Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga
26.06.2015

Qadrli do‘stlar!

Avvalambor, siz, hurmatli jurnalistlarni, nashriyot va matbaa, radio va televideniye sohasi fidoyilarini, muhtaram faxriylarimiz, yurtimizdagi barcha mushtariylarni Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, sizlarga o‘zimning chuqur hurmat va ehtiromimni bildirishdan mamnunman.

Barchamizga yaxshi ma’lum, bugungi hayotimizni sizlarning murakkab va mas’uliyatli faoliyatingizdan, ommaviy axborot vositalaridan ayri holda aslo tasavvur etib bo‘lmaydi.

Sizlarning mashaqqatli mehnat mahsulingizni millionlab odamlar qayerda bo‘lmasin, doimo katta qiziqish va e’tibor bilan kutadi. Dunyoda kechayotgan turli-tuman voqea va jarayonlar haqida sizlar yetkazadigan tezkor va xolis axborotning, hayotiy muammolar, kundalik tashvishlar va ularni hal qilish yo‘llari haqida jurnalist ahli bildiradigan ta’sirchan so‘zning ahamiyati va salmog‘i hozirgi zamonda tobora ortib bormoqda.

Buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning “Davron elining jismida ham jon bo‘lg‘il, ham jonlarig‘a moyai darmon bo‘lg‘il” degan hikmatli so‘zlari avvalo sizlar kabi zahmatkash va fidoyi insonlar sha’niga aytilgan, desak, o‘ylaymanki, yanglishmagan bo‘lamiz.

Haqiqatan ham, sizlarning mustaqilligimizni mustahkamlash, odamlarimizning ongu tafakkurini yuksaltirish, ularni Vatanimiz oldida turgan ulkan maqsadlar sari safarbar etish yo‘lida qilayotgan ezgu xizmatlaringizni xalqimiz, jamoatchiligimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Muhtaram yurtdoshlar!

Biz bugun qanday shiddat bilan o‘zgarayotgan va rivoj topayotgan, ilgari uchramagan, yechimi o‘ta og‘ir va murakkab bo‘lgan turli-turli muammolarni tug‘dirayotgan XXI asrda yashayotganimizni hech esimizdan chiqarmasligimizni istardim.

Shular qatorida, avvalambor, globallashuv jarayonlari tobora tezlashib, dunyoning bir chekkasida yuz bergan voqea-hodisalar uning ikkinchi bir chetida zudlik bilan aks-sado berayotgan bir paytda, bu holatning o‘zi barchamizdan zamonaviy bilimlarni, intellektual salohiyat, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, xorijiy tillarni mukammal egallashni, bir so‘z bilan aytganda, professional malakamizni oshirish uchun o‘z ustimizda muntazam ishlashni talab qilayotgani hech kimga sir emas.

Shuni alohida ta’kidlashimiz zarur – hozirgi vaqtda nafaqat hayot, balki insonning o‘zi, uning ichki dunyosi, hayotga munosabati va talabi ham tubdan o‘zgarmoqda. Ana shunday ko‘pqirrali sharoitda bugungi jurnalist, bugungi matbuotchi bu haqiqatni chuqur anglagan taqdirdagina samarali faoliyat ko‘rsata olishi mumkinligi haqida, o‘ylaymanki, ortiqcha gapirishning hojati yo‘q.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, mamlakatimiz aholisini, zamondoshlarimizning hayoti va dunyoqarashini kechagi – 90-yillardagi odamlarning hayoti va dunyoqarashi bilan solishtiradigan bo‘lsak, o‘rtada yer bilan osmoncha farq borligini ko‘rish, kuzatish qiyin emas.

O‘z-o‘zidan ravshanki, bugun biz yashayotgan yangi davr, yangicha ijtimoiy munosabatlar ommaviy axborot vositalarining oldiga tez sur’atlar bilan o‘zgarib, rivojlanib borayotgan jamiyatimizning talablariga har tomonlama munosib bo‘lish, odamlarni o‘ylantirayotgan, bezovta qilayotgan muammolarga javob izlash, ularni kun tartibiga qo‘yib, jamoatchilik fikrini shakllantirish bo‘yicha o‘ta muhim va dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda.

Shularning barchasini inobatga olgan holda, keyingi yillarda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining demokratik islohotlar jarayonidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish, ularning huquqiy, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, erkin va mustaqil ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, jurnalist kasbining ijtimoiy maqomi va nufuzini yuksaltirish, soha xodimlarining mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish maqsadida amalga oshirgan ishlarimiz haqida albatta ko‘p gapirish mumkin.

Men bu borada faqatgina ba’zi bir misollarga e’tiboringizni qaratishni o‘rinli, deb bilaman.

So‘nggi yillarda yurtimizda ommaviy axborot vositalari sohasida 10 ga yaqin qonun qabul qilinib, ko‘plab qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Bu haqda so‘z yuritar ekanmiz, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib kelayotganini ta’kidlashni xohlardim. Buning tasdig‘ini oxirgi 7-yilda soha rivoji uchun davlat byudjeti hisobidan kreditlar, ijtimoiy buyurtmalar va davlat grantlari shaklida qariyb 13 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarining soni 3,6 karra ko‘payib, hozirgi vaqtda 1 ming 400 dan ortiqni tashkil etayotgani, ularning moddiy-texnik bazasi tubdan yaxshilangani bizning bu borada qanday katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tganimizni ko‘rsatadi.

Mamlakatimizda an’anaviy axborot vositalari bilan bir qatorda, internet jurnalistikasi ham jadal rivojlanmoqda. Keyingi 5-yilning o‘zida veb-saytlarning soni 2 barobar ortib, 300 dan oshib ketgani mamlakatimiz milliy axborot makonining mazmuni va manzarasini tubdan o‘zgartirishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda yurtimizda 66 ta telekanal, 34 ta radiokanal faoliyat ko‘rsatayotgani elektron media tarmoqlarning samarasi va salmog‘i ham tobora yuksalib borayotganidan dalolat beradi.

Keyingi paytda amalga oshirgan keng ko‘lamli ishlarimiz natijasida hozir O‘zbekiston aholisining 54 foizi raqamli televideniye imkoniyatlaridan foydalanmoqda. Joriy yilning o‘zida mamlakatimiz bo‘yicha yana 84 ta yuqori quvvatga ega bo‘lgan teleuzatgich moslamalari o‘rnatiladi va shu tariqa barcha hududlarimizni 100 foiz raqamli televideniye bilan qamrab olishga erishamiz.

Hozirgi vaqtda birgina O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi telekanallarning bir sutka davomidagi umumiy efir vaqti 520 soatni tashkil etmoqda. Holbuki, yaqin o‘tmishda bu raqam bor-yo‘g‘i 24 soatga teng edi. Ayni paytda milliy teledasturlarimiz sun’iy yo‘ldosh orqali dunyoning yuzdan ortiq davlatlariga uzatilib, jahon jamoatchiligini O‘zbekistonning qadimiy tarixi, boy madaniyati, bugungi sermazmun hayoti bilan tanishtirishda katta rol o‘ynamoqda.

Ta’kidlash joizki, fuqarolik jamiyatini shakllantirishning muhim sharti bo‘lgan nodavlat ommaviy axborot vositalari ham hayotimizga chuqur kirib bormoqda. Yurtimizdagi bosma nashrlarning 60 foizga yaqini, teleradiokanallarning 67 foizi, internet nashrlarining esa 95 foizi davlatga qarashli bo‘lmagan ommaviy axborot vositalari ekani buning amaliy tasdig‘idir.

Qadrli do‘stlar!

Bugungi xursandchilik kunda matbuot va axborot sohasida erishgan yutuqlarimiz, oldimizda turgan vazifalar bilan birga sohaning kelajak istiqbollari xususida fikr yuritishimiz albatta o‘rinlidir.

Bu haqda gapirganda, “Biz kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik, ertaga qanday yangi marralarni egallashimiz kerak?” degan da’vat avvalambor hech kimdan kam bo‘lmasdan, doimo hayotning oldingi saflarida bo‘lishga intilib yashaydigan siz, hurmatli matbuot ahliga daxldor ekanini barchangiz yaxshi tushunasiz.

Biz o‘z oldimizga dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirishdek ulkan va sharafli vazifani qo‘ygan ekanmiz, mamlakatimizning jahon maydonidagi keskin raqobatga har tomonlama qodir bo‘lishini bunday yuksak marraga erishishning asosiy sharti va garovi sifatida ko‘ramiz. Shu ma’noda, milliy jurnalistikamiz xalqaro media makonida o‘zining munosib va mustahkam o‘rnini egallashi bugungi kunda eng dolzarb vazifamiz bo‘lib qolmoqda.

Shu borada keyingi paytda bir qator rivojlangan davlatlar, dunyoda nom qozongan nufuzli mediakompaniyalardan malakali mutaxassis va jurnalistlar yurtimizga taklif qilinib, ular ishtirokida matbuot xodimlari uchun o‘quv seminarlari va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani e’tiborga loyiqdir. Bu tajribaning keng qo‘llanishi tufayli o‘tgan yilning o‘zida 650 dan ortiq matbuot xodimlarimiz o‘z malakasi va mahoratini oshirishga erishganini, shu bilan birga, ko‘plab o‘zbek jurnalistlari ham xorijiy davlatlarga borib, tajriba almashib kelganini qayd etish lozim. Kelgusida ham bunday samarali ijodiy aloqalarni davom ettirish ommaviy axborot vositalarimiz rivojiga yangi turtki berishi shubhasiz.

Jurnalist kadrlarning yangi avlodini, o‘z kasbining ustasi bo‘lgan yetuk tahlilchi va sharhlovchilarni tayyorlash bo‘yicha ham mamlakatimizda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda so‘z yuritganda, yaqinda O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetining zamonaviy yangi binosi qurib foydalanishga topshirilganini ta’kidlash kerak. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va chet tillarini, ijodiy mahorat sirlarini puxta egallash uchun barcha zarur moddiy-texnik baza va infratuzilma tarmoqlariga ega bo‘lgan ushbu oliy o‘quv maskani mamlakatimiz jurnalistlarining intellektual va ijodiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilishi bilan ayniqsa ahamiyatlidir.

Hurmatli vatandoshlar!

Hammamizga ayonki, inson bu hayotda baxt uchun dunyoga keladi. Lekin baxt degani faqat moddiy boylikka intilib, molu davlatga, havoyi orzularga berilib yashashni anglatmaydi. Baxt – bu, mening nazarimda, avvalo tinch-osoyishta hayot, oila, el-yurt obodligi, o‘z yurti, o‘z Vataniga muhabbat, har qanday og‘ir sinovlar qarshisida ham o‘zini, o‘zligini yo‘qotmasdan, asl insoniy qiyofasini saqlab qolish, yuksak ma’naviy qadriyatlarga sadoqat bilan yashashdir.

Xalqimiz, millatimiz asrlar davomida odamiylik, insonni qadrlash, mehr-oqibat, bag‘rikenglik kabi ezgu fazilatlarni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab, necha-necha avlodlarga bezavol yetkazib kelayotgani tariximizdan yaxshi ma’lum.

El-yurtimizni ming yillar osha turli to‘fon va bo‘ronlardan omon saqlab, barchamizga kuch-qudrat bag‘ishlab kelayotgan, hayotimizni har tomonlama yuksaltiradigan bunday olijanob qadriyatlar, o‘ylaymanki, ommaviy axborot vositalarimiz uchun hech qachon ahamiyatini, qadrini yo‘qotmaydigan bosh mavzular bo‘lib qoladi. Chunki, ma’naviyatni asrash – avvalo insoniylikni, insonning o‘zini asrash demakdir. Ma’naviy dunyomizga qarshi qaratilgan tahdid va xurujlar tobora kuchayib borayotgan bugungi vaziyatda bu o‘tkir haqiqatni barchamiz aslo unutmasligimizni istardim.

Shular haqida gapirganda, ruxsatingiz bilan, ilgari ham aytgan fikrimni yana bir bor eslatmoqchiman. Biz moddiy tomondan rivojlangan mamlakatlardan balki hozircha biroz orqadadirmiz, lekin ma’naviy jihatdan manaman degan davlatlardan o‘tib ketganmiz, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Bugungi kunda boshimizni baland ko‘tarib, g‘urur va iftixor bilan yashashga imkon beradigan bunday bebaho boylikni qo‘ldan chiqarmasdan, yoshlarimizga ham yetkazsak, ularning ongi va qalbiga chuqur singdirsak, aziz farzandlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida barkamol insonlar etib tarbiyalasak, hech shubhasiz, ertangi kun, kelajak biznikidir.

Ana shunday o‘ta muhim va dolzarb vazifani ado etishda jamiyatimiz, barchamiz avvalo sizlarga, sizlarning bilim va tajribangiz, professional mahoratingiz, grajdanlik pozitsiyangizga tayanamiz.

Fursatdan foydalanib, el-yurt manfaati, adolat va ezgulik yo‘lida hamisha o‘zini ayamasdan mehnat qiladigan siz, aziz jurnalistlarni men doimo qo‘llab-quvvatlashga, har tomonlama yordam va ko‘mak berishga tayyor ekanimni, sizlarni o‘zimning eng yaqin hamfikr va maslakdoshlarim deb bilishimni yana bir bor izhor etmoqchiman.

Aziz do‘stlar!

Bugungi qutlug‘ ayyomda sizlarni kasb bayramingiz bilan samimiy muborakbod etib, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, ijodiy kamolot tilayman.


Islom Karimov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


                o`zb   рус   eng
Bugun: 24.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati