OQSAROYDA QABUL
03.05.2010
OQSAROYDA QABUL

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 3 may kuni Oqsaroyda Yaponiya Bosh vazirining o‘rinbosari, moliya vaziri Naoto Kanni qabul qildi.

- Fursatdan foydalanib, Siz orqali Yaponiya rahbariyati va xalqiga o‘zimning samimiy hurmat-ehtiromimni izhor etmoqchiman. Osiyo taraqqiyot banki majlisida Yaponiya delegatsiyasiga shaxsan rahbarlik qilayotganingiz biz uchun katta sharaf va ayni paytda mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasida O‘zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlangan va yil sayin mustahakamlanib borayotgan do‘stona munosabatlarning dalolatidir, - deya ta’kidladi davlatimiz rahbari yuqori martabali mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan.

Bugungi kunda O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlari 2002 yilda imzolangan Do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bayonot ruhida jadal rivojlanmoqda. Ayni paytda Yaponiya mamlakatimizning ko‘p yillik va ishonchli sarmoyaviy sheriklaridan biridir. Uning O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan moliya vositalari hajmi salkam 2 milliard AQSH dollarini tashkil qiladi.

Iqtisodiy sohadagi aloqalarni rivojlantirishga iqtisodiyot sohasida hamkorlik bo‘yicha ikki tomonlama qo‘mitalar salmoqli hissa qo‘shmoqda. Ularning qo‘shma majlislarida iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlanishning tegishli sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirish va kengaytirish bo‘yicha aniq takliflar ko‘rib chiqiladi.

Japan_0305_2.jpgHozirgi kunda mamlakatimizda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Yaponiya tashqi savdo tashkilotining (JETRO) vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda. Ular ishbilarmonlarning bevosita sheriklik aloqalarini qo‘llab-quvvatlashga, mamlakatlarimizning ijtimoiy-gumanitar va savdo-iqtisodiy hamkorligini rivojlantirishga ko‘maklashish imkonini bermoqda. Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Boshqaruvchilar kengashining 43-yillik majlisi doirasida 1 may kuni O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan JICA o‘rtasida qiymati 300 million AQSH dollariga teng yangi kredit bitimi imzolangani o‘zaro manfaatli ikki tomonlama hamkorlik izchil rivojlanayotganidan yana bir dalolat bo‘ldi.

Oqsaroyda Naoto Kan samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Respublikasida muvaffaqiyat bilan amalga oshirilayotgan inqirozga qarish choralar dasturiga, barcha sohalarda olib borilayotgan keng ko‘lamli moderniizatsiya ishlariga yuksak baho berdi.

Suhbat chog‘ida OTBning Toshkentda o‘tayotgan anjumani mintaqaviy va xalqaro ahamiyat kasb etadigan dolzarb muammolarni muhokama qilish va ularning mohiyatini idrok etish hamda sarmoyaviy sohada hamkorlikni yanada faollashtirish uchun yaxshi imkoniyat bo‘layotgani qayd etildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati