O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan majlisidagi nutqi
12.09.2014

Muhtaram davlat rahbarlari!

Hurmatli majlis qatnashchilari!

Avvalambor, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari, ShHTda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan davlatlar rahbarlari va mazkur sammitga taklif etilgan mehmonlarga o‘zimning samimiy hurmatimni izhor etishga ruxsat bergaysiz. Fursatdan foydalanib, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonga samimiy mehmondo‘stlik va bugungi uchrashuv yuksak saviyada tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirmoqchiman.

Bugun bu yerda davlat rahbarlari tomonidan ShHTning o‘tgan davr mobaynidagi faoliyati yuzasidan bildirilgan fikrlarga qo‘shilaman. Shanxay hamkorlik tashkiloti nisbatan qisqa davrda jahon siyosatida muhim o‘rin tutayotgan nufuzli xalqaro tuzilmaga aylandi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Keyingi vaqtda, dunyoning turli joylarida qarama-qarshilik va keskinliklar kuchayib borayotgan bir sharoitda tashkilotga a’zo mamlakatlar, shuningdek, kuzatuvchi davlatlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan mintaqada tinchlik va xavfsizlikni saqlash, terrorizm, separatizm, ekstremizm, narkotrafik hamda boshqa xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi ishlar izchil davom ettirildi.

ShHTning Milliy koordinatorlar kengashi, Xavfsizlik kotiblari va ekspertlar kengashi darajasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlarni ham alohida qayd etishni istardim.

Muhtaram davlat rahbarlari!

Imkoniyatdan foydalanib, quyidagi masalalarga qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Bugun Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat surunkali beqarorlik xususiyati va yanada keskin tus olish tendensiyasiga ega. Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, afg‘on muammosini bartaraf etishdan manfaatdor bo‘lgan barcha tomonlar bir masalada yakdildir, ya’ni Afg‘onistonda harbiy yo‘l bilan tinchlikka erishib bo‘lmaydi.

Afg‘onistonda urush yillarida tinch hayot haqida tasavvurga ham ega bo‘lmagan butun bir avlod voyaga yetdi. Joriy yilning iyun oyida Afg‘onistonda o‘tkazilgan prezident saylovi shuni ko‘rsatdiki, afg‘on xalqi to‘xtovsiz qon to‘kish va zo‘ravonlikdan, ko‘p yillik qashshoqlik, vayronagarchilikdan charchadi va bugungi kunda mamlakatda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishini, o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga ega bo‘lishni istaydi.

Ayni paytda saylovchilarning ovozini qaytadan sanash va Afg‘oniston prezidentligiga saylov natijalarini e’lon qilish va davlatning yangi rahbarining o‘z vazifasini bajarishga rasman kirishish jarayoni cho‘zilayotgani mamlakatda kelgusida barqarorlikka erishish borasida kuchli xavotir uyg‘otmoqda.

Afg‘onistonda voqealarning bu tarzda rivojlanishi mamlakatda ichki siyosiy vaziyatni butunlay izdan chiqarishi, milliy xavfsizlikka va qarama-qarshiliklarni tinch yo‘l bilan hal etish istiqbollariga real xavf solishi, muzokaralar jarayonida murosaga erishish, o‘zaro kurashayotgan barcha tomonlar va Afg‘onistondagi milliy-diniy guruhlar vakillaridan tashkil topishi mumkin bo‘lgan koalitsion hukumatni shakllantirishga xalaqit berishi mumkin.

Xavfsizlikka ko‘maklashuvchi xalqaro kuchlarning Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi tahdidlarning kuchayishi va beqarorlikning o‘sishiga, terroristik va ekstremistik faoliyatning kengayishiga hamda narkotrafik ko‘lamining nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasida, balki undan uzoq bo‘lgan hududlarda ham ortishiga olib kelishini o‘zimizga tasavvur qilishimiz kerak.

Bunday vaziyatda Afg‘onistonda yuzaga keladigan har qanday bo‘shliqni qisqa muddatda turli buzg‘unchi va terroristik guruhlar egallab olishi mumkin.

Oqibatini oldindan aytib bo‘lmaydigan bunday sharoitda ayrim siyosiy kuchlar va ularni qo‘llab-quvvatlaydigan davlatlarning Afg‘onistonda tartibsizlikni yuzaga keltirish va vaziyatni yanada chigallashtirishga urinishlarini inkor etib bo‘lmaydi. Qisqacha aytganda, Iroqdagi bugungi vaziyat takrorlanadi.

O‘zbekiston Afg‘oniston bilan o‘zining barqaror va do‘stona munosabatlarini har ikki mamlakatning milliy manfaatlaridan kelib chiqib va faqat ikki tomonlama hamkorlik asosida o‘rnatmoqda va bundan keyin ham shunday yo‘l tutadi. Afg‘on xalqining o‘zi saylaydigan hukumatni qo‘llab-quvvatlaydi.

Dunyo iqtisodiyotida yuzaga kelayotgan ahvolni tahlil qilar ekanmiz, xalqaro moliyaviy-iqtisodiy inqirozning jiddiy oqibatlari hali to‘liq bartaraf etilmagan, deb aytish uchun barcha asoslarimiz bor.

Hech shubhasiz, bunday tendensiya ShHT faoliyatida ishtirok etayotgan barcha mamlakatlardagi vaziyat va ulardagi rivojlanish sur’atlariga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatadi.

Bunday sharoitda tashkilotga a’zo davlatlarning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlash, aniq amaliy natijalarga erishish uchun iqtisodiyot, investitsiyalar va transport kommunikatsiyalari sohalarida mintaqa mamlakatlari manfaatlariga javob beradigan keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish vazifasi alohida dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Ushbu vazifani amalga oshirishda Xitoy Xalq Respublikasi va uning Raisi Si Szinpin tomonidan ilgari surilgan «Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab iqtisodiy koridor» tashkil etish borasidagi tashabbus muhim o‘rin tutadi, deb hisoblaymiz. Mazkur koridor mintaqadagi barcha mamlakatlarning uzoq muddatli iqtisodiy, ayniqsa, transmintaqaviy transport infratuzilmasini rivojlantirish sohasidagi manfaatlarini ilgari surishga, nafaqat ushbu loyiha ishtirokchilari, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining geosiyosiy va iqtisodiy salohiyatini sezilarli ravishda kuchaytirishga ko‘maklashadi.

Ukrainadagi muammoni bartaraf etish bo‘yicha ham o‘z fikr-mulohazalarimizni qisqacha bayon etishni istardim.

Birinchi. Ukrainadagi muammoni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha Minsk shahrida erishilgan kelishuvlarni, Ukraina va Rossiyaning ushbu masala yuzasidan bildirgan taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Ikkinchi. Ishonchim komilki, O‘zbekiston tomonidan shu yilning 4-martida Ukrainadagi qarama-qarshilikka barham berish va mamlakatda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha Ukraina va Rossiya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara jarayonini o‘tkazish yuzaga kelgan vaziyatni hal etishning eng maqbul va samarali yo‘li ekani haqida bildirilgan takliflar dolzarbligicha qolmoqda va bugun ham o‘z tasdig‘ini topmoqda.

Uchinchi. Ukrainadagi muammo yuzasidan har qanday muzokara jarayonlarida Rossiyaning tarixan ko‘p asrlar davomida shakllangan azaliy manfaatlari ham e’tiborga olinishi darkor.

Ushbu manfaatlarni e’tiborga olmaslik jiddiy xato bo‘lgan bo‘lur edi.

Fursatdan foydalanib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Vladimirovich Putinni ShHTga navbatdagi muddatga raislik bilan tabriklab, ushbu mas’uliyatli missiyani amalga oshirishda muvaffaqiyat tilashga ijozat bergaysiz.

E’tiboringiz uchun tashakkur.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 11.11.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati