Oqsaroyda qabul
14.06.2016

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 14-iyun kuni Oqsaroyda AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Jozef Votelni qabul qildi.

140620161.jpg

Davlatimiz rahbari yangi lavozimga tayinlangandan so‘ng mamlakatimizga ilk bor kelgan mehmonni qutlar ekan, uni yuksak va mas’uliyatli lavozim bilan tabriklab, faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari, avvalo, o‘zaro manfaatga, jumladan, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga asoslangani ta’kidlandi. Muntazamlik kasb etgan turli darajadagi o‘zaro aloqalar va maslahatlar ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan hamkorlikni izchil rivojlantirish imkonini bermoqda.

140620162.jpg

Uchrashuvda ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish masalalari muhokama etildi.

General Jozef Votel Prezidentimiz Islom Karimovga samimiy qabul va tomonlar uchun dolzarb bo‘lgan masalalarni atroflicha muhokama etish imkoniyati yaratilgani uchun minnatdorlik bildirdi, AQSh rahbariyati mamlakatlarimiz o‘rtasidagi serqirra munosabatlarni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati