. Shular qatorida keyingi vaqtda viloyatda 31 ta sport ob’ekti ishga tushirildi va rekonstruksiya qilindi.

Ana shunday qulayliklardan bahramand bo‘lib o‘sayotgan bugungi yoshlar hamma narsani tushunadi. Ular hozirgi axborot vositalari, ayniqsa Internet orqali ko‘p narsadan xabardor bo‘lmoqda. Internet tarmog‘ini qandaydir temir devor bilan to‘sib, taqiqlash – bu mutlaqo aqlga sig‘maydigan ish. Mana, jahonning ayrim mintaqalarida, arab dunyosida turli notinchlik va qarama-qarshiliklar yuz bermoqda. Bu holatning sabablari ko‘p, lekin ularning aksariyati yoshlarga, ularning hayotiy manfaatlarini hal qilishga yetarli e’tibor bermaslik natijasida sodir bo‘layotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Shuning uchun barchamiz, birinchi navbatda, vazifada o‘tirgan rahbarlar yoshlarning hayotiy manfaatlarini ta’minlash, ularga keng yo‘l ochib berish, iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha olib borayotgan ishlarimizni davr talablari bilan hamohang bo‘lib, yangi bosqichga ko‘tarish zarurligini hech qachon esidan chiqarmasligi kerak.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, Toshkent viloyatida yosh avlod tarbiyasiga bevosita bog‘liq bo‘lgan soha va tarmoqlarda qo‘lga kiritilayotgan har tomonlama ta’sirchan yutuq va marralar so‘zsiz barchamizni quvontiradi, qalbimizga g‘urur va iftixor yetkazadi, albatta.

Ayni shu borada yana va yana bir bor e’tiboringizni bunday ko‘rsatkichlar negizida yotgan o‘ta muhim mezonlarga qaratmoqchiman.

Bugungi kunda Toshkent viloyatida 2 million 700 ming kishi, jumladan, 1 million 600 mingga yaqin mehnatga yaroqli odam istiqomat qilmoqda. Shu sababli har qaysi oiladagi farovonlik, odamlarning hayotga bo‘lgan munosabati, jamiyatimizning ijtimoiy barqarorligi avvalo aholining ish bilan qanday ta’minlanganiga, ularning ishi qanday tashkil etilganiga, o‘z mehnatiga munosib daromad topishiga chambarchas bog‘liq, desam, o‘ylaymanki, barchangiz shu fikrga qo‘shilasiz.

Masalaga shu ko‘z bilan qaraydigan bo‘lsak, viloyatda o‘tgan yili bandlik dasturi doirasida 87 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa ham, ishga joylashtirishga muhtoj kishilar soni 45 ming 400 nafarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich Bekobod va Bo‘ka tumanlarida, Bekobod shahrida ayniqsa yuqori hisoblanadi.

Shuningdek, viloyatdagi kasb-hunar kollejlarini bitirib chiqayotgan yoshlarni o‘z egallagan mutaxassisliklari bo‘yicha ish bilan ta’minlash borasida jiddiy muammolar saqlanib qolmoqda. Masalan, 2012-yilda Oqqo‘rg‘on, Chinoz, Yuqorichirchiq tumanlarida bu ko‘rsatkich respublikadagi eng past darajani tashkil etgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Bugungi fursatdan foydalanib, yana bir bor ogohlantirib aytmoqchiman: mahalliy hokimiyat idoralari rahbarlarining faoliyatiga odamlarni, birinchi navbatda, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalasi ularning hududida qanday hal qilinayotganiga qarab baho beriladi.

Yana bir muhim masala – aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, keyingi to‘rt yilda viloyatda suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlarini yaxshilashga markazlashtirilgan manbalardan 9 milliard 200 million so‘m mablag‘ ajratilganini aytish lozim. Shu asosda 520 kilometr, jumladan, qishloq joylarda 490 kilometrdan ortiq suv tarmoqlari ishga tushirildi. Biroq, vodoprovod tarmoqlarining kattagina qismi eskirgani tufayli suv ta’minotida uzilishlarga yo‘l qo‘yilmoqda, iste’molchilar tomonidan to‘lanmagan qarzlar hajmi ortib bormoqda. Bo‘ka, O‘rtachirchiq, Quyichirchiq, Yuqorichirchiq, Parkent tumanlarida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi qoniqarsiz bo‘lib qolmoqda.

Shu munosabat bilan viloyatda qo‘shimcha vodoprovod tarmoqlarini qurish, jumladan, Chimyon-Chirchiq dam olish va hordiq chiqarish hududida tozalash inshootlari quvvatlarini kengaytirish kerak. Shu o‘rinda viloyatda joylashgan shaharlardagi ko‘p qavatli uylarning issiqlik ta’minotini yaxshilash ishlari yetarli darajada emasligini afsus bilan aytishga to‘g‘ri keladi. Ko‘pgina uylarning muhandislik uskunalari va issiqlik tarmoqlari kapital va joriy ta’mirlashga muhtoj.

Kommunal xizmatlar uchun hisob-kitoblar intizomining pastligi sababli Chirchiq shahri, Oqqo‘rg‘on, Bo‘stonliq tumanlarida muddati o‘tgan debitorlik qarzlar saqlanib qolmoqda. Bu esa o‘z navbatida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatiga salbiy ta’sir etmoqda.

Balki kimdir, Prezident shunday mayda kamchiliklarni aytib o‘tiradimi, deb o‘ylashi ham mumkin. Men sizlarga do‘st sifatida aytmoqchimanki, mening ishimda, har qaysi rahbarning faoliyatida ikkinchi darajali yoki mayda masalaning o‘zi yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Nega deganda, inson manfaati haqida gap ketganda, hech qachon mayda masalaning o‘zi bo‘lmaydi.

O‘zingiz o‘ylang, joylarda ichimlik suvi yetishmasa, ko‘pqavatli uylarda tabiiy gaz, issiqlik yetkazishda uzilishlar bo‘lsa, odamlar, ayniqsa, yosh bolali oilalar tepada – rahbarlik lavozimida o‘tirganlarga nisbatan qanday fikr bildirishi mumkin?

Bu hayotdan hammamiz ham o‘tib ketamiz, hech kim dunyoga ustun bo‘lgan emas. Shuning uchun ham men doimo o‘zimga, sendan ertaga nima qoladi, deb savol beraman. Har bir odam bu savolni o‘ziga qayta-qayta bersa, savob ishni har kim qilishi kerak, savob ishni har kun qilish kerak, degan qoida bilan yashasa, o‘ylaymanki, Yaratgan ham, insonlar ham undan rozi bo‘ladi.

Muhtaram do‘stlar!

Qishloq aholi punktlarini zamonaviy loyihalar bo‘yicha kompleks qurishga qaratilgan dasturga muvofiq, 2009-2012-yillarda viloyatda namunaviy loyihalar asosida 2 ming 355 ta uy-joy foydalanishga topshirildi. Bu maqsad uchun jami 228 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Biroq, taassufki, biz uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan bu masalaga panja orasidan qarash tufayli ayrim tumanlarda uy-joylarni muddatidan kechiktirib va sifatsiz topshirish holatlariga yo‘l qo‘yilmoqda. Jumladan, 2011-2012-yillarda bu borada yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchilik va qonun buzilishlari uchun Chinoz tumani hokimi A.Teshaboyev, Ohangaron tumani hokimi B.Soliboyev o‘z vazifasidan ozod etilgani, Quyichirchiq tumani hokimining birinchi o‘rinbosari A.Otajonov va O‘rtachirchiq tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Shomansurov jinoiy javobgarlikka tortilgani, Bo‘stonliq, Yuqorichirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, O‘rtachirchiq tumanlarining hokimlari va ularning birinchi o‘rinbosarlariga hayfsan e’lon qilingani ham buni tasdiqlaydi. Lekin gap faqat kimgadir jazo berishda emas, balki vaziyatni xolisona va tanqidiy baholab, zarur xulosa va saboq chiqarib olishda.

Joriy yilda viloyatdagi 39 ta massivda 1 ming 50 ta uy-joy qurish uchun 147 milliard so‘m, ya’ni o‘tgan yildagiga nisbatan 16,5 foiz ko‘p mablag‘ jalb etish nazarda tutilmoqda. Bu esa shu yo‘nalishda qo‘shimcha ishchi kuchi, moddiy va texnik resurslarni safarbar qilishni, ishni oqilona va samarali tashkil etishni taqozo etadi.

Hokimlar bu masalani bir-ikki yillik ish deb bilmasligi, aksincha, uzoq muddatli muhim ijtimoiy dastur deb qabul qilishi lozim. Nega deganda, bu boradagi ishlar qishloqda yashayotgan odamlarning sharoiti shahardagidan kam bo‘lmasligi kerak, degan ezgu maqsadni amalga oshirishga qaratilgan.

Bugungi kunda aholining daromadi ortib boryapti. Lekin ba’zi odamlar uy qurish o‘rniga mashina olishga shoshilyapti. Menga qolsa, mashina ham, uy ham kerak, lekin, baraka topkurlar, avval uy quringlar, keyin mashina olinglar. Yaxshi, zamonaviy uy qurgan odamlarning bolalari ertaga ota-onasiga rahmat aytadi. Eng muhimi, bunday shinam uylarda tug‘ilib voyaga yetgan bolalarning sog‘lig‘i, fikri, dunyoqarashi ham boshqacha bo‘ladi.

Men yaxshi eslayman, 1986-yili Qashqadaryoda ishlagan paytimda Shahrisabzda yangi uylar qurish tajribasini boshlagan edik. O‘shanda uylarning tashqi devorini pishiq g‘ishtdan, ichki devorini esa xom g‘ishtdan qurishga majbur bo‘lganmiz. Chunki pishiq g‘isht ham, g‘isht zavodlari ham bugungidek ko‘p emas edi. Bugun esa, mana, ko‘ryapmiz, har tomonlama qulay shart-sharoitlarga ega bo‘lgan uy-joylarni qurish uchun barcha sharoitlar yetarli.

Shu o‘rinda dolzarb bir masalaga e’tiboringizni qaratishni istardim. Mahalliy pudrat ishlari bozorini rivojlantirish borasida berilgan imtiyozlarga qaramasdan, viloyatda bu boradagi ishlarni takomillashtirish, zarur qurilish asbob-anjomlari bilan ta’minlangan, malakali quruvchilarga ega bo‘lgan zamonaviy pudrat tashkilotlarini shakllantirish, ularga kerakli moddiy baza yaratish uchun tegishli yordam berish masalalari viloyat hokimiyati e’tiboridan mutlaqo chetda qolganini ta’kidlashimiz lozim.

Davlat byudjetidan katta hajmdagi moliyaviy resurslar ajratilayotganiga qaramasdan, viloyat rahbariyati va mutasaddi shaxslarning bu masalaga sovuqqonlik bilan qarashi natijasida muhim inshootlarni o‘z vaqtida va sifatli ishga tushirish rejalari barbod qilinmoqda. Misol uchun, 2009-2012-yillar mobaynida markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hisobidan ijtimoiy ob’ektlarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun 163 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan bo‘lib, ularni o‘zlashtirish 156 milliard 500 million so‘mni yoki umumiy ko‘rsatkichga nisbatan 95,8 foizni tashkil etgan.

Toshkent viloyatining bugungi rivojlanish sur’atlari, bu borada yo‘l qo‘yilayotgan kamchilik va muammolar, ularni hal etish holati shuni tasdiqlaydiki, bu o‘ta muhim yo‘nalish bo‘yicha ishlar qoniqarli darajada emas. Bunday vaziyatni keskin o‘zgartirish, kerakli xulosalar chiqarish zarurati ko‘rinib turibdi. Mavjud ahvolni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun mamlakatimiz hukumati, vazirlik va idoralarning bevosita ko‘magida kerakli chora va tadbirlarni amalga oshirishimiz zarur.

Hurmatli deputatlar!

Endi bugungi sessiya kun tartibidagi tashkiliy masalani ko‘rib chiqishga o‘tsak.

Hammamizga ma’lum, bundan to‘rt yil oldin, ya’ni 2008-yilning dekabr oyida biz sizlar bilan birga Rustam Xolmatovga katta ishonch bildirib, uni Toshkent viloyatining hokimi lavozimiga tasdiqlagan edik.

Albatta, ulkan salohiyatga ega bo‘lgan, mamlakatimizda yetakchi o‘rin tutadigan Toshkent viloyatini boshqarish, rahbarlik qilish, uning ko‘p tarmoqli iqtisodiyotini barqaror sur’atlar bilan rivojlantirish, aholining hayot darajasini yuksaltirish – bunday vazifalarni uddalash og‘ir va o‘ta mas’uliyatli ishdir.

E’tirof etish kerakki, R.Xolmatovning ish faoliyati davomida dastlab viloyat taraqqiyoti yo‘lida, ko‘pgina muammolarni yechishda amaliy harakat va ijobiy ishlar kuzatildi. Lekin, oxirgi yillarda uning ishga munosabati o‘zgardi, o‘ziga nisbatan talabchanlikni bo‘shashtirib, xotirjamlik, o‘zibo‘larchilik kayfiyatiga berilib, viloyat rahbari va yetakchisi sifatida mas’uliyatni yo‘qotishga yo‘l qo‘ydi. U o‘ziga nisbatan bildirilgan ko‘pgina ogohlantirish va tanqidiy gaplardan xulosa chiqarmadi, ahvolni ijobiy tomonga o‘zgartirish haqidagi va’dalari quruq gap bo‘lib qolaverdi. O‘z qo‘lida ishlaydigan ko‘pgina muovin va mutaxassislarning, faollarning boshini qovushtirish, ularga bir ko‘z bilan qarash, ularni birlashtirish o‘rniga, qo‘l ostidagilarga yuqoridan qarash, mensimaslik, qo‘pol munosabatda bo‘lishni o‘ziga ma’qul topdi.

Albatta, odamlar har xil bo‘ladi, ularning yurish-turishi, fe’l-atvori ham bir-biridan farq qiladi. Lekin rahbar bo‘lib mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan odam, yoqadimi-yo‘qmi, har qaysi xodimga avvalo ishning manfaatini ko‘zlab, to‘g‘ri baho berishi kerak.

Viloyat hokimining ana shunday mezonlar asosida o‘zidan oldin ishlagan rahbarlarning xatolaridan xulosa chiqarib olmagani umumiy ishga ziyon yetkazgani haqida ko‘p gapirish mumkin.

Biz odatda biron-bir rahbarning oddiy odamlar orasidan chiqqaniga e’tibor beramiz, lekin, afsuski, nafs balosi uni buzadi, natijada boshi aylanib, oyog‘i yerdan uziladi. Asosan xushomadgo‘y odamlar, rahbarlar soyasida yurib biror narsa orttirishni o‘ylaydigan kimsalar bunga sabab bo‘ladi. Menga qolsa, rahbarga emas, uni buzadigan ana shunday odamlarga jazo bergan bo‘lardim.

Muxtasar qilib aytganda, mamlakatimizdagi markaziy bir hududni boshqarish, odamlar bilan til topishib, ularning ishonchini qozonib, obro‘ orttirish, ulkan maqsadlar sari safarbar etish uchun R.Xolmatovga keng miqyosda fikrlash, uzoqni ko‘rish, ulkan salohiyatli viloyatni boshqarish xususiyatlari – qurbi yetishmadi. O‘z-o‘zidan ayonki, bunday holat oxir-oqibatda unga bildirilgan ishonchni yo‘qotishga olib keldi.

Yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarga tan berib, iqror bo‘lib, R.Xolmatov egallab turgan vazifasidan ozod qilishni so‘rab, ariza bilan murojaat qildi.

Majlis raisidan ushbu masalani ovozga qo‘yishni so‘rayman.

Muhtaram do‘stlar!

Toshkent viloyatidek katta viloyatga yangi rahbarni tanlash va tayinlash – o‘ta murakkab va mas’uliyatli ish. O‘ylaymanki, siz, hurmatli majlis ishtirokchilari, barchangiz buni yaxshi anglab, tushunib turibsiz.

Albatta, har bir nomzodni tavsiya qilayotganda, biz faollar, deputatlar bilan ko‘p maslahatlashamiz, uning tarjimai holi, dunyoqarashi, avvalgi ish faoliyati, insoniy xususiyatlari, fe’l-atvori, har xil qing‘ir-qiyshiq ishlardan uzoq bo‘lganini birinchi navbatda e’tiborga olamiz. Bunday nomzodlarga qo‘yiladigan eng asosiy talablar qatorida avvalo o‘zini rahbar, yetakchi deb hisoblaydigan shaxs bugungi shiddat bilan o‘zgarayotgan, taraqqiy topayotgan zamon talablariga javob berishi, ertangi kunimizning eng dolzarb, eng ustuvor yo‘nalishlarini o‘ziga yaqqol tasavvur qilgan holda, unga ishonch bildirgan el-yurt oldida uning zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda o‘z mas’uliyatini chuqur sezishi, his qilishi shart.

Eng muhimi, rahbar xalq g‘ami va tashvishi, umidi va intilishlari bilan yashashi, odamlarni bir-biridan ajratmasdan – bittasiga issiqroq, boshqasiga esa sovuqroq qaramasdan, oshna-og‘aynigarchilikka berilmasdan, oyog‘i yerdan uzilmasdan, adolat, talabchanlik va qat’iyat bilan ish olib borishi, bunday qarash, bunday munosabat uning burchiga, hayotiy maqsadiga aylanishi darkor.

Katta salohiyatga ega bo‘lgan Toshkent viloyatini boshqarish uchun yuqori saviya, bilim va tajribaga ega bo‘lgan yetakchi kerak. Hayot sinovlarida toblangan, ulkan reja va dasturlarni amalga oshirishga, yurtni obod, elning turmushini yanada farovon qilishga qurbi-kuchi yetadigan rahbar kerak.

Viloyat deputatlari va faollari, jamoatchilik vakillari bilan maslahatlashganda, ayni shunday yuksak talablarga javob beradigan viloyat rahbari kerakligi haqida so‘z yuritildi. Shunday fikr-mulohazalar natijasida bugungi kunda Andijon viloyati hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Ahmad Usmonov nomzodini Toshkent viloyati hokimi vazifasiga tavsiya etishga qaror qildik.

Ahmad Usmonovning tarjimai holi haqida gapiradigan bo‘lsak, u 1957-yilda Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida tug‘ilib, Samarqand davlat universitetini 1981-yilda huquqshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan.

Ko‘p yillar Jizzax, Sirdaryo, Namangan viloyatlarida mas’uliyatli vazifalarda ishlagan. Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimida xizmat qilgan. Oxirgi yetti yil mobaynida Andijon viloyati hokimi bo‘lib ishlab kelmoqda.

Hammamizga ma’lum bo‘lishi kerak: oxirgi yillar davomida viloyatning qaysi sohasini olmaylik – bu qishloq xo‘jaligi bo‘ladimi, sanoat bo‘ladimi, ijtimoiy sohalar bo‘ladimi, Andijon viloyatining Usmonov rahbarligida o‘sish, taraqqiy topish sur’atlari, shahar va qishloqlarning qiyofasi tubdan o‘zgarib va ochilib borayotgani ko‘pchilikning havasini tortib kelmoqda, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi.

A.Usmonovni Toshkent viloyati hokimi vazifasiga tavsiya etar ekanmiz, avvalo uning odamlar ko‘ngliga yo‘l topib ishlash, ularning dardu tashvishlari bilan yashash, aholini rozi qilish va ishonchini qozonish, Toshkent viloyati xalqiga sidqidildan xizmat qilishda o‘zining boy hayotiy va rahbarlik tajribasini ishga soladi va viloyat oldida turgan vazifalarni amalga oshirishda jonbozlik ko‘rsatadi, deb ishonamiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlar!

Takror-takror aytishni istardim, Toshkent viloyati – o‘zining iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy obro‘-e’tibori bilan tom ma’noda yurtimizda boshqalarga o‘rnak bo‘lib kelgan viloyatdir.

Shuning uchun bugun siz, azizlarga, viloyatning barcha faollari va fidoiylariga, ko‘pmillatli voha ahliga qarata aytmoqchiman: Toshkent viloyati hech qachon orqada yurishni o‘ziga ma’qul topmagan va mamlakatimizning taraqqiyoti, el-yurtimiz farovonligi, Vatanimizning nufuzini oshirish yo‘lida o‘zining nimalarga qodir ekanini ko‘rsatish, namoyon etish uchun kuch-qudrati yetarli, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.

Toshkent viloyatining ko‘pni ko‘rgan, mehnatsevar va bag‘rikeng xalqi bugun majlisimizda tasdiqlab olgan yangi rahbar atrofida jipslashib, bir yoqadan bosh chiqarib, mamlakatimizning yetakchi viloyatiga xos bo‘lgan o‘rnini, obro‘sini qo‘ldan bermaydi.

Barchangizga shu yo‘lda sihat-salomatlik, baxt va omad, yangi-yangi yutuqlar tilayman.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati