O‘zbek Milliy akademik drama teatri jamoasiga
28.11.2014

Aziz do‘stlar!

Hurmatli san’at ahli!

Avvalambor, O‘zbek Milliy akademik drama teatrining 100-yillik qutlug‘ to‘yi munosabati bilan siz, muhtaram teatr jamoasi va muxlislarini, sizlarning timsolingizda butun madaniy jamoatchiligimizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ma’lumki, dunyodagi har qaysi xalq, har qaysi davlatning ma’naviy taraqqiyot darajasi avvalo uning madaniyati, san’at va adabiyotida, jumladan, teatr san’atida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Bugun biz mamlakatimiz tarixidagi unutilmas sana – nafaqat yurtimiz, balki Turkiston zaminidagi birinchi professional teatrga asos solgan O‘zbek Milliy akademik drama teatrining yuz yilligini nishonlar ekanmiz, uning shu davrda bosib o‘tgan murakkab rivojlanish yo‘li, erishgan yutuq va marralari ko‘z o‘ngimizdan o‘tishi tabiiydir.

El-yurtimiz bu davrda qanday qiyinchilik va mashaqqatlarni, quvonchli va tashvishli kunlarni boshidan kechirgan bo‘lsa, ularning barchasi o‘zbek madaniyatining ko‘zgusi bo‘lmish ushbu teatr faoliyatida, uning sahnasida namoyish qilingan asarlarda o‘z aksini topgan, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Bugun biz Milliy teatrimizning tamal toshini qo‘ygan, bu yo‘lda qanday og‘ir sinov va to‘siqlarga duch kelmasin, o‘zligidan, o‘z maslagidan qaytmagan, “Teatr – bu ibratxonadir” degan hikmatga amal qilib, ma’naviy jasorat namunasini ko‘rsatib yashagan Behbudiy, Munavvarqori, Avloniy, Cho‘lpon singari ma’rifatparvar bobolarimiz, sahna san’ati fidoyilarining so‘nmas xotirasi oldida bosh egib ta’zim qilamiz.

Mustabid tuzum mafkurasining tazyiqlariga qaramasdan, gumanistik g‘oyalar, yuksak ijodiy prinsiplarga sodiq qolgan Mannon Uyg‘ur, Yetim Bobojonov, Olim Xo‘jayev, Abror Hidoyatov, Nabi Rahimov, Shukur Burhonov, Obid Jalilov, Sora Eshonto‘raeva, Zaynab Sadriyeva, Toshxo‘ja Xo‘jayev, Aleksandr Ginzburg, G‘ani A’zamov kabi o‘nlab atoqli ijodkorlarning nomlarini minnatdorlik bilan eslaymiz.

Bu mo‘tabar sahnada yaratilgan Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi buyuk ajdodlarimizning barhayot siymolari ming-minglab tomoshabinlarga insoniylik, adolat va ezgulik, mehr-oqibat, olijanoblikdan saboq bergani, ularni go‘zallik va nafosat olamiga oshno etib kelayotgani tahsinga loyiqdir.

Bugungi kunda biz ma’naviy hayotimizni yuksaltirish yo‘lida boshqalar havas qiladigan qanday katta natijalarga erishgan bo‘lsak, hech shubhasiz, bu borada teatr san’ati, xususan, O‘zbek Milliy akademik drama teatrining ham munosib hissasi borligini xalqimiz, jamoatchiligimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Ayni shu bois bundan o‘n uch yil muqaddam ushbu ijod dargohiga O‘zbek Milliy akademik drama teatri degan yuksak maqom berilgani uning tarixida yangi sahifani boshlab berdi, desam, o‘ylaymanki, barchangizning fikringizni ifoda etgan bo‘laman.

Yubiley munosabati bilan akademik teatr binosi tubdan kapital ta’mirlangani, eng zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangani, Milliy teatrimiz butunlay yangicha qiyofa kasb etib, dunyodagi rivojlangan davlatlarning san’at maskanlari bilan bellasha oladigan darajaga yetgani barchamizga mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Aziz san’atkorlar!

Bugun biz bunyod etayotgan yangi hayot, yangi jamiyatning ma’naviy asoslarini yanada mustahkamlashda sizlar yaratgan va kelgusida yaratadigan rang-barang asarlarni millionlab san’at ixlosmandlari hayrat va hayajon bilan tomosha qilishini, umr yo‘llarida barchamiz duch keladigan, har bir insonni o‘ylantiradigan murakkab savollarga teatr ibrati orqali javob topishni istaymiz.

Bu haqda gapirganda, xalqimiz teatr sahnasida bugungi hayotimizni teran aks ettiradigan, turli sinovlarda toblangan, o‘z kelajagini o‘z qo‘li, o‘z mehnati bilan yaratayotgan, Vatan taqdirini o‘z taqdiri deb biladigan fidoyi insonlar – zamonamiz qahramonlari qiyofasini yorqin ifoda etadigan yangi asarlarni orziqib kutayotganini yana bir bor ta’kidlash o‘rinlidir.

Siz, azizlar mamlakatimiz teatr san’atining eng yaxshi an’analarini boyitib, yangi avlodlarga bezavol yetkazasiz, yuksak badiiyat va haqqoniylik, ezgu maqsadlarga xizmat qilish ruhi bilan sug‘orilgan yetuk asarlaringiz bilan xalqimiz, avvalo, yoshlarimizning ma’naviy olamini yanada yuksaltirishga munosib hissa qo‘shasiz, deb ishonaman.

Qadrli do‘stlar!

Barchangizni bugungi qutlug‘ bayram bilan yana bir bor tabriklar ekanman, sizlarga yangi-yangi ijodiy yutuqlar, sihat-salomatlik, xonadonlaringizga baxtu saodat tilayman.

Muxlislaringiz, san’atsevar xalqimizning mehri va e’tibori sizlarni hech qachon tark etmasin.


Islom Karimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati