Islom Karimov Ufa shahriga keldi
09.07.2015

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun Rossiya Federatsiyasining Ufa shahriga keldi.

Shahar markazidagi Kongress-xollda ShHT (Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston) va BRIKSga (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika Respublikasi) a’zo davlatlar rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda ShHT hamda BRIKS doirasidagi hamkorlik, jahon iqtisodiyotini rivojlantirish, jumladan, birgalikda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, moliyaviy barqarorlik va tarkibiy o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashga oid masalalar, mintaqaviy va global ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashildi.

Sammit qatnashchilari zamonaviy tahdid va xavf-xatarlar global miqyos kasb etib borayotganini inobatga olib, ularni bartaraf qilish borasidagi xalqaro harakatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z nutqida ShHT va BRIKSga a’zo davlatlar rahbarlari ishtirokidagi ushbu noyob uchrashuv ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan ulkan salohiyatga ega ikki xalqaro tuzilma uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Islom Karimov hozirgi kunda xalqaro terrorizm va ekstremizm xavfi ortib borayotganidan tashvish bildirmaydigan mamlakatning o‘zi yo‘qligini, bu illatlarga qarshi kurashishda davlatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash zarurligini qayd etdi. ShHT-BRIKS uchrashuvi mazkur tuzilmalarga a’zo mamlakatlar xalqlari farovonligini oshirish, bu ulkan hududda tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining asosiy rasmiy tadbirlari 10-iyul kuni bo‘lib o‘tadi. Davlat rahbarlarining muzokaralari yakunida Ufa deklaratsiyasi imzolanishi, ShHTni rivojlantirish bo‘yicha 2025-yilgacha mo‘ljallangan strategiya hamda tashkilotni kengaytirish va uning faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ufa safari doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati