“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi jamoasiga
06.11.2014

Hurmatli do‘stlar!

Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda yurtimizdagi barcha temiryo‘l xodimlarini mamlakatimiz hayotidagi qutlug‘ sana – “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tashkil etilganining 20-yilligi bilan chin qalbimdan tabriklash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

O‘zbekiston temir yo‘llari o‘zining 20-yillik tarixi davomida murakkab shakllanish va jadal rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi va bugungi kunda yurtimizning barcha mintaqalarini ishonchli bog‘lash uchun bamisoli qon tomirlari kabi hayotiy zarur bo‘lgan temir yo‘l transporti kommunikatsiyalarining mustaqil, yagona va yaxlit tizimi sifatida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Agarki mana shunday temir yo‘llar bo‘lmasa, biz qanday hayot kechirishimiz, iqtisodiyotimizni qanday rivojlantirish mumkinligini tasavvur qilishning o‘zi ham qiyin bo‘lardi. Hozirgi vaqtda mamlakatimiz bo‘yicha yuklarning 60 foizdan ziyodi, yo‘lovchilarning esa 75 foizdan ortig‘i temir yo‘l transporti orqali tashilmoqda.

O‘zbekiston temir yo‘llari transmintaqaviy transport koridorlarining eng muhim bo‘g‘ini sifatida xalqaro temir yo‘llar tashuvi tizimida munosib o‘rin egallamoqda. Ma’lumki, qadim zamonlardan boshlab hozirgi O‘zbekiston zamini bo‘ylab Buyuk ipak yo‘li o‘tgan va bu hududda ko‘plab savdo yo‘nalishlari tutashgan, turli sivilizatsiyalar o‘rtasida o‘zaro muloqot va hamkorlik aloqalari amalga oshirilgan. Bugungi kunda ham O‘zbekiston magistral temir yo‘l tarmoqlari orqali Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni birlashtiradigan salmoqli transport-kommunikatsiya va tranzit salohiyatiga ega.

Mamlakatimizda temir yo‘l transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish va mustahkamlash, temir yo‘l tashuvlarining ishonchlilik va xavfsizlik darajasini oshirish bo‘yicha “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi tomonidan olib borilayotgan ishlarni alohida qayd etish zarur. Keyingi yillarda temiryo‘lchilarimizning kuch-g‘ayrati bilan 1 ming 100 kilometrdan ziyod yangi temir yo‘l tarmoqlari barpo etildi, 3 ming 800 kilometrlik yo‘l modernizatsiya qilindi va qaytadan ishga tushirildi, qariyb 1000 kilometrlik temir yo‘l magistrallari elektrlashtirildi. Ana shunday katta ishlarimiz natijasida temir yo‘llarning umumiy uzunligi 6 ming 500 kilometrga yetdi va ular respublikamizning barcha mintaqalarini qamrab olish imkoniga ega bo‘ldi.

Amudaryo uzra avtomobil va temir yo‘l qatnovi uchun mo‘ljallangan zamonaviy ko‘prikni o‘z ichiga olgan Navoiy-Uchquduq-Nukus-Sulton Uvaystog‘ va Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘l magistrallarining ishga tushirilishi mamlakatimizni uzoq istiqbolni ko‘zlagan holda, barqaror rivojlantirish yo‘lida strategik ahamiyatga egadir.

Yaponiyaning Xalqaro hamkorlik banki ishtirokida murakkab tabiiy va iqlim sharoitlarida barpo etilgan, dengiz sathidan 1 ming 500 metr balandlikda joylashgan tog‘ dovoni orqali o‘tadigan 223 kilometr uzunlikdagi Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘li mohiyat e’tibori bilan Markaziy Osiyoda o‘xshashi bo‘lmagan noyob inshoot hisoblanadi.

Hozirgi kunda Maroqand-Qarshi va Qarshi-Termiz temir yo‘l tarmoqlarini elektrlashtirish borasidagi ishlar ham jadal sur’atlar bilan olib borilmoqda.

Yangi temir yo‘l magistrallarining ishga tushirilishi mamlakatimizning shimoliy va janubiy mintaqalarining iqtisodiy salohiyatini yanada rivojlantirish, mineral resurslar, neft va gaz, rangli metallar, qurilish materiallari va boshqa qimmatbaho foydali qazilmalarning boy konlarini kompleks o‘zlashtirish uchun, hech shubhasiz, katta imkoniyatlar ochadi. Bu esa o‘z navbatida yangi ish o‘rinlarini shakllantirish, shu asosda aholi bandligini ta’minlash, odamlarimizning daromadlari va moddiy farovonligini oshirish uchun sharoit yaratishga qanday muhim hissa qo‘shishini, o‘ylaymanki, izohlab o‘tirishning hojati yo‘q.

Biz transport kommunikatsiya sohasidagi yana bir yirik inshoot, ya’ni, 19 kilometrlik temir yo‘l tonnelini o‘z ichiga oladigan Angren-Pop yo‘nalishidagi yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l tarmog‘ini xitoylik hamkorlarimiz bilan birgalikda barpo etishga katta istiqbolga ega bo‘lgan muhim loyiha sifatida qaramoqdamiz.

Ushbu temir yo‘l tarmog‘ining 2016-yil iyul oyida ishga tushirilishi Farg‘ona vodiysi viloyatlarini O‘zbekistonning markaziy qismi bilan ishonchli tarzda bog‘lashga imkon yaratadi, respublikamizning butun hududi bo‘ylab yagona temir yo‘l transport tizimini shakllantirish borasidagi ishlarni yakuniga yetkazadi, Xitoy – Markaziy Osiyo – Yevropa yangi xalqaro tranzit temir yo‘l koridorining eng muhim bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qiladi.

Transport xizmatlarining darajasi va sifatini oshirishda temir yo‘l parkining harakatlanadigan tarkibini eng zamonaviy, yuksak samarali lokomotivlar va har tomonlama qulay vagonlar bilan yangilash bo‘yicha ishlar o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Faqatgina so‘nggi o‘n yilda 38 ta zamonaviy elektrovoz va 10 ta yo‘lovchi tashish teplovozi sotib olindi, 150 ta lokomotiv modernizatsiya qilindi.

Ispaniyaning “Talgo” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, zamonaviy, yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob” elektropoyezdi O‘zbekistonning g‘urur-iftixori hisoblanadi. Shuni aytish joizki, bunday poyezdlar dunyoning atigi sakkizta mamlakatida mavjud. Bugungi kunda ushbu poyezd har kuni Toshkent-Samarqand-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha 344 kilometrlik masofani bor-yo‘g‘i ikki soatda bosib o‘tmoqda. Bu esa odamlarimizning ana shu transport turiga bo‘lgan munosabati va qarashlarini tubdan o‘zgartirmoqda.

Yurtimizda 11 ta yangi temir yo‘l vokzali barpo etilishi va 7 ta vokzalning rekonstruksiya qilinishi natijasida ular butunlay yangicha qiyofa kasb etdi. Mazkur vokzallar yo‘lovchilarga eng yuqori xalqaro standart va talablar darajasida xizmat ko‘rsatish imkonini beradigan zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlanganini qayd etish lozim.

O‘tgan yillar mobaynida temir yo‘l transporti kommunikatsiyalarini rivojlantirish va tegishli infratuzilmalarni obodonlashtirishga 6 milliard dollardan ortiq kapital qo‘yilmalar, jumladan, 1,8 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar yo‘naltirildi.

Kompaniyaning yo‘l xo‘jaligi, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” ochiq aksiyadorlik jamiyati yo‘lovchilar tashish bo‘linmasi va “O‘ztemiryo‘lkonteyner” yuk tashish tuzilmasi, shuningdek, qurilish tashkilotlari va boshqa tarkibiy qismlari mamlakatimiz temir yo‘l tizimini rivojlantirish va uning samarali faoliyat ko‘rsatishiga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

Kompaniya tashkil etilgan kundan buyon yuk tashishlar 1,5 barobar, yo‘lovchi tashish esa 1,3 barobar ko‘paygani, temir yo‘llar orqali 1 milliard 400 million tonna yuk tashilgani va 350 million yo‘lovchi o‘z manziliga yetkazilgani uning salohiyati va imkoniyatlari tobora kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Bugungi kunda temir yo‘l tarmog‘ining jadal rivojlanayotgan, yuksak texnologiyalarga asoslangan Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodi, Quyuv-mexanika zavodi, “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” unitar korxonasi kabi sanoat korxonalari haqli ravishda kompaniyaning bayroqdorlari va iftixori hisoblanadi. Ular Yevropa mamlakatlari, Yaponiya, Janubiy Koreya davlatlari va boshqa yetakchi xorijiy kompaniyalarning zamonaviy asbob-uskunalari va yangi avlod texnologik tarmoqlari bilan jihozlangani ayniqsa e’tiborlidir.

Mazkur korxonalarda lokomotiv va yo‘lovchi vagonlarini ta’mirlash, modernizatsiya qilish va qayta jihozlashdan tashqari, qisqa vaqt ichida o‘zimizning vagonsozlik sanoatimizga muvaffaqiyatli asos solindi va bu yerda 2,5 mingta yuk va 150 ta yangi yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarildi, 735 ta yo‘lovchi vagonlari modernizatsiya qilindi.

O‘z tarkibida yuqori malakali 70 ming nafar injener-texnik xodimlar va mutaxassislarni, yo‘lsozlar, mashinistlar, sanoat va qurilish korxonalari, ijtimoiy infratuzilma obyektlarining ishchi va xizmatchilarini birlashtirgan ahil mehnat jamoasi kompaniyaning bebaho boyligi, oltin fondi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Sizlarning fidokorona mehnatingiz, bilim va tajribangiz xalqimiz orasida yuksak obro‘-e’tiborga ega bo‘lib, har tomonlama hurmat va ehtiromga munosibdir.

Barchamizga ayonki, kompaniyaning, butun temiryo‘l tarmog‘ining kelajagi avvalo sohaga zamonaviy bilimga ega, ilg‘or texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan, o‘z kasbiga sodiq, Vatanimizga farzandlik mehri bilan yashaydigan yosh mutaxassis va ishchilarni keng jalb etish bilan bevosita bog‘liqdir. Yurtimizdagi oltita kasb-hunar kolleji va Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari institutini har yili uch mingdan ziyod yosh mutaxassislar aniq kasb yo‘nalishi bo‘yicha bitirib chiqib, hayotga yo‘llanma olayotgani mamlakatimiz temiryo‘l transportining kelgusi taraqqiyoti uchun ishonchli poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Bugungi kunda temiryo‘lchilik kasbi mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida qiziqish va talab eng katta bo‘lgan, sharafli kasbga aylanganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.

Aziz do‘stlar!

Sizlarni bugungi qutlug‘ ayyom bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, fidokorona mehnatingiz, Vatanimiz ravnaqi va farovonligiga qo‘shayotgan munosib hissangiz uchun samimiy minnatdorlik bildirib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmat va ehtiromimni izhor etaman. Sizlarga va oilalaringizga tinchlik, sihat-salomatlik, baxt va omad, ezgu ishlaringizda yangi-yangi muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilayman.


Islom Karimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati