O‘zbekiston – Xitoy: hamkorlik strategik sheriklik asosida izchil rivojlanmoqda
02.09.2015

020920151.jpg

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 2-sentabr kuni Pekin shahriga keldi.

Pekin shahrining “Shoudu” xalqaro aeroportida mamlakatimiz Prezidentini rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi o‘zi uchun ajratilgan «Dyaoyuytay» qarorgohiga yo‘l oldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov shu kuni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbari XXR Raisini Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 70-yilligi bilan tabriklab, Xitoy xalqi bu g‘alabaga ulkan hissa qo‘shganini ta’kidladi.

– Ushbu shonli sanada Sizni va Siz orqali butun Xitoy xalqini tabriklash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi. Istilochilarga qarshi kurashib, ko‘plab qurbonlar va katta yo‘qotishlar evaziga Ikkinchi jahon urushining yakunlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan insonlar xotirasi oldida bosh egamiz. Bu g‘alaba bugun dunyoda haqli ravishda munosib o‘rin egallagan yangi Xitoy davlatining shakllanishi va rivojlanishiga zamin yaratgan, – dedi Islom Karimov.

XXR Raisi davlatimiz rahbarini Xitoyga tashrifi bilan qutlab, taklifini qabul qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

– Siz bilan yana bir bor uchrashib turganimdan g‘oyat xursandman. Fursatdan foydalanib, Sizni va do‘st O‘zbekiston xalqini Mustaqillik bayrami bilan tabriklayman. Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashgan O‘zbekiston xalqi Xitoyga dardkash bo‘lgan, xalqimizni qo‘llab-quvvatlagan. Biz buni hech qachon unutmaymiz va bugungi o‘zaro hamkorligimizni g‘oyat qadrlaymiz, – dedi Si Szinpin.

O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. O‘zaro manfaatdorlikka asoslangan hamkorlik siyosat, iqtisodiyot, savdo, sanoat, moliya, qurilish, ilm-fan, ta’lim, madaniyat sohalarining barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya, Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma, Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi qo‘shma deklaratsiya kabi qator muhim hujjatlar asosida izchil taraqqiy etmoqda.

Mamlakatlarimiz hamkorligi rivojida Islom Karimov bilan Si Szinpin o‘rtasidagi yaqin do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch muhim o‘rin tutmoqda. Ikki davlat rahbarlari muntazam uchrashib, o‘zaro aloqalarni mustahkamlash va yanada kengaytirish borasida fikr almashib kelmoqda. XXR Raisi 2013-yil sentabr oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keldi. Davlatimiz rahbari 2014-yil avgust oyida davlat tashrifi bilan Xitoyda bo‘ldi. Islom Karimov va Si Szinpin joriy yil iyul oyida Shanxay hamkorlik tashkilotining sammiti doirasida Ufa shahrida ham uchrashdilar.

Pekinda o‘tgan oliy darajadagi muloqot chog‘ida tomonlar o‘zaro munosabatlarning bugungi holati, uni yanada rivojlantirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar.

Mamlakatimizda Xitoy bilan hamkorlikda qator yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘rta Osiyo – Xitoy gaz quvuri, Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi, “Navoiy”, “Jizzax” va “Angren” industrial zonalarida yo‘lga qo‘yilgan ishlab chiqarish quvvatlari samarali hamkorlikning yorqin namunalaridir. Yurtimizda Xitoy sarmoyasi ishtirokida tuzilgan besh yuzdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil o‘smoqda. Bu ko‘rsatkich so‘nggi 6-yilda 3 karra ortib, 2014-yilda 4,7 milliard AQSh dollariga yetdi. Joriy yilning birinchi yarmida o‘zaro savdo aylanmasi 11,7 foiz o‘sdi.

Islom Karimov Xitoy bilan hamkorlikni yuksak qadrlashini, o‘zaro ishonch va manfaatdorlikka asoslangan aloqalar barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

Si Szinpin Xitoy O‘zbekistonni istiqbolli strategik sheriklaridan biri deb bilishini, o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

Tomonlar O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga doir keng ko‘lamli masalalar, o‘zlarini qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashdilar.

Prezidentimiz Islom Karimov bayram tantanalari munosabati bilan Xitoyga taklif etilgan mamlakatlar davlat va hukumat rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari 3-sentabr kuni Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 70-yilligiga bag‘ishlab Pekinda o‘tkaziladigan tantanali marosimlarda qatnashadi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati