O‘zbekiston – Xitoy: o‘zaro munosabatlarning yangi bosqichi
20.08.2014
O‘zbekiston – Xitoy: o‘zaro munosabatlarning yangi bosqichi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi doirasida 20-avgust kuni XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Ketsyan bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida Prezident Islom Karimovning ushbu tashrifi davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirishga xizmat qilishi, o‘zaro strategik sheriklik munosabatlarini izchil kengaytirishga yangi sur’at bag‘ishlashi qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidenti Pekin muzokaralari doirasida umumiy qiymati 5,2 milliard AQSh dollariga teng loyihalar bo‘yicha yigirmadan ziyod hujjat, shuningdek, 800 million dollar miqdorida savdo shartnomalari imzolangani va shu tariqa jami 6 milliard dollarlik kelishuvga erishilganini ta’kidladi.

Li Ketsyan tashrif natijalarini yuqori baholadi va O‘zbekiston o‘zi tanlagan yo‘ldan sobitqadamlik bilan davom etib, mustaqil taraqqiyotdan og‘ishmay yuksak natijalarni qo‘lga kiritayotganini qayd etdi. Xitoy O‘zbekiston bilan bundan buyon ham aloqalarni o‘zaro ishonch, hurmat, tenglik va manfaatdorlik, strategik sheriklik tamoyillari asosida rivojlantirib borishga tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlik ko‘lamini izchil kengaytirish uchun O‘zbekiston ham, Xitoy ham yuksak salohiyatga ega ekani, Prezident Islom Karimovning davlat tashrifi bu borada yangi imkoniyatlar ochgani alohida ta’kidlandi.

Tomonlar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlash masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.

Kunning ikkinchi yarmida Prezident Islom Karimov Shensi provinsiyasidagi qadim Sian shahriga tashrif buyurdi.

Xitoy markazidagi mazkur shaharning tarixi 3000-yildan oshadi. Ayrim manbalarga qaraganda, bir vaqtlar u aholi soni va hududi jihatidan nafaqat Chin yurti, balki butun dunyodagi eng yirik shahar bo‘lgan. Shu bilan birga, Xitoy imperatorlarining o‘n uch sulolasi davrida mamlakat poytaxti maqomini egallagan.

Buyuk ipak yo‘lining muhim chorrahalaridan birida joylashgan ushbu shahar tegrasida ko‘plab qadimiy maqbaralar, xususan, imperator Sin Shixuandining terrakota armiyasi bilan birga dafn qilingan maqbarasi bor.

Prezident Islom Karimov Sianning qadimiy obidalari bilan tanishuvni terrakota armiyasi muzeyidan boshladi. Bu yerdagi sakkiz mingdan ziyod askar, garchi sopoldan bo‘lsa-da, haqiqiy jangovar ot-aravalari va qurol-aslahalari bilan o‘z davrining eng qudratli armiyasini namoyon etadi. Ular 1974-yilgi qazishma ishlari davrida eramizdan avvalgi 210-209-yillarda mamlakatni birlashtirgan imperator Sin Shixuandining maqbarasi atrofidan topilgan. 1987-yilda terrakota armiyasi YuNESKO tomonidan Jahon merosi durdonalari ro‘yxatiga kiritilgan.

Mamlakatimiz rahbari muzeyning Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat bitdi.

Shundan so‘ng Prezident Islom Karimov Sianda qadimiy shahar devorini ko‘zdan kechirdi.

Devorning asosiy sharqiy darvozasi oldidagi maydonda eng hurmatli mehmonlarga ko‘rsatiladigan izzat-ikrom va hurmat-ehtirom marosimi o‘tkazildi – O‘zbekiston Prezidentiga tantanali ravishda Sian shahrining ramziy kaliti taqdim etildi.

Shahar tarixiy qismining kamariga aylangan bu devor XV-XVII asrlarda hukmronlik qilgan Min sulolasi davrida barpo etilgan. O‘z davrida u tashqi tomondan chuqur handaqlar bilan ham o‘ralgan va mustahkam istehkom vazifasini o‘tagan. Muayyan qismlarida barpo etilgan qal’alar tashqariga chiqadigan ko‘prik bilan jihozlangan va ayni paytda ishonchli mudofaa inshooti bo‘lgan.

Devorning yana bir o‘ziga xos jihati uning o‘lchamlaridir. Bo‘yi 15, eni 12 metrga yetadigan bu devor ustidan qadimgi davrning barcha transport vositalari, og‘ir jangovar-texnikaviy aslahalari, katta miqdordagi jangchilar bemalol harakatlana olgan. Uning tunnellari va tuynuklari esa shahar mudofaa qudratini yanada oshirgan.

Prezident Islom Karimov Sian nafaqat o‘zining betimsol obidalari, balki yuksalib borayotgan iqtisodiy qudrati bilan haqli ravishda Xitoyning eng diqqatga sazovor shaharlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Shaharga tashrif asnosida davlatimiz rahbari Shensi provinsiyasi partiya qo‘mitasi kotibi – Xalq vakillari kengashi raisi Chjao Chjenyun va provinsiya hokimi Lou Sinszyan bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Xitoyga davlat tashrifi samarali kechayotgani alohida ta’kidlandi. O‘zbekiston va Xitoyning ma’muriy-hududiy birliklari, jumladan, Samarqand bilan Sian o‘rtasida bevosita hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, XXR Raisi Si Szinpinning 2013-yil sentabr oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi asnosida Samarqand va Sian o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatish to‘g‘risida fikr bildirilgan edi.

Xitoy Raisi Si Szinpinning ona yurti bo‘lgan ushbu shahar bilan ro‘yi zamin sayqali bo‘lgan Samarqand o‘rtasidagi munosabatlarning yangi darajaga ko‘tarilishida va Prezident Islom Karimovning Sianni ziyorat qilishida chuqur ramziy ma’no bor. Davlat rahbarlarining o‘zaro ishonchi va hurmati mamlakatlararo hamkorlik aloqalarining yuksak rivoji uchun asos bo‘lib, xalqlarimiz o‘rtasidagi rishtalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi siyosiy, iqtisodiy natijalar bilan bir qatorda yuksak insoniylik yutuqlari tufayli ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar tarixidan muhim o‘rin egallashi va o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishi muqarrardir.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 12.12.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati