O‘zaro ishonchli munosabatlarni yanada rivojlantirish yo‘lida
22.05.2014
O‘zaro ishonchli munosabatlarni yanada rivojlantirish yo‘lida

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashuv o‘tkazish hamda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning IV sammitida ishtirok etish uchun Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif buyurdi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov va XXR Raisi Si Szinpin Xitoy rahbarining Shanxay shahridagi qarorgohida uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning bugungi holatini yuksak baholadi va hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini belgilashda bunday uchrashuvlar muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.

Davlatimiz rahbari o‘zaro hamkorlik izchil rivojlanayotganini qayd etib, Xitoy rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.

XXR Raisi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash tarafdori ekanini ta’kidladi. Si Szinpin O‘zbekiston rahbari bilan bundan buyon ham yaqin shaxsiy muloqotni davom ettirishga, ikki tomonlama munosabatlarda “yanada yuksak marralarga erishish uchun barcha sa’y-harakatlarni ishga solishga” tayyor ekanini qayd etdi.

Xitoy rahbari davlatlarimiz o‘rtasida mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish lozimligini ta’kidladi. Si Szinpin O‘zbekiston mintaqadagi muhim davlat ekanini qayd etib, Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi ishonchni, mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot borasida mamlakatimiz bilan o‘zaro sa’y-harakatlarni birlashtirishni taklif etdi.

Islom Karimov va Si Szinpin o‘zaro hamkorlikka doir qator masalalarni, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni yanada mustahkamlash masalasini atroflicha muhokama qildi.

Davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning Shanxay shahrida bo‘lib o‘tgan IV sammitida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash qit’ada hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan xalqaro forumdir. Bugungi kunda Kengashga 24 davlat a’zo. To‘qqiz mamlakat va to‘rt xalqaro tashkilot uning kuzatuvchilaridir.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ta’kidlaganidek, bugun dunyoda ro‘y berayotgan tahlikali, beqaror siyosiy va iqtisodiy voqealardan xavotirga tushmagan davlat, jamiyat bo‘lmasa kerak. Bu, o‘z navbatida, xalqaro xavfsizlikka ham ta’sir o‘tkazmasdan qolmaydi. So‘nggi vaqtlarda jahonning ayrim mintaqalarida yuzaga kelayotgan vaziyatni kuzatar ekanmiz, barqarorlikni izdan chiqaruvchi omillar – kuch ishlatish va zo‘ravonlik xavfi tobora kuchayib borayotganini afsus bilan qayd etmoq lozim. Xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik xavfi, millatlararo va konfessiyalararo qarama-qarshiliklar ham kamaygani yo‘q.

Islom Karimov sammit qatnashchilari e’tiborini muhim masala – ishonch masalasiga qaratdi. O‘zbekiston rahbari qarama-qarshi tomonlarni murosaga keltirish uchun, avvalambor, ular o‘rtasida yuzaga kelgan muammoni hal etishga qaratilgan o‘zaro xayrixohlikka erishish zarurligini ta’kidladi. Aks holda, ular o‘rtasidagi barcha muzokaralar bir-biriga e’tiroz bildirishdan nariga o‘tmay qolishi va bu holat cheksiz davom etaverishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, dunyoning turli mintaqalarida hal etilmay kelayotgan ziddiyatlarni yuzaga chiqaradi. Faqat o‘z manfaatini ko‘zlaydigan tashqi kuchlar ushbu ziddiyatlarning avj olishi va hatto chegaradan chiqib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Biroq, vaziyat qanday tus olmasin, bunday ziddiyatlarning asosiy sababi bir-biriga qarshi kurashayotgan tomonlar o‘rtasida o‘zaro ishonchning yo‘qolishidir. Bu ishonchni qayta tiklash va albatta mustahkamlash zarur.

Prezidentimiz ishonch – bu muhim element va asosiy majburiyat ekanini, busiz tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi har qanday muzokaralar jarayonida bahsli masalalarni hal etish, o‘zaro tushunish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash sari qo‘yilgan maqsadlarga erishib bo‘lmasligini ta’kidladi. Ammo ekspertlarning fikricha, zamonaviy dunyoda, birinchi navbatda, xalqaro munosabatlarda o‘zaro ishonch mustahkamlanish o‘rniga susayib bormoqda.

Yuzaga kelayotgan real vaziyat bugun ushbu masalalar o‘z yechimini talab qilayotgan g‘oyat dolzarb muammolar ekanini ko‘rsatmoqda. Aksariyat tahlilchilar bugungi kunda jahondagi vaziyat shiddat bilan o‘zgarayotgani va globallashuv ko‘lami kengayib, xomashyo resurslari va kommunikatsiyalarni nazorat qilish bo‘yicha geosiyosiy raqobat kuchayib borayotgani, beqaror davlatlarda bo‘lgani kabi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasida ham daromad teng taqsimlanmayotgani bunday holatlar yuzaga kelishining asosiy sabablari, deb hisoblaydi.

Islom Karimov ta’kidlaganidek, bugungi kunda radikalizm, xalqaro terrorizm, ekstremizm va narkotrafik mafkurasi bir mamlakat yoki muayyan mintaqa muammosi emas. Bu muammolar milliy chegarani bilmaydi, ayniqsa, yosh avlodni o‘z domiga tortmoqda. Davlatimiz rahbari terrorizmni faqat islom dini bilan bog‘lash mutlaqo noto‘g‘ri yondashuv ekanini alohida qayd etdi.

Ko‘pgina ekspertlarning fikricha, xalqaro boshqaruv institutlarining muvofiqlashtiruvchi roli, birinchi navbatda, xalqaro huquqning asosiy normalariga qat’iy rioya etish bo‘yicha yagona yondashuvning zaiflashgani vaziyatning tobora keskinlashuviga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston davlatlararo va xalqaro darajadagi ishonchni qayta tiklash va mustahkamlash, shubhasiz, dunyoda ziddiyatli jarayonlar kuchayishining oldini olishda muhim tayanch va asosiy to‘siq, notinch mintaqalarda o‘zaro kurashayotgan markazlarning bir-biri bilan raqobatlashishining, vaziyat keskinlashuvi va izdan chiqishini to‘xtatishning ishonchli va muhim vositasi, deb biladi.

Shu munosabat bilan, davlatimiz rahbari Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin nutqida Osiyoda xavfsizlikning yangi konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha bildirilgan takliflar e’tibor va qo‘llab-quvvatlashga loyiq ekanini, o‘zaro ishonch, manfaat, tenglik va hamkorlik kabi prinsiplarni amalga oshirish ushbu konsepsiyaning asosiy maqsadlari bo‘lishi darkorligini ta’kidladi. Ijtimoiy tizim va unga yondashuvdagi qarama-qarshiliklarni bartaraf etish, boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashmaslik muhim vazifadir. Shuningdek, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni izchil rivojlantirish va mustahkamlash, savdo va investitsiya faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish, transport-kommunikatsiya va energetika sohalarida yirik qo‘shma infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy yuqori texnologik ishlab chiqarish va quvvatlarni tashkil etishga doir takliflar ham qo‘llab-quvvatlashga loyiq. Prezidentimiz zamonaviy dunyoda talab yuqori bo‘lgan bunday yangicha yondashuvlar bugungi kunda ayniqsa muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston rahbari qo‘shni Afg‘onistonni rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Bugun shuni ishonch bilan aytish mumkinki, Afg‘oniston muammosini hal etishdan manfaatdor barcha tomonlar bir fikrda yakdil – Afg‘onistonda harbiy yo‘l bilan tinchlik o‘rnatib bo‘lmaydi. Islom Karimov O‘zbekiston bu fikrni NATOning 2008-yil apreldagi Buxarest sammitida ham ilgari surganini qayd etdi.

Mojaroni bartaraf etishning yagona to‘g‘ri yo‘li – siyosiy yo‘l bo‘lib, muzokaralar orqali qarama-qarshi tomonlarning o‘zaro kelishuviga erishish, mamlakatning asosiy milliy-etnik guruhlari vakillaridan iborat hukumatni shakllantirishdir. O‘zbekiston rahbari Afg‘onistonda prezident saylovining ikkinchi bosqichi qonun doirasida o‘tkazilishiga umid bildirdi va bu jafokash Afg‘oniston xalqi uchun tinch hayot sari yo‘l ochib berishi mumkinligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Afg‘onistonning yaqin qo‘shnisi sifatida uning ichki ishlariga aralashmaslik, hamkorlikni faqat ikki tomonlama asosda tashkil qilish, Afg‘oniston xalqi saylagan hukumatni qo‘llab-quvvatlash siyosatida qat’iy turadi.

O‘zbekiston murosaga kelayotgan tomonlar oldiga nafaqat muzokara jarayonini cho‘zadigan, balki keskinlikning yana avj olishiga, ziddiyat va tortishuvlarning yanada kuchayishiga olib keladigan shartlar qo‘yilishi mutlaqo samarasiz va bunga sira yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. Afg‘onistondan AYSAF tinchlikparvar kuchlarining chiqarilishiga kelsak, ushbu mamlakatda yuzaga kelgan vaziyat qo‘shinlarni 2014-yilning oxiriga qadar olib chiqib ketish yakuniy muddatini uzaytirishni talab qiladi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash oldida qanday murakkab, hal etish mushkul bo‘lgan muammolar turganini yaxshi tasavvur qilishini ta’kidladi. Ushbu vazifalarning hal etilishi davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yaxshilash, keskinlik va qarama-qarshiliklarni yuzaga keltiradigan sabablarga barham berish borasidagi barcha sa’y-harakatlarimizni oqlashi mumkin.

Prezidentimiz Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasining Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashga raislik qilishi Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi murakkab muammolarni hal etishda muhim rol o‘ynashiga ishonch bildirdi. Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashga raislik 2016-yilgacha Xitoyga o‘tdi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi nihoyasiga yetdi. Prezidentimizning XXR Raisi bilan o‘tkazgan uchrashuvlari ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonchli munosabatlarga, mamlakatlarimizning o‘zaro manfaatli hamkorligini strategik sheriklik ruhida rivojlantirishga xizmat qiladi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati