PREZIDENT ISLOM KARIMOVNING XALQ DEPUTATLARI ANDIJON VILOYATI KENGASHINING NAVBATDAN TASHQARI SESSIYASIDAGI NUTQI.
26.04.2013

Assalomu alaykum, hurmatli deputatlar!

Qadrli do‘stlar!

Avvalambor, siz, azizlar bilan, Andijon ahli vakillari, deputatlar va faollari bilan ko‘rishib, barchangizni sog‘ va bardam ko‘rib turganimdan va shu fursatdan foydalanib, sizlarga, sizlar orqali butun viloyat xalqiga o‘zimning chuqur hurmat va ehtiromimni izhor etishdan baxtiyorman.

Majlisimizning kun tartibiga o‘tishdan oldin, avvalo, siz, Andijon elining hol-ahvolini so‘rab, tinch-omon yurganingizdan xabardor bo‘lib, barchangizga kuch-quvvat va yangi omadlar tilash menga haqiqatan ham katta xursandchilik yetkazadi.

Hayotimiz qanday shiddat bilan o‘zgarayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, siz hurmatli yurtdoshlarim bilan qancha tez uchrashib turish, yon-atrofimizdagi ahvol, paydo bo‘layotgan turli muammolar haqida fikr almashish, ularning yechimini topish zarurati va ehtiyoji ko‘payishi tabiiydir.

Bugungi uchrashuvimizga ham shu ko‘z bilan qarab, Andijon aholisining o‘tgan davr mobaynida qo‘lga kiritgan yutuqlarini sarhisob qilish bilan birga, sizlarning ertangi kunni qanday ko‘rayotganingiz, reja va maqsadlaringiz bilan yaqindan tanishib, bir yoqadan bosh chiqarib, harakatlarimizni birlashtirib ish tutsak, ayni muddao bo‘lur edi.

Hech shubhasiz, mamlakatimiz qo‘lga kiritayotgan, jahon hamjamiyati tan olayotgan yutuq va marralarga erishish yo‘lida butun O‘zbekistonimiz qatori Andijon viloyati mehnatkashlari ham munosib hissa qo‘shayotgani, ko‘p sohalarda yetakchi o‘rinlarni egallab kelayotganini e’tirof etish, viloyat markazi, barcha shahar va qishloqlar qiyofasi tubdan o‘zgarib, tobora obod bo‘lib, xalqning hayot sifati va darajasi yuksalib borayotgani albatta barchamizni quvontiradi va mamnuniyat yetkazadi.

Haqiqatan ham, Andijon viloyatida keyingi yillar davomida amalga oshirilgan ishlarga xolisona baho berar ekanmiz, boshqalarga namuna qilib ko‘rsatishga arziydigan yutuq va natijalar haqida ko‘p gapirish mumkin.

Keyingi yetti yil mobaynida viloyatning yalpi hududiy mahsuloti 2 barobar, sanoat 2,9 barobar, qishloq xo‘jaligi 1,6 barobar, pullik xizmatlar 2,7 barobar, qurilish ishlari 3,4 barobar oshganini qayd etish zarur.

Bu raqamlarni gapirish albatta oson. Lekin ularning ortida qanday mashaqqatli mehnat yotganini, o‘ylaymanki, hammamiz yaxshi tushunamiz. Hayotga xolisona ko‘z bilan qaraydigan odam bu raqamlarni eshitib, hayratga tushishi tabiiy.

E’tiborli tomoni shundaki, bunday ijobiy o‘zgarishlarni bugungi kunda butun Andijon viloyatida, qishloqlarda ham, shaharlarda ham ko‘rish, kuzatish mumkin. Sizlarning bunday yutuqlardan g‘ururlanib, lekin ularga mahliyo bo‘lmasdan, yana yangi marralarni egallaymiz, doimo oldinga intilamiz, degan kayfiyat bilan yashayotganingizni barchamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.

Shu borada bir fikrni alohida ta’kidlab aytmoqchiman: kimki bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlarni ko‘rmoqchi, ulardan to‘liq xabardor bo‘lmoqchi bo‘lsa, birinchi galda Andijonga kelsin, o‘zini andijonlik deb ataydigan odamlarning mehnati, hayoti, bugungi yutuqlari bilan yaqindan tanishsin.

Ma’lumki, ilgarigi zamonda “Biz ko‘rmaganni bolalarimiz ko‘rsin”, degan niyat va qarash, kerak bo‘lsa, armon bilan ota-bobolarimiz dunyodan yashab o‘tdi. Bugun esa zamonning talabi boshqacha. Ya’ni, farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishi shart, degan shior hayotimizdan chuqur joy olmoqda. Shu bilan birga, bugungi yashayotgan odamlar, xalqimiz hayotdan rozi bo‘lib, hech kimdan kam bo‘lmasdan, erkin va farovon yashashi kerak.

Bugun odamlarimizning yurish-turishi, muomala va kiyinish madaniyati, ayniqsa ayollarimizning o‘ziga, hayotga qarashi, umuman, xalqimizning turmush darajasi keskin o‘zgarib borayotganiga barchamiz guvoh bo‘lmoqdamiz. Bu, hech shubhasiz, ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi o‘zgarishlarning eng muhim natijasidir.

Andijon viloyatining ishlab chiqarish sohasida yangi tarmoqlar paydo bo‘lishi bilan bir qatorda, sanoat sohasini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, texnologik yangilash, mavjud mahalliy xomashyodan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganini ta’kidlash lozim.

Ayniqsa, xalqaro bozorda raqobatdosh, qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqaradigan zamonaviy korxonalar barpo etish masalasiga jiddiy e’tibor qaratayotganimiz o‘zining hosili va natijalarini bermoqda.

Bu borada iqtisodiyotimizning lokomotivi bo‘lgan, ijtimoiy hayotning ma’no-mazmunini keskin o‘zgartirishga xizmat qilayotgan korxonalar, birinchi navbatda Asaka shahridagi avtomobil zavodi faoliyati haqida har qancha gapirsak arziydi, albatta.

Bu korxonaning mamlakatimiz uchun butunlay yangi bo‘lgan zamonaviy avtomobilsozlik tarmog‘ining shakllanishiga poydevor qo‘ygani, yuksak texnologiyalarni, ilg‘or ilm-fan yutuqlarini o‘zlashtirishda qanday katta rol o‘ynayotganini barchamiz yaxshi bilamiz.

Xususan, 2008-yildan boshlab, jahon avtomobil sanoatida yetakchi hisoblangan “Jeneral Motors” kompaniyasi bilan hamkorlikda ushbu zavodda mashhur “Shevrole” brendi bilan avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani sanoatimiz rivojida yangi tarixiy bosqich bo‘ldi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ayni shu asosda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning turi, texnologik xususiyatlari tubdan yaxshilanib, mutlaqo yangi platformalar negizida “Lasetti”, “Spark”, “Kobalt” kabi 8 xildagi zamonaviy avtomobil ishlab chiqarilayotgani bu fikrni isbotlab turibdi.

Ma’lumki, bugungi kunda kooperatsiya asosida avtomobillarga butlovchi va ehtiyot qismlar yetkazib beradigan mashinasozlik korxonalari tarmog‘i yurtimizda kengayib bormoqda. Birgina Andijon viloyatining o‘zida bunday korxonalar soni so‘nggi yetti yilda 47 tadan 108 taga, ular tomonidan tayyorlangan mahsulot hajmi esa 1 trillion 100 milliard so‘mga yetdi. Bu esa mazkur tarmoqda mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilar sonini 22 ming 400 kishiga yetkazish imkonini berdi.

Mazkur tarmoqning mamlakatimiz iqtisodiyotidagi o‘rni va ahamiyatini inobatga olib, sohani yuksak malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida Asaka tumanida ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejini, Andijon muhandislik-iqtisodiyot instituti negizida Andijon mashinasozlik institutini, Toshkent shahrida esa Turin politexnika universitetini tashkil etganimiz, hech shubhasiz, O‘zbekistonni zamonaviy avtomobilsozlik markaziga aylantirish yo‘lida salmoqli qadamlar bo‘ldi.

1996-yili bu noyob va ulkan korxonani qurishga kirishganimizda yuksak texnologiyalarga asoslangan bunday zavodni o‘zimizning odamlar boshqarishiga kim ishonardi? O‘sha paytda chetdan turib, O‘zbekiston endi avtomobilsiz qoladi, o‘zbeklar faqat shofyor bo‘lib ishlashga yaraydi, degan turli-tuman tuhmat gaplar ham bo‘lgan edi. Bugun Asakadagi zavodning eng zamonaviy avtomobillar ishlab chiqarayotganini ko‘rib, o‘sha odamlarga, qalaysiz endi, desangiz, ular jim, lom-mim deb ovoz chiqarolmaydi.

Ana shu zavodni bugungi kunda kim boshqarmoqda, kim uni butun dunyoga mashhur qilmoqda? O‘zimizning iste’dodli bolalarimiz, Janubiy Koreyada, boshqa mamlakatlarda o‘qib, bilim va malakasini oshirgan o‘z yoshlarimiz. Bu insonlarning barchasiga ana shunday fidoiy mehnati uchun shu yuksak minbardan turib, chin qalbimdan minnatdorlik bildirishni o‘z burchim deb bilaman.

Viloyat iqtisodiyotida alohida o‘rin tutadigan yengil sanoat tarmog‘ida ham keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda ko‘p gapirmasdan, faqat ayrim raqamlarga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Agar 2006-yilda viloyatda yetishtirilgan paxta tolasini qayta ishlash hajmi 31,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2012-yilda bu raqam 40 foizga yetdi. Shu o‘tgan davrda qiymati 66 million dollarlik 19 ta yirik loyiha amalga oshirilib, 45 ming tonnadan ortiq ip-kalava, qariyb 9 ming tonna trikotaj polotno, 9 million donadan ziyod tayyor tikuv-trikotaj buyumlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlar, eng muhimi, 3,5 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.

2006-2012-yillarda Andijonda poyafzal ishlab chiqarish 8,6 barobar, charm-galantereya buyumlari 11 barobar, mebel mahsulotlari ishlab chiqarish 13 barobar o‘sgani ham viloyat iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan tub islohotlar samarasidir.

Viloyatda o‘tgan yetti yilda 224,5 million dollarga yaqin chet el investitsiyasi, jumladan, 174 million 200 ming dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi.

Hozirgi vaqtda bu yerda chet el investitsiyasi ishtirokidagi 86 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Yalpi sanoat mahsulotining qariyb 79 foizi, jami eksport hajmining esa salkam 89 foizi ana shu korxonalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Viloyatda eksport tarkibi ham keskin o‘zgarib, qayta ishlangan va tayyor mahsulotlar ulushi 87 foizdan 95 foizga ortgani ayniqsa muhim ahamiyatga ega.

Albatta, yangi yutuqlar, qo‘lga kiritilgan marralar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, ishga solinmagan ko‘pgina imkoniyatlar, barchamizni hali-beri tashvishga solayotgan muammolar borligini hech kim inkor etolmaydi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, viloyat sanoatini rivojlantirishda bir qator muammolar, nomutanosiblik holatlari ko‘zga tashlanayotganini ochiq aytish kerak. Masalan, ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining 92 foizi Andijon, Xonobod shaharlari, Asaka, Andijon, Shahrixon tumanlarining hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Qolgan 11 ta tumanda esa bu ko‘rsatkich, afsuski, past darajada qolmoqda.

Engil sanoat tarmog‘idagi foydalanilmayotgan imkoniyatlar haqida gapirganda, viloyatdagi yigiruv fabrikalarining 63 foiz quvvat bilan ishlayotgani albatta hech kimni qoniqtirmaydi.

Andijon viloyatining 2013-2015-yillarga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturida belgilangan loyihalarni o‘z vaqtida bajarish masalasi alohida e’tiborni talab qiladi.

Katta hajmdagi loyihalarni amalga oshirish uchun, albatta, viloyatdagi mavjud salohiyat bilan birga, hukumatimiz, tegishli vazirlik va idoralarning kuch-imkoniyatlarini safarbar etishimiz darkor.

Jumladan, “O‘zqurilishmateriallari” kompaniyasi viloyat va tuman hokimliklari bilan birgalikda qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati 25 million dollarlik 174 ta loyihani amalga oshirishi lozim.

“O‘zfarmsanoat” kompaniyasi mahalliy tadbirkorlar ishtirokida yaqin ikki yilda umumiy qiymati 10 million dollar bo‘lgan 5 ta loyihani amalga oshirishi zarur.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi esa viloyatda maishiy texnika mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratilgan, umumiy qiymati 10 million dollarga yaqin 5 ta loyihani amalga oshirishni ta’minlashi kerak.

Shuningdek, “O‘zbekenergo”, “O‘ztransgaz” kompaniyalari hamda tegishli tijorat banklari ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilarni uzluksiz energiya manbalari va moliyaviy resurslar bilan kafolatlangan tarzda ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rishi darkor.

Har qaysi korxona, har qaysi hudud, qolaversa, viloyat yoki butun mamlakatimiz miqyosida bo‘ladimi, ishlab chiqarish sohalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shiddat bilan o‘sib borayotgan raqobatga bardosh berish va daromad olish uchun sarmoya va yana bir bor sarmoya, ya’ni investitsiya kerak.

Doimo izlanishda bo‘lib, ertangi kunimizni o‘ylab, ishchilarimizga munosib maosh to‘lash, ularning hayotini farovon qilish uchun qo‘shma korxonalar tuzish, kichik biznes va tadbirkorlikka keng yo‘l ochib berish, bu boradagi sun’iy to‘siq va g‘ovlarni olib tashlash eng muhim masala, desam, o‘ylaymanki, bu haqiqat bugun hech kimga sir emas.

Chunki ayni shu omillar hisobidan Andijon viloyatining eng o‘tkir muammolarini yechish mumkin, odamlarimizni rozi qilishimiz mumkin.

Agarki Andijon vohasida sug‘oriladigan, haydaladigan yer tanqisligi, aholining esa juda zich yashashi eng murakkab muammolardan biri ekanini inobatga oladigan bo‘lsak, aynan shunday yo‘l yakkayu yagona to‘g‘ri, o‘zini oqlagan yo‘l ekanini hayotning o‘zi tasdiqlab bermoqda. Lekin, ming afsuski, ayrim tumanlar, xususan, Paxtaobod, Ulug‘nor tumanlari ana shunday yo‘lni joriy etishda, ya’ni chetdan sarmoya olib kelishda o‘zini ko‘rsata olmayapti.

Hurmatli do‘stlar!

Andijon zaminida shakllangan qadimiy dehqonchilik maktabining shuhrati nafaqat yurtimizda, balki boshqa o‘lkalarda ham yaxshi ma’lum. Tobora rivojlanib, bugungi kunda qishloqda hal qiluvchi kuchga aylanib borayotgan fermerlik harakati aynan Andijon zaminida toblanib, yangi tajriba va kuch topayotgani hech kimga sir emas.

O‘z ishining chinakam fidoiysi va ustasi bo‘lgan andijonlik dehqon va fermerlar o‘tgan yili birinchilar qatori shartnoma majburiyatlarini bajarib, 293 ming tonna paxta, 508 ming tonna boshoqli don yetishtirib bergani har qanday tasannolarga arziydi.

Viloyatda keyingi olti yilda sabzavot yetishtirish hajmi 1,9 barobar, kartoshka – 2,2 barobar, poliz mahsulotlari – 3,5 barobar, meva – 1,8 barobar, uzum – 2,2 barobar ortib, ularni qayta ishlash hajmi o‘sayotgani aynan fermerlarimiz va dehqonlarimizning ishga yondashuvi o‘zgarib, o‘z yeri, o‘z mulkiga egalik hissiyoti kuchayib borayotganining natijasidir.

Chorvachilikni oladigan bo‘lsak, so‘nggi olti yilda qoramollar soni 1,6 barobar, parranda 2,2 barobar, go‘sht va sut yetishtirish 1,5 barobar, tuxum yetishtirish 1,8 barobar ko‘payganini ko‘rish mumkin.

Bularning barchasi nafaqat viloyat, balki mamlakatimiz aholisining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bilan birga, bozorlarimizdagi serobchilik va arzonchilikni ta’minlashda muhim rol o‘ynamoqda.

Bugun men, mana shu yuksak minbardan turib, viloyatning mirishkor dehqon va fermerlariga ana shunday fidokorona mehnatlari uchun chuqur minnatdorlik bildirishni o‘zimning burchim, deb bilaman.

Tabiiyki, bunday yutuqlar tufayli fermerlarning daromadiga daromad qo‘shilmoqda, eng asosiysi, ularning o‘rta sinf – mulkdorlar sinfi sifatida mavqei oshib, qishloqda haqiqatan ham hal qiluvchi kuchga aylanmoqda.

Bu yutuqlar birinchi navbatda yurtdoshlarimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi tubdan o‘zgarib borayotganidan dalolat beradi. Bu odamlar endi 1990-yildagi kishilar emas. Men yurtimizda ham, chet ellarda ham bir fikrni ko‘p aytaman: biz erishgan yutuqlarni, ertangi kunimizning qanday yorug‘ bo‘lishini bilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo litsey va kollejlarimizga borib, yoshlarimiz bilan uchrashing, ularning yonib turgan ko‘zlariga qarang, shunda siz ko‘p narsani tushunib yetasiz, deyman va bu so‘zlarda chindan ham katta haqiqat bor.

O‘ylaymanki, hammamiz yaxshi tushunamiz, yerni asrab-avaylash, u bilan tillashib yashash kerak. “Sen yerni boqsang – yer seni boqadi” degan chuqur ma’noli ibora, mening nazarimda, aynan o‘zbek zaminida paydo bo‘lgandek tuyuladi.

Tabiiyki, qishloq xo‘jaligida yuksak marralarni qo‘lga kiritishda avvalambor yuqori hosildorlikka erishishning garovi – yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirayotgan keng ko‘lamli ishlarimiz poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bu haqda so‘z yuritganda, 2008-2012-yillarda viloyatda 6000 kilometrga yaqin ochiq kollektor-drenaj tarmoqlari, 225 kilometrlik yopiq gorizontal drenaj tarmoqlari, Ulug‘nor meliorativ nasos stansiyasi, 180 ta melioratsiya inshooti, 365 ta drenaj quduq hamda boshqa ob’ektlarda qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilganini aytish lozim.

Shu davrda viloyat bo‘yicha salkam 55 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, 120 ming gektar sug‘oriladigan yerning meliorativ holati yaxshilangani natijasidag‘alla hosildorligi o‘rtacha 6-8 sentnerga, paxta hosildorligi 4-5 sentnerga oshgani bu boradagi ishlarimizning eng muhim samarasi, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.

Viloyatda qishloq xo‘jaligi texnikasi parkini yangilash masalasiga ham alohida e’tibor berilmoqda. Shu maqsadda oxirgi yetti yilda qariyb 53 milliard so‘mlik 2 ming 300 dan ortiq zamonaviy texnika vositalari sotib olingani ham buni tasdiqlaydi.

Shu bilan birga, bu yo‘nalishda hali ko‘p ish qilishimiz zarurligi, ayniqsa, bog‘ va tokzorlar orasiga ishlov beradigan maxsus texnikalarni sotib olishga e’tibor qaratish, mavjud texnika parkini har yili kamida 10 foizga yangilab borish lozimligini qayd etish joiz.

Ma’lumki, 2011-yilda Asaka tumani to‘liq meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashtirildi. Buning natijasida avvalo tumanda yetishtiriladigan meva-sabzavot mahsulotlari hajmini 45-50 foizga oshirish, bozorlarda narx-navoning barqaror bo‘lishiga, dehqonchilikda daromad ancha ko‘payishiga erishildi.

Yangi imkoniyatlarni inobatga olgan holda, Respublika oziq-ovqat korxonalari uyushmasi tomonidan kelgusi uch yilda viloyatda meva-sabzavotni qayta ishlaydigan 27 ta, go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlaydigan 48 ta, shuningdek, boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan 140 ta korxona yangitdan tashkil qilinishi mo‘ljallanmoqda.

Qadrli yurtdoshlar!

Andijon xalqining izlanuvchanligi, yangilikka intilib yashashi, tashabbuskorligi – ana shunday fazilatlari kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasini rivojlantirishda o‘z ifodasini topmoqda.

Bugungi kunda Andijon viloyatida mazkur yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 22 ming 200 tani tashkil etayotgani va ayni shu sohada aholining 80 foizdan ortig‘i band bo‘lganining o‘zi ko‘p narsadan dalolat beradi.

Agarki Andijon xalqining 80 foizi tadbirkorlik hisobidan yashayotgan bo‘lsa, qani, aytinglar, bu sohaga odamlarni jalb etish uchun yana qanday da’vat bo‘lishi mumkin? Erishilgan mana shunday marrani mahkam ushlashimiz kerak. Takror aytaman, kichik biznes va tadbirkorlik yo‘lida mavjud bo‘lgan har qanday sun’iy to‘siqni olib tashlash lozim. Huquq-tartibot idoralari xodimlari, vazirlar va hokimlar buni chuqur tushunib olishi shart.

O‘zingiz o‘ylang, tadbirkor o‘z kuchi, o‘z sarmoyasi hisobidan o‘z ishini tashkil qiladi va shu orqali daromad topadi. Bizning ishimizga xalaqit bermasangiz, o‘z oilamizni ham, el-yurtni ham boqishga hissa qo‘shamiz, deb mehnat qiladi. Bunday odamlarni faqat qo‘llab-quvvatlash, faqat yordam berish kerak.

Tadbirkorlik azal-azaldan xalqimizning qonida bor. Eng zo‘r hunarmandlar, savdogarlar, ustalar bizning yurtimizda bo‘lgan. Buyuk bobomiz Amir Temur o‘z davrida bu borada shunday tartib o‘rnatgan ediki, uning “Tuzuklar” asarida yozilishicha, agar saltanatning u chekkasidan bu chekkasiga yosh bola bir lagan tilloni boshiga qo‘yib boradigan bo‘lsa, unga hech kim daxl qilmas ekan.

Bu bilan ulug‘ ajdodimiz, o‘zi ishlamasdan, boshqalarning hisobidan kun ko‘radigan har xil qaroqchi va zo‘ravonlarning adabini berdim, butun mamlakatda adolat o‘rnatdim, deb ta’kidlayotganini tushunish qiyin emas, deb o‘ylayman.

Men bir paytlar ertangi kunimizni, kelajakni o‘ylab, fermerlik harakatiga o‘tganimizda, fermerlarga qarata, hech narsadan qo‘rqmasdan, oldinga bosaveringlar, ortingizda Prezident turibdi, deb aytgan edim. Bugun esa barcha tadbirkorlarga qarata aytmoqchiman: dadil qadam bosaveringlar, ortingizda Prezident turibdi.

Viloyatdagi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining zamonaviy ishlab chiqarish sohalariga, xususan, avtomobilsozlik va avtomobillarga xizmat ko‘rsatish tarmog‘iga keng jalb etilayotgani, umuman, zamonaviy servis sohasini rivojlantirishga katta e’tibor berilayotgani aholimizni ish bilan ta’minlashda, odamlarning daromadini oshirishda muhim o‘rin tutmoqda.

Andijon viloyatida 2007-2012-yillarda, ya’ni oxirgi olti yilda xizmatlar hajmi 2,6 barobar ortib, mazkur sohada qariyb 160 mingta ish o‘rni yaratilgani bu yo‘nalishda ko‘p ish qilinayotganidan dalolat beradi.

Ayniqsa, mobil aloqa tarmog‘ini kengaytirish, 160 kilometrdan ziyod optik tolali aloqa liniyasini barpo etish, 44 ta “Internet-kafe” tashkil qilish, avtomat telefon stansiyalarini yuz foiz raqamli tizimga o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilgan investitsiya dasturlari mobil aloqa abonentlari sonini 4,6 barobar, internetdan foydalanuvchilar sonini 7,8 barobar oshirish imkonini berdi. Buning natijasida aloqa va axborot xizmatlari hajmi 3,7 barobar o‘sdi.

Ana shunday o‘zgarishlar tufayli yalpi hududiy mahsulot tarkibida jami xizmatlarning ulushi ortib, 2006-yildagi 31,5 foizdan 2012-yilda 45,5 foizga yetganini albatta ijobiy baholash lozim.

Hurmatli deputatlar!

Andijon viloyatida qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida uy-joylar qurish dasturining ijrosi alohida e’tiborga loyiq.

Men 2011-yilning kuzida Andijon tumanining O‘rikzor massivida barpo etilgan ana shunday yangi hovli-joylarning egalari bilan uchrashganimda, ularning yuz-ko‘zidagi xursandchilikni ko‘rib, bu imoratlar haqiqatan ham xalqimiz orzu qilgan, uning ko‘nglidagi uylar ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilgan edim.

O‘tgan to‘rt yil mobaynida Andijon viloyatida 89 ta mavzeda 2 ming 115 ta namunaviy uy-joy barpo etilib, ko‘plab oilalar shahar sharoitidan aslo kam bo‘lmagan qulay uylarga ko‘chib kirdi. Ana shu massivlarda qariyb 100 kilometrlik suv tarmog‘i, 61 kilometr elektr tarmog‘i, 76 kilometr tabiiy gaz tarmog‘i, 56 kilometr ichki yo‘llar va boshqa infratuzilma ob’ektlari barpo etilganini ta’kidlash lozim.

Sizlarga ma’lumki, shu yil 16-17-aprel kunlari Toshkent shahrida katta bir xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ushbu anjumanda O‘zbekistonda qishloq aholisi uchun zamonaviy uy-joylar qurish tajribasi va erishilgan natijalarni o‘rganish uchun dunyoning 60 dan ortiq mamlakatidan, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, ASEAN, YUNESKO kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar, moliya institutlaridan vakillar, uy-joy qurilishi sohasidagi yirik kompaniyalar rahbarlari va yetakchi mutaxassislar, jami 300 dan ziyod chet ellik mehmon ishtirok etdi.

Anjuman qatnashchilari yurtimizning bir qancha viloyat va tumanlarida bo‘lib, qishloq ahli uchun bunyod etilgan uylar bilan yaqindan tanishdilar, odamlarimiz bilan suhbatlashib, ularning hayotga qarashi, madaniy saviyasi, ertangi kunga ishonchi ortib borayotganiga yuksak baho berdilar. O‘zbekistonning qanday buyuk salohiyatga ega bo‘layotganiga, erkin va farovon hayot qurishdek ezgu maqsad yo‘lidan qat’iyat bilan borayotganiga, eng muhimi, biz 22-yil oldin tanlagan taraqqiyot yo‘limiz to‘g‘ri ekaniga iqror bo‘ldilar.

Aziz do‘stlar!

Andijon viloyatida boshqa muhim ijtimoiy dasturlarni hayotga joriy qilish bo‘yicha ham salmoqli natijalarga erishilmoqda. Bu haqda gapirganda, keyingi yillarda aholini markazlashtirilgan tarmoqlar orqali ichimlik suvi bilan ta’minlash 89,7 foizni, tabiiy gaz bilan ta’minlash esa 75,3 foizni tashkil etganini qayd etish lozim.

Bu boradagi ishlarimizni davom ettirgan holda, kelgusi uch yilda ichimlik va oqava suv tizimini kompleks rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturi asosida viloyatda 150 kilometr magistral suv tarmog‘i barpo etiladi, 183 kilometrlik tarmoq esa rekonstruksiya qilinadi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun davlat byudjetidan 45 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Natijada viloyatdagi 230 dan ortiq qishloqda ichimlik suvi ta’minotini yanada yaxshilab, bu boradagi ko‘rsatkichni 92,3 foizga yetkazish mo‘ljallanmoqda.

Aholiga transport xizmatini ko‘rsatish masalasini oladigan bo‘lsak, viloyat bo‘yicha 2006-2012-yillarda 490 tadan ortiq yangi avtobus sotib olinganini aytish lozim.

Yaqin kelgusida viloyatga yana 400 ta avtobus olib kelish va shu asosda qishloq joylarda, ayniqsa uzoq va chekka hududlarda yashaydigan aholiga transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash rejalashtirilmoqda.

Xalqimizning turmush darajasi va sifatini oshirishga qaratilgan bunday ishlar haqida gapirganda, sizlarning e’tiboringizni yana bir muhim strategik loyihaga qaratmoqchiman. Ushbu yirik loyihaga binoan, qiymati 1 milliard dollar, quvvati 900 megavolt bo‘lgan To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi barpo etiladi.

Bu ulkan inshootning ishga tushirilishi Farg‘ona, Namangan, Andijon viloyatlarining elektr energiyasiga bo‘lgan bugungi ehtiyojini to‘liq ta’minlash imkonini beribgina qolmasdan, bu hududlarning istiqboldagi rivojida qanday katta o‘rin tutishini, o‘ylaymanki, hammamiz yaxshi tushunamiz.

Biz uchun suvdek, havodek zarur bo‘lgan yana bir muhim tarmoq – transport-kommunikatsiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha ham katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Qamchiq dovoni orqali o‘tadigan avtomobil yo‘lini kengaytirish va rekonstruksiya qilish uchun keyingi 5-yilda qariyb 630 milliard so‘m, jumladan, yo‘l texnikasi xarid qilishga 8 milliard so‘m yo‘naltirilganini ta’kidlash lozim. Bu esa Farg‘ona vodiysi, jumladan, Andijon viloyatiga va bu yerdan mamlakatimizning boshqa mintaqalariga yuk va yo‘lovchi tashish hajmi va sifatini yanada oshirish imkonini bermoqda.

Shu borada biz ko‘pdan buyon o‘ylab yurgan, bugungi kunga kelib ro‘yobga chiqarish imkoni paydo bo‘lgan yana bir muhim rejamiz haqida sizlarga axborot bermoqchiman. U ham bo‘lsa, Angren-Pop yo‘nalishida umumiy uzunligi qariyb 125 kilometr bo‘lgan elektrlashtirilgan temir yo‘l qurish loyihasini amalga oshirmoqchimiz.

Ma’lumki, Farg‘ona vodiysi mamlakatimizning temir yo‘l tarmoqlariga ulanish nuqtai nazaridan O‘zbekistonning boshqa hududlaridan ajralib qolgan. Hozirgi kunda temir yo‘l orqali vodiyga borish uchun qayerdan o‘tishga to‘g‘ri kelishini sizlar yaxshi bilasiz.

Bugungi kunda Farg‘ona vodiysida 10 milliondan ortiq aholi yashaydi. “Oltin vodiy” deb nom olgan bu mintaqani O‘zbekistonning boshqa hududlari bilan temir yo‘l orqali bog‘lash masalasini e’tibordan chetda qoldirishga bizning haqqimiz yo‘q.

Ta’kidlash kerakki, aynan shu loyihaning joriy etilishi Farg‘ona vodiysi viloyatlarini mamlakatimiz temir yo‘llari tizimi bilan ishonchli asosda bevosita bog‘lash imkonini yaratadi. Shu tariqa biz butun O‘zbekistonning hudud va mintaqalarini qamrab oladigan yagona milliy temir yo‘l tarmog‘ini barpo etishga erishamiz. Hech shubhasiz, bu nafaqat iqtisodiy-ijtimoiy, kerak bo‘lsa, siyosiy ahamiyatga molik strategik loyihadir.

Bir paytlar O‘zbekistonning elektr, tabiiy gaz tarmoqlari, avtomobil yo‘llari boshqa davlatlarning hududi orqali o‘tardi. Keyingi o‘n yil ichida biz bu borada juda katta ishlarni amalga oshirish hisobidan ushbu kommunikatsiyalarning barchasini o‘z mamlakatimiz hududidan o‘tkazishga erishdik. 2014-2015-yillarda temir yo‘l masalasida ham bu ishni albatta oxiriga yetkazamiz. Nasib etsa, 2016-yilda mana shu temir yo‘l qurib bitkazilishi bilan vodiyga, jumladan, Andijonga poyezd bilan bemalol qatnash imkoniga ega bo‘lamiz.

Qadrli yurtdoshlar!

Ijtimoiy sohadagi o‘zgarishlar haqida so‘z yuritganda, avvalo yosh avlodimizning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishida beqiyos o‘rin tutadigan ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan katta ishlar haqida gapirishimiz tabiiydir.

Viloyatda 2006-2012-yillarda 53 ta litsey va kollej, 159 ta umumta’lim maktabi, 17 ta musiqa va san’at maktabi qurilgani va rekonstruksiya qilingani bu boradagi dasturlarimiz izchillik bilan bajarilayotganidan dalolat beradi. Joriy yilda yana 6 ta maktab, 3 ta kasb-hunar kolleji va akademik litsey, 2 ta oliy o‘quv yurti rekonstruksiya qilinadi, 12 ta maktab va 6 ta kasb-hunar kolleji kapital ta’mirlanadi, Andijon tibbiyot institutining axborot-resurs markazi barpo etiladi.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar ham viloyatda o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Buning tasdig‘ini shu o‘tgan davrda har smenada 3 ming nafardan ortiq kishiga xizmat ko‘rsatadigan poliklinika muassasalari, 930 o‘ringa ega bo‘lgan shifo maskanlari foydalanishga topshirilgani misolida ko‘rish mumkin.

2013-yilda yana 9 ta tibbiyot muassasasini, jumladan, viloyat onkologiya dispanseri, bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va bolalar sanatoriysini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Bu maqsadlar uchun 54 milliard 900 million so‘m mablag‘ sarflash ko‘zda tutilmoqda.

Aholi salomatligini mustahkamlashning muhim omili bo‘lgan sport sohasida ham yuqori natijalar qo‘lga kiritilmoqda. Ayniqsa, viloyat yoshlarining mamlakatimiz va jahon miqyosidagi musobaqalarda yuqori o‘rinlarni egallab kelayotgani barchamizga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi.

Haqiqatan ham, 2006-2012-yillarda nufuzli xalqaro musobaqalarda Andijon yoshlari orasidan 107 nafar o‘quvchi, jumladan, 57 nafar qiz bola ishtirok etib, ularning 72 nafari sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgani albatta hammamizni xursand qiladi.

Hozirgi kunda eng dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan aholini ish bilan ta’minlash masalasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, viloyatda 2006-2012-yillarda,ya’ni oxirgi yetti yilda yarim millionga yaqin ish o‘rni yaratilgani va buning qariyb 70 foizi qishloq joylarda tashkil etilganini katta yutug‘imiz sifatida qabul qilishimiz kerak.

Ayni vaqtda bu borada hali ko‘p ish qilishimiz zarurligini, o‘ylaymanki, barchamiz to‘g‘ri tushunamiz. Xususan, joriy yilda tasdiqlangan dasturga ko‘ra, viloyat bo‘yicha qariyb 80 mingta yangi ish o‘rni tashkil etish nazarda tutilmoqda. Bu borada barcha darajadagi rahbarlar uchun 53 ming 200 nafar kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar bitiruvchilarini ishga joylashtirish kun tartibidagi eng asosiy vazifa bo‘lib turganini alohida uqtirib o‘tmoqchiman.

Bu vazifani bir yoqadan bosh chiqarib albatta bajarish barcha-barchamizning eng olijanob burchimizdir.

So‘nggi 6-yil davomida viloyatda aholi daromadlari sezilarli darajada o‘sib, avvalo shuning hisobidan xalqimizning hayot darajasi va sifati oshib borayotganini biz yuqori baholaymiz.

Xalqimiz daromadlarining asosiy qismi, ya’ni 54 foizga yaqini tadbirkorlik hisobidan izchil oshib borayotganini alohida ta’kidlash zarur.

Bu shaxsan men uchun juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘rsatkich. Bu raqam avvalambor Andijon ahlining o‘z mehnati, o‘z tadbirkorlik faoliyati, o‘z biznesi hisobidan o‘zini va oilasini boqayotganining yaqqol dalili, takror aytaman, bizning eng katta yutug‘imizdir.

Aholimizning farovonligi oshib borayotganini viloyatda xonadonlarning televizor, xolodilnik, mebel bilan ta’minlanish ko‘rsatkichlari mamlakatimizdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori ekani, avtomobillarga ega bo‘lgan xonadonlar soni so‘nggi 6-yilda har 100 ta oilaga nisbatan olganda, 19 tadan 30 taga yetgani ham isbotlaydi.

Esingizda bo‘lsa, sovet davrida odamlar mashina olish uchun o‘n yillab navbatda turar edi. Menga qolsa, har yuzta oilaga yuzta avtomobil to‘g‘ri kelsayam, yomon bo‘lmas edi.

Hayotimizning ma’no-mazmunini o‘zgartirib borayotgan bunday yutuqlar haqida gap ketganda, men birinchi navbatda ayollarga munosib turmush sharoiti yaratib berish to‘g‘risida gapirishdan hech charchamayman. Shaxsan men har yuzta xonadonda yuzta kir yuvish mashinasi bo‘lishini istardim.

Shu o‘rinda erkaklarga murojaat qilib aytmoqchiman: ayollarga ko‘proq hurmat ko‘rsatish, ularga ko‘proq e’tibor berish, og‘irini yengil qilish biz, erkak zotining eng asosiy vazifasi, burchi bo‘lishi lozim. Nega deganda, ayol baxtli bo‘lsa, oila baxtli, oila baxtli bo‘lsa, butun jamiyat baxtlidir.

Andijon viloyatida keyingi yillarda amalga oshirilgan o‘zgarishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar haqida gapirganda, keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari haqida alohida so‘z yuritish o‘rinlidir. Bu ishlarning yorqin namunasini viloyatning barcha shahar va qishloqlarida, ayniqsa, Andijon shahri misolida yaqqol ko‘rish, kuzatish mumkin.

Hozirgi vaqtda yurtimizning turli hududlaridan bu yerga ko‘plab mutaxassislar, me’mor va muhandislar kelib, sizlarning tajribangizni o‘rganayotgani ko‘pchilikka yaxshi ma’lum.

Ana shu ishlarni izchil davom ettirish maqsadida 2011-2015-yillarda Andijon viloyatining shahar va tumanlarida yakka tartibda uy-joy massivlarini qurish, kommunal infratuzilma tarmoqlarini jadal rivojlantirishni ko‘zda tutadigan dastur qabul qilingan edi. Fursatdan foydalanib, ana shu dasturning dastlabki natijalari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Ikki yil davomida viloyatda 372 kilometrlik ichimlik suvi, 2 kilometrlik kanalizatsiya, 211 kilometrlik tabiiy gaz tarmog‘i tortildi va rekonstruksiya qilindi. 195 kilometrlik elektr tarmog‘i yangilandi, 121 ta transformator o‘rnatildi, 46 kilometrlik ko‘chalarda chiroqlar yangilanib, 2 ming 650 ta xonadonga telefon o‘rnatildi.

Asaka tumanidagi Shinam, Karvonsaroy, Umid, Imom Buxoriy ko‘chalari ta’mirlanib, elektr, tabiiy gaz va ichimlik suvi ta’minoti tarmoqlari yangilandi. Xo‘jaobod, Oltinko‘l tumanlari markaziy ko‘chalarini namunaviy ko‘chalarga aylantirish maqsadida yo‘l bo‘yida zamonaviy uy-joylar qurildi, ko‘chalarni yoritish tizimi va elektr tarmoqlari yangilanib, tabiiy gaz quvurlarining yer ostidan o‘tkazilishi natijasida ushbu maskanlarning qiyofasi tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi.

Hozirgi vaqtda Paxtaobod, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Andijon tumanlarining markaziy ko‘chalarida ana shunday ishlar nihoyasiga yetkazilmoqda va bunday ijobiy tajribalar boshqa hududlarda ham qo‘llanmoqda.

Amalga oshirilgan ana shunday keng ko‘lamli qurilish-obodonlashtirish ishlari tufayli 250 mingdan ziyod aholining elektr ta’minoti, 80 mingga yaqin aholining tabiiy gaz ta’minoti yaxshilangani, 35 kilometrdan ortiq magistral va 380 kilometrlik ichki avtomobil yo‘llari ta’mirlangani “Obod turmush yili” deb nom olgan joriy yilda biz belgilab olgan maqsad va vazifalarga hamohangligi bilan ayniqsa e’tiborlidir.

Hech ikkilanmasdan aytish kerak: Andijon viloyatining markazi, shahar va turar-joylarning ko‘rinishini butunlay o‘zgartirish, go‘zal va o‘ziga xos maydonlar, ko‘cha va uylarga barchaning havasini tortadigan yangi qiyofa berish, obod va betakror o‘lkaga aylantirish – bunday olijanob va ulkan ishlarga qo‘l urgan barcha-barcha Andijon ahliga har qancha tasannolar aytsak, arziydi, albatta.

Ko‘p yillar, balki yuz yillar o‘tar, lekin siz, azizlarning amalga oshirgan ishlaringiz abadiy saqlanib qolur.

Bir naql bor – katta, ulkan ishlarni uzoqdan ko‘rish mumkin. Shu ma’noda, bunday olijanob ishlarning ahamiyati uzoqdan qaraganda, baho berganda ayniqsa yaqqol ayon bo‘ladi.

Nima uchun bunday ishlar abadiy saqlanib qoladi? Chunki bu ishlar zamiridagi fidoiylik, o‘z yurtiga mehr va sadoqat tuyg‘usi hech qachon zavol bilmaydi. Andijon ahli bunday ishlari bilan, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘ziga haykal qo‘ydi. Bu – balandparvoz gap emas, ayni haqiqat va bu bilan g‘ururlansak arziydi. Hayotda g‘urur-iftixor bilan, shukronalik bilan yashaydigan odamning umri uzoq bo‘ladi.

Mening tilagim, istagim shuki, mana shunday obod shahar va qishloqlar, ko‘p-ko‘p sohalarda erishayotgan yutuqlar Andijon ahliga buyursin!

Hurmatli sessiya qatnashchilari!

Endi kun tartibiga kiritilgan tashkiliy masalani muhokama qilishga o‘tsak.

Bugungi majlisimizning asosiy maqsadi Andijon viloyatining hokimi vazifasida ishlab kelgan Ahmad Usmonovning Toshkent viloyati hokimi etib saylangani munosabati bilan Andijon viloyati hokimi lavozimiga yangi nomzodni saylab-tasdiqlab olishdan iborat.

Sizlarga yaxshi ma’lumki, O‘zbekistonimizning barcha hudud va mintaqalarini mutanosib va izchil rivojlantirish ustuvor vazifamizdir. Bu haqda gapirganda, ulkan salohiyatga ega bo‘lgan, mamlakatimizda yetakchi o‘rin tutadigan Toshkent viloyatini boshqarish, uning ko‘ptarmoqli iqtisodiyotini barqaror sur’atlar bilan rivojlantirish, aholining hayot darajasini yuksaltirish – bunday vazifalarni uddalash g‘oyat og‘ir va mas’uliyatli ish ekanini yana bir bor ta’kidlash o‘rinlidir.

Toshkent viloyatida keyingi paytda o‘tkir muammolarning yechimi topilmasdan, ko‘pgina masalalarda oqsoqlikka yo‘l qo‘yilgani, birinchi rahbarda tashkilotchilik, yetakchilik qobiliyatlari yetishmagani sababli uni ishdan ozod qilishga to‘g‘ri keldi.

Mana shu mas’uliyatli lavozimga, ya’ni Toshkent viloyatini boshqarishga Andijon viloyatida yetti yil davomida hokim bo‘lib ishlagan, el-yurtga bosh-qosh bo‘lib, viloyat erishgan yutuq va marralarga munosib hissa qo‘shgan Ahmad Usmonov nomzodi ma’qul deb topildi.

Ayni paytda Ahmad Usmonovga bildirilgan ishonch siz, Andijon eliga bildirilgan ishonch va hurmat belgisi, ifodasi, desam, siz, azizlar meni tushunasizlar, deb o‘ylayman.

Andijon ahli o‘z yurtiga bo‘lgan mehri va sadoqatini, g‘urur va iftixorini, or-nomusini yuksak qadrlab, o‘z kuchi va qudratiga ishonib yashaydigan xalq.

Bunday olijanob fazilatlarga ega el-yurtni boshqaradigan, uning erishgan marralari, o‘sish sur’atlarini pasaytirmasdan, aholining boshini qovushtirib, yangi maqsad va ufqlarga safarbar eta oladigan yangi rahbar saylash bugungi majlisimiz kun tartibiga qo‘yilgan.

Keng va yuqori salohiyatga ega bo‘lgan, ham insoniylik, ham tashkilotchilik, ham talabchanlik nuqtai nazaridan el-yurtning dardu tashvishi bilan yashaydigan, odamlarning harakatiga harakat, intilishiga intilish, ishonchiga ishonch qo‘shib, yurtni yanada obod, xalqning hayot darajasi va sifatini oshirishga qurbi yetadigan rahbarni topish – o‘zingiz tushunasiz – bu og‘ir vazifa.

Shuni aytmoqchimanki, ko‘p joylarda yangi rahbarni lavozimga tavsiya etar ekanmiz, odamlar avvalo Prezident bildirgan taklifga ishonch bilan qaraydi. Men bu ishonchni yuksak qadrlayman va ayni vaqtda uning zamiridagi katta mas’uliyatni ham chuqur his qilaman.

Bugun Andijon viloyatida 2 million 700 mingdan ortiq aholi yashaydi. Ana shunday ulkan viloyat ahlining hayotiga, hududni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish, uning muammolarini hal qilishga doimo jiddiy qarashimiz kerak. Bir paytlar shunga yetarli e’tibor bermaganimiz biz uchun katta saboq bo‘ldi. Men kimnidir ayblamoqchi emasman, lekin bunday masalalarga, takror aytaman, beparvo bo‘lishga haqqimiz yo‘q. Binobarin, viloyatga yangi rahbar tanlashda ko‘p va uzoq o‘ylashga, jamoatchilik bilan kengashishga to‘g‘ri keldi. Ba’zan o‘z joyida tuppa-tuzuk ishlab turgan rahbar yangi joyda o‘zini ko‘rsatolmasligi, oqibatda o‘ziga ham, umumiy ishga ham zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun bu masalada yetti o‘lchab, bir kesish kerak.

Shularning barchasini inobatga olib, Andijon viloyati faollari va deputatlari, oqsoqollar bilan ko‘p maslahatlashdik, ochiqchasiga gaplashib oldik. Bildirilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqqan holda, hozirgi vaqtda Andijon viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimida ishlab kelayotgan Shuhratbek Abdurahmonov nomzodini Andijon viloyati hokimi vazifasiga tavsiya etishga qaror qildik.

Bu nomzodning tarjimai holi haqida gapiradigan bo‘lsak, u 1969-yilda tug‘ilgan. Andijon paxtachilik institutini 1992-yilda agronom mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan. Ko‘p yillar Paxtaobod tumani hokimi, viloyat hokimining muovini lavozimlarida ishlab, yetarli tajriba orttirgan. Eng muhimi, u Andijon viloyatining sharoiti, viloyat ahlining tabiati, orzu-intilishlari, tashvish va muammolarini yaxshi biladi, shu tuproqning tuzini ichib ulg‘aygan.

Odamning kimligini bilmoqchi bo‘lsang, unga amal berib ko‘r, degan gap bejiz aytilmagan. Haqiqatan ham, el-yurt har qanday rahbarni u amalga o‘tirgan paytdan boshlab sinaydi va unga baho beradi.

Aytish kerakki, Sh.Abdurahmonov oddiy brigada boshlig‘i lavozimidan shu darajaga ko‘tarilgan. Paxtaobod tumanida ko‘p yillar xizmat qilgan. Zarur paytda, masalan, ana shu tumanda fermerlikni joriy etishda o‘zini prinsipial jihatdan ko‘rsatgan.

Biz bugun yurtimizda yangi davlat, yangi jamiyat qurmoqdamiz. Shu nuqtai nazardan qaraganda, viloyatning yangi rahbari erishilgan marralarni yanada mustahkamlab, o‘sish sur’atlarini tezlashtirishga intilishi lozim. Yangi rahbarning kelishi bilan el-yurt qandaydir o‘zgarishlar bo‘ladi, deb kutadi. Agarki hech qanday o‘zgarish sezilmasa, odamlarning rahbarga bo‘lgan ishonchi yo‘qoladi.

Bu o‘rinda rahbarning faqat va’da berishi emas, avvalo Andijon ahliga, viloyatning deputat va faollariga, keng jamoatchilikka tayanib, ishni qanday tashkil etish, qanday reja va dasturlarni amalga oshirish borasidagi fikrlari muhimdir.

Viloyat hokimi avvalo unga ishonch bildirgan xalq oldida, uning vakillari bo‘lmish deputatlar oldida o‘z vaqtida hisob berib turishi kerak.

Qadrli va muhtaram yurtdoshlar!

Bugun siz, azizlar bilan birga keyingi davrda amalga oshirgan ishlarimizga yakun yasab, erishgan yutuqlarimizga baho berdik, yo‘l qo‘yilgan kamchilik va muammolar, oldimizda turgan vazifalar haqida ham fikr almashib oldik. Eng asosiysi, bugun Andijon viloyatida hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, bag‘rikenglik va ahillik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrash, mustahkamlash bo‘yicha siz, aziz deputat va faollarning fikrlarini tingladik, ertangi kunimizning rejalarini aniqlab oldik.

Shu o‘rinda yuragimda, qalbimda bo‘lgan bir fikrni aytishni istardim: men uchun doimo yaqin va qadrdon bo‘lgan Andijon ahli erishgan barcha yutuqlarni men hamisha go‘yoki o‘zimning yutuqlarim, deb qabul qilaman va bu bilan faxrlanaman.

Ishonchim komil, hamisha zamon bilan hamnafas bo‘lib, o‘zining mustahkam irodasi, yaratuvchilik salohiyati, ona yurtga ulkan mehri va sadoqatini namoyon etib kelayotgan Andijon xalqi yangi rahbar atrofida birlashib, u bilan bamaslahat ish olib borib, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.

Aziz do‘stlar, yana bir bor sizlarga o‘zimning samimiy hurmatimni izhor etib, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati