Prezident Islom Karimovning Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasidagi nutqi
28.09.2013

Assalomu alaykum, hurmatli deputatlar!

Qadrli do‘stlar!

Avvalambor, barchangizni sog‘-omon ko‘rib, sizlarga, sizlar orqali butun Qashqadaryo ahliga o‘zimning chuqur hurmatimni bildirishdan xursandman.

Hammangizga yaxshi ma’lum: Qashqadaryo mening hayotimda, mening taassurotimda alohida o‘rin tutadi. Shuning uchun ham Qashqadaryo ahli va faollari bilan ko‘p vaqt uchrashmasam, sizlarni sog‘inib qolganimni sezib turaman.

Bugun mana shu zalda siz, azizlar bilan uchrashuvda men xuddiki o‘z yaqin do‘stlarimni ko‘rgandek bo‘laman. Ming afsuski, turli-turli tashvishlar Qashqadaryoga ko‘proq kelishga, sizlar bilan uchrashib, jaydari qilib aytganda, bemalol gurung qilishga imkon bermaydi.

Oradan qancha vaqt o‘tmasin, men ayni shu zaminda sizlar bilan yaxshi-yomon kunlarda birga bo‘lganim, non-tuzingizni tatiganim – bularning barchasi hech qachon yodimdan chiqmaydi.

Qashqadaryo, haqiqatan ham, bag‘ri daryo, beqiyos o‘lka. Bu voha odamlari bilan birga ishlash nasib etgani, hayotimning eng jo‘shqin, eng harakatchan davrida mard va tanti Qashqadaryo ahli bilan bir tanu bir jon bo‘lib mehnat qilganim, menga shunday hayot maktabini o‘tash baxtini bergani uchun taqdirdan minnatdorman.

Bugungi majlisimiz, bugungi uchrashuvimizning asosiy maqsadi avvalambor Qashqadaryo vohasidagi ahvol, aholining kayfiyati, dardi, amaldagi o‘zgarishlar va yechimini kutayotgan muammolar, erishilayotgan marralar, oldimizda turgan vazifalarni muhokama qilish, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.

Xalqimizning fidoyi mehnati bilan qo‘lga kiritgan yutuqlarimiz bilan birga, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar haqida xolisona va atroflicha fikr yuritib, tegishli xulosalar chiqarish zarurati borligini, o‘ylaymanki, hammamiz sezib turibmiz.

Eng muhimi – bugun hayotimizning ustuvor va hal qiluvchi yo‘nalishlari bo‘lmish iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy sohalar rivojini tahlil qilib, mavjud muammolarni yechish yo‘llari haqida maslahatlashib olsak, har qaysimiz o‘z o‘rnimizda bizga yuklangan vazifalarni aniqlab olsak, ayni muddao bo‘lar edi.

Qashqadaryo oxirgi yillar davomida taraqqiyot yo‘lida erishayotgan yutuq va marralar haqida gapirganda, quyidagi raqam va dalillarni olib kelish mumkin.

Avvalo, 2012-yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot 4,5 foizga, qishloq xo‘jaligi 7,3 foizga, chakana savdo 19,7 foizga, qurilish ishlari 12 foizga, pullik xizmatlar 18,6 foizga o‘sgani va boshqa ko‘rsatkichlarni ta’kidlash zarur. Joriy yilda ham bunday o‘sish sur’atlari davom etmoqda.

E’tiborli tomoni shundaki, viloyat yalpi hududiy mahsulotida sanoatning ulushi 39 foizni tashkil qiladi. Hozirgi vaqtda mamlakatimiz yalpi sanoat mahsulotining qariyb 11 foizi aynan Qashqadaryo viloyatida ishlab chiqarilmoqda.

Bunday natijalarga erishishda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan, mamlakatimiz iqtisodiyotining faxri bo‘lgan yirik zamonaviy korxonalar katta hissa qo‘shayotganini e’tirof etish lozim. Yiliga 125 ming tonna polietilen ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksi negizida iqtisodiyotimizda mutlaqo yangi tarmoq – gazni chuqur qayta ishlash tarmog‘i vujudga kelganini, ushbu korxona yangi-yangi zamonaviy industrial majmualarni barpo etishda asosiy tayanch vazifasini bajarayotganini alohida ta’kidlash kerak. Yurtimizda shu sohaga mansub, umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yirik loyihalarni amalga oshirish, jumladan, Qashqadaryoda eng yuksak texnologiyalarga asoslangan Sho‘rtan sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish majmuasi, Muborak gaz-kimyo kompleksi kabi zamonaviy sanoat korxonalari shular qatoriga kiradi.

Yirik investitsiya loyihasi asosida Talimarjon issiqlik elektr stansiyasida yiliga 900 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan ikkita bug‘-gaz qurilmasini qurish ishlari boshlab yuborildi.

Yaqin o‘tmishimizda tasavvur qilish ham qiyin bo‘lgan, haqiqatan ham eng zamonaviy texnologiyalarga asoslangan bunday loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan rejalarimiz barchamizni quvontiradi. Shu bilan birga, viloyat iqtisodiyotida ko‘zga tashlanayotgan, hammamizda tashvish uyg‘otadigan salbiy holatlar ham bugun kam emas.

Bu haqda gapirganda, avvalo mahalliy xomashyoni qayta ishlash negizida yuqori qiymatga ega bo‘lgan raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha viloyat mamlakatimiz erishgan marralardan orqada qolayotganini afsus bilan aytishga to‘g‘ri keladi. Masalan, respublikamiz miqyosidagi ko‘rsatkichlarga nisbatan viloyat sanoati tarkibida yengil sanoatning ulushi 1,7 barobar, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning ulushi 3,3 barobar, qurilish materiallari sanoatining ulushi esa 3,6 barobar past ekani shundan dalolat beradi.

Viloyatda sanoat korxonalarining joylashuvida nomutanosiblik holatlari mavjud. Asosiy ishlab chiqarish quvvatlari Qarshi shahri, Muborak, G‘uzor va Dehqonobod tumanlarida joylashgan bo‘lib, boshqa tumanlarning bu boradagi hissasi orqada qolayotganini qayd etish zarur.

Hozirgi vaqtda viloyat bo‘yicha xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 55 ta korxona ro‘yxatga olingan, lekin ulardan 7 tasi turli sabablar bilan faoliyat ko‘rsatmayapti.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlarga qaramasdan, viloyatda import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish jiddiy oqsoqlikka yuz tutmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida ana shunday mahsulotlarning sanoat tarkibidagi ulushi 0,2 foizni tashkil etmoqda. Aytinglar, bunday mutlaqo qoniqarsiz ahvolni qanday izohlash mumkin? Vaholanki, bu yerda sanoatni rivojlantirish bo‘yicha qanday qulay shart-sharoitlar, jumladan, tabiiy gaz, neft, kaliy, marmar, marganets, litiy, slanets, qo‘rg‘oshin, rux, qurilish materiallari xomashyosi va boshqa ko‘plab noyob qazilma boyliklarning zaxiralari mavjud ekani haqida ortiqcha gapirib o‘tirishning hojati yo‘q.

Qashqadaryo vohasi qadimdan katta savdo yo‘llari chorrahasida joylashgan, turli o‘lka va mintaqalarni o‘zaro bog‘laydigan muhim strategik hudud bo‘lib kelgani hammamizga ma’lum. Bugungi til bilan aytganda, Qashqadaryo aynan yo‘l-kommunikatsiya, tranzit masalasida doim katta salohiyat va imkoniyatga ega bo‘lib kelmoqda.

Viloyatda avtomobil yo‘llari, temir yo‘l, havo yo‘llarining keng tarmoqlari va tegishli infratuzilma shakllangan. Lekin, tranzit masalasi Qashqadaryo uchun eng muhim, katta istiqbolga ega masala bo‘lsa-da, ana shunday ulkan imkoniyatdan oqilona foydalanish, mavjud transport-kommunikatsiya tarmoqlarining bugungi holati, ularning samaradorligini oshirish masalasi biron marta jiddiy muhokama qilinmaganini afsus bilan qayd etish lozim.

Esingizdami, bir paytlar, Qashqadaryo vohasida sobiq markazdan kelgan “desantchi”lar hukm surgan og‘ir damlarda, qanday qiyin bo‘lmasin, sizlar bilan birga qancha ishlarni amalga oshirgan edik.

Qanday yangi qurilishlar, qancha yangi yo‘llar barpo qilgan edik. Mana shu Qarshi shahrining o‘zida 100 kilometrdan ziyod yo‘l qurdik. Shularni eslasam, men hozir ham beixtiyor to‘lqinlanib, ruhlanib ketaman.

Qani, aytinglar, o‘sha vaqtda bizga chetdan kelib birov yordam berganmidi? Yo‘q. Avvalo, Qashqadaryoga, uning xalqiga rahmat, u o‘zining tashabbusi, kuch-g‘ayrati, azmu shijoati bilan shunday katta ishlarni amalga oshirishga qodir bo‘ldi.

Men Qashqadaryo viloyatiga rahbar bo‘lib kelganimda, bu yerda “paxta ishi” bilan ayblanib, bir yarim ming odam qamalgan edi. Ularning oila a’zolari, qarindosh-urug‘larini hisobga olganda, 150 ming odam sovet tuzumidan jabr ko‘rgan edi. Ana shu odamlarning kayfiyatini ko‘tarish, ularni ishga ruhlantirish osonmidi? O‘sha paytda yashash sharoitimiz ham qanday bo‘lgani ma’lum: ko‘p narsani chetdan olib kelar edik, qiyinchilik, yetishmovchilik ko‘p edi. Lekin, shunga qaramasdan, odamlar o‘rtasida mehr-oqibat, hurmat kuchli edi. Ana shunday fazilatlarni biz doimo asrab-avaylashimiz, mustahkamlashimiz kerak. Chunki bunday xususiyat va alomatlar bugungi kunda har qachongidan ham o‘tkir ahamiyat kasb etmoqda.

Men ana shunday fazilatlarini saqlab, o‘zligini doimo ulug‘lab kelayotgan, g‘ururi baland, oriyatli Qashqadaryo xalqining fidokorona mehnati bilan bu zamin, uning barcha qishloq va shaharlari obod va farovon bo‘lishiga ishonaman.

Hurmatli deputatlar!

Mamlakatimizda iqtisodiyotimizning hal qiluvchi tarmoqlaridan biriga aylanib borayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi viloyatda izchil rivojlanmoqda. Yalpi hududiy mahsulot tarkibida bu sohaning ulushi 52,4 foizni tashkil etayotgani, ish bilan band aholining 77 foizdan ziyodi ushbu sektorda mehnat qilayotgani, aholi daromadlarining yarmidan ko‘pi mazkur tarmoq hisobidan shakllanayotgani ayni shu soha bugungi va ertangi kunimizni hal qiluvchi tarmoqqa aylanib borayotganining yaqqol isbotidir.

Ana shunday muhim natijalarni e’tirof etgan holda, bu sohada ayrim muammolar borligini ham ochiq aytishga majburmiz. Masalan, viloyatda ro‘yxatga olingan 47 ming 400 ta kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektidan 3 ming 450 ga yaqini amalda faoliyat ko‘rsatmayapti.

Kichik biznes sub’ektlari o‘z ishini tashkil etishi uchun ularga binolar, yer uchastkalari ajratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish masalalarida turli to‘siqlar hali-beri uchrab turibdi.

Eng yomoni, turli nazorat idoralari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga noqonuniy aralashish holatlari ko‘zga tashlanmoqda. 2013-yilning birinchi yarmida nazorat organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati yuzasidan 14 ta noqonuniy tekshirish o‘tkazilgani aniqlangan. Shuningdek, bir qator tumanlardagi tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatga olish inspeksiyalari faoliyatida tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini buzish holatlari qayd etilgan.

Shu munosabat bilan yana va yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman: o‘z xususiy ishimni ochib, nafaqat o‘zimni, oilamni boqaman, el-yurtga ham naf yetkazaman, deb harakat qilayotgan odamlarning yo‘liga, tadbirkorlik yo‘liga g‘ov bo‘lish – bu davlat siyosatiga, Prezidentning siyosatiga qarshi chiqish, deb baholanishi kerak. Buni barcha amaldor shaxslar qulog‘iga qo‘rg‘oshindek quyib olsin.

Bu dunyoda hasad bilan emas, havas bilan yashash, hasad, ko‘rolmaslik degan illatlardan judo bo‘lish kerak. Agar har qaysi inson – u fermer bo‘ladimi, tadbirkor bo‘ladimi – o‘zining halol mehnati bilan daromad topayotgan, boylik orttirayotgan bo‘lsa, qandini ursin!

Qashqadaryoning saxovatli zamini, bu yerda yashayotgan dehqon va fermerlarning mashaqqatli mehnati, o‘z yeri, o‘z kasbiga sadoqati haqida har qancha hurmat va minnatdorlik bilan gapirsak arziydi.

Hozirgi vaqtda yurtimizda don va paxta mahsulotlarining eng katta qismini – 12 foizdan ziyodini aynan Qashqadaryo viloyati yetkazib bermoqda. Joriy yilda viloyat g‘allakorlari 1 million tonnadan ortiq don tayyorlab, mamlakatimiz g‘alla xirmoniga ulkan hissa qo‘shdilar.

Yurtimizda paxta terimi qizg‘in pallaga kirgan shu kunlarda qashqadaryolik omilkor dehqonlar 420 ming tonnalik yuksak marrani egallash uchun qattiq bel bog‘lab mehnat qilmoqdalar.

Qashqadaryoning mard, mirishkor dehqonlarini, ularning nimalarga qodir ekanini men yaxshi bilaman va ularning fidoyiligi bilan doimo faxrlanaman va shu fursatdan foydalanib, viloyatning barcha dehqon va fermerlariga katta kuch-g‘ayrat, baxt va omad tilashni, ularning olijanob mehnati uchun samimiy minnatdorlik bildirishni bugun o‘zimning burchim, deb bilaman.

Hammamiz yaxshi tushunamiz – bunday mo‘l hosil yetishtirish uchun avvalo tuproq unumdorligini, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash talab etiladi. Shu borada qabul qilingan davlat dasturi doirasida Qashqadaryo viloyatida keyingi besh yil mobaynida 71 milliard so‘m hajmidagi ishlar amalga oshirildi. Jumladan, joriy yilning o‘zida bu maqsadlar uchun 14 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.

So‘nggi yillarda suv xo‘jaligi tashkilotlariga lizing asosida jami 14 milliard 200 million so‘mlik 130 ta zamonaviy texnika yetkazib berilgani irrigatsiya-melioratsiya ishlarining samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Ana shunday tadbirlar natijasida viloyat bo‘yicha 81 ming gektar sug‘oriladigan maydonning meliorativ holati yaxshilandi, o‘rtacha va kuchli sho‘rlangan maydonlar hajmi 8,5 ming gektarga kamaydi.

Viloyatda katta-katta maydonlarda intensiv mevali bog‘lar, tokzorlar, yengil konstruksiyali issiqxonalar barpo etilayotgani, chorvachilik, parrandachilik sohalari barqaror rivojlanib, go‘sht, sut va tuxum yetishtirish hajmi sezilarli ravishda ortib borayotganini qayd etish o‘rinlidir.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi sohasida ko‘pgina masalalar o‘z yechimini kutib turibdi. Jumladan, paxtachilik tarmog‘ida energiya va suv resurslarini tejaydigan, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, aynan Qashqadaryo zaminiga mos bo‘lgan tezpishar, kasallik va zararkunandalarga chidamli, serhosil g‘o‘za navlarini ko‘paytirish masalasi hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini ko‘paytirish va ular ishlab chiqaradigan mahsulotlar bozorini tashkil etish, qayta ishlash tarmoqlarini rivojlantirishda ularga kerakli yordam va ko‘mak berish kabi muhim vazifalar e’tiborimiz markazida turishi lozim.

Biz fermerlarni qo‘llab-quvvatlash haqida ko‘p gapiramiz. Bugungi kunda fermerlarimizning o‘ziga xos muammolari borki, ular haqida ham jiddiy bosh qotirishimiz kerak. Hozirgi vaqtda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tuzish, rivojlantirishni tavsiya qilyapmiz. Tavsiya berish oson, lekin bu ishni tashkil qilish qiyin.

O‘zingiz ayting, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarining faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun faqat fermerlarning kuchi yetadimi?

Bu borada eng og‘ir masala shuki, fermer o‘zi yetishtiradigan, ishlab chiqaradigan mahsulotlarni kimga va qanday sotadi? Shuning uchun avvalo bunday mahsulotlarning bozorini tashkil qilish haqida o‘ylash zarur.

Bu masalada birinchi navbatda davlat, mahalliy hokimliklar yordam berishi lozim. Ta’bir joiz bo‘lsa, fermerning dardini davlatning dardi sifatida ko‘rishimiz kerak.

Hurmatli sessiya ishtirokchilari!

Biz mana shunday majlislarda qanday muhim masalalarni muhokama qilmaylik, birinchi navbatda ular odamlarimizning kundalik hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatishi, inson manfaatlariga qanchalik javob berishini hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz kerak.

Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida 2 million 830 ming aholi yashamoqda. Ularning 17,5 foizini maktab yoshidagi bolalar, 27 foizdan ortig‘ini yoshlar, qariyb 50 foizini esa ayollar tashkil etadi. Keyingi 10-yilda viloyat aholisining soni 1,2 barobar o‘sdi.

Tabiiyki, hayot o‘zgarishlari bilan birga insonlarning talab va ehtiyojlari, orzu-niyatlari, kerak bo‘lsa, tashvish-muammolari ham o‘sib boradi. Bu esa biz – rahbar va yetakchilardan o‘z ishimizni tanqidiy baholab, uzoqni o‘ylab, yanada faol va samarali ish olib borishni talab etadi.

Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, viloyatda aholining real daromadlari 2000-yilga nisbatan jon boshiga 9,7 barobar ko‘paygani, shu davrda o‘rtacha oylik ish haqi 23-marta, pensiya va ijtimoiy nafaqalar 12,7-marta ortgani barchamizni quvontiradi.

Oxirgi o‘n ikki yilda viloyatda 320 ta umumta’lim maktabi, 89 ta akademik litsey va kasb-hunar kolleji, 132 ta sog‘liqni saqlash muassasasi, 98 ta bolalar sporti ob’ekti foydalanishga topshirilgani nafaqat shahar va qishloqlar qiyofasini, balki odamlarimizning dunyoqarashi, hayotga munosabatini tubdan o‘zgartirishga xizmat qilmoqda, ularning ertangi kunga ishonchini kuchaytirmoqda.

Ayni paytda viloyatda ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish uchun byudjetdan ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirishda ba’zan oqsoqlik holatlariga yo‘l qo‘yilayotganini, masalan, 2013-yili 2 ta kasb-hunar kolleji, 11 ta maktab belgilangan muddatda foydalanishga topshirilmaganini aytish lozim.

Biz uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir masala – qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida zamonaviy uy-joylar qurish dasturi doirasida Qashqadaryo viloyatida keyingi to‘rt yilda 2 ming 510 ta yangi, shinam uy-joy va infratuzilma ob’ektlari barpo etildi.

"Obod turmush yili" deb nom olgan joriy yilda esa yana 1 ming 50 ta uy-joy, 32 kilometr ichimlik suvi, 28 kilometrdan ziyod elektr tarmoqlari, 40 kilometrdan ortiq tabiiy gaz tarmoqlari va 24 kilometrdan ziyod yo‘l qurish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Lekin, afsus bilan aytish kerakki, ayrim tumanlarda pudrat tashkilotlarini safarbar etish, tegishli moddiy-texnik resurslar bilan uzluksiz ta’minlash, muhandislik kommunikatsiyalarini oldindan barpo etish ishlari talab darajasida tashkil etilmagan. Bunday holat bugungi kunda belgilab olgan rejalarimizni amalga oshirishda eng katta to‘siq bo‘lib qolmoqda.

Qurilish sohasida pudratchi tashkilotlarga alohida e’tibor berish, ularning muammolarini yechish kerak. Chunki bunday katta qurilishlarni amalga oshirishda oxirgi natijani birinchi navbatda biz kimdan so‘raymiz? Pudratchilardan so‘raymiz.

Mana, hammangiz xabardorsiz, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasini barpo etdik. Bunday noyob va ulkan sanoat kompleksini chetdan kelib birov qurib bergani yo‘q, o‘zimizning mutaxassislarimiz, quruvchilarimiz bu ishni amalga oshirdi.

Shu ma’noda, biz qishloqlarimizda namunaviy uy-joylar qurish loyihasini shunday yuksak talablar darajasida bajarishimiz kerakki, toki shaharda yashayotgan odamlar ham qishloqqa kelib, shunday uylarni olishga talabgor bo‘lsin.

Mamlakatimizda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalasi hozirgi vaqtda eng muhim va dolzarb vazifamiz bo‘lib, bu borada katta ishlar qilinmoqda. Biroq, Qashqadaryo viloyatida bu masalaning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega ekanini chuqur tushunib yetmaslik holatlari ko‘zga tashlanmoqda. Masalan, 2012-2013 o‘quv yilida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining 12 foizi kollej va korxona hamkorlik tizimi bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar doirasida ish bilan hanuzgacha ta’minlanmagan.

Takror aytishga to‘g‘ri keladi: bu masalaga javobgar va mas’ul bo‘lgan tuman va shahar hokimlari, qolaversa, shaxsan viloyat rahbarlarining bunday holatlarga yo‘l qo‘yishga haqqi yo‘q.

Agarki biz inson taqdiri, uning hayotiy manfaatlarini asosiy o‘ringa qo‘ymasak, yoshlarimizni ish bilan ta’minlamasak, farzandlarimiz, kelajagimiz oldida xiyonat qilgan bo‘lamiz.

Demoqchimanki, agar yoshlarni zamonaviy ish o‘rinlari bilan ta’minlash vazifasini hal qilishga ham qat’iy kirishadigan bo‘lsak, men aminman, bu borada biz juda katta imkoniyatlarga egamiz. Albatta, bu masalada birinchi navbatda iqtisodiy zamin yaratish kerak, aks holda quruq da’vatlar bilan odamlarni ulug‘ ishlarga safarbar etib bo‘lmaydi.

Bu haqda ko‘p gapirish mumkin. Mana, masalan, biz 1997-yilda qabul qilgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturini olaylik. O‘sha davrda bu dasturni ishlab chiqish va amalga oshirishdagi dastlabki qadamlar qanday qiyin bo‘lganini, avvalo mutasaddilar, tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlariga kelajagimizni hal etadigan bunday buyuk ishning ahamiyatini tushuntirish, ularni shunga ishontirish oson bo‘lmaganini men yaxshi eslayman.

Bugungi kunda, o‘zingiz ko‘ryapsiz, ana shu milliy dasturimizni, uning asosida amalga oshirilgan ulkan ishlarimizni dunyo hamjamiyati tan olmoqda.

Har qaysi hudud va mintaqada odamlarning kayfiyati, ma’naviy muhit va ijtimoiy vaziyat avvalambor qonun va adolat ustuvorligini ta’minlashga bog‘liq ekani haqida ko‘p gapirishning zarurati yo‘q, albatta.

Shu ko‘z bilan qaraganda, Qashqadaryo viloyatida keyingi paytda huquq-tartibot sohasida ham ayrim kamchilik va nuqsonlarga yo‘l qo‘yilayotganini aytish kerak. Buni 2012-yilda viloyat bo‘yicha umumiy jinoyatlar sonining oshgani, jumladan, qasddan odam o‘ldirish 33 foizdan ziyod, tovlamachilik 83 foiz, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari 8 foiz, bezorilik 6 foizdan ziyod ko‘paygani ham ko‘rsatmoqda.

Eng yomoni, huquq-tartibot idoralarining ba’zi xodimlari o‘rtasida qonunga xilof xatti-harakatlar sodir etish, o‘z vazifasini suiiste’mol qilish holatlari uchrab turibdi. Masalan, keyingi bir yarim yil davomida ichki ishlar idoralari xodimlaridan 10 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan. O‘z faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun viloyat prokurori X.Turdiboyev, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i S.Haydarov, Mirishkor tumani prokurori A.Juralov, Yakkabog‘ tumani prokurori S.Yuldoshev, Chiroqchi tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i I.Ishmurodov, Mirishkor tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Sh.Ayizov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Bularning barchasi viloyatda qonunchilikni ta’minlash, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, avvalo yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutasaddi bo‘lgan xodimlarning yetarlicha ish olib bormayotgani bilan bog‘liq. Bunday kamchiliklarga barham berish, viloyatda huquq-tartibot ishlarini samarali yo‘lga qo‘yish yuzasidan tegishli idoralar tomonidan tez kunlarda aniq chora-tadbirlar ko‘rish zarur.

Hurmatli majlis qatnashchilari!

Qashqadaryo vohasining bugungi va ertangi kuni, kelajagi haqida so‘z yuritar ekanmiz, bir muhim masalaga e’tiboringizni jalb etmoqchiman. Agarki o‘zimiz yo‘l qo‘ygan kamchilik va xatolarga avvalo o‘zimiz xolisona baho berib, ularni bartaraf etmasak, hech kim chetdan kelib bizning ishimizni qilib bermaydi. Bu – hammamizga ayon haqiqat.

Bugun zamon, hayotimizning o‘zi talab qilayotgan tadbir va rejalarimizni amalga oshirishda, birinchi navbatda ko‘pdan beri yechilmasdan, yo‘limizni to‘sib turgan muammolarni hal qilish, lo‘nda qilib aytganda, viloyatni har tomonlama ravnaq toptirish bilan bog‘liq ustuvor vazifalar haqida avvalambor bosh qotirishimiz kerak.

Ayni shunday ko‘z bilan qarab, Qashqadaryo viloyatining taraqqiyot sur’atlarini tezlashtirish, bugungi kunda rivoj topayotgan tarmoqlar bilan birga, zamonaviy texnologiyalar bilan qurollangan, qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan, dunyo bozoridagi talabga javob beradigan tayyor mahsulotlar chiqaradigan loyihalarni amalga oshirish zarur.

Qisqacha aytganda, viloyatda orqada qolayotgan yengil, oziq-ovqat, qayta ishlash sanoatini rivojlantirish, informatsiya va kommunikatsiya sohalarining yo‘lini ochib berish, shu bilan birga, qurilish ishlari sohasiga yangi kuch-quvvat berish masalalari bugun e’tiborimiz markaziga qo‘yilmoqda.

Bu borada O‘zbekiston hukumatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha mana shunday rejalarni o‘zida mujassam etgan 3 ta qarori yaqinda qabul qilingani oldimizga, avvalo Qashqadaryo viloyati faollari oldiga og‘ir bo‘lsa ham, lekin sharafli vazifalar qo‘ymoqda.

Ayniqsa, sanoat sohasining yangi turlarini rivojlantirish maqsadida kelgusi to‘rt yilda umumiy qiymati – shunga e’tibor bering – 2 milliard 98 million dollarga teng bo‘lgan 555 ta loyihani amalga oshirish, eng muhimi, 13 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilayotganining o‘zi, o‘ylaymanki, bu ishlarning ko‘lami va miqyosidan yaqqol dalolat beradi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida viloyatda sanoat mahsulotlari hajmi 1,2 barobar, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 1,6 barobar, qurilish materiallari 1,8-marta, mashinasozlik va kimyo sanoati 2,9 karra, nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi esa 1,7 barobar ortishi rejalashtirilgan.

Dasturda, jumladan, viloyatdagi yengil sanoat korxonalarini rivojlantirish orqali eksportbop zamonaviy tayyor gazlama va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 100 million dollardan iborat bo‘lgan 82 ta loyihani amalga oshirish belgilangan. Bu esa 2016-yilga borib, viloyatda yetishtiriladigan paxta tolasini qayta ishlash hajmini hozirgi 6 foizdan 35 foizga yetkazish va eng muhimi, 4 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Qadrli do‘stlar!

Mustaqillik yillarida butun yurtimiz qatori Qashqadaryo viloyatini, uning markazi bo‘lmish Qarshi shahrini yanada go‘zal va obod qilish maqsadida katta ishlar olib borilayotganiga barchamiz guvoh bo‘lmoqdamiz.

Ayniqsa, shaharning 2700-yilligi munosabati bilan qanday keng ko‘lamli qurilish va obodonchilik dasturlari amalga oshirilganini hammamiz yaxshi eslaymiz va shunday ishlarga hissa qo‘shganimiz bilan doimo faxrlanib yashaymiz. Lekin, boshlagan ishlarimizni davom ettirish, uzoqni ko‘zlab, har qaysi shahar, tuman markazi, turar joylarning bosh rejasi loyihalarini tuzib, amalga oshirish bilan bog‘liq yig‘ilib qolgan juda ko‘p muammolarni kechiktirmay hal qilishni bugun hayotning o‘zi talab etmoqda.

Ayni shu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida avvalambor Qarshi shahrini yanada go‘zal, zamonaviy, barchaning havasini tortadigan markazga aylantirish uchun uning 2030-yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasini amalga oshirish, shahar infratuzilmasini rekonstruksiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha mamlakatimiz hukumatining qarori va maxsus dasturi qabul qilindi.

Ana shu dasturga muvofiq, birinchi navbatda, Qarshi shahrining hududini kengaytirish ko‘zda tutilmoqda. Bugungi kunda uning umumiy maydoni 8 ming 500 gektardan iborat bo‘lsa, kelgusida bu raqam ikki barobar ortib, qariyb 17 ming 700 gektarni tashkil etadi.

Yo‘l-transport infratuzilmasini tubdan yaxshilash maqsadida shaharni aylanib o‘tadigan, uzunligi 56 kilometr bo‘lgan halqa yo‘l qurilishi boshlab yuborildi. Mazkur yo‘lning temir yo‘l va avtomobil yo‘llari kesishadigan nuqtalarida 6 ta zamonaviy yo‘l o‘tkazgich qurish belgilangan.

Bu loyihaning ahamiyatini shunda ko‘rish mumkinki, halqa yo‘l ishga tushishi bilan og‘ir yuk mashinalari, ko‘pgina transport vositalari shaharni aylanib o‘tadigan bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida harakat xavfsizligiga, ekologik muhit tozaligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Umumiy uzunligi 30 kilometrdan ziyod bo‘lgan 6 ta radial magistral yo‘lni hamda shahardagi ichki yo‘llarni kengaytirish hisobidan avtomobil transporti va piyodalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi.

Shuningdek, Shahrisabz, Buxoro, Samarqand, Termiz yo‘nalishlarida yangi 5 ta avtostansiya hamda Qarshi avtovokzali quriladi. Beshkent avtostansiyasi kapital ta’mirlanadi. Shahar aholisiga transport xizmati ko‘rsatish sifatini oshirish uchun o‘zimizda, Samarqandda ishlab chiqarilgan 150 ta “Isuzu” avtobusi lizing asosida xarid qilinadi.

Qarshi shahri uchun eng o‘tkir masalalardan biri bo‘lgan ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida qariyb 55 kilometrlik suv tarmoqlarini yangitdan qurish va modernizatsiya qilish vazifasi ham dasturda o‘z ifodasini topgan.

Shahardagi kanalizatsiya tizimining texnik holatini yaxshilash uchun xorijiy sarmoyalar hisobidan tozalash inshootlari va 100 kilometrdan ortiq oqova suv tarmoqlari quriladi va rekonstruksiya qilinadi, yuqori quvvatga ega bo‘lgan elektr tarmog‘ini qurish, 100 kilometrdan ortiq tarmoqni rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda.

Vohaning iqlim va tabiiy sharoitini hisobga olgan holda, Qarshi magistral kanali, Qashqadaryo va boshqa kanallar hududida yangi infratuzilma ob’ektlari, oilaviy dam olish maskanlari barpo etiladi.

Bundan tashqari, shaharda 9 ta yangi maydon, 8 ta xiyobon qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, shu tariqa shahar aholisi va mehmonlari uchun qulay shart-sharoit yaratish vazifalari ham mazkur dasturdan o‘rin olganini aytish lozim.

Shahardagi eski, yaroqsiz holga kelib qolgan bir qavatli ayrim binolar o‘rnida 2-3 qavatli zamonaviy uy-joylar qad rostlaydi. Ularning birinchi qavatida aholiga xizmat ko‘rsatish ob’ektlari joylashadi.

Bunday misollarni yana ko‘plab olib kelish mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, Qarshi shahrida keng ko‘lamli mazkur dasturni amalga oshirish uchun jami 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda.

Aziz do‘stlar, barchamiz yaxshi bilamizki, Qashqa vohasida butun xalqimizning faxri, iftixori bo‘lgan yana bir tarixiy shahar bor. U ham bo‘lsa, qadimiy Kesh – Shahrisabzdir. Bu go‘zal shaharning mamlakatimiz tarixida, bugungi hayotimizda tutgan o‘rni va nufuzini hisobga olib, uni rivojlantirish bo‘yicha ham maxsus dastur asosida katta ishlar rejalashtirilmoqda.

Ana shu dastur doirasida Shahrisabzning yurtimiz ijtimoiy va madaniy taraqqiyotidagi ahamiyatini yanada oshirish, uni zamonaviy turizm markaziga aylantirish uchun mavjud infratuzilma inshootlarini yangilash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamdagi ishlar bajariladi.

Eng avvalo, Amir Temur maydonini, uning yon-atrofidagi hududni yanada kengaytirish, Oqsaroy kompleksi bilan Dorus-saodat, Dorut-tilovat, Chorsu bozori, Ko‘k gumbaz kabi tarixiy obidalarni bog‘lab turadigan yangi, go‘zal xiyobon barpo etish orqali bu maskan yaxlit tarixiy-me’moriy majmuaga aylanadi.

Shahrisabzning tarixiy markazini tutashtirib turadigan asosiy yo‘llarni, ya’ni Ipak yo‘li ko‘chasini kengaytirish, Tarag‘ay Bahodir va Sheroziy ko‘chalarini kapital ta’mirlash orqali shaharning ichki halqa yo‘lini barpo etish ta’minlanadi.

Shaharning turistik salohiyatini yanada yuksaltirish maqsadida, Osiyo taraqqiyot bankining krediti hisobidan Shahrisabz va Qarshi shaharlarini bog‘laydigan 129 kilometrlik magistral yo‘lni qurish bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Belgilangan ana shu barcha reja va loyihalarni oqilona, samarali amalga oshirish uchun hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib ish olib borsak, o‘ylaymanki, Qarshi va Shahrisabz nainki mamlakatimiz, balki mintaqamizdagi eng go‘zal va obod shaharlarga aylanadi, inshoollo.

Aziz do‘stlar!

Hammamiz yaxshi tushunamiz, yuqorida tilga olingan qarorlar, dastur va rejalar ortida Qashqadaryoda yashayotgan ming-minglab odamlarning hayoti, ertangi kuni, taqdiri turibdi.

Bunday ulug‘vor vazifalarni bajarishda ko‘p narsa Qashqadaryo viloyati boshqaruvida rahbarlik vazifasida o‘tirgan shaxslarga, eng avvalo, viloyatda ishni tashkil etib, uzoqni ko‘zlab, shu maqsadga intilgan faollarni o‘z ortidan ergashtira oladigan birinchi rahbarning mas’uliyatiga bog‘liq.

Keyingi ikki yil davomida Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasida ishlab kelayotgan Turobjon Jo‘rayevning avvalambor ish faoliyatiga baho beradigan bo‘lsak, ko‘zga tashlanayotgan salbiy holatlar tobora ko‘payib borayotganini sezmaslik, ko‘rmaslik mumkin emas.

U ham bo‘lsa, yetakchi vazifasini zimmasiga olgan rahbar va ko‘pchilik faollar o‘rtasida, aholi o‘rtasida uzilish paydo bo‘lgan va bu holni afsus bilan ta’kidlashimiz darkor.

Qashqadaryodek katta bir viloyatga rahbar bo‘lish mas’uliyatini yelkasiga olgan bu odamning avvalambor keng miqyosda fikrlashga, yon-atrofidagi rahbarlar va faollar bilan til topishib ishlash, kerak bo‘lsa, o‘zini oddiy insonlarning o‘rniga qo‘yib, o‘zini ular kabi tasavvur qilishga, lo‘nda qilib aytganda, aholi hayoti bilan yashash, viloyatning ko‘pgina o‘ziga xos tamoyillarini, sirlarini o‘rganishga, chuqur anglab olishga qurbi yetmadi.

T.Jo‘rayevning qo‘l ostidagi odamlarga hurmat va ishonch bildirib, ular bilan bahamjihat ishlash, ularni umumiy maqsadlarga safarbar qilish, faollarning fikriga, maslahatlariga suyanish o‘rniga manmanlikka berilgani nosog‘lom vaziyatga, noxush holatlarga olib keldi.

Ikki yil davomida viloyatning ko‘pqirrali iqtisodiyotining o‘ta murakkab tarmoqlaridagi turli muammolarning, joylarda mavjud bo‘lgan, odamlarni qiynaydigan g‘am-tashvishlarning ichiga chuqur kirish, har tomonlama o‘ylab ish tutish o‘rniga, buyruqbozlik uslubidan ko‘proq foydalanib rahbarlik qilishga bugungi zamon chidamaydi.

O‘zining ish faoliyatida atrofdagilarga yuqoridan qarash, ularni mensimaslik, odamlarga nisbatan qo‘pollik, o‘zini tutolmaslik rahbarning obro‘siga hech qachon obro‘ qo‘shmaydi. Shu borada Amir Temur bobomizning bizga qoldirgan chuqur ma’noli nasihatlarini, “Kuch – adolatda” degan o‘lmas fikrlarini hech esimizdan chiqarmaslikni istardim.

Qashqadaryo eli yaxshilikning qadriga yetadigan, o‘zini hurmat qilgan odamga albatta hurmat ko‘rsatadigan, kerak bo‘lsa, uni e’zozlab, boshiga ko‘taradigan xalq. Buni tushungan – tushunadi, tushunmagan – tushunmaydi.

Qashqadaryo xalqi ko‘pni ko‘rgan, oqko‘ngil, zahmatkash, ishning negizini biladigan xalq sifatida nom qozongan. O‘zini rahbar degan inson odamlar nazarida qanday obro‘-e’tiborga loyiq ekanini doimo sezib, anglab yurishi, u boshqaradigan xalq hayoti bilan yashashi, o‘ziga zeb qo‘ymaslik bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lishi shart. Ana shundagina bunday rahbar nafaqat aql-zakovati, qat’iyat va talabchanligi bilan, balki o‘zining yurish-turishi bilan el-yurt o‘rtasida obro‘ qozonadi.

Afsuski, viloyat hokimi T.Jo‘rayev bu yerda yashayotgan odamlarga mansub xususiyatlarni, ularning fikru zikrini, dardu tashvishlarini har tomonlama tushunib, anglab yetish, viloyatning ulkan salohiyatidan foydalanib, ishni to‘g‘ri va samarali tashkil etishda zaiflik qildi.

Ishda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarini T.Jo‘rayevning o‘zi ham tan olib, egallab turgan vazifasidan ozod qilishni so‘rab, ariza bilan murojaat qilgan. Shu munosabat bilan sizlardan T.Jo‘rayevni Qashqadaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod qilish bo‘yicha o‘z fikringizni bildirishingizni so‘rayman.

Endi ijozatingiz bilan viloyatning yangi hokimini saylab olish masalasiga o‘tsak.

Biz viloyat hokimi lavozimiga nomzod tanlashda deputatlar va faollar, ko‘pni ko‘rgan oqsoqollar bilan atroflicha maslahatlashdik. Ana shunday fikr almashuvlardan keyin hozirgi vaqtda Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri bo‘lib ishlab kelayotgan Zafar Ro‘ziyev nomzodini Qashqadaryo viloyati hokimi lavozimiga tavsiya etishga qaror qildik.

O‘ylaymanki, bu nomzodni barchangiz yaxshi taniysiz, yaxshi bilasiz. Uning tarjimai holi haqida qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, u 1964-yilda Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida tug‘ilgan. Mutaxassisligi injener-mexanik, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini bitirgan. Qashqadaryo viloyati hokimligining kotibiyati mudiri, viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, Yakkabog‘ tumani hokimi, qishloq va suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining o‘rinbosari, qishloq va suv xo‘jaligi vaziri vazifasini bajaruvchi kabi mas’ul lavozimlarda xizmat qilgan. 2010-yildan buyon qishloq va suv xo‘jaligi vaziri bo‘lib ishlab kelmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, bu inson yetarlicha hayot va ish tajribasiga ega, eng muhimi, u Qashqadaryo viloyatining pastu balandini, bu zaminda yashayotgan odamlarning tabiati, orzu-intilishlarini yaxshi biladi.

Siz, hurmatli deputatlardan ana shu nomzod bo‘yicha o‘z munosabatingizni bildirishingizni so‘rayman.

Qadrli do‘stlar!

Qashqadaryoning qutlug‘ zaminida ulug‘ ishlarga, katta mardlik va matonat ko‘rsatishga qodir bo‘lgan xalq yashaydi. O‘z yurti, o‘z g‘ururini doimo qadrlab yashaydigan ana shunday bag‘rikeng, irodasi mustahkam elga bosh bo‘lish, yetakchilik qilish, aytish kerakki, har qanday rahbar uchun ulkan baxt, ulkan sharafdir.

Men ishonaman, hozirgina sizlar bilan birga saylab olgan yangi hokim, mana shu haqiqatni chuqur anglagan holda, shu elning hurmatini qozonish, uning bunyodkorlik salohiyatini yuzaga chiqarish uchun o‘zini ayamasdan, butun borlig‘ini berib mehnat qiladi.

Ayni shu asnoda oldimizda turgan katta vazifalarni amalga oshirish, mavjud muammolarni bartaraf etish, Qashqadaryoni mamlakatimizning eng jadal rivojlanayotgan, boshqalarga o‘rnak va namuna bo‘ladigan viloyatiga aylantirish yo‘lida barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 19.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati